Uz Eng Ru Ru
Biz bilan aloqa
 Adobe Flash Player

Mehr-oqibat, ahillik va saxovat ayyomi

Yoshi ulug‘, ijtimoiy ko‘makka muhtoj kishilarga mehr-muruvvat ko‘rsatish, ularning holidan xabar olish, uy-ro‘zg‘or yumushlarida ko‘maklashish, qo‘ni-qo‘shnilar bilan o‘zaro hamjihatlik, ahillikda yashash qon-qonimizga singib ketgan milliy qadriyatlarimizdandir. Istiqlol yillarida xalqimizning bu fazilati yangicha ma’no-mazmun bilan boyib bormoqda. Bu jihatlar shu yil 15-oktabr kuni mamlakatimizda keng nishonlanadigan Qurbon hayiti bayrami arafasida o‘zining yanada yaqqol ifodasini topmoqda. Prezidentimizning 2013-yil 8-oktabrda qabul qilingan «Qurbon hayitini nishonlash to‘g‘risida»gi qarori milliy-diniy qadriyatlarimizni saqlash va ulug‘lashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Jamiyatimizda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, millatlar o‘rtasidagi totuvlik va hamjihatlikni yanada mustahkamlash, ibratli an’ana va qadriyatlarni asrab-avaylash, rivojlantirishga oid ezgu ishlar ko‘lami tobora kengaymoqda.

Toshkent shahrining Shayxontohur tumanidagi «Oqlon» mahalla fuqarolar yig‘inida besh ming nafardan ortiq aholi istiqomat qiladi. O‘zaro hurmat, mehr-oqibat, xayru saxovat mahalla obodligi, fayzi va ahilligini ta’minlashda muhim omil bo‘lmoqda.

– Mahallamizda sakson yoshdan oshgan fuqarolar qirq nafardan ko‘proq, – deydi «Oqlon» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Shuhrat aka Azimov. – Ularning holidan xabar olish, uy-ro‘zg‘or yumushlarida ko‘maklashish, hovli joyini ozoda va saranjom holatga keltirishga yaqindan yordam ko‘rsatish mahallamiz faoliyatining muhim yo‘nalishlaridandir.

Joriy yil boshidan buyon mazkur mahallada boquvchisini yo‘qotgan, serfarzand, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga 6,5 million so‘mlik moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatildi. Mahalla ko‘magi bilan imkoniyati cheklangan kishilar, qariyalarning elektr, gaz, sovuq suv kabi kommunal to‘lovlaridan qarzdorligi qoplanib, ularga zarur dori-darmon, tibbiy-ortopedik vositalar, ro‘zg‘or buyumlari xarid etildi. Ayni paytda yuzga yaqin oilaga mahallada doimiy ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatilib kelinmoqda.

Oqlon mahallasi hududidagi yigirmadan ortiq ko‘cha doim ozoda, sarishta holatda. Ko‘chalarda anvoyi gullar qiyg‘os ochilgan. Yaqinda ko‘chalar yana bir bor tekislanib, asfalt yotqizildi. Saxovatpesha mahalladoshlar, tadbirkorlar ko‘magida ta’mirlash ishlariga yigirma million so‘mlik mablag‘ sarflandi. Uzoq yillardan buyon eskirib ketgan ichimlik suv tarmog‘ining 600 metrlik qismi yangilandi. Mahalla hududida 200 tup archa ko‘chati o‘tqazilib, bog‘ barpo etildi.

Mahalladagi turli ishlarga ko‘maklashishda 141-umumta’lim maktabining o‘quvchilari ham faollik ko‘rsatmoqda.

– Maktabimiz o‘quvchilarining aksariyati Oqlon mahallasida istiqomat qiladi, – deydi 141-maktab o‘qituvchisi Durdona Xolmatova. – Ular tabarruk onaxonlar, boquvchisini yo‘qotgan, serfarzand oilalarga uy-ro‘zg‘or yumushlarida, zarur bo‘lganida shifokor ko‘rigidan o‘tkazishda ko‘maklashadi. Hasharlarda faol ishtirok etadi.

Qutlug‘ ayyom arafasida yurtimizning barcha joyida bo‘lgani kabi Oqlonda ham mahalla hududini yanada toza va ozoda saqlash, qabristonlarda hasharlar o‘tkazish, bemorlar, ijtimoiy ko‘makka muhtoj kishilar, mo‘tabar yoshdagi otaxon va onaxonlar holidan xabar olish, ularga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatishga oid ishlarga e’tibor yanada oshgan.

Mahalladagi himmati baland tadbirkorlar tomonidan shahrimizdagi Mehribonlik, Saxovat, Muruvvat uylari, maxsus maktab-internatlarga kiyim-kechak, kundalik zarur ro‘zg‘or buyumlaridan iborat sovg‘alar topshirilishi ko‘zda tutilgan. Bularning bari Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizda ibratli an’analarimizning bardavomligini saqlash, jamiyatimizdagi o‘zaro mehr-oqibat, hamjihatlik, saxovat va muruvvat muhitini mustahkamlash, yoshlarni milliy qadriyatlarimizga sadoqat ruhida tarbiyalash borasida ko‘rsatilayotgan doimiy e’tiborning amaldagi yorqin samaralaridandir.