Uz Eng Ru Ru
Biz bilan aloqa
 Adobe Flash Player

Qonun ustuvorligining asosiy mezoni

Konstitusiyamiz — jamiyat tayanchi va yurtimiz taraqqiyotining huquqiy kafolati, davlatimiz mustaqilligining yorqin ramzi, ko’p millatli xalqimiz xohish-irodasining qonuniy ifodasi hisoblanadi.

Buni mazkur hujjatning birinchi moddasidan to oxirgi moddasigacha inson huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini ta’minlash, Vatan ravnaqi hamda jamiyat taraqqiyotiga xizmat qilib kelayotgan umumbashariy g’oyalar singdirilganida ham ko’rish mumkin. Asosiy Qonunimizda buyuk ne’matlar orasida eng ulug’i — “inson uchun” degan g’oya ilgari surilib, uni ulug’lash, uning erkin kamol topishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish o’z aksini topgan. Boshqacha aytganda, “fuqaro — jamiyat — davlat” o’rtasidagi izchil hamkorlikning huquqiy yechimi asoslab berilgan.
Konstitusiyasi mukammal jamiyatning hayot tarzida yaratuvchanlik, fuqarolari qalbida insoniylik kabi ezgu g’oyalar ustuvor bo’ladi. Konstitusiyamiz xalqimizning siyosiy tafakkuri, ma’naviyati va madaniyati, bebaho qadriyatlari bilan yo’g’rilgan bo’lib, ushbu yo’lda dadil, ishonch bilan odimlashimizga ruhlantirib kelmoqda. Shu boisdan ham inson qadr-qimmati, or-nomusi, g’ururi, erkinligi va haq-huquqlari, farovon turmushi va kelajagi ifodalangan Asosiy Qonunimizni faxr bilan qomusiy hujjat, deb ataymiz.
Asosiy Qonunimiz mukammal huquqiy manba ekanini xalqaro tashkilotlar vakillari, xorijlik ekspertlar, huquqshunos olimlar ham e’tirof etishmoqda. Xususan, Garvard universiteti professori
S. Karlayl: “O’zbekiston sobiq ittifoq respublikalari ichida birinchi bo’lib, hatto, Boltiqbo’yi davlatlaridan ilgari o’z Konstitusiyasini qabul qildi. Qoidalarning aniq va mukammalligi, o’ziga xos tuzilishi bilan alohida ajralib turadigan ushbu Konstitusiya dunyodagi eng maqbul tuzilishga ega Konstitusiyalardan biridir”, deya yuksak baho bergandi.
Konstitusiyamiz xalqaro talab va me’yorlarga to’liq mosligi bilan yanada ahamiyatlidir. Fransiya Davlat kengashi a’zosi, Konstitusiyaviy huquq xalqaro assosiasiyasi raisi D. Mos: “O’zbekiston Konstitusiyasi rivojlangan demokratik davlatlarning Asosiy Qonunlariga to’liq muvofiqdir. Unda demokratik davlat qurishning barcha muhim tamoyillari — Prezidentlik instituti, hukumat, parlament, sud organlarining vakolatlari va boshqalar o’z aksini topgan. Demokratiyaning universal qadriyatlariga to’liq darajada muvofiq bo’lgan insonning asosiy huquqlari aniq belgilangan”, deb qayd etganda ana shu haqiqatni nazarda tutgan.
Asosiy Qonunimiz yurtimizda hukm surayotgan tinchlik, barqarorlik hamda millatlararo totuvlik, diniy bag’rikenglikning huquqiy asosi bo’lib xizmat qilayotgani bugun barchaga ayon.
