Uz Eng Ru Ru
Biz bilan aloqa
 Adobe Flash Player

Deputatlar O‘zbekiston Respublikasining 2014-yilgi Davlat byudjetini tasdiqladilar

Xalq so'zi gazetasi
2013-yil 15-noyabr 224 soni 

14-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Qonunchilik palatasi Kengashi tomonidan taklif etilgan kun tartibi tasdiqlanganidan keyin deputatlar O‘zbekiston Respublikasining 2014-yilgi Davlat byudjeti loyihasini ko‘rib chiqdilar. Ushbu masala yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari – moliya vaziri R.Azimov hamda Qonunchilik palatasi Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi raisining o‘rinbosari S.Otamurodov ma’ruza qildilar.

Shu narsa ta’kidlandiki, mamlakatimizning 2014-yilgi Davlat byudjeti loyihasi 2013-yil yanvar oyida o‘tkazilgan Hukumat majlisida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan belgilab berilgan mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi hamda joriy yildagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlarining prognoz bahosi asosida ishlab chiqilgan. Byudjet loyihasi iqtisodiyotning barqaror yuqori sur’atlarda o‘sishini, iqtisodiy barqarorlikni, eksport o‘sishining muvozanatlashtirilgan ko‘rsatkichlarini, tashqi savdo va to‘lov balansining ijobiy saldosini saqlab qolishga, iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgandir. Ayni bir vaqtning o‘zida 2014-yilda ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, texnik va texnologik jihatdan yangilash miqyoslarini jadallashtirish va kengaytirish hamda yo‘l-transport va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini jadal rivojlantirish dasturlarini faol amalga oshirish davom ettiriladi.

2014-yilda yalpi ichki mahsulot 108,1 foizga, sanoat mahsuloti 108,3 foizga, qishloq xo‘jaligi mahsuloti ishlab chiqarish 106 foizga va kapital qo‘yilmalar 109,5 foizga o‘sishi nazarda tutilmoqda. Davlat byudjeti loyihasida yuridik shaxslarning foydasidan olinadigan soliqning bazaviy stavkasini 9 foizdan 8 foizga kamaytirish nazarda tutilmoqda, bu esa 132 milliard so‘mni korxonalar ixtiyorida qoldirish imkonini beradi. Jismoniy shaxslar daromadlaridan olinadigan soliq bo‘yicha daromadlarga soliq solishning eng kam stavkasini 8 foizdan 7,5 foizga kamaytirish nazarda tutilmoqda.

Mamlakatimizning kelgusi yildagi asosiy moliyaviy hujjati aniq ijtimoiy yo‘nalishga ega. Unda ijtimoiy soha, sog‘liqni saqlash, ta’lim, madaniyat sohalarini yanada rivojlantirishga, umuman, mehnat haqini jadal oshirishga, manzilli ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni ta’minlashga katta e’tibor qaratilgan. Chunonchi, 2014-yilda ta’lim sohasiga ajratiladigan xarajatlar yalpi ichki mahsulotning 7,5 foizini, sog‘liqni saqlashga ajratiladigan xarajatlar esa YaIMning 3,1 foizini tashkil etadi, bu esa barkamol va sog‘lom avlodni voyaga yetkazish, shuningdek, sog‘liqni saqlash tizimini isloh etish bo‘yicha qabul qilingan dasturlarda nazarda tutilgan tadbirlarni to‘liq hajmda moliyalashtirish imkonini beradi. Ijtimoiy soha va aholini ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash uchun sarflanadigan xarajatlar 2013-yildagi 59,3 foizdan 2014-yilda
59,6 foizga ko‘payadi.

Fuqarolarni ijtimoiy ta’minlashga ajratiladigan xarajatlarni oshirish ko‘zda tutilmoqda. Ijtimoiy nafaqalar to‘lash, kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam berish, shuningdek, kompensatsiya to‘lovlariga sarflanadigan xarajatlar YaIMga nisbatan 1,4 foiz miqdorida nazarda tutilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 30-mayda qabul qilingan qarori bilan tasdiqlangan 2011-2015-yillarda Yolg‘iz keksalar, pensionerlar va nogironlarni ijtimoiy himoya qilishni yanada kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar dasturini amalga oshirish doirasida mamlakatimizda yangi tibbiy-ijtimoiy muassasalar qurilishi va mavjudlarini ta’mirlash hamda ijtimoiy xizmat ko‘rsatish tizimini takomillashtirishga doir tadbirlarni moliyalashtirish, aholining ushbu toifalarini maqsadli davolash va sog‘lomlashtirishni amalga oshirish, shuningdek, ularning uy-joy maishiy sharoitlarini yaxshilash uchun Davlat byudjetidan mablag‘lar ajratish nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, mamlakatimizning 2014-yilgi Davlat byudjeti loyihasida kam hosil beradigan yerlarda paxta yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, shu jumladan qishloq joylarda yo‘llarni butkul va joriy ta’mirlash ham nazarda tutilgan.

