Uz Eng Ru Ru
Biz bilan aloqa
 Adobe Flash Player

Shon-sharaf va g‘urur timsoli

10404 Milliy davlatchiligimiz tarixining barcha davrlarida bayroq Vatan timsoli sifatida hamisha aziz va muqaddas sanalgan. Xususan, Amir Temur saltanatida davlat ramzlariga alohida e’tibor berilgan. Sohibqiron jang maydonida bir lashkar omon qolsa ham u Vatani bayrog‘ini baland tutsin, deb farmon bergan. Chunki jangu jadallarda bayroqning qulashi yoki dushman qo‘liga o‘tishi mag‘lubiyat belgisi, deb qabul qilingan. Shayx Najmiddin Kubroning yurt ozodligi yo‘lidagi tengsiz jasorati barcha avlodlarga ibrat namunasi bo‘lib kelayotganining boisi ham shunda.

Vatanimiz mustaqillikka erishgach, 1991-yilning 18-noyabrida Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Mazkur qonunda ta’kidlanganidek, milliy bayrog‘imiz davlat suverenitetining ramzlaridan biridir.

Shundan buyon milliy bayrog‘imiz xalqaro miqyosda mamlakatimiz obro‘-e’tiborini, yurtdoshlarimiz qalbida Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat tuyg‘ularini mustahkamlashda muhim vosita bo‘lib xizmat qilmoqda.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh qarorgohida hilpirab turgan yuzlab bayroqlar orasida O‘zbekiston Respublikasining davlat bayrog‘i ham borligi qalbimizda g‘urur va iftixor tuyg‘ularini jo‘sh urdiradi. Shu yurt, shu muqaddas zamin farzandi ekanimizdan faxrlanamiz.

Davlatimiz bayrog‘i Prezident devoni, Oliy Majlis palatalari, Hukumat binosi, mahalliy boshqaruv idoralari, O‘zbekiston a’zo bo‘lgan xalqaro tashkilotlar, mamlakatimizning xorijiy davlatlardagi diplomatik va savdo vakolatxonalari, konsullik muassasalarida hilpirab turibdi.

Prezidentimizning xorijiy davlatlarga rasmiy tashriflari davomida bayrog‘imiz o‘sha mamlakat ko‘chalarini bezaydi. Turli bayram tantanalarida, mamlakatimiz delegatsiyalari qatnashayotgan xalqaro tadbirlarda, nufuzli sport musobaqalarida Vatanimiz sharafi, xalqimizning g‘urur va iftixorini yorqin aks ettiradigan omillardan biri ham aynan bayrog‘imizdir.

Vatan himoyasi uchun harbiy qasamyod qilayotgan o‘g‘lonlar bayroq oldida tiz cho‘kib, uni ko‘ziga surtadi. Jahon miqyosidagi musobaqalarda g‘alaba qozongan sportchilarimiz davlatimiz bayrog‘ini baland ko‘tarib, g‘oliblik nashidasini suradi.

– Davlatimiz bayrog‘i biz, sportchilarga nechog‘li kuch-qudrat, jasorat baxsh etishini shu yil 20-27-oktabr kunlari Polshaning Vrotslav shahrida o‘tkazilgan jahon chempionatida sovrindor bo‘lganimda yaqqol his etdim, – deydi og‘ir atletika bo‘yicha jahon chempionati bronza medali sohibi Ulug‘bek Alimov. – Erishgan g‘alabam sharafiga maydon uzra O‘zbekiston bayrog‘i ko‘tarilganida qalbim cheksiz faxrga to‘ldi. Mustaqillik sharofati, Prezidentimiz rahnamoligida sportni rivojlantirishga qaratilayotgan ulkan e’tibor tufayli o‘nlab davlatlar vakillari orasida mehnatim munosib rag‘batlantirilganidan, yurtimiz nomi tilga olinganidan boshim osmonga yetdi.

Davlatimiz bayrog‘idagi har qaysi rang, har bir belgi chuqur ma’no-mazmunga ega. Ular milliy davlatchiligimiz tarixidagi ezgu ifodalarni, ayni paytda mamlakatimizning tabiiy, milliy va ma’naviy xususiyatlarini o‘zida mujassam etgan. “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi qonunda milliy timsolimizni tasvirlash va o‘rnatishga oid rangli-sxematik tartiblar belgilangan.

Bayroqdagi moviy rang – musaffo osmon va tiniq suv yeru ko‘kdagi hayot manbalari ifodasi. Oq rang tinchlik va poklik ramzi sifatida davlatimiz oshadigan dovonlarga yo‘l ochadi. Yasharish va yangilanish timsoli bo‘lgan yashil rang yurtimizning go‘zal tabiatiga qiyosdir. Qizil chiziqlar esa tomirimizda jo‘shib oqayotgan ajdodlar qoni – hayotiy qudrat va bardavomlik nishonasidir.

Yangi oy yurtimizdagi tinchlik va farovonlikni, ayni paytda davlatchiligimiz tarixida yangi davr boshlanganini yorqin aks ettiradi. Uning yonida saf tortgan 12 yulduz esa beg‘uborlik, mukammallik, donishmandlik kabi sifatlar ifodasidir.