Uz Eng Ru Ru
Biz bilan aloqa
 Adobe Flash Player

Konfutsiy instituti

Xitoy Xalq Respublikasining Shanxay xorijiy tillar Universiteti hamda Samarqand davlat chet tillar instituti hamkorligida Samarqand davlat chet tillar instituti qoshida “Konfutsiy instituti” tashkil etildi.

Samarqand davlat chet tillar instituti oliy va o‘rta maxsus ta’lim va  xalq ta’limi sohalariga hamda turizm infratuzilmasiga yuqori malakali xorijiy filologiya mutaxassislari, shuningdek, gid-tarjimonlar tayyorlash borasida halqaro miqyosda e’tirof etilgan nufuzli yirik ta’lim markazlaridan biri hisoblanadi.

 Bugun xalqaro hamjamiyatda o‘z munosib o‘rniga ega bo‘lgan, ulkan bunyodkorlik maskaniga aylangan Mustaqil yurtimizda iqtisodiy, siyosiy va madaniy aloqalarimizni yanada yuksaltirishga qodir bo‘lgan, xorijiy tillar bilan bir qatorda o‘zga xalqlar madaniyati va mentalitetini mukammal o‘rgangan  zamonaviy kadrlar tayyorlash dolzarb masala sanaladi.

Samarqand davlat chet tillar institutida ko‘plab xorijiy tillar o‘qitiladi, shu jumladan xitoy tili ham asosiy chet tili sifatida bakalavriat yo‘nalishida o‘qitilib kelinmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013 yil 18 senyabrdagi “Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning O‘zbekiston Respublikasiga qilgan davlat tashrifi davomida erishiilgan kelishuvlarni amalga oshirish va ikkitomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish to‘g‘risida”gi F-4131-sonli Farmoyishi hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2013 yil 23 sentyabrdagi 354-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 18.09.2013 y. F-4131-sonli Farmoyishi to‘g‘risida”gi Buyrug‘iga asosan, Samarqand davlat chet tillar instituti qoshida Xitoy Xalq Respublikasining SHanxay xorijiy tillar universiteti bilan hamkorlikda 2014 yilning 27 noyabr kuni Samarqand davlat chet tillar instituti qoshida “Konfutsiy instituti” tashkil etildi.

 

Ikki davlat kelishuviga muvofiq institutda Konfutsiy institutining markazini tashkil etish, Konfutsiy instituti hamkorligi doirasida talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, institut kutubxonasini xitoy tili va adabiyoti va boshqa sohalarga oid o‘quv adabiyotlar bilan boyitish, hamkorlikda xalqaro ilmiy anjumanlar, seminarlar va simpoziumlar tashkil etish masalalari ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining kelishuvlari va topshirig‘iga asosan Samarqand davlat chet tillar instituti rektori G‘.X.Raximov hamda moliyaviy va iqtisodiy ishlar bo‘yicha prorektori Z.B.Qo‘zievlar 2014 yil 26-31 oktyabr kunlari Xitoy Xalq Respublikasining Lanchjou Universitetida Konfutsiy institutining “2012-2020 yillarga mo‘ljallangan Konfutsiy institutlari faoliyatini yanada rivojlantirish Dasturi” doirasida tashkil etilgan “Markaziy Osiyo Konfutsiy institutlari konferensiyasi”da eshtirok etish uchun Xitoy Xalq Respublikasida safarda bo‘lib qaytishdi. Safar davomida xalqaro konferensiyada ishtirok etish bilan birga, Konfutsiy instituti faoliyatiga doir masalalar atroflicha o‘rganildi.

2014 yilning 26-27 noyabr kunlari Shanxay xorijiy tillar universiteti prorektori ZHOU CHENG boshchiligida bir guruh delegatsiya Samarqand davlat chet tillar institutiga tashrif buyurishdi va ochilish marosimda ishtirok etishdi.

Delegatsiya tashrifi davomida SamDCHTI til va madaniyat markazlari, ta’lim tizimi, o‘quv jarayoni bilan yaqindan tanishishdi va professor-o‘qituvchilar hamda xitoy tili yo‘nalishi talabalari bilan suhbatlashishdi.

Rektor bilan uchrashuv chog‘ida tomonlar xitoy tili va madaniyatini o‘rganish sohasini takomillashtirish, kelajakda Shanxay universiteti bilan ta’lim-fan va ilmiy soxalarda hamkorlik qilish, qo‘shma simpoziumlar, konferensiyalar tashkil etish, talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, o‘qituvchilar malakasini oshirish, xitoy tili va adabiyoti bo‘yicha o‘quv adabiyotlari ta’minoti  kabi masalalar bo‘yicha kelishib olindi.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2014 yil 12 dekabrdagi 87-02-2582 – sonli modemnomasiga asosan SamDCHTI qrshidagi Konfutsiy institutining direktor o‘rinbosari Safarov Shaxriyor Safarovich 2014 yil 7-8 dekabr kunlari Xitoy Xalq Respublikasining Futszyan provinsiyasida  o‘tkazilgan Global Konfutsiy institutining 9 – xalqaro konferensiyasida ishtirok etdi. Shuningdek, Konferensiya davomida SamDCHTI vakili Konfutsiy institutlari faoliyati bilan yaqindan tanishib, tajriba almashish va kelgusi rejalarni kelishib olish bo‘yicha bir qator ishlarni amalga oshirdi.

Samarqand davlat chet tillar qoshida tashkil etilgan Konfutsiy instituti eshiklari nafaqat institutning, balki butun viloyatdagi xitoy tili va madaniyatiga, tarixiga qiziquvchilar uchun doim ochiq.

SamDCHTI qoshidagi “Konfutsiy instituti” o‘z faoliyatini 2015 yil yanvar oyidan boshladi va Mazkur markazda xitoy tili va madaniyatiga qiziquvchilar uchun til kurslari tashkil etish, talabalar almashinuvi dasturlarini joriy qilish, qo‘shma ilmiy-madaniy anjumanlar o‘tkazish va hamkorlikda ilmiy tadqiqot ishlari yuritish ko‘zda tutilgan. Markaz mintaqada xitoy tiliga bo‘lgan ehtiyojni qondirishda, chet tillarini o‘qitishni yanada rivojlantirishda hamda ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlashda munosib hissa qo‘shishiga ishonamiz.