Uz Eng Ru Ru
Biz bilan aloqa
 Adobe Flash Player

O’zbekiston — muqobil energetika sohasida ulkan salohiyatga ega

«O’zbekiston — muqobil energetika sohasida ulkan salohiyatga ega», deyishmoqda xalqaro forum ishtirokchilari.

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan 20 — 23 noyabr kunlari bo’lib o’tadigan Osiyo quyosh energiyasi forumining 6-yig’ilishiga mamlakatimiz mezbonlik qilmoqda. Unda ko’plab xorijlik ekspertlar, mutaxassislar, olimlar, yurtimizda faoliyat ko’rsatayotgan xorijlik diplomatlar qatnashadi.
Forum dasturiga ko’ra, mehmonlarni yurtimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish bo’yicha olib borilayotgan tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar, ularning amaliy samaralari haqida yaqindan xabardor qilish, o’zaro tajriba almashish rejalashtirilgan. Ayni paytda ular diyorimizning diqqatga sazovor maskanlari — joylardagi zamonaviy va tarixiy me’morchilik durdonalari, osoriatiqalar, namunaviy loyihalar asosida barpo etilayotgan zamonaviy uy-joylar bilan tanishtirilmoqda.
Chunonchi, mazkur tadbir ishtirokchilari kecha Toshkent viloyatining Parkent tumanida joylashgan Fanlar akademiyasi “Fizika-Quyosh” ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi Materialshunoslik institutiga tashrif buyurdilar. Ular ushbu muassasaning tarixi, bugungi faoliyati hamda istiqboldagi vazifalari haqida atroflicha ma’lumot oldilar.
— Respublikamizda qayta tiklanuvchi energiya manbalari izchil ravojlanib borayapti, — deydi mazkur muassasa direktori o’rinbosari Shavkat Fayziyev. — Prezidentimizning 2013 yil 1 martdagi “Muqobil energiya manbalarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi Farmoni bu boradagi sa’y-harakatlar va islohotlarni yangi bosqichga olib chiqishda mustahkam huquqiy asos bo’lib xizmat qilmoqda.
Aytish joizki, institutda zamon talablari asosida tadqiqotlar olib borilayotir. Mujassamlashtirilgan quyosh nurlarining moddalar bilan ta’siri, olovbardosh materiallarni sintez qilish jarayonlarini o’rganish yo’nalishlari shular jumlasidandir. Ayni paytda mahalliy xom ashyo va sanoat chiqindilari negizida mustahkam keramik materiallar olish ustida izlanishlar davom ettirilmoqda. Bunday mahsulotlar tibbiyot, neft, gaz, yengil va elektrotexnika sanoati uchun zarur buyumlar ishlab chiqarish texnologiyalarini yaratishda qo’l keladi.
Bundan tashqari, oftob nurlari ta’sirida yangi texnika qismlari, konstruksiyalarni impuls va uzluksiz rejimda sinovdan o’tkazish, yirik hamda kichik energetik qurilmalar yaratish va Katta Quyosh qurilmasi funksional imkoniyatlarini kengaytirishga ham alohida e’tibor qaratilayapti.
Ishtirokchilarga bu yerdagi Katta Quyosh qurilmasi haqida mufassal ma’lumot taqdim etildi.
— Hozirgi kunga kelib, bir qator amaliy ishlanmalarimiz hayotga tatbiq qilindi, — deydi Fanlar akademiyasi “Fizika-Quyosh” ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi Materialshunoslik instituti bosh texnologi Rahmonboy Pirmonov. — Masalan, ilk bor yuqori haroratda suyuq erish zonasida yangi materiallar olindi. Shuningdek, qiyin eruvchi materiallar xossalarini o’lchash imkonini beruvchi ilg’or usul hamda nanokukunlar olish, sintezlashtirishning yangi texnologiyalari ishlab chiqildi. Bular nafaqat ilm-fan taraqqiyotida, balki ishlab chiqarishning turli tarmoqlarida qo’llanilmoqda.