O’zbekistonda millatlararo totuvlik va bag’rikenglik asosida 130 dan ortiq millat hamda elatlar vakillari tinch-totuv va ahil-inoq istiqomat qilmoqdalar. Nodavlat notijorat tashkilotlarining huquqiy-iqtisodiy faoliyati kafolati borasida zarur normativ-huquqiy baza yaratilgan bo’lib, shu asosda NNTlar soni ortib bormoqda. 1991 yilda mamlakatimizda 100 ga yaqin NNTlar faoliyat ko’rsatgan bo’lsa, hozirgi kunda ularning soni 6600 dan oshdi, 1990 yilda 200 dan ortiq diniy tashkilotlar bo’lgan bo’lsa, bugun davlat ro’yxatidan o’tgan 16 ta konfessiyaga mansub diniy tashkilotlar soni 2200 tani tashkil etayotir.
Faxr bilan aytish lozimki, Bosh Qonunimizning barcha normalari hayotga to’liq joriy etilayapti va shu asosida turli sohalarda ulkan yutuq hamda marralarga erishilmoqda.
Bugun dunyoning ko’plab mamlakatlarida iqtisodiy inqiroz bilan bog’liq muammolar hamon saqlanib qolayotgan bir sharoitda O’zbekiston puxta o’ylangan siyosat olib borishi natijasida o’z majburiyatlariga to’liq javob beradigan mamlakat sifatida barqaror orbo’-e’tiborini saqlashga erishayotir. 2013 yilning 1 yanvar holatiga ko’ra, O’zbekistonning jami tashqi qarzlari miqdori yalpi ichki mahsulotga nisbatan 16 foizdan oshmagani, bu ko’rsatkich xalqaro mezonlar bo’yicha “o’rtachadan ham kam” darajada baholangani buning yorqin isboti bo’ldi.
Yana bir misol. Germaniyaning avtomobil sanoati bo’yicha dunyoga mashhur “MAN” kompaniyasi bilan hamkorlikda Samarqand viloyatida yiliga 3 ming dona yuk avtomobili ishlab chiqarish quvvatiga ega bo’lgan yangi kompleks qurilishining ikkinchi bosqichi yakunlandi. Ushbu korxonada jahondagi eng yuksak standartlar asosida jihozlangan yuqori texnologik ishlab chiqarish yo’lga qo’yildi. Zamonaviy avtomobillar ishlab chiqaradigan mazkur korxona nafaqat mamlakatimiz ehtiyojini qoplaydi, balki eksport imkoniyatini ham beradi.
2012 yilda Surg’il koni bazasida, hatto, dunyo mezonlari bo’yicha ham noyob bo’lgan, qiymati 25 milliard AQSh dollaridan ziyodni tashkil etadigan Ustyurt gaz-kimyo kompleksi qurilishi yurtimizning iqtisodiy yuksalish yo’lidagi dadil qadamlaridan biri sifatida e’tirof etilmoqda. Mazkur obyekt qurilishi 2016 yilda nihoyasiga yetkaziladi va bu korxonada 4 milliard 500 million kub metr tabiiy gazni qayta ishlash, 400 ming tonna polietilen, 100 ming tonna polipropilen ishlab chiqarish mumkin bo’ladi. Dunyodagi yirik “Tomson Reyter” biznes-axborot agentligining jahonga mashhur “Projekt faynens interneyshnl” jurnali bu loyihaning noyobligi va ishga novatorlik bilan yondashish natijasi ekanligini qayd etib, mazkur kompleks qurilishini neft-gaz-kimyo sanoatidagi yilning eng yaxshi loyihasi, deb tan oldi.
Ta’lim-tarbiya sohasining yaxlit, uzluksiz tizimini shakllantirish va mustahkamlash, jumladan, umumiy o’rta ta’limdan boshlab o’rta maxsus va oliy ta’limgacha bo’lgan barcha bosqichlarda yuksak bilimli, malakali kasb tayyorgarligiga ega avlodni tarbiyalash jarayonini takomillashtirish ishlari ham izchil davom ettirilmoqda. Bu borada umumta’lim maktablarining 9-sinf bitiruvchilarini, ayniqsa, qishloq joylarda, olis aholi punktlarida yashaydigan qizlarni kasb-hunar kollejlariga to’liq jalb etish bo’yicha olib borilgan keng ko’lamli ishlarni ta’kidlash zarur. Ayni chog’da 2012/2013 o’quv yilida yurtimizda 12 yillik bepul majburiy ta’limga o’tish to’liq ta’minlandi. Kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ishga joylashtirish masalasi ham doimiy e’tiborda bo’lib kelmoqda.