Davlat byudjetidan moliyalashtiriladigan markazlashtirilgan investitsiyalar hajmi 1,5 trillion so‘mni yoki YaIMga nisbatan 1,0 foizni tashkil etadi, ushbu mablag‘lar qishloq aholi punktlarini ichimlik suvi bilan ta’minlashga va yangi tashkil etilayotgan turar-joy massivlarida ijtimoiy infratuzilma ob’ektlarini va ichki yo‘llar barpo etishga yo‘naltiriladi. Xususan, qishloq joylarda namunali loyihalar bo‘yicha yakka tartibdagi uy-joylar qurish dasturiga ko‘ra 2014-yilda barpo etiladigan 11000 ta turar-joy qurilishini moliyalashtirish uchun Davlat byudjetidan YaIMga nisbatan 0,5 foiz miqdorida mablag‘ ajratish, shu bilan bir qatorda yakka tartibdagi uy-joy quruvchilarning va Osiyo taraqqiyot banki zayomining mablag‘larini sarflash nazarda tutilmoqda.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish, kasanachilik va oilaviy tadbirkorlikning turli shakllarini kengaytirish, shuningdek, kasb-hunar kollejlari va litseylarning bitiruvchilarini ishga joylashtirish hisobiga Ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturini amalga oshirish – mamlakatimizni kelgusi yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng muhim yo‘nalishlaridan biridir. 2014-yilda 983,6 mingta yangi ish o‘rinlari tashkil etish mo‘ljallanmoqda.

Davlat moliyaviy mablag‘larini boshqarishning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish, byudjet mablag‘laridan samarali foydalanilishini kuchaytirish va davlat tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini yaxshilash maqsadida 2014-yil 1-yanvardan boshlab 2014-2015-yillarda sinab ko‘rish uchun O‘zbekiston Respublikasining Byudjet kodeksini amalga kiritish nazarda tutilmoqda. Ana shu davr mobaynida zaruratga qarab o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritib boriladi.

Byudjet kodeksini amalga kiritishdan asosiy maqsad – amaliyotdagi mavjud qarama-qarshiliklar va eskirib qolgan normalarni bartaraf etish, shuningdek, amaliyotda qo‘llaniladigan normalar, qoidalarni, byudjet jarayoni qatnashchilarining vakolatlarini tizimlashtirish imkonini beradigan yagona qonun hujjatida butun byudjet jarayonini tizimlashtirishdan iboratdir.

2014-yilgi Davlat byudjeti loyihasi siyosiy partiyalar fraksiyalari va O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhining, Qonunchilik palatasi qator qo‘mitalarining yig‘ilishlarida Moliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar vakillari ishtirokida oldindan muhokama qilindi. Muhokamalar chog‘ida mamlakatimiz asosiy moliyaviy hujjatining so‘zsiz bajarilishiga qaratilgan ko‘plab amaliy takliflar bildirildi.

Savol-javoblardan so‘ng mamlakatimizning 2014-yilgi Davlat byudjeti loyihasi atroflicha muhokama etildi, ushbu muhokama davomida barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari va O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhining vakillari so‘zga chiqdilar. Deputatlar iqtisodiyotning muhim tarmoqlarini, ta’lim, sog‘liqni saqlash, ilm-fan, madaniyatni, jamiyatimiz hayotining boshqa sohalarini rivojlantirish dasturlarini o‘z vaqtida va to‘liq moliyalashtirish muhimligini ta’kidlab o‘tdilar.

Chunonchi, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan saylangan deputatlar kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada qo‘llab-quvvatlash hamda rag‘batlantirish muhimligini ta’kidladilar. Jumladan, 2014-yilda iqtisodiyot zimmasidagi soliq yuki 0,5 foizga kamaytirilishi ta’kidlab o‘tildi.