Yuqori kuchlanishli elektrotexnik chinni tarkibi ishlab chiqilgani, elektrotexnika sanoati uchun zarur bo’lgan qator rusumlardagi saqlagichlar korpuslari, keramik massa asosida elektr dazmollari uchun kolodkalar tayyorlanayotgani buning tasdig’idir. Qolaversa, turli quvvatlardagi quyosh qurilmalari, neft mahsulotlarini saqlash hamda ularning bug’lanib ketishini kamaytirishda ishlatiladigan chinni pontonlar, tabiiy gazni yot birikmalardan tozalovchi keramik filtrlar va sharlar, qurilish materiallari, pigmentlar, tibbiyot sohasi uchun infraqizil nurlatgichlar, jarrohlik hamda stomatologik anjomlarni sterilizasiya qiluvchi tejamkor uskunalar yaratildi. Bularning barchasi iqtisodiyot tarmoqlariga innovasion va muqobil hamda ilg’or texnologiyalarni keng joriy etishda ayni muddaodir.
— O’zbekistonga ikkinchi bor kelishim, — deydi Germaniyaning “Pretherm Solutions” kompaniyasi bosh menejeri Tomas Mettin. — Shu yil aprel oyida yuksak darajada tashkil etilgan “Zamonaviy uy-joy qurilishi — qishloq joylarini kompleks rivojlantirish va qiyofasini o’zgartirish hamda aholi hayotining sifatini yaxshilash omili” mavzuidagi xalqaro konferensiya ishida qatnashib, yurtingizning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti haqida yaqindan tasavvurga ega bo’lgandim.
Ana shunday imkoniyat yana bir bor yaratib berilganidan judayam xursandman. Ayniqsa, “Fizika-Quyosh” ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi Materialshunoslik instituti faoliyati menda katta taassurot qoldirdi. Mutaxassis sifatida shuni ishonch bilan ayta olamanki, yurtingiz muqobil energetikani keng taraqqiy toptirishda nihoyatda katta imkoniyatlarga ega. Davlatingiz rahbari tomonidan mazkur masalaga alohida e’tibor qaratilayotgani, buning uchun maxsus Farmon qabul qilinganidan xabarim bor. Bu esa jabha ravnaqi uchun qo’shimcha qulayliklar yaratadi, albatta.
Bejiz emas bu. Chunki muqobil energiya manbalari kelajak taraqqiyotini belgilab beruvchi eng asosiy omillar qatoridan tobora mustahkam o’rin olmoqda.
— Bugun neft, gaz, ko’mir kabi an’anaviy energiya manbalari zaxiralaridan foydalanish hajmi tobora ortib borayapti, — deydi Xitoyning “Baoding Tianvei Baibian Elektrik” kompaniyasi vise-prezidenti Jang Siong. — Boz ustiga, ushbu resurslar cheklangan. Mutaxassislarning aniqlashicha, neft va gaz zaxiralari 45 — 75 yildan so’ng tugashi mumkin ekan. Shularni inobatga olsak, noan’anaviy energiya manbalarini rivojlantirish, uni hayotimizga yanada keng olib kirishni davrning o’zi taqozo etadi. Quyosh, shamol kabi muqobil manbalar nafaqat cheklanmaganligi, balki ekologiyaga zararsizligi bilan ham ajralib turadi. Mamlakatingizda yilning 300 kundan ziyodi quyoshli o’tar ekan. Demak, yurtingizda bunday salohiyat nihoyatda ulkan.
Kompaniyamiz turli hajmdagi quyosh panellari va stansiyalari ishlab chiqarish, qayta tiklanuvchi energetika bo’yicha konsultasiyalar berish kabi yo’nalishlarga ixtisoslashtirilgan. Niyatimiz, O’zbekiston bilan mazkur jabhada hamkorlikni yo’lga qo’yib, uni jadal rivojlantirishdan iborat.
Shu kuni mehmonlar Toshkent viloyatida qad rostlagan namunaviy uy-joy massivlari, u yerda mavjud sharoitlarni borib ko’rishdi, to’kin dasturxon ustida xonadon sohiblari bilan suhbat qurishdi.