Shu o’rinda dunyoning eng yaxshi 5 ta biznes maktabi qatoriga kiradigan “Inssad” xalqaro biznes maktabining 2012 yilgi “Innovasiyalarning global indeksi” ma’ruzasida bayon etilgan ma’lumotlarni keltirish o’rinlidir. Unda dunyoning 141 mamlakatidagi innovasion rivojlanish kompleks tarzda tahlil qilingan. Tahlilning asosiy tarkibiy qismlaridan biri inson kapitalini rivojlantirish darajasi bo’lib, mazkur ko’rsatkich bo’yicha mamlakatimiz 35-o’rinni egallagani, ayniqsa, e’tiborlidir. Ta’lim tizimini rivojlantirish darajasi bo’yicha esa O’zbekiston dunyoning 141 mamlakati orasida 2-o’rinni band etgan.
Mana shunday ezgu ishlarning samarasi o’laroq, Jahon banki tomonidan e’lon qilingan ma’lumotlarga ko’ra, bugungi kunda O’zbekiston aholisining savodxonlik darajasi qariyb yuz foizga yetgan. Bu dunyodagi eng yuqori ko’rsatkichlardan biri hisoblanadi.
Umuman, Konstitusiyamizni yuksak huquqiy va ma’rifiy ta’lim dasturi, desak, sira mubolag’a qilmagan bo’lamiz. Zero, unda davlat suvereniteti, xalq hokimiyatchiligi, qonun ustuvorligi to’liq aks ettirilgan. Aynan ushbu hujjat sharofati bilan o’zbek tiliga davlat tili maqomi berildi, davlat xalq irodasiga bo’ysundirildi, xalq hokimiyat manbai sifatida e’tirof etildi. Shunga mos holda, ijtimoiy hayotda siyosiy institutlar, mafkura va fikrlarning xilma-xilligi kafolatlandi, inson hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati daxlsiz oliy qadriyat sifatida hayotimizdan o’zining qat’iy o’rnini topdi, ijtimoiy adolat va qonuniylik prinsiplari mustahkamlandi.
Shu kunlarda davlat va nodavlat notijorat tashkilotlari hamkorligida yurtimiz ta’lim muassasalarida “Konstitusiya haftaligi”, “Mustaqillik va Konstitusiya: kecha, bugun, ertaga” mavzuida “Ma’naviyat soatlari”ni o’tkazish, Mehribonlik, Muruvvat va Saxovat uylarida madaniy-ma’rifiy tadbirlar uyushtirish, Sog’lom avlodni voyaga yetkazish, oilada sog’lom muhitni shakllantirish maqsadida adliya organlarining FHDYo bo’limlari tomonidan “Yosh oila quruvchilar maktabi” o’quv-mashg’ulotlarida turmush qurish ostonasida turgan yoshlarga Asosiy Qonunimiz haqida tushunchalar berish, boquvchisini yo’qotgan oilalar farzandlari, yolg’iz qariyalar va nogironlar holidan xabar olish, ularga muruvvat yordamlarini ko’rsatish tadbirlari tashkil etilayotir.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar qatori Adliya vazirligi hamda uning muassasalari faoliyati ham konstitusiyaviy talablar asosida yildan-yilga takomillashib bormoqda. Bu borada Prezidentimizning 2011 yil 23 avgustdagi “O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi qarori muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shularga mos ravishda 2012 yil hamda joriy yilning o’tgan davri mobaynida adliya organlari va muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan 33 ta qonun hujjati qabul qilindi. E’tiborlisi, qonun ijodkorligi jarayonida xalqimizning milliy manfaatlari ustuvorligi hamda xalqaro qonunchilik ilg’or normalarini tahlil etish samaradorligi ortib borayapti.
