Uz Eng Ru Ru
Biz bilan aloqa
 Adobe Flash Player

Ikki emas, to‘rt til kerak

Buyuk ma'rifatparvar Mahmudxo‘ja Behbudiy tomonidan bundan qariyb bir asr muqaddam aytilgan «Ikki emas, to‘rt til kerak» degan da'vat hali-hanuz o‘z qadr-qimmatini yo‘qotgan emas. Globalizm davrida har bir kishi uchun til o‘rganishning ahamiyati kundan-kunga oshib borayotir. Zotan, ana shu mezon mamlakatlararo ijtimoiy-iqtisodiy integratsiyaga omil bo‘libgina qolmay, balki barcha millat va elatlarni bir-biriga yanada yaqinlashtiradi. Ilm-fan, texnika-texnologiyalar, madaniyat hamda adabiyot yo‘nalishidagi axborotlar va yangiliklarni o‘zaro ayirboshlashga zamin yaratadi.

Davlatimiz rahbari tomonidan 2012 yil, 10 dekabrda qabul qilingan “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada keng ufq­larni ochdi. Xususan, qarorda “Televideniye, shu jumladan, mahalliy telekanallar orqali bolalar va o‘smirlarni xorijiy tillarga o‘rgatish bo‘yicha ko‘rsatuvlar tayyorlash hamda ularni translyatsiya qilish, bosh­qa xalqlarning tarixi va madaniyati, jahon ilmi va texnikasiga bag‘ishlangan ilmiy-ommabop xorijiy badiiy hamda multiplikatsiyaviy filmlarni o‘zbek tilidagi subtitr yordamida muntazam ko‘rsatib borishni amalga oshirish” ko‘zda tutiladi. Dar­haqiqat, tomoshabin ham ko‘rish, ham eshitish imkoniyatiga ega bo‘lgani bois til o‘rganishda oynai jahonning imkoniyatlari katta.
Shuni nazarda tutgan holda, o‘tgan davr mobaynida bu yo‘nalishda qator ishlar amalga oshirildi. Masalan, “Yoshlar” teleradiokanalida “Ertakchi bolajonlar”, “Katta tanaffus”, “Mening inglizcha lug‘atim”, “Quvnoq test”, “Ingliz tili yoshlar uchun”, “Bolajon” raqamli telekanalida esa “Ingliz tili saboqlari”, “Chin do‘stlar”, “Alifbo yulduzlari” kabi ko‘rsatuvlar o‘g‘il-qizlarimizning chet tillarni tezroq o‘zlashtirishiga imkon berayotir. Bundan tashqari, yangi tashkil etilgan “Madaniyat va ma'rifat” hamda “Dunyo bo‘ylab” telekanallarida ham bunday dasturlar talay. “Ingliz tilida gaplashamiz”, “Milliy ta'lim”, “Chil­d­ren and nature”(“Bolalar va tabiat”), “English for you”, (“Ingliz tili siz uchun”) kabi ko‘rsatuvlar ana shular jumlasiga kiradi.
Eng muhimi, televideniye saboqlari bolalarga tinglab (listening), so‘zni to‘g‘ri talaffuz (speaking) qilishlari uchun juda qulay. Bir so‘z bilan aytganda, o‘quvchi yoshlar “Hello”, “What is your name?” va boshqa kundalik muloqotda qo‘llanadigan iboralarni qanchalik ko‘p eshitib, shunga qulog‘i o‘rgansa, unda chet tillarni o‘zlashtirish ishtiyoqi yanada kuchayadi. Shubhasiz, yoshlarimiz ma'lum bir xorijiy tilni o‘rganish asnosida o‘sha xalqning o‘ziga xos urf-odatlari, madaniyatiga ko‘r-ko‘rona taqlid qilishlari ham to‘g‘ri emas. Zotan, Yurtboshimiz qaroridan ko‘zlangan asosiy maqsad ham asrlar osha yashab kelayotgan madaniy, tarixiy va adabiy merosimizni chet tilini mukammal biladigan yoshlar orqali butun dunyoga yanada kengroq targ‘ib etishdan iborat.
Maqolani ma'rifatparvar bobolarimizning da'vati bilan boshlagan edik. Xulosa o‘rnida ham buyuk ajdodlarimiz fikrlariga murojaat qilamiz: “Uyg‘onmoq dunyo bilan hamnafas yashamoqdir”. Garchi uyg‘onganimiz va dunyo bilan hamnafas yashay boshlaganimizdan buyon yigirma ikki yildan ortiqroq fursat o‘tgan bo‘lsa-da, bizning dunyodan, dunyoning esa bizdan o‘rganadigan jihatlari anchagina. Davlatimiz rahbarining yuqorida zikr etilgan qarori dunyo va O‘zbekiston o‘rtasidagi madaniy-ma'naviy, ijtimoiy-siyosiy aloqalarni yangi pog‘onalarga olib chiqishiga ishonchimiz komil. Zero, o‘zligini unutmay dunyo bilan tillasha oladigan xalq, millat hamisha qudratlidir.

Hurriyat gazetasi 2013 yil 18-sentyabr №39