Uz Eng Ru Ru
Biz bilan aloqa
 Adobe Flash Player

Axborot-resurs markazi haqida ma’lumot

Samarqand davlat chet tillar instituti axborot-resurs markazi va uning tarmoqlari faoliyati O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006 yil 20 iyundagi “Respublika aholisini axborot-kutubxona bilan ta’minlashni tashkil qilish to’g’risida”gi 381-qarori ijrosini ta’minlashga qaratilgan. Xususan, joriy yilda institut ARMning barcha ishlari yillik reja asosida olib borildi va foydalanuvchilarda yangicha dunyoqarashni shakllantirishga, talaba yoshlarning komil inson bo’lib yetishishiga, ularning umummadaniy va bilim darajasini ko’tarishga, kasbga va ilmiy-tadqiqot ishlariga qiziqishini oshirishga xizmat qildi.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011 yil 23 fevraldagi “Axborot-kommunikasiya texnologiyalari bazasida axborot-kutubxona va axborot-resurs xizmatlari sifatini yanada rivojlantirishning chora-tadbirlari to’g’risida”gi PQ-1487-sonli qarori ayni muddao va istiqboldagi faoliyatimiz uchun dasturi amal bo’ldi.
Prezident qarorida axborot-kutubxona muassasalarini jihozlash, ularning normativ-huquqiy bazasini takomillashtirish, respublikada yagona axborot-kutubxona tarmog’ini yaratish, elektron axborot-kutubxona resurslarini shakllantirish, yuqori malakali kadrlar tayyorlashning 2011-2015 yillarga mo’ljallangan dasturi va bu davrda amalga oshirilishi zarur bo’lgan ishlarning bosqichma-bosqich, aniq ko’lamlari belgilab berildi.
Shu o’rinda vazirligimizning katta amaliy yordamini alohida bir mamnuniyat bilan ta’kidlab o’tish joiz: Institutimiz axborot-resurs markazi respublika oliygohlari ichida birinchilar qatorida kutubxonachilik ishini to’liq avtomatlashtirish imkoniyatini beruvchi KARMAT (Korporativ axborot-resurs markazi avtomatlashgan tizimi) dasturiga ega bo’ldi. Bu esa  kitobxonlarga qulay va tezkor xizmat ko’rsatishga hamda axborot-resurs markazining elektron katalogini shakllantirishga yordam beradi. KARMAT dasturida har bir foydalanuvchining shaxsiy elektron kabineti yaratilib, bu yerda kitoblar uchun buyurtma berish, kitoblarni olish va qaytarib topshirish, kerakli ma’lumotlarni qidirish va ARM xodimlariga maxsus buyurtma qoldirilishi mumkin. KARMAT dasturi orqali foydalanuvchilar Internet-ZiyoNet tarmog’iga ulangan istalgan kompyuterdan foydalanib o’ziga kerakli bo’lgan ma’lumotlarni masofadan turib olishlari mumkin.

KARMAT dasturini joriy etish bo’yicha 2 nafar xodimimiz (ARM direktori o’rinbosari T.Saidov, axborot texnologiyalari bo’yicha yetakchi mutaxassis Z.Nazarov) Toshkent axborot texnologiyalari universitetida o’z malakasini oshirib, sertifikat oldi. Hozir ular institut axborot-resurs markazi qoshida tashkil etilgan KARMAT dasturi ishchi guruhiga rahbarlik qilib, o’z kasbdoshlarini malakasini oshirishda yordam berishdi. Bu jarayonda institut ARM xodimlaridan M.Mavlonova, G.Xadjayeva, N.O’rinboyeva, X.Xalimova, E.Axmedov, Z.Abdullayeva, M.Umarov, F.Tilloyeva, X.Raxmonova va boshqalar faol ishtirok etib, ham o’z malakasini oshirib borayapti.
Joriy yilda 1446 kishi (talaba, magistr, aspirant, o’qituvchilar va boshqa foydalanuvchilar) ARMga a’zo qilindi. Shu tariqa foydalanuvchilarning umumiy soni 6002 nafarga yetdi. KARMAT dasturiga ARM fondining 4761 nomdagi o’quv adabiyotlari kiritilib elektron katalog shakllantirildi va institut talabalarining 438 nafariga shaxsiy kabinet ochildi.
Institut axborot-resurs markazida quyidagi bo’limlar faoliyat ko’rsatayapti:

  • Adabiyotlarni qabul qilish, butlash va kataloglashtirish bo’limi;
  • Axborot xizmati ko’rsatish va marketing bo’limi;
  • Elektron axborot resurslari va adabiyotlarni saqlash bo’limi;

Bu bo’limlarga bazaviy ma’lumotga ega bo’lgan xodimlar tanlov asosida ishga qabul qilingan.
ARM foydalanuvchilarining talabnomalari asosida bibliografik ma’lumotlarni topish, zarur ma’lumotlarni foydalanuvchi istagiga ko’ra elektron va yozma variantlarda taqdim etish “Axborot xizmati ko’rsatish va marketing bo’limi” tomonidan amalga oshiriladi. Bu talabnomalarni tez va sifatli bajarish uchun bo’limga skanerlar, printerlar, kompyuterlar, nusxa ko’chirish moslamalari kabi axborot texnologiyalarining zamonaviy turlari ajratilgan.

