Uz Eng Ru Ru
Biz bilan aloqa
 Adobe Flash Player

Zamonaviy O’zbekiston mavzusi “FEC NEWS” sahifalarida

 “Jahon” AA, Tokio - Yaponiyada nashr etiladigan “FEC NEWS” gazetasi sahifasida “O’zbekiston: yalpi ichki mahsulotning 8 foiz barqaror o’sishi va sanoat taraqqiyoti” sarlavhali maqola bosilib chiqdi. 
  
Unda O’zbekiston Respublikasi ichki va tashqi siyosatining ustuvor yo’nalishlari, mamlakatimiz iqtisodiy taraqqiyotining jadal sur'atlari, uning boy tarixiy-madaniy merosi va ulkan sayyohlik salohiyati haqidagi batafsil ma'lumotlar ko’p sonli gazetxonlarning e'tiboriga havola qilingan. 

Gazeta mamlakatimizning global va mintaqaviy xavfsizlikni ta'minlashga qo’shayotgan faol hissasi haqida ham atroflicha to’xtalgan. Bu boradagi muhim qadam sifatida Prezident Islom Karimov tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 1993-yil sentyabr oyidagi 48-sessiyasida ilgari surilgan Markaziy Osiyoda yadro qurolidan xoli hudud yaratish to’g’risidagi tashabbusi qayd etiladi. Shuningdek, Afg’onistondagi vaziyatni hal qilish maqsadida “6+2” muloqot guruhini tuzish tashabbusi hamda uni “6+3” formatga o’zgartirish bo’yicha rasmiy Toshkentning taklifi ham qalamga olingan.  

“FEC NEWS” o’z o’quvchilarini O’zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi muvaffaqiyatlari bilan tanishtirar ekan, mustaqillik yillarida mamlakatimiz iqtisodiyoti 4 marta, aholi jon boshiga hisoblaganda 2,6 barobar o’sganini, fuqarolarning real daromadlari esa 7 barobar oshganini qayd etadi. 

“O’zbekiston iqtisodiyotni industriallashtirish yo’lida dadil qadamlar tashlamoqda. Agar suverenitetning ilk yillarida respublika eksporti asosan xom-ashyodan iborat bo’lgan bo’lsa, bugungi kunda mamlakat qo’shilgan qiymatga ega tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish bo’yicha yangi quvvatlarning bunyod etilishi natijasida jahon bozoriga yuqori sifatli sanoat tovarlarini yetkazib bermoqda”, deb yozadi gazeta. 

Maqolada alohida ta'kidlanganidek, so’nggi yillarda yalpi ichki mahsulotning yillik o’sish sur'ati barqaror ravishda 8 foizdan ziyodni tashkil etmoqda. Bu sohadagi yutuqlarning asosiy omili sifatida “FEC NEWS” mamlakatimizda ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, texnikaviy va texnologiyaviy jihatdan qayta jihozlash, axborot texnologiyalari, elektr texnikasi va energiyani tejash sanoati, avtomobilsozlik singari yangi tarmoqlarni yaratish yuzasidan olib borilayotgan keng ko’lamni o’zgarishlar sanab o’tilgan. 

Nashr O’zbekiston - Yaponiya aloqalarining zamonaviy holati va ularning yanada kengayishi istiqbollari to’g’risida to’xtalar ekan, o’zaro munosabatlarning me'yoriy-huquqiy asosi yuzdan ortiq shartnoma va bitimlardan iborat ekanligini ta'kidlaydi. 

“1994, 2002 va 2011-yillarda O’zbekiston Prezidentining Yaponiyaga tashriflari bo’lib o’tdi. Ular ikki davlat o’rtasidagi munosabatlarning izchil taraqqiyotiga yangicha mazmun baxsh etgani holda strategik sheriklikni yangi darajaga ko’tardi. Toshkent va Tokio jahon maydonida faol hamkorlik qilmoqda. Ular xalqaro va mintaqaviy xarakterdagi masalalar bo’yicha bir-birlarini qo’llab-quvvatlab kelmoqdalar”, deb yozadi yapon nashri. 

Maqolada ikki va ko’p tomonlama aloqalarning muhim mexanizmi sifatida “Markaziy Osiyo + Yaponiya” Muloqoti doirasidagi hamkorlikka ham alohida o’rin ajratilgan. 

“FEC NEWS” o’z o’quvchilarini O’zbekistonning tarixiy-madaniy merosi va sayyohlik salohiyati bilan tanishtirar ekan, Buyuk Ipak yo’lining chorrahasida joylashgan mamlakatimiz yirik sayyohlik markazlaridan biri sanalishini, Samarqand, Buxoro, Xiva va Shahrisabz singari tarixiy shaharlar esa YUNESKO Butunjahon merosi ro’yxatiga kiritilganini qayd etadi. 

“Samarqand ikki yarim ming yildan ortiq davr mobaynida dunyo tamaddunining markazlaridan biri bo’lgan. Jahonning yana bir qadim shaharlaridan biri - muqaddas Buxoro bo’lib, u ko’p asrlik tarixga egadir. Xiva esa “ochiq osmon ostidagi shahar-muzey” sifatida dong taratgan. Har yili Sharqning ushbu beqiyos marvaridlari go’zalligidan bahramand bo’lish uchun dunyoning barcha nuqtalaridan yuz minglab sayohatchilar O’zbekistonga kelishadi va o’zlari bilan unutilmas taassurotlarni olib ketadilar”, deb yozadi nashr. 

Ma'lumot tariqasida qayd etish joizki, “FEC NEWS” gazetasi 1983-yildan buyon Yaponiya Xalqaro do’stlik almashuvlari kengashi tomonidan chop etiladi. U mamlakat parlamenti deputatlari, hukumat, vazirlik va idoralar, yirik kompaniyalar hamda Tokioda akkreditatsiyadan o’tgan diplomatiya missiyalari vakillaridan iborat bo’lgan o’z o’quvchilari doirasiga ega. 

"Xalq so'zi" gazetasi 2014-yil 22-yanvar  №15