Xususan, “Obod turmush yili” Davlat dasturidan kelib chiqqan holda, mamlakatda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning huquqiy asoslarini mustahkamlashga qaratilgan 8 ta qonun loyihasi ishlab chiqildi va 4 tasi parlamentimiz tomonidan qabul qilindi.
Xalqimizga xos mahalla institutining huquqiy maqomi Konstitusiya darajasida mustahkamlandi. Shubhasiz, milliy o’zlikni anglash tuyg’usini yuksaltirish, yoshlarni Vatanga muhabbat, istiqlol g’oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash, jamiyat oldida turgan ijtimoiy-iqtisodiy vazifalarni amalga oshirishda mahallaning o’rnini hyech narsa bilan taqqoslab bo’lmaydi.
“Fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari to’g’risida”gi hamda “Fuqarolar yig’inlari raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi to’g’risida”gi qonunlarning yangi tahriri mazkur institut huquqiy asoslarini yanada mustahkamladi. Shu kunlarda bo’lib o’tayotgan 9 ming 756 nafar fuqarolar yig’inlari raislari hamda ularning 97 ming nafardan ziyod maslahatchilari saylanishi belgilangan saylovlarda uning ahamiyati yanada kengroq namoyon bo’lmoqda.
Konstitusiyamiz iqtisodiy sohada mulkchilikning barcha shakllari, shu jumladan, xususiy mulk tengligi hamda tadbirkorlik erkinligi o’rnatilib, ijtimoiy yo’naltirilgan bozor munosabatlari rivojlanishi uchun zarur shart-sharoit va kafolatlar yaratib berayotganini ham faxr bilan aytish mumkin. Uning 36-moddasida “Har bir shaxs mulkdor bo’lishga haqli”ligi ko’rsatilib, ushbu huquq konstitusiyaviy me’yor darajasiga ko’tarildi hamda muhim iqtisodiy va ijtimoiy huquqlardan biri sifatida e’tirof etildi.
Adliya vazirligi tadbirkorlik subyektlari, xorijlik investorlar va xorijiy investisiyalar ishtirokidagi korxonalar huquq va manfaatlarini himoya qilishga ham alohida e’tibor qaratib kelmoqda. Xususan, sohaga oid ayrim muammolarni bartaraf etish, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun qulay shart-sharoit yaratishga oid qonunchilikni bugungi kun talabi darajasida takomillashtirish yuzasidan qator takliflar tayyorlandi. Jumladan, “Faoliyatning ayrim turlarini lisenziyalash to’g’risida”gi Qonundagi bir qator huquqiy asoslardan kelib chiqib, amaldagi ayrim qonunlarga o’zgartishlar kiritish haqida qonun loyihasi ishlab chiqildi. Shuningdek, “Xo’jalik yurituvchi subyektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish to’g’risida”gi Qonun yangi tahrirda hamda “Tadbirkorlik subyektlarini sud orqali himoya qilishni yanada mustahkamlash munosabati bilan O’zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o’zgartish va qo’shimchalar kiritish to’g’risida”gi qonun loyihasi tayyorlandi. Bu hujjatlar sohadagi munosabatlarni tartibga solish, tadbirkorlarga yanada kengroq erkinlik berish, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Tadbirkorlar bilan o’tkazilgan uchrashuvlar hamda o’rganishlar va qonun hujjatlari tahlili natijasida aniqlangan muammo va to’siqlarni bartaraf etish maqsadida 30 ga yaqin qonun hujjatlariga o’zgartish va qo’shimchalar kiritish yuzasidan takliflar ishlab chiqildi.