Ma’lumot o’rnida aytish lozimki, qishloq joylarda namunaviy loyihalar asosida yakka tartibdagi uy-joylarni qurish dasturiga muvofiq, joriy yilning to’qqiz oyida qiymati 1,2 trillion so’m hajmdagi investisiyalar o’zlashtirildi, 5,5 mingta uy foydalanishga topshirildi. Respublika bo’yicha 8,4 million kvadrat metr (o’tgan yilning shu davridagiga nisbatan 15,1 foiz ko’p), shu jumladan, qishloq joylarda 6,3 million kvadrat metr uy-joy (o’tgan yilning shu davridagiga nisbatan 15,2 foiz ziyod) foydalanishga topshirildi.
— Davlatimiz tomonidan yaratib berilgan imtiyozlardan foydalanib, mana shunday ko’rkam turarjoyga ega bo’ldik, — deydi Yuqori Chirchiq tumanidagi “Istiqlol” mahalla fuqarolar yig’ini hududidagi ana shunday uy bekalaridan biri Guliniso Ergasheva. — Issiq suv deysizmi, sovuq suvmi, maishiy servis xizmatlari deysizmi, hammasi muhayyo. Shundoqqina yaqinimizda maktabgacha ta’lim muassasasi, maktab, kasb-hunar kolleji joylashgan. Bu farzandlarimizdan ko’nglimiz xotirjam bo’lishi, ularning har tomonlama barkamol shaxs sifatida voyaga yetishida ayni muddaodir. Xullas, bunday maskanda oilamiz bilan kayfiyatimiz chog’, farovon va obod hayot kechirayapmiz.
— Mana shunday betakror tabiatga ega, mehmondo’st va samimiy xalqi bor yurtda mehmon bo’lib turganimdan juda xursandman, — deydi Latviya Fanlar akademiyasining fizika-energetika instituti energiya resurslari laboratoriyasi mudiri, professor Peteris Shipkovs. — To’g’risi, taassurotlarim bir olam. Ayniqsa, shaharu qishloqlaringizda aholining sifatli hayot kechirishi uchun ko’rsatilayotgan g’amxo’rliklar tahsinga loyiq. Bu taraqqiyotning “o’zbek modeli” samaralari ekanligi, shubhasiz. Zamonaviy uylar hamda moddiy-texnik bazasi mustahkam infratuzilma obyektlarini o’zida uyg’unlashtirgan massivlar soni yildan-yilga ko’payib borayotgani diqqatga sazovor.
Alohida ta’kidlashni istardimki, O’zbekiston ko’plab nufuzli tadbirlar qatori Osiyo quyosh energiyasi forumining 6-yig’ilishiga ham yuqori saviyada mezbonlik qilishi, shubhasiz. Mazkur tadbir soha mutaxassislarining o’zaro tajriba va fikr almashishi, eng so’nggi yangiliklar hamda tadqiqotlardan yaqindan xabardor bo’lishi, ko’p tomonlama hamkorliklarda yangi ufqlarni ochishda katta ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, dolzarb mavzularda ma’ruzalar tinglanadi. Bizning institut uzoq yillardan beri oftob nurlaridan binolarni isitish hamda elektr energiyasi sifatida foydalanishning ilmiy-nazariy asoslarini o’rganib, ilg’or usullar va qurilmalar yaratish ustida ish olib boradi. Binobarin, ushbu anjuman barcha ishtirokchilar qatori biz uchun ham juda foydali o’tishiga ishonaman.
— O’zbekiston — serquyosh o’lka, — deydi AQShning Atrof-muhitni o’rganish instituti direktori, professor Maykl Edelshteyn. — Yurtingizdagi qayta tiklanuvchi energiya manbalari miqdori 51 milliard tonna neft ekvivalentiga teng ekan. Bunday sharoitda, ayniqsa, quyosh energiyasini ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda keng va unumli qo’llash, uni odamlar hayotini yanada farovonlashtirishga safarbar etish davr talabidir. Shu jihatdan qaraganda, bu kabi sa’y-harakatlar o’z vaqtida izchil amalga oshirilayotgani e’tiborga loyiq. Mazkur yirik forumga mezbonlik bu boradagi navbatdagi ulkan qadam, desam, ayni haqiqatdir.

Saidjon MAXSUMOV,
Hasan PAYDOYEV ,
«Xalq so’zi» muxbirlari.

«Xalq so’zi» gazetasi №228 21-noyabr 2013 yil.