Shuningdek, O‘zLiDeP o‘zining Saylovoldi dasturi nizomlaridan kelib chiqqan holda fermerlik harakati vakillarining manfaatlarini himoya qilib, noqulay tabiiy sharoitlarda paxta yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash uchun ajratilgan Davlat byudjeti xarajatlari 2014-yilda joriy yildagidan 26 milliard so‘mga ortganini ko‘rsatib berdi, bu esa noqulay tabiiy sharoitlarda paxta yetishtiruvchi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarning raqobatbardoshliligini oshirish imkonini beradi. Shuningdek, suv xo‘jaligi ob’ektlarini ta’minlashga sarflanadigan xarajatlar YaIMga nisbatan 1,1 foiz miqdorida ko‘zda tutilganligiga, bu esa joriy yildagiga nisbatan 16,2 foizga ko‘proq ekanligiga e’tibor qaratildi.

O‘zbekiston Xalq-demokratik partiyasi fraksiyasi a’zolari mamlakatimizning kelgusi yilgi asosiy moliyaviy hujjati ijtimoiy jihatdan aniq yo‘naltirilganligiga alohida e’tibor qaratdilar. Shu maqsadda ajratilayotgan katta miqdordagi byudjet mablag‘lari ish haqi, stipendiyalar, pensiyalar va ijtimoiy to‘lovlar miqdorlarini yanada oshirish orqali aholining farovonligini izchil ravishda yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish imkoniyatini yaratadi. Shuningdek, jismoniy shaxslar daromadidan olinadigan eng kichik soliq stavkasining 0,5 foizga pasaytirilishi aholining ijtimoiy zaif qatlamlarini bundan buyon ham qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

Shu bilan birga Davlat byudjetining daromad qismida rejalashtirilgan mablag‘larning kelishi, shuningdek, undan samarali foydalanilishi, ayniqsa aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladigan byudjet mablag‘lar ustidan parlament nazoratini yanada kuchaytirish zarurligi to‘g‘risidagi taklif bildirildi. Bu nuqtai nazardan xalq deputatlari mahalliy kengashlarining deputatlar korpusi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish zarurligi to‘g‘risida taklif bildirildi.

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” Demokratik partiyasidan saylangan deputatlar 2014-yilgi byudjet soliq-siyosati konsepsiyasi va Davlat byudjeti loyihasida jahon iqtisodiyotida murakkab jarayonlar va salbiy holatlar davom etayotgan sharoitda mamlakatimizni barqaror rivojlantirishning muhim omili sifatida ichki talabni qondirishni rag‘batlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutilayotganligini ta’kidladilar.

Jahon bozorlaridagi noqulay kon’yunktura sharoitlarida mamlakatimizdagi mahsulot eksport qiluvchi korxonalarni yanada qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish chora-tadbirlari amalga oshirilayotganligi juda muhim ekanligi ta’kidlandi.

Shuningdek, turizm va xizmatlar ko‘rsatish sohalarini yanada rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlarning qabul qilinishi mahalliy byudjet daromadlarining oshishiga va mintaqalarning iqtisodiy salohiyati mustahkamlanishiga ko‘maklashishi aytib o‘tildi.

“Adolat” Sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasi a’zolari mamlakatimizning ilmiy-texnik salohiyati to‘liq amalga oshishi mumkin bo‘lgan innovatsion tipdagi iqtisodiyotni yaratish eng muhim vazifa deb hisoblaydilar. Shu bilan birga fraksiya iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, ishlab chiqarishni texnik va texnologik qayta qurollantirish chora-tadbirlariga muhim ahamiyat bermoqda.

Fraksiyaning fikricha, iqtisodiyot fan va texnikaning eng zamonaviy yutuqlariga, iqtisodiy jarayonlarni samarali boshqarishga hamda ta’lim tizimiga tayanishi kerak. Shu munosabat bilan 2014-yilda fanga ajratiladigan xarajatlar YaIMga nisbatan 0,1 foiz miqdorida yoki 2013-yildagiga nisbatan 1,2 baravar ortiq ekanligi muhimdir.

O‘zbekiston Ekologik harakatidan saylangan deputatlar aholi punktlarini obodonlashtirish, aholini ichimlik suvi, ekologik jihatdan toza oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash ishlarini davom ettirish muhimligini ta’kidlab o‘tdilar. Ishlab chiqarishni texnik va texnologik jihatdan modernizatsiyalashni amalga oshirish chog‘ida atrof-muhitni muhofaza qilishni ham unutmaslik darkor. Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, joylardagi ayrim korxonalar rahbarlarining belgilangan ekologik normalarini buzganlik uchun javobgarligini yanada kuchaytirish muhimligi uqtirildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi muhokama davomida bildirilgan fikr-mulohazalarni inobatga olgan holda O‘zbekiston Respublikasining 2014-yilgi Davlat byudjetini tasdiqladi va tegishli qaror qabul qildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasining
Axborot xizmati