Xo’jalik yurituvchi subyektlar faoliyatiga noqonuniy aralashuvlarni bartaraf etish maqsadida 375 ming tadbirkorlik subyektiga “Tekshiruvlarni ro’yxatga olish” kitobi tarqatildi. Ayni chog’da xo’jalik yurituvchi subyektlarga qishloq xo’jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari, jumladan, fermer xo’jaliklari, tayyorlov va xizmat ko’rsatuvchi tashkilotlar bilan milliondan ziyod shartnomalarni tuzishda huquqiy yordam ko’rsatildi.
Adliya organlari tomonidan ko’rilgan huquqiy ta’sir choralari bois 2012 yil va joriy yilning o’tgan davrida 3844 ta noqonuniy qaror bekor qilindi hamda ijrosi to’xtatildi, tadbirkorlar va fermer xo’jaliklariga 102,4 milliard so’mlik mablag’larning qaytarilishi ta’minlandi. Fuqarolarning manfaatini ko’zlab sudlarga 5,2 milliard so’mlikdan ortiq 7 ming 252 ta da’vo arizasi kiritildi, shundan 5,1 milliard so’mlik 6 ming 678 ta da’vo arizasi qanoatlantirildi.
Hokimlar va xalq deputatlari Kengashlari tomonidan qabul qilinayotgan me’yoriy-huquqiy hujjatlar qonuniyligini ta’minlash hamda qarorlarining huquqiy ekspertizasini o’tkazish jarayonini takomillashtirish ham doimiy e’tiborda bo’lmoqda. Davlat hokimiyati organlarining 1405 ta qaror loyihasi huquqiy ekspertizadan o’tkazilgani ana shundan dalolatdir.
Adliya organlarining Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish idoralari faoliyatini yanada takomillashtirish va fuqarolarga malakali huquqiy xizmat ko’rsatish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida joriy yilda 18,6 milliard so’m evaziga bir necha FHDYo hamda “Baxt uyi” qurilib, foydalanishga topshirildi.
Prezidentimizning shu yil 28 iyundagi “Yuridik kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi qarori bo’yicha ham muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Ushbu hujjatga binoan, Adliya vazirligi huzuridagi Toshkent davlat yuridik instituti universitet maqomiga ega bo’ldi. Hozir mazkur oliy o’quv yurtining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, o’quv, ilmiy-metodik bo’linma va kafedralarini zamonaviy texnik vositalar, axborot-kommunikasiya tizimlari va dasturiy majmualar bilan ta’minlash bo’yicha zarur chora-tadbirlar ko’rilmoqda, o’quv korpuslari yangi binolar hisobiga kengaytirilayotir. Bunday sa’y-harakatlar o’quv-tarbiya jarayonini maqbullashtirish hamda nazariya va amaliyot uyg’unligiga erishish imkonini beradi, albatta.
Adliya vazirligining eng muhim yo’nalishlaridan biri — huquqiy targ’ibot va huquqiy ta’lim sohasida 2012 yil va joriy yilning o’tgan davri mobaynida 99 mingdan ziyod huquqiy targ’ibot tadbirlari o’tkazildi va ularda 2,7 million nafardan ortiq aholi ishtirok etdi.
Muxtasar aytganda, mamlakatimizda Konstitusiya talablari asosida amalga oshirilayotgan keng qamrovli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar bugungi kunga kelib o’z samarasini bermoqda. Buni inson huquq va manfaatlari to’liq ta’minlanayotgani, shunga mos ravishda fuqarolarning huquqiy bilim hamda madaniyati tobora yuksalib borayotganidan ham ko’rish mumkin. Zero, Asosiy Qonunimiz mohiyatiga yurtimizda kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirish, shu zaminda yashayotgan har bir insonning baxtli hayot kechirishlari uchun qulay sharoit yaratish g’oyasi singdirilgan bo’lib, mazkur hujjat ana shu maqsadlarga erishishimizda mustahkam huquqiy asos bo’lib xizmat qilaveradi.

Nig’matilla YO’LDOShEV,
O’zbekiston Respublikasi adliya vaziri.

Xalq so'zi gazetasi 2013-yil 22 noyabr №229