Uz Eng Ru Ru
Biz bilan aloqa
 Adobe Flash Player

“Buxoro” — musobaqalarga shay

 marifat.uz     04-05-2013

Xalqimiz o‘zining yuksak didi va nozik ta’bi bilan har jabhada ajralib turadi. Ayniqsa, bunyodkorlik ishlarida ajdodlarimiz oldiga tushadigani yo‘q. Bu bugun Buxoro, Xiva, Samarqand singari ko‘hna madaniyatga beshik shaharlarimizda ko‘kka bo‘y cho‘zib turgan madrasayu minoralar misolida ham yaqqol tasdig‘ini topib turibdi. Shukrki, mustaqillik qo‘lga kiritilgach, qon-qonimizga singib ketgan binokorlik, me’morlik tuyg‘usi yana ko‘z ochdi — har qadamda savlat to‘kib turgan, zamonaviy andozalar asosida qurilgan muhtasham imoratlarimiz ko‘rgan kishining ko‘zini quvnatadi. 

Ayniqsa, aholi orasida sportni rivojlantirish, xususan, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish maqsadida yo‘lga qo‘yilgan uch bosqichli sport musobaqalari munosabati bilan qad rostlayotgan, kapital ta’mirlanayotgan va rekonstruktsiya qilinayotgan sport inshootlari zamon talablari darajasida barpo etilib yoshlar uchun eng sevimli maskanlarga aylanayotgani bilan ham qadrlidir.

Jumladan, yurtimizda uzluksiz ravishda o‘tkazib kelinayotgan, talaba-yoshlarning iqtidor va qobiliyatlarini yuzaga chiqarish, qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilayotgan Universiada sport o‘yinlariga bo‘lgan qiziqish va intilish ham yildan-yilga ortmoqda. Bunga musobaqalarga mezbonlik qilayotgan shaharlarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik, ko‘kalamzorlashtirish, obodonlashtirish ishlari ham sabab bo‘layotgani sir emas, albatta. 

Shu ma’noda, joriy yili Buxoroda o‘tkaziladigan navbatdagi Universiada sport musobaqalariga tayyorgarlik ishlari nihoyalanish arafasida turibdi. Nufuzli sport bayramining tantanali ochilish va yopilish marosimlari, shuningdek, Universiada dasturiga kiritilgan sport turlari bo‘yicha qator bellashuvlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan “Buxoro” sport majmuasining kapital rekonstruktsiya ishlari yakunlandi. Yodingizda bo‘lsa, ushbu ajoyib o‘yingoh aynan 2002 yilgi Universiada sport o‘yinlariga Buxoro shahri mezbonlik qilishi munosabati bilan qurilgan edi. O‘sha vaqtda u yurtimizdagina emas, balki Markaziy Osiyodagi eng yirik sport majmuasi sifatida e’tirof etilgandi... 

Kapital rekonstruktsiya ishlariga byudjet mablag‘lari hisobidan 12 milliard 581 million so‘m mablag‘ sarflandi. 22 ming 592 nafar tomoshabinga mo‘ljallangan stadionda sport bayramining yuqori saviyada o‘tishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratildi. 

Ta’kidlash joizki, mazkur ob’ektda tashkil etilgan sport sektsiyalarida viloyat terma jamoasi vakillari futbol, basketbol, voleybol, qo‘l to‘pi, yengil atletika, tennis, stol tennisi belbog‘li kurash, shaxmat va dyuzdo bo‘yicha so‘nggi hozirlik mashg‘ulotlarini o‘tkazishyapti. Yuvinish va kiyinish, tibbiyot xonalari, konferentsiya zallari ham qayta rekonstruktsiya qilinib, zamonaviy jihozlar bilan ta’minlandi. 

— Shahrimizdagi eng yirik va muhtasham sport majmuasining rekonstruktsiya ishlari 2011 yili boshlangandi, — deydi bosh pudratchi — «Buxoro 20-tresti» 2-vakillik tashkilotining ishlab chiqarish bo‘limi boshlig‘i Bahodir Ergashev. — Ikki yil davom etgan ta’mirlash ishlariga jami 700dan ziyod quruvchi-usta jalb etildi. Alohida aytish lozimki, viloyat O‘zjamoaqurilish, Buxoro gaz-sanoat qurilish trestlari, Maxsus tajriba zavodi xodimlari ham quruvchilarimizga yaqindan yordam berishdi. E’tiborlisi, rekonstruktsiya jarayonida ishlatilgan aksariyat qurilish materiallari O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan. Buxoro «Eliti» loyihalash instituti loyihasi asosida qayta ta’mirlangan sport majmuasining hozirgi qiyofasi jahon standartlariga to‘la javob beradi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. 

Xorijdan keltirilgan jihozlardan biri — keng maydonni yoritib turuvchi chiroqlardir. Ular Avstraliyaning Torn firmasidan keltirilgan. Majmua atrofidagi minoralarga 242ta, binoning o‘ziga 100ta yoritgich o‘rnatildi. Ayniqsa, tunda chiroqlar nuri ostida maydon yanada salobatli ko‘rinadi. Majmuaga kiraverishda raqsga tushayotgan favvora, tartib bilan saf tortgan archalar va anvoyi gullarga qarab, Buxoro shahrida davom etayotgan katta ko‘kalamzorlashtirish ishlarining bir qismini ko‘rish mumkin.

— Bir necha yildan beri yengil atletika bilan shug‘ullanaman. Maxsus sun’iy rezina qoplangan yugurish yo‘lakchalarida kechayotgan mashg‘ulotlarning o‘ziyoq kishiga zavq ulashayapti, — deydi «Universiada—2013» final bosqichiga yo‘llanma olgan talabalardan Nafisa Jo‘raeva. — Harakatlarim yengil, noqulayliklar yo‘qligi uchunmi, ochig‘i, charchoq sezmayapman. Mana shunday zamonaviy sport majmuasida o‘tkaziladigan nufuzli musobaqada ishtirok etish baxtiga muyassar bo‘lganimni o‘ylasam, faxrlanib ketaman. 

Yurtboshimiz va sportsevar xalqimiz tomonidan amalga oshirilayotgan buyuk bunyodkorliklar, o‘z navbatida, yoshlarga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklarning yorqin bir ko‘rinishi hamdir. Shunday ekan, “Universiada — 2013” sport o‘yinlariga har bir sportchi jiddiy tayyorgarlik ko‘rishi va o‘z maqsadi yo‘lida murosasiz kurashlarga kirishishi muqarrar. Axir sportchi-talabalar ixtiyoriga Buxoro shahridagi barcha sharoit va qulayliklarga ega ajoyib sport majmualari taqdim etilmoqda.

Sora TOSHEVA,
Zohodjon XOLOV, 
«Ma’rifat» muxbirlari