Axborot va yangiliklarni foydalanuvchilar ehtiyojlari asosida shakllantirish va tarqatishga qaratilgan “Elektron axborot-resurslari va adabiyotlarni saqlash bo’limi” foydalanuvchilarga xizmat ko’rsatadi. ARM o’quv zallari va virtual kutubxonalaridagi kompyuterlar institut lokal tarmog’iga hamda respublika korporativ tarmog’iga ulangan bo’lib, bir vaqtning o’zida 224 nafar foydalanuvchiga xizmat ko’rsata oladi. Bo’limda axborot resurslaridan erkin foydalanish, kitobxonlarni qiziqtirgan ma’lumotlarni “Internet-Ziyonet”dan olish yo’lga qo’yilgan.

Bugungi kunda institut ARMda 266119 saqlash birligi, shu jumladan elektron o’quv zallaridagi virtual kutubxonaga joylashtirilgan mavjud skanerlangan kitoblar qayta xatlovdan o’tkazildi va yangilari bilan boyitildi. Ayni paytda 865 nomdagi 61,2 Gb hajmdagi axborotlar institut lokal tarmog’ida mavjud bo’lgan elektron kutubxonaga joylashtirildi. Yig’ilgan axborot resurslari o’zbek, rus, ingliz, nemis, fransuz, italyan, ispan, koreys, yapon, arab, tojik va shu kabi 10 dan ortiq tillarda.

Davlat tilidagi adabiyotlar kolleksiyasi tarkib jihatdan eng katta miqdorni egallaydi. Shuningdek, rus tilidagi adabiyotlar fondi ham boy bo’lib, ular ijtimoiy-siyosiy, gumanitar, tabiiy-ilmiy va o’quv-texnik lug’atlari hamda chet tillarini o’rganish uchun mo’ljallangan o’quv qo’llanmalaridan iborat. Ilmiy mazmundagi adabiyotlar fondda asosiy va muhim o’rin egallaydi.
ARM faoliyatini tashkil etishning zamonaviy shakli bo’lgan axborot texnologiyalari, axborot-kommunikasiya vositalari bilan ishlash ko’nikmasi va malakasiga ega bo’lgan, multimedia vositalari yordamida axborotlarni shakllantirish tajribasiga ega xodimlar faoliyat olib bormoqda. Bo’limda foydalanuvchilarning talab va ehtiyojlari asosida axborot resurslariga qayta ishlov berilib, turli tarmoqlar yordamida shakllantiriladi.
“Kitoblarni qabul qilish, butlash va kataloglashtirish bo’limi” markaz fondiga kelib tushayotgan va undan chiqib ketayotgan adabiyotlar hamda hujjatlarning umumiy jamlama va yakka tartibdagi hisobini yuritish, mavjud bo’linmalar jami fondining aniq hisobini amalga oshirishni ta’minlaydi. Bo’limda axborotlarni ma’lumotlar bazasida saqlanishning, fondni kutubxona so’rovi asosida ta’minlash va Respublikadagi boshqa viloyat hamda oliy o’quv yurtlaridagi ARM, AKMlar bilan muvofiqlashtirilgan holda keng aholi ommasi va talaba-yoshlarning kitobxonlik so’roviga ko’ra xizmat ko’rsatish yo’lga qo’yilgan.
Hozirgi paytda talabalar turar joyida, ingliz filologiyasi, roman-german filologiyasi fakultetlarida ARMning tarmoqlari tashkil etilib, ular sohaga doir ilmiy, badiiy va o’quv adabiyotlari, ma’lumot-bibliografik materiallar bilan ta’minlangan.
Institut ARMda gazeta va jurnallarning oxirgi besh yillikdagi nashrlari to’liq saqlanmoqda. ARM ish faoliyatini yanada takomillashtirish maqsadida zamonaviy texnologiyalardan foydalanishga alohida e’tibor qaratilgan.
ARM ning 3 ta tarmog’i mavjud:

  • Samarqand  sh., Buyuk Ipak yo’li, 65-uyda joylashgan 1-tarmoq;
  • Samarqand tumani, Ravonak qo’rg’onidagi 2-tarmoq;
  • Urgut tumani, O’ramas qishlog’ida joylashgan 3-tarmoq.

ARM tarmoqlari o’zi joylashgan hudud aholisiga, maktabgacha ta’lim muassasalariga, maktab o’quvchilari hamda o’qituvchilariga, lisey-kollejlar hamda oliy o’quv yurtlari, shu jumladan institut talabalariga xizmat ko’rsatmoqda.