Uz Eng Ru Ru
Biz bilan aloqa
 Adobe Flash Player

Chet tili mutaxassislari

zarnews.uz   ZARAFSHON 11-06-2013 yil № 70

rf8k6

eng chekka qishloq maktablarida ham ta’minlanadi

     Prezidentimizning 2012 yil 10 dekabrdagi “Chet tillarni o‘rgatish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori yurtimizda muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgan kadrlar tayyorlash milliy dasturi hamda “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonunning bevosita mantiqiy davomi sifatida qabul qilindi hamda soha rivoji uchun dasturulamal vazifasini o‘taydi, deyish o‘rinli.

Mazkur qaror uzluksiz ta’lim tizimi konsepsiyasi, O‘zbekiston Respublikasida amal qilayotgan ta’lim tizimlarining barcha bosqichlari uchun qabul qilingan chet tillarini o‘rgatish bo‘yicha davlat ta’lim standartlarining asosiy talablari, shuningdek, chet tillarni o‘rganish borasidagi xorij tajribasining jamlanmasi hisoblangan Evropa kengashining “CHet tillarini bilish darajasining umumevropa mezonlari: o‘rganish, o‘qitish, baholash” kabi hujjatini o‘rganish asnosida yangicha dasturlar, zamonaviy shakldagi darsliklar, barcha janrlardagi yordamchi o‘quv adabiyotlari yaratilishini taqozo qiladi. Bunda asosiy e’tibor ta’lim sifatini keskin oshirishda asosiy yoki ko‘maklashuvchi manbalarning tez va shu bilan birga qisqa muddatlarda yaratilishiga qaratilmoqda. Prezident Qaroriga asosan yangi o‘quv yilidan boshlab, chet tillar, asosan, ingliz tili boshlang‘ich sinfdan o‘qitiladi.

Qarorning e’tiborga molik yana bir muhim jihati, chet tillarini, xususan, ingliz tilini o‘rganishda amaliy, samarali muloqotga o‘rgatuvchi ta’lim uslublariga ko‘proq e’tibor berilishidir. Bu juda o‘rinli ta’kid. Chunki buyuk nemis mutafakkiri Gyote ta’kidlaganidek, “Nazariya quruq bir gap, biroq yashnar hayot daraxti”. Ya’ni chet tilini, umuman, qaysi til bo‘lishidan qat’iy nazar, nuqul nazariya darajasida auditoriyada mutaxassis sifatida o‘rgatish boshqa-yu, u yoxud bu soha vakili sifatida chet tilida so‘zlashuv ko‘nikmasi va tajribasiga ega bo‘lish boshqa narsa ekanligini anglab etishimiz zarur. 
Qarorda yangi o‘quv yilidan boshlab oliy o‘quv yurtlarida ayrim maxsus fanlar, xususan, texnik va xalqaro mutaxassisliklar bo‘yicha o‘qitish chet tillarida olib borilishi ko‘zda tutilgan. Bu esa tilshunoslar oldiga yanada muhim vazifalarni qo‘yadi. Xususan, endi chet tillari keng ma’noda mutaxassislik darajasida emas, balki u yoki bu til o‘rganuvchining ixtisoslik sohasi doirasida o‘rganilishini taqozo etadi. Buning natijasida, masalan, ingliz yoki nemis tili “fiziklar uchun” , “vrachlar uchun”, “kimyogarlar uchun”, “mashinasozlar uchun” va hokazo jihat hamda xususiyatlar kasb etadi. Endilikda “sohaviy tilshunoslik yoki lingvistika” grifi-tamg‘asi bilan o‘quv adabiyotlari chop etilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Bu muayyan soha mutaxassislari uchun so‘zlashuv amaliyotiga etarli bo‘lgan leksik minimumni o‘zlashtirish, so‘ngra tilni keng qamrovda bilish sari yo‘l boshlaydi. Bu borada ham ishlar Muvofiqlashtiruvchi kengash rahbarligida, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti ishchi organ sifatida, Samarqand davlat chet tillar instituti esa Kengashning eng faol a’zosi hamda nufuzli ijrochi sifatida jadal ish olib bormoqda. 

Yaratilayotgan zamonaviy o‘quv adabiyotlari yurtimizda joriy etilgan ta’lim tizimi uzviyligini inobatga oladi, ya’ni umumta’lim maktablari (u erdagi boshlang‘ich, o‘rta va yuqori sinflar ta’limi), o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy o‘quv yurtlarining o‘quv standartlari, rejalari yangi talablar va mazmun bilan to‘ldiriladi hamda bir bosqichda oldingisini takrorlamaydigan yangi o‘quv adabiyotlar avlodi yaratiladi. Ushbu yo‘nalishda institutimiz jamoasi tomonidan yangi interfaol usullar hamda pedtexnologiyalar asosida dars jarayonini tashkillashtirish bo‘yicha viloyatimizdagi oliy o‘quv yurtlari, litsey va kollejlar chet tillari o‘qituvchilariga amaliy seminar tashkillashtirildi. Bundan tashqari, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi bilan hamkorlikda maktablarda boshlang‘ich sinflarga ingliz tilidan qo‘llanmalar tayyorlashda institutimiz o‘qituvchilari faol ishtirok etmoqda.

Chet tillarini o‘rganishda respublikamizda hech bir uzoq qishloq, eng ovloq ovul ham chetda qolmaydi. Chunki Prezidentimiz qarorida qabul jarayonida mahalliy davlat hokimiyati organlarining tavsiyanomalari asosida chet tili o‘qituvchilari ixtisosligiga oliy ta’lim muassasalariga maqsadli qabulni amalga oshirishga ruxsat berilgan. Maqsadli qabul asosida oliy ta’lim muassasasiga qabul qilingan shaxslar o‘z hokimiyatlari tavsiyanomalarida ko‘rsatilgan ta’lim muassasasida kamida besh yil ishlab berishlari ko‘zda tutilgan. Shuningdek, joylarda chet tili o‘qituvchilari va muallimlari maoshlariga rag‘batlantiruvchi foizlar joriy yildanoq to‘lanadi.
Bir so‘z bilan aytganda, mamlakatimizning bugungi kuni, uning yuksalish odimlari har birimizdan, yurt kelajagi va xalqaro obro‘si uchun professional layoqat, fidoyi mutaxassislikdan tashqari, chet tillarini ixtisosligimiz uchun etarli darajada bilishimizni, uning yutuqlarini xalqaro darajada ulug‘lay olishimizni talab qilmoqda. Bu esa nafaqat chet tili o‘qituvchilari, balki har bir ota-ona va farzand oldidagi burchdir.

Fazliddin RO‘ZIQULOV,
Abduvali ESHQOBILOV,
Shahobiddin ASHUROV,
SamDChTI dotsentlari
.