Uz Eng Ru Ru
Biz bilan aloqa
 Adobe Flash Player

Vatan himoyachilari sharaflandi

Baxt-saodat tushunchalarining aniq ta’rifi, tasnifi yo’q. Buni har kim o’zicha izohlaydi, o’zicha tushunadi va talqin etadi.

Biroq baxtiyor yashamoqning eng muhim sharti, eng asosiy omili, bu — TINChLIKdir. Osoyishtaliksiz na farovonlikka, na taraqqiyotga erishib bo’ladi.
Buni yaxshi anglagan Vatanimizning mard va jasur himoyachilari mamlakatimiz xavfsizligi hamda barqarorligi, sarhadlarimiz daxlsizligini ta’minlashni o’zlarining eng muqaddas burchi, deb bilmoqdalar. O’zbekiston Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 22 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan joylarda bo’lib o’tgan bayram tadbirlarida ham ushbu jihatlar yana bir karra e’tirof etilib, yuksak mas’uliyatli vazifaga munosib hissa qo’shayotgan askar va serjantlar, ofiserlar sharaflandi.
Xususan, Qoraqalpog’iston Respublikasida bayram tadbirlari Nukus shahridagi Xotira maydoni ziyoratidan boshlandi. “Motamsaro ona” monumenti poyiga gulchambarlar qo’yildi. Shundan so’ng Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat musiqali teatrida tadbirning asosiy qismi bo’lib o’tdi. Bu yerda tashkil etilgan tantanali marosimda istiqlol yillarida Prezidentimiz rahnamoligida xalqimizning tinch va osoyishta hayotini himoya qilishga qodir Qurolli Kuchlarimizni tashkil etish, uning kuch-qudrati va salohiyatini oshirish borasida hayotga tatbiq qilingan keng ko’lamli islohotlar hamda ularning samaralari xususida so’z yuritildi.
— Prezidentimizning O’zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 22 yilligi munosabati bilan Vatan himoyachilariga yo’llagan bayram tabrigi kuchimizga kuch, g’ayratimizga g’ayrat qo’shdi, — deydi shartnoma bo’yicha harbiy xizmatchi, oddiy askar Lutfulla Yaminov. — O’tgan yilning yanvar oyidan buyon Shimoli-g’arbiy harbiy okrugda shartnoma asosida xizmat qilayapman. Harbiy qismimizda barcha shart-sharoit yaratilgan. Xizmat jarayonida komandirlarimizdan zamonaviy qurol-yarog’larni boshqarish taktikasi va strategiyasini chuqur o’rganib, o’quv mashqlarida axborot-kommunikasiya texnologiyalaridan mohirona foydalanayapmiz. Bu biz, askarlarning har tomonlama yaxshi tayyorgarlikka ega bo’lishimizda muhim ahamiyat kasb etayotir.
Tantanali marosim konsert dasturi bilan yakunlandi.
Vatan himoyachilari kunini harbiy xizmatchi Bektemir Rabbimovning oila a’zolari uch xonali shinam uyda kutib olishdi. Buxoro viloyatida burchini o’tayotgan bir guruh harbiy xizmatchilar qatorida mayor Rabbimovga ham davlatimiz tomonidan uy ajratildi. Bundan xonadon a’zolarining quvonchi cheksiz.
— O’zimni yurtimizning eng baxtli kishilaridan biri deb bilaman, — deydi u. — Ofiser bo’lish eng katta orzuim edi. Oliy harbiy ta’lim muassasasida tahsil oldim. Vatan posboni, degan sharafli nom egasi bo’ldim. Bundan juda faxrlanaman. Shaxsan men uchun keyingi ikki yil juda omadli keldi. Harbiy unvonim oshdi. 2013 yilda esa oilamiz uchun uy berildi. Bu davlatimizning harbiy xizmatchilarga ko’rsatayotgan katta g’amxo’rligi ifodasidir.
Darvoqye, biz mayor Bektemir Rabbimov bilan Buxoro shahridagi Xotira xiyobonida tanishib qoldik. Bu yerda Vatan himoyachilari kuni hamda mamlakatimiz Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 22 yilligi munosabati bilan marosim uyushtirildi. Davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ofiserlar, serjant va askarlar qatnashgan mazkur tadbirda “Motamsaro ona” haykali poyiga gullar qo’yildi.
