Uz Eng Ru Ru
Biz bilan aloqa
 Adobe Flash Player

Chet tilini o’qitishning zamonaviy uslublari

ZARAFSHON 2013 YIL 25 APREL №48

26-27 aprel kunlari Samarqand davlat chet tillar institutida o’tkaziladigan “Til va ijtimoiy – madaniy muloqotlar”  mavzuidagi ilmiy-amaliy konferensiya muhokama markazida bo’ladi.

Davlatimiz rahbarining 2012 yil 10 dekabrda qabul qilingan «Chet tillarni o’rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida»gi qarori ijrosi yuzasidan tashkil etilayotgan anjumanda yurtimizdagi yetakchi oliy o’quv yurtlari professor-o’qituvchilari  mutaxassislar ishtirok etishi ko’zda tutilgan. Konferensiya oldidan Prezidentimiz qarori asosida amalga oshirilayotgan ishlar hamda mazkur tadbirning ahamiyati haqida Samarqand davlat chet tillar instituti rektori professor Shuhrat SIROJIDDINOV bilan suhbatlashdik.

 -        Mamlakatimiz ta’lim tizimida chet tillarni o’qitishda nutqiy muloqotga yo’naltirilgan yangi pedagogik texnologiyalarni joriy etish, infor­masion texnologiyalar asosida darsliklar, o’quv-qo’llanmalarini yaratish xorijiy til ta’limini yanada tako­millashtirish milliy ta’lim dasturining asosiy maqsadidir, - deydi Shuhrat Sirojiddinov. - «Ta’lim to’g’risida»gi qonun va Kadrlar tayyorlash milliy dasturida ham chet tili ta’limida yangi pedagogik texnologi­yalar va interfaol usullardan samarali foydalanish zarurligi ko’rsatib o’tilgan. Pedagogik texnologiya o’z oldiga ta’lim shakllarini optimallash vazifasini qo’yadi, butun ta’lim jarayonini yaratish, qo’llash va aniqlashga xizmat qiladi. Maqsad - ta’lim jarayonining samaradorligini va talabalar tomonidan ma’lum natijalarga erishishni ta’minlashdan iborat. Chet tili ta’limida yangi pedago­gik va informasion texnologiyalardan foydalanish jarayonida darsni har tomonlama puxta tashkil etish, talabalar tomonidan bilim-ko’nikmalarni o’zlashtirishning samarali usullarini izlab topish, darsning sifati va samaradorligini ta’minlovchi vositalarni qo’llash talab etiladi. Bularning hammasi talabalarning chet tilini o’rganish qobiliyatlarini rivojlantirish, ularni til o’rganishga qiziqishini kuchaytirish, xotirasini mustahkamlash, o’z bilimiga ishonch kabi ko’nikmalarning shakllanishi, rivojlanib borishiga xizmat qiladi. Ayni masalalar Yurtboshimiz qarorida ham alohida ta’kidlangan. Shuningdek, maz­kur qaror yoshlarimizning chet tillar­ni o’rganishga bo’lgan qiziqish va ishtiyoqlari, mutaxassis-o’qituvchilarimizning kasbga munosabatini o’zgartirdi.

-     Insonning biror nimani o’rga­nishga ishtiyoqi bulgani bilan uning malakali, tajribali, fidoyi ustozi bo’lmasa qiziqishlari so’nib qolishi hyech gap emas. Qarorda ko’zda tutilgan masalalardan biri ham izlanuvchan, ijodkor va bilimli mutaxassislarni tarbiyalashdir. Bu borada institutda qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

-     Mazkur qarorda boshlang’ich ta’­lim, o’rta maktab ta’limi, o’rta maxsus ta’lim, oliy ta’limning uzluksizligi va uzviyligi masalalariga alohida e’tibor qaratilgan. Ushbu sohada amalga oshirilishi lozim bo’lgan ishlar salmog’i juda katta. Bu borada oliy ta’lim dargohlari mutaxassislarining amalga oshiradigan vazifalari ham nihoyatda muhim. Shu jihatdan qaralganda, chet tillar mutaxassislari tayyorlaydigan kafedralarning faoliyati samarali bo’lmog’i lo­zim va ulardan yetakchilik vazifasini bajarish talab etiladi. Institut va fakultetlar ilmiy kengashlarida, kafedralar yig’ilishlarida mazkur qaror chuqur o’rganilib, uning ijrosini ta’minlash bo’yicha chora-tadbirlar ishlab chiqildi.

