Uz Eng Ru Ru
Biz bilan aloqa
 Adobe Flash Player

Ayolga ehtirom — Onaga, Vatanga ehtirom

Mustaqillik yillarida mamlakatimizda Ayolga, Onaga ehtirom davlat siyosati darajasiga ko’tarildi. Xotin-qizlar o’zlariga berilgan huquq va imkoniyatlardan keng foydalangan holda, ijtimoiy faoliyat maydoniga dadil chiqa boshladilar. Ona va bola salomatligini mustahkamlashga ko’rsatilayotgan g’amxo’rlik tufayli oila hamda jamiyatda sog’lom muhit shakllandi.

Quvonarlisi, bu boradagi ezgu sa’y-harakatlar joriy yilda ham davom ettirilishi Prezidentimizning “Sog’lom bola yili” Davlat dasturi to’g’risida”gi qarorida alohida qayd etilgan. Chunonchi mazkur hujjatga binoan, Respublika Xotin-qizlar qo’mitasi, uning joylardagi tuzilmalari zimmasiga ulkan, ayni paytda dolzarb vazifalar yuklatilgan. 
Xalqimizda “Uyi tinchning ko’ngli tinch” degan ibora bor. Uyni ikkinchi bir nom bilan “Otamakon” deb ham ataymiz. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yosh oilalarga imtiyozli kredit asosida uy-joy berilishi minglab xonadonlarga quvonch olib kirmoqda. Bunday g’amxo’rlik esa, tabiiyki, oilalardagi farovonlikni oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu ma’noda, Davlat dasturida yosh oilalarga uy-joy qurish va ta’mirlash uchun uzoq muddatli foizsiz ssudalar berish belgilanganki, shu bandning o’ziyoq dasturning hayotiyligini, turmush bilan chambarchas bog’liq ekanligini isbotlaydi.
Ayol xoh olima bo’lsin, xoh san’atkor yoki siyosatchi bo’lsa-da, eng avvalo, xonadon bekasi, ro’zg’or ustuni hisoblanadi. Uning uy-ro’zg’or yumushlarini yengillashtirishga alohida e’tibor qaratilayotgani muhim ahamiyatga ega. Qishloq joylardagi xotin-qizlarning uy mehnatini yengillashtirish Davlat dasturidan joy olganligi ayollarimiz uchun qulaylik va imkoniyatlar yaratib beradi. Ayolning ro’zg’or yumushlari yengillashsa, texnika qanotiga kirsa, o’zining ma’naviy, madaniy saviyasini oshirishga imkoni kengayadi. Dasturda shuningdek, oilani mustahkamlash, yosh oilalarni ma’naviy, moddiy jihatdan qo’llab-quvvatlash alohida qayd etilganki, bunda yillar sinovidan muvaffaqiyatli o’tib kelayotgan qadriyatlarimizni asosiy tarbiya vositasiga aylantirishda mahalla faollari, xotin-qizlar qo’mitalari boshlang’ich tashkilotlaridan yana ham faolroq, fidoyiroq bo’lish talab etiladi. 
Bilasiz, mamlakatimizning har bir hududida o’ziga xos hunarmandchilik turlari rivojlangan. Zamonlar o’tishi bilan ba’zi hunarmandchilik turlari, hatto, unutilib ketayotgan edi. Kasanachilik faoliyatining yo’lga qo’yilishi bilan qo’y yungidan urchuq yigirib ip olish, undan turli buyumlar to’qish qayta urfga kirdi. Salomatlik uchun nihoyatda zarur bo’lgan bunday tabiiy buyumlar to’qish ma’lum ma’noda, ayollar tashabbuskorligiga yo’l ochuvchi faoliyat bo’ldi. Xizmat taqozosi bilan chekka-chekka qishloqlarga borsak, uyda  farzand tarbiyasi bilan band bo’lgan opa-singillarimiz unutilgan hunarmandchilik turlarini o’sha hududdagi keksalardan o’rganib, zamonga mos, yoshlarbop buyumlar yaratayotganiga guvoh bo’lamiz. Ularning did-farosati, ixtirochiligi kishini hayratga soladi.
Yurtimizda ayollar sporti, bolalar sportiga e’tibor yangi pallaga kirdi. Davlat dasturida sport bilan muntazam shug’ullanayotgan hamda kam ta’minlangan oilalarda o’sib-ulg’ayayotgan 189 ming nafar qizning maxsus kiyim bilan ta’minlanishi ko’zda tutilgan. Chunki libosning ham ruhiyati bor. U o’z egasini izmiga soladi. Sog’lom yoshlik, sog’lom muhit ana shunday e’tibor tufayli yaraladi.
Iste’dodli qizlar yurtimiz faxri, baxti. Ular o’z izidan yuzlab qizlarni ergashtiradi. Chunki hayotda muvaffaqiyatlarga erishgan insonlarga havas bilan yashash tabiatimizga xos. Binobarin, Prezidentimiz tashabbusi bilan ta’sis etilgan Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti adabiyot, san’at, fan, ta’lim, madaniyat, sport sohasida muvaffaqiyat qozonayotgan, a’lo xulqli va yuksak iqtidorli qizlarga ko’rsatilayotgan beqiyos rag’batdir. Bugun ularning soni 196 nafarga yetdi. Maktab, akademik lisey, kollej o’quvchilaridan tortib, oliy o’quv yurti talabalarigacha qamrab olingan, “Zulfiya izdoshlari” deb atalgan bu harakat jamiyatimizda ijobiy to’lqin hosil qildi. She’riyatga, san’at, sportga intilish, fan olamining darvozalarini ishonchliroq qoqish — bu shaxdam intilishlar 14 yoshdan 22 yoshgacha bo’lgan qizlar dunyosiga yangi bir mazmun baxsh etdi. 
Yosh olima qizlar, tadqiqotchilar orasida o’tkazilishi mo’ljallangan “Ilm yulduzlari” tanlovi esa fan olamining yangi yulduzlarini kashf etish yo’lidagi olg’a qadamimiz bo’lib kelmoqda.
Avval maktab o’quvchilari uchun, so’ng lisey, kollejlarda “Orasta qizlar” to’garaklari tashkil etilgan bo’lsa, ayni kunda bu to’garaklar faoliyati keng ko’lam kasb etib, mahalla tizimiga ham olib kirildi. Sog’lom turmushni tashkil etish, ona va bola salomatligi borasida ko’p fikr-mulohazalar bildiriladi, xulosalar qilinadi. Aslida, sog’lom turmushga erishish oddiy sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilishdan boshlanishini yaxshi bilamiz. Shuning uchun ham “Orasta qizlar” to’garagi a’zoligiga shifokorlar, tajribali uy bekalari, ko’pni ko’rgan onaxonlar ham jalb etildi. 
Ma’lumki, har bir yaratilayotgan yangi oila jamiyatning yangi tayanchi. Yigit-qizlar oila quradi, oilada farzandlar dunyoga keladi. Millat nasli davom etadi. Oila — qadriyatlarni avloddan-avlodga olib o’tadi. Oilada yangi an’analar yaraladi. Oila — tarbiyaxona, mehrxona. Shu ma’noda, davlatimiz rahbari yangi oilalar bunyod bo’lishi, ularning oyoqqa turib olishi, ikki yoshning bir-biriga mustahkam rishtalar bilan bog’lanishi, qisqacha aytganda, oila madaniyati, ma’naviyatiga alohida e’tibor bermoqdalar. Yosh oilalar uchun qurilayotgan uylar, ularning xonadoniga yordam sifatida berilayotgan imtiyozli kreditlar — bularning hammasi oila qurish Vatanimizda shaxsiy hodisa darajasidan ijtimoiy darajaga ko’tarilayotganidan darak beradi.
Davlatimiz tomonidan qabul qilinayotgan dasturlar, qonun va qarorlarning qay biriga sinchkov nazar tashlasak, Inson siymosi ko’zga tashlanadi. Inson salomatligi, ish bilan bandligi, hayotda, jamiyatda o’rnini topishi, farzandlar tarbiyalash kabi inson umridagi barcha muhim jihatlar ushbu hujjatlarda o’z aksini topgan. Ayniqsa, ayol baxt-saodati, ularning hayotdan rozi bo’lib yashashlari uchun ko’rsatilayotgan mehru e’tiborning qiyosi yo’q. Bunday e’zoz va ehtirom esa bizni yurt taraqqiyoti, farzandlarimizning porloq istiqboli uchun vijdonan, sidqidildan xizmat qilishga undayveradi.

Ozoda PARPIBOYeVA, 
O’zbekiston Xotin-qizlar qo’mitasi raisining o’rinbosari.

"Xalq so'zi" gazetasi 2014-yil 26-fevral