Samarqand shahridagi “Konsert zali”da Vatan himoyachilari kuniga bag’ishlab o’tkazilgan tantanali marosimda harbiylar, keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari  vakillari  ishtirok etdi. Unda so’z olganlar istiqlol yillarida milliy armiyamizni shakllantirish, uning kuch-qudrati va salohiyatini yuksaltirish borasida amalga oshirilgan islohotlar xususida to’xtaldilar. Binobarin, Vatan himoyasi yo’lida bel bog’lagan harbiy xizmatchilarning bir guruhiga viloyat hokimligining  faxriy yorliqlari hamda esdalik sovg’alari topshirildi.
San’at ustalari tomonidan ijro etilgan do’stlik,  tinchlik, ona-Vatanni tarannum qiluvchi kuy-qo’shiqlar barchaga xushnudlik ulashdi.
Surxondaryoda bayram munosabati bilan viloyat hokimligi, mudofaa, ichki ishlar va favqulodda vaziyatlar boshqarmalari xodimlari hamda keng jamoatchilik vakillari “Motamsaro ona” haykali poyiga gulchambarlar qo’yishdi.
Shundan  so’ng  Vatan  himoyachilari  kuniga  bag’ishlangan  bayram  tadbirlari harbiy  qismlarda, mehnat jamoalari hamda mahallalarda  davom etdi. Ularda urush va mehnat faxriylari, “Nuroniy” jamg’armasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati viloyat kengashi faollari qatnashib, milliy armiyamizning yurt tinchligini saqlash, mustaqilligimizni ko’z qorachig’idek asrash borasidagi ahamiyati to’g’risida so’z yuritdilar. Qurolli Kuchlar faxriylaridan  va  xizmat  burchini  o’tash chog’ida halok bo’lgan harbiy xizmatchilarning oilalaridan xabar olindi.
Toshkent viloyatida bayramning asosiy tantanali qismi Chirchiq shahridagi muhtasham “Kimyogarlar” madaniyat saroyida bo’lib o’tdi. Harbiy xizmatchilar va ularning ota-onalari, oliy harbiy ta’lim muassasalari kursantlari, huquq-tartibot idoralari vakillari, shuningdek, viloyat faollari va yoshlar ishtirok etgan marosimda so’zga chiqqanlar istiqlol yillarida mamlakatimiz xavfsizligi va barqarorligi, sarhadlarimiz daxlsizligi, xalqimizning tinch va osuda hayotini muhofaza qilishga qodir bo’lgan, ixcham, tezkor va professional qobiliyat hamda tayyorgarlikka ega milliy armiyamiz shakllanganini katta mamnuniyat bilan ta’kidladilar.
— Har bir yigit, avvalo, el-yurtimga sadoqat bilan xizmat qilsam, deb niyat qiladi, — deydi “Sodiq xizmatlari uchun” medali sohibi, serjant Rasul Normatov. — Men ham yurtimizning ana shu baxtiyor farzandlari qatorida ekanimdan faxrlanaman. Bugun biz, harbiylar har qadamda davlatimizning doimiy e’tibori va g’amxo’rligini his etib yashayapmiz. Xizmatda ham, oilada ham, jamiyatda ham o’z o’rnimizga egamiz. Bu, albatta, bizga katta kuch va beqiyos ma’naviy-ruhiy madad beradi.
Tantanali marosimga yurtimiz san’at ustalari va viloyat badiiy havaskorlik jamoalari bayramona fayz kiritdilar.
Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Namangan viloyati markazidagi Xotira maydonida tashkil etilgan tantanali tadbir bu yerdagi “Motamsaro ona” haykali poyiga gulchambarlar qo’yish bilan boshlandi.  
— Bu galgi bayram men uchun alohida quvonch keltirdi, — deydi  viloyat ichki ishlar boshqarmasi alohida vazifalarni bajaruvchi safarbar otryadi komandirining o’rinbosari Yoqubjon Hojimirzayev. — Negaki, ayyom arafasida Prezidentimiz Farmoniga asosan, “Jasorat” medali bilan taqdirlandim. Buni sohamiz xodimlarining fidoyi xizmatiga bo’lgan e’tiborning yana bir namunasi, deb hisoblayman.
Bayram doirasidagi tadbirlar Namangan shahridagi Alisher Navoiy nomidagi viloyat musiqali drama teatrida davom etdi. Uning qatnashchilari e’tiboriga konsert dasturi namoyish qilindi. Yakunda xizmat burchini sharaf bilan o’tayotgan askar va ofiserlar, yoshlarni muddatli xizmatga tayyorlashda faol qatnashayotgan mutaxassislar taqdirlandi.
Bunday tadbirlar mamlakatimizning boshqa hududlarida ham tantanavor va yuksak saviyada tashkil etildi.

«Xalq so’zi» muxbirlari xabarlari asosida tayyorlandi.

"Xalq so'zi" gazetasi 2014-yil 15-yanvar №10