Uz Eng Ru Ru
Biz bilan aloqa
 Adobe Flash Player

Yuksak huquqiy madaniyat

Yuksak huquqiy madaniyat jamiyatda qonun ustuvorligiga erishishda muhim ahamiyatga ega

Poytaxtimizda “Aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish — jamiyatda demokratiya hamda adolatni ta’minlashning eng muhim omili” mavzuida xalqaro anjuman o’tkazildi.
O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan Inson huquqlari bo’yicha Milliy markaz, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo’yicha vakili (ombudsman), Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Oliy sud huzuridagi Tadqiqot markazi, Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti hamkorligida Yevropa Ittifoqining “O’zbekistonda sud-huquq islohotlariga ko’maklashish” loyihasi ko’magida tashkil etilgan mazkur tadbirda parlament a’zolari, mamlakatimizdagi huquqni muhofaza qiluvchi organlar, huquqiy targ’ibot masalalari bilan shug’ullanuvchi mutasaddi idoralar vakillari, huquqshunos olimlar, bir qator xorijiy davlatlarning O’zbekistondagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari, shuningdek, Yaponiya, Xitoy, Germaniya, Fransiya, Polsha, Rossiya, Ozarbayjon kabi davlatlardan ekspertlar qatnashdi.
Anjumanda yurtimizda fuqarolarning Konstitusiya va qonunlarda mustahkamlab qo’yilgan huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini  himoya qilish, huquqiy bilimi, ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish borasida keng ko’lamli ishlar tizimli ravishda bajarilayotgani e’tirof etildi.
Ta’kidlanganidek, aholining huquqiy madaniyati darajasi yuksakligi huquqiy demokratik davlat qurish, fuqarolik jamiyati barpo etish jarayonida dolzarb ahamiyatga ega bo’lib, ayni chog’da uning samarali mexanizmlari yaratilmoqda. Qonunlarni bilish, ularga amal qilish, o’z haq-huquqlarini muhofaza etishga intilish, ijtimoiy-siyosiy jarayonlarda faol qatnashish, umuman, ushbu yo’nalishdagi targ’ibot-tashviqot tadbirlarini izchil ro’yobga chiqarish orqali fuqarolarning huquqiy ongi, madaniyati tobora yuksalib borayotir. Davlatimiz rahbarining 1997 yil 25 iyunda qabul qilingan “Huquqiy tarbiyani yaxshilash, aholining huquqiy madaniyati darajasini yuksaltirish, huquqshunos kadrlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish, jamoatchilik fikrini o’rganish ishini yaxshilash haqida”gi Farmoni bu borada muhim dasturilamal bo’lib xizmat qilmoqda.
Anjumanda so’zga chiqqanlar O’zbekistonda huquqiy madaniyatni shakllantirish, huquqiy ta’lim va tarbiyani takomillashtirish, huquqiy savodxonlikni oshirish, fuqarolarning ijtimoiy-huquqiy faolligini kuchaytirish asosiy vazifa etib belgilanganligini ta’kidlashdi. Xalqaro ekspertlar mazkur sohada olib borilayotgan ishlarning rejali, tizimli va keng jamoatchilikni jalb etgan holda, o’ziga xos milliy konsepsiya asosida tashkil qilinganligiga ijobiy baho berishdi.
— Konferensiyada fuqarolarning huquqiy savodxonligini  oshirish bo’yicha o’z tajribamiz bilan o’rtoqlashdik, — deydi Yevropa Ittifoqining “O’zbekistonda sud-huquq islohotlariga ko’maklashish” loyihasi eksperti Dariush Lyubovski. — Aytib o’tish kerakki, bugungi kunda insonlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, huquqqa oid masalalarga yondashish har bir mamlakatda turlicha. Bu to’xtovsiz jarayon bo’lib, uni hayotga bosqichma-bosqich tatbiq etib borish maqsadga muvofiqdir. Hamkasblarimiz ta’kidlab o’tishganidek, yurtingizda bu borada salmoqli natijalarga erishilgan.
Anjumanda huquqiy ma’rifat hamda targ’ibot yo’nalishida davlat va nodavlat tuzilmalarining faol ishtiroki xususida ham so’z bordi. Bu, o’z navbatida, mazkur sohaga ustuvor ahamiyat berilayotganligini yaqqol namoyon etmoqda. Chunonchi, aholining huquqiy madaniyatini oshirish, huquqiy targ’ibot ishlari samaradorligini yaxshilash maqsadida Adliya vazirligi tomonidan 15 ta davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan memorandumlar imzolangan.
Bundan tashqari, ayni chog’da mamlakatimizdagi 6600 dan ziyod nodavlat notijorat tashkilotlarining 600 dan ko’pi bevosita shu masalalar bilan shug’ullanib kelayotgani e’tiborga molik.
Anjuman yakunida olimlarning ushbu sohaga oid ilmiy izlanishlarini takomillashtirish, xalqaro aloqalarni izchil yo’lga qo’yish, o’zaro hamkorlikni kengaytirishga oid taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

Ziyoda AShUROVA.

"Xalq so'zi" gazetasi 2013-yil 3 dekabr  №229