Shuningdek, ingliz tili bo’yicha darsliklar, o’quv qo’llanmalari tayyorlash bo’yicha mualliflar guruhlari tuzildi. Ushbu guruhlar oliy ta’lim muassasalari, kasb-hunar kollejlari va liseylar, umumta’lim maktablari uchun adabiyotlar tayyorlash ustida ish olib bormoqda. Bu sohada boshqa oliy ta’­lim muassasalari, kasb-xunar kollejlari, akademik liseylar o’qituvchilari bilan hamkorlik yo’lga qo’yilgan.

Ingliz, nemis, fransuz tili o’qituvchilarimiz O’zbekiston davlat jahon tillari universitetida tashkil etilgan chet tilini o’qitishda umumevropa standartlariga moslashtirish, milliy o’qitish tizimini shakllantirish bo’yi­cha kurslarda malaka oshirib kelmoqda. Ular kurs davomida olgan bilimlarini boshqa hamkasblari va umumta’­lim maktablari o’qituvchilariga o’rgatmoqda. Bundan tashqari, institut professor-o’qituvchilari jalb etilgan holda viloyatdagi ko’pgina korxona va tashkilotlarda ingliz tilini o’qitish bo’yicha kurslar tashkil etildi.

Ayni paytda viloyatdagi yigirmadan ortiq kasb-xunar kollejlari bilan o’quv-uslubiy, ilmiy tadqiqot, ma’naviy-ma’rifiy sohalarda hamkorlik o’rnatilgan. Bu muassasalarda Prezidentimiz qarori mohiyati, undan kelib chiqadigan vazifalar yuzasidan seminarlar o’tkazildi. Yoshlarga ingliz tilini o’rgatish bo’yicha uslubiy yordam berilmoqda.

Har yili ingliz filologiyasi fakultetini bitirayotgan 200 nafarga yaqin yoshlarning aksariyati ham umum­ta’lim maktablari, akademik lisey va kasb-xunar kollejlarida faoliyat boshlayotgani farzandlarimizning ushbu tilni chuqur o’rganishlariga xizmat qiladi, albatta.

-       Domla, keyingi yillarda institutda respublika va xalqaro miqyosdagi ko’plab anjumanlar o’tkazilmoqda va uning samarasi ta’lim jarayonida o’z ifodasini topmoqda. Shu jihatdan qaraganda, bu galgi ilmiy konferensiyaning o’ziga xos jihatlari haqida ham to’xtalib o’tsangiz.

-       Ilm-fan sohasi hyech qachon to’xtab qoladigan jarayon emas. Har kuni, har soatda yangiliklar, o’zgarishlar bo’lib turadi. Ilm ahlining uchrashuv va anjumanlari esa tizimdagi ana shunday yangilik va ixtirolar, yangi fikr va qarashlarni o’rganish, tajriba almashish va targ’ib etishga xizmat qiladi, Ushbu konferensiya ham Prezidentimiz qaroridan kelib chiqib xorijiy tillar mutaxassislari oldida turgan vazifalarni belgilab olish, chet tillarni o’qitishda zamonaviy texnologiyalardan foydalanish bo’yicha tajriba almashish hamda yosh mutaxassislar malakasini oshirish maqsadida tashkil etilmoqda. Anjumanda Oliy va o’rta maxsus ta’lim, Xalq ta’limi vazirliklari, O’zbekiston jahon tillari universiteti, shuningdek, boshqa oliy ta’­lim muassasalarining chet tillar bo’yi­cha yetakchi mutaxassislari, taniqli olimlarning ishtiroki ko’zda tutilmoqda. Unda til, jamiyat va madaniyat, tillararo va madaniyatlararo muloqot, hozirgi zamon dunyosining ijtimoiy-lisoniy konseptuallashuvi hamda innovasion va informasion texnologiyalar, til va tarjima, chet tili ta’limida uzviylik va uzluksizlikni ta’minlash masalalari muhokama etiladi. Shuningdek, chet tili ta’limi sohasiga oid yangi o’quv, o’quv-uslubiy adabiyotlar mavzularini muvofiqlashtirish, chet tillarini o’qitishning sifati va samaradorligini oshirish bo’yicha za­monaviy tavsiyalar bilan boyitish ma­salalari to’g’risida fikr almashinadi. O’ndan ortiq zamonaviy pedagogik va axborot texnologiyalari asosida o’tka­ziladigan mahorat saboqlari, sho’balarda 200 ga yaqin ilmiy innovasion va metodologik ma’ruzalar, ilmiy axborotlar tinglanishi nazarda tutilgan.

«Zarafshon» muxbiri

Isomiddin PULATOV suhbatlashdi.