Uz Eng Ru Ru
Biz bilan aloqa
 Adobe Flash Player

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Islom Karimovning mamlakatimizni 2013-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2014-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan vazirlar mahkamasining majlisidagi

Hurmatli majlis ishtirokchilari!

Biz bugun 2013-yilning yakunlari haqida gapirganda, avvalo, o‘tgan yilda mamlakatimizning iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda mutanosiblikka erishgani, modernizatsiya va diversifikatsiya hisobidan yuqori sur’atlar bilan rivojlanganini qayd etamiz.

Mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti 8 foizga o‘sdi, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 8,8 foizga, qishloq xo‘jaligi – 6,8 foizga, chakana savdo aylanmasi – 14,8 foizga oshdi. Inflyatsiya darajasi prognoz ko‘rsatkichidan past bo‘ldi va 6,8 foizni tashkil etdi.

O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, tashqi davlat qarzi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 17 foizni, eksport hajmiga nisbatan qariyb 60 foizni tashkil etdi. Bu avvalambor xorijiy investitsiyalar va umuman, chetdan qarz olish masalasiga chuqur va har tomonlama puxta o‘ylab yondashish natijasidir.

2013-yilda iqtisodiyot sohasidagi soliq yuki 21,5 foizdan 20,5 foizga, jismoniy shaxslar uchun daromad solig‘ining eng kam stavkasi 9 foizdan 8 foizga tushirilganiga qaramasdan, davlat byudjeti yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,3 foiz profitsit bilan bajarildi.

Davlat byudjeti xarajatlari tarkibida ijtimoiy sohaga yo‘naltirilgan xarajatlar yuqori darajada saqlanib qoldi va umumiy xarajatlarning 59,3 foizini tashkil etdi.

Mamlakatimiz iqtisodiyotida yuz berayotgan jiddiy sifat o‘zgarishlari alohida e’tiborga sazovordir.

Yurtimizda qabul qilingan 2011-2015-yillarda sanoatni ustuvor darajada rivojlantirish dasturi va ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilashga doir tarmoq dasturlarining izchil amalga oshirilishi natijasida sanoat tarkibida yuqori qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan, raqobatdosh mahsulotlar tayyorlayotgan qayta ishlash tarmoqlarining o‘rni tobora ortib bormoqda. Bugungi kunda mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotlarining 78 foizdan ortig‘i aynan ana shu tarmoqlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

2013-yilda yuqori texnologiyalarga asoslangan mashinasozlik va metallni qayta ishlash sanoati 121 foizga, qurilish materiallari sanoati 113,6 foizga, yengil sanoat 113 foizga va oziq-ovqat sanoati 109 foizga o‘sgani misolida buni yaqqol ko‘rish mumkin.

Telekommunikatsiya uskunalari, kompyuter texnikasi va mobil telefonlar, keng turdagi maishiy elektronika mahsulotlari ishlab chiqaradigan yangi zamonaviy korxonalar tashkil etilmoqda. Iqtisodiyotimizning deyarli barcha tarmoqlari modernizatsiya qilinib, amalda texnologik jihatdan yangilanmoqda.

Ana shunday o‘zgarishlar natijasida yalpi ichki mahsulot tarkibida sanoatning ulushi hozirgi vaqtda 24,2 foizdan ziyodni tashkil etmoqda. Holbuki, bu ko‘rsatkich 2000-yilda 14,2 foizdan iborat edi.

Mamlakatimizda iste’mol tovarlari ishlab chiqarishni tubdan oshirish bo‘yicha o‘z vaqtida ko‘rilgan chora-tadbirlar ham amaliy samarasini bermoqda.

O‘tgan yili ana shunday tovarlar ishlab chiqarishning o‘sish hajmi 14,4 foizni tashkil etdi va yalpi sanoat hajmida ularning ulushi 35,5 foizga yetdi. Bunday tovarlarning raqobatdoshligi nafaqat ichki bozorda, balki tashqi bozorda ham tobora ortib bormoqda.

Hech shubhasiz, bu borada sanoat kooperatsiyasi asosida tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish ko‘lamini kengaytirish bo‘yicha bajargan ishlarimiz muhim rol o‘ynadi.

So‘nggi 3-yilda mamlakatimizda mahalliylashtirilgan mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi qariyb ikki barobar oshdi. Faqat o‘tgan yilning o‘zida 455 ta korxonada mahalliylashtirish dasturi asosida 1 ming 140 ta loyiha amalga oshirildi. Buning natijasida ishlab chiqarish hajmi 1,2 barobar ko‘paydi va import o‘rnini bosish bo‘yicha yakuniy samara 5 milliard 300 million AQSh dollarini tashkil etdi.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning roli va o‘rni tobora mustahkamlanib borayotganining o‘zi iqtisodiyotimizning tarkibida bo‘layotgan ijobiy o‘zgarishlardan dalolat beradi. Faqatgina o‘tgan yilning o‘zida yurtimizda 26 mingdan ziyod kichik biznes sub’ekti ish boshladi, ushbu sektorda faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalarning umumiy soni yil oxiriga kelib 190 mingtaga yetdi.

Bugungi kunda mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotining qariyb 55,8 foizi ayni shu sohada ishlab chiqarilmoqda. Vaholanki, 2000-yilda bu ko‘rsatkich 31 foizdan iborat edi.

Ayni paytda ishlab chiqarilayotgan jami sanoat mahsulotlarining 23 foizi, ko‘rsatilayotgan bozor xizmatlarining deyarli barchasi, mahsulot eksportining 18 foizi, iqtisodiyot tarmoqlarida ish bilan band bo‘lgan aholining 75 foizi kichik biznes ulushiga to‘g‘ri kelmoqda.

Ana shu raqamlardan ko‘rinib turibdiki, kichik biznes shaklan kichik bo‘lishiga qaramasdan, iqtisodiyotimizni barqaror rivojlantirish, aholini ish bilan ta’minlash muammosini hal etish va xalqimiz farovonligini yuksaltirishda tobora katta rol o‘ynamoqda.

Iqtisodiyotimiz tarkibidagi chuqur o‘zgarishlar mamlakatimiz eksport salohiyatini mustahkamlash, eksport hajmini barqaror oshirish va uning tarkibida ijobiy o‘zgarishlarga erishishda eng muhim omilga aylandi.

Jahon bozoridagi kon’yunkturaning beqarorligiga qaramasdan, 2013-yilda eksport hajmining o‘sishi 10,9 foizdan iborat bo‘ldi. Tashqi savdo faoliyatidagi ijobiy saldo 1 milliard 300 million dollarni tashkil etdi. 2013-yilda qimmatbaho metallar narxining keskin pasayganiga qaramasdan, mamlakatimiz oltin-valyuta zaxirasi o‘tgan yil davomida 2 foizga ko‘paydi.

So‘nggi yillarda eksport tarkibida raqobatdosh tayyor mahsulotlar ulushi barqaror sur’atlar bilan o‘sib borayotgani yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. 2013-yilda umumiy eksport hajmining 72 foizdan ortig‘i tayyor tovarlar hissasiga to‘g‘ri kelgani iqtisodiyotimiz diversifikatsiya qilinayotganining yaqqol dalolati, desam, xato bo‘lmaydi.

Mahsulot eksport qiladigan korxonalarni qo‘llab-quvvatlashga oid chora-tadbirlarning amalga oshirilgani eksport faoliyatiga 450 dan ziyod yangi korxonani jalb etish imkonini berdi. Bu borada Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki huzurida barcha hududlarda o‘z filiallariga ega bo‘lgan Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari eksport faoliyatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining tashkil etilgani muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Ushbu jamg‘armaning asosiy vazifasi mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni eksport qilishda zarur huquqiy, moliyaviy va tashkiliy yordam ko‘rsatishdan iboratdir. Jamg‘armaning o‘tgan qisqa davrdagi faoliyati davomida 153 ta tadbirkorlik sub’ektiga umumiy qiymati 56 million dollardan ziyod bo‘lgan eksport shartnomalarini tuzishda yordam ko‘rsatildi.

Hurmatli majlis ishtirokchilari!

Ruxsatingiz bilan, mamlakatimiz qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarga alohida to‘xtalmoqchiman.

Avvalo, quyidagi raqamlarga e’tiboringizni qaratmoqchiman. 2013-yilda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 2000-yilga nisbatan 2,3 barobar ko‘paydi. Faqat o‘tgan yilning o‘zida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish 6,8 foizga, jumladan, dehqonchilik – 6,4 foizga, chorvachilik – 7,4 foizga o‘sdi.

Aytish kerakki, izchil yuqori o‘sish sur’atlari bilan birga, yalpi ichki mahsulotning umumiy hajmida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ulushining kamayish tendensiyasi kuzatilmoqda. Masalan, 2000-yilda bu boradagi ko‘rsatkich 30,1 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2013-yilda faqatgina 16,8 foizni tashkil etdi.

Buni avvalambor iqtisodiyotimizda amalga oshirilayotgan chuqur tarkibiy o‘zgarishlarning, mamlakatimiz bir paytlardagi agrar respublikadan bosqichma-bosqich ravishda sanoati rivojlangan zamonaviy davlatga aylanib borayotganining yaqqol tasdig‘i sifatida qabul qilishimiz darkor.

Qishloq xo‘jaligining o‘zida keng ko‘lamli o‘zgarishlar va sifat jihatdan yangilanishlar yuz bermoqda.

Yurtimizda ekin maydonlarini optimallashtirish va qishloq xo‘jaligi ekinlarini rayonlashtirish borasida har tomonlama puxta o‘ylangan siyosat olib borilayotgani eng muhim xomashyo va eksportbop mahsulot bo‘lmish paxta yetishtirishning nisbatan barqaror hajmini saqlagan holda, boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni bir necha barobar ko‘paytirish imkonini berdi. Eng muhimi, xalqimizni oziq-ovqat mahsulotlari bilan to‘liq ta’minlashga zamin tug‘dirdi, kerak bo‘lsa, ularni chet mamlakatlarga eksport qilishga imkon bermoqda. Xususan, g‘alla yetishtirish 2000-yilga nisbatan 2 barobar, kartoshka – 3,1-marta, sabzavot – 3,2 barobar, uzum – 2-marta, go‘sht va sut – 2,1 karra, tuxum – 3,4 barobar oshdi.

O‘tgan 2013-yilda mirishkor dehqon va fermerlarimizning fidokorona mehnati bilan misli ko‘rilmagan natijalarga erishildi – 7 million 800 ming tonna g‘alla, 8 million 400 ming tonna sabzavot yetishtirildi. Mamlakatimizning ulkan xirmoniga 3 million 360 ming tonnadan ortiq paxta xomashyosi yetkazib berildi.

Fursatdan foydalanib, bugun mana shu yuksak minbardan turib, o‘zining peshona teri, qadoq qo‘llari bilan mamlakatimiz boyligiga boylik qo‘shayotgan, el-yurtimiz farovonligini ta’minlayotgan barcha qishloq mehnatchilariga o‘z nomimdan, xalqimiz nomidan chuqur minnatdorlik va hurmat-ehtirom bildirishni ham qarz, ham farz, deb hisoblayman.

Qishloqlarimiz hayotida yuksak natijalarga erishishda, avvalo, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini tashkil etishning asosiy shakli sifatida fermerlikni yo‘lga qo‘yganimiz va uning rivoji uchun keng imkoniyatlar ochib berganimiz hal qiluvchi rol o‘ynadi.

Bugungi fermer xo‘jaliklari samarali faoliyat yuritish uchun o‘z ixtiyorida ijara asosidagi yetarlicha ekin maydonlariga ega bo‘lgan, yuksak samarali zamonaviy texnika bilan ta’minlangan, ilg‘or texnologiyalarni puxta egallagan yirik xo‘jaliklardir. Muxtasar aytganda, ular qishloqlarimizning tayanch ustunidir.

Ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish bilan birga, ularni chuqur qayta ishlash, qurilish ishlarini amalga oshirish va qishloq aholisiga xizmat ko‘rsatish kabi yo‘nalishlarda samarali faoliyat ko‘rsatmoqda va o‘z istiqbolini topmoqda. Bugungi kunda mamlakatimizda bunday fermer xo‘jaliklarining soni 18 mingdan ziyodni tashkil etmoqda.

Yurtimizda qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning kelajagi haqida gapirganda, yer va suv resurslari bo‘yicha imkoniyatlarimiz cheklanganini hisobga olib, bu borada yagona to‘g‘ri yo‘l – qishloq xo‘jaligini intensiv asosda rivojlantirish, yerlarning meliorativ holatini tubdan yaxshilash, seleksiya ishlarini chuqurlashtirish, yuksak samarali zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish va suvdan oqilona foydalanish, eng muhimi – dehqon va fermerlarning dardi bilan yashash, desam, o‘ylaymanki, barchangiz mening fikrimga qo‘shilasiz.

Faqat yerga mehr, uning unumdorligini oshirish va birinchi navbatda dehqon va fermerga doimiy e’tibor, ularning manfaati haqida g‘amxo‘rlik qilish – bu qishloqni va qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini rivojlantirish bo‘yicha biz tanlagan yo‘ldir.

2008-yildan boshlab mamlakatimizda qariyb 1 million 500 ming gektar sug‘oriladigan yerning meliorativ holati yaxshilandi, yer osti suvlari yuqori bo‘lgan maydonlar 415 ming gektarga yoki salkam 10 foizga qisqardi, kuchli va o‘rtacha sho‘rlangan maydonlar 113 ming gektarga kamaydi.

Xabaringiz bor, o‘tgan yili 2013-2017-yillarda sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash va suv resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar davlat dasturini qabul qildik. Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash jamg‘armasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari, barcha manfaatdor idoralar, Fermerlar kengashi va avvalambor fermer xo‘jaliklarining o‘zi ushbu dasturda ko‘zda tutilgan chora-tadbirlarning so‘zsiz bajarilishini ta’minlashi darkor. Vazirlar Mahkamasi mazkur dastur ijrosi ustidan tizimli nazorat o‘rnatsin.

Iqtisodiyotimizni barqaror rivojlantirishda xizmat ko‘rsatish sohasi tobora katta rol o‘ynamoqda.Biz o‘tgan yilning boshida 2013-2016-yillarda qishloq joylarda xizmat ko‘rsatish va servis sohasini jadal rivojlantirish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar dasturini tasdiqladik. 2013-yilda xizmat ko‘rsatish bo‘yicha 13 mingdan ortiq korxona, jumladan, savdo-maishiy komplekslar, minibanklar va sug‘urta kompaniyalari filiallari va boshqa korxonalar tashkil etildi.

2013-yil yakunlariga ko‘ra, ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 13,5 foizga, ularning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi esa 2000-yildagi 37 foizdan 53 foizga o‘sdi.

Bu raqam va ko‘rsatkichlar mamlakatimiz xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirishda taraqqiy topgan ko‘pgina davlatlar darajasiga tobora yaqinlashib boryapti, deb aytishga asos beradi.

O‘tgan yili bank tizimini rivojlantirish va isloh etish masalasi ham e’tiborimiz markazida bo‘ldi.Banklarning resurs bazasi kengayib, mustahkamlanmoqda, ular tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati yaxshilanmoqda. 2013-yilda iqtisodiyotning real sektoriga ajratilgan kreditlarning yalpi hajmi 30 foizga oshdi.

O‘tgan yili tijorat banklarining jami kapitali 25 foizga, 2000-yilga nisbatan esa 46 barobardan ziyod ko‘paydi. Natijada bugungi kunda banklarimiz kapitalining yetarlilik darajasi 24,3 foizni tashkil etmoqda, bu esa bank nazorati bo‘yicha Bazel qo‘mitasi tomonidan 8 foiz etib belgilangan talabdan uch barobar ko‘pdir.

Bank tizimining likvidligi 65 foizdan ziyod bo‘lib, bu jahon amaliyotida umumiy tarzda qabul qilingan, «yuqori» deb ataladigan ko‘rsatkichdan 2,2 barobar ortiqdir. Kredit portfeli jami mablag‘larining 80 foizga yaqini ichki manbalar ulushiga to‘g‘ri kelmoqda.

Ayniqsa, bank xizmatlaridan foydalanish darajasini alohida e’tirof etish o‘rinlidir. Masalan, yurtimizda har yuz ming katta yoshdagi aholiga 49,7 ta bank muassasasi to‘g‘ri kelayotgani, har ming kishi nomiga 1 ming 28 ta bank hisobraqami ochilgani xalqaro normalar bo‘yicha «yuqori» degan baho ko‘rsatkichiga mos keladi.

Shu o‘rinda mamlakatimizdagi deyarli barcha tijorat banklari yetakchi xalqaro reyting agentliklari tomonidan beriladigan «barqaror» reyting darajasini olishga erishganini mamnuniyat bilan qayd etishni istardim. Va shu fursatdan foydalanib, bugungi murakkab bir zamonda ayni shu yutuqlarni qo‘lga kiritishda xizmat qilgan mutasaddilarga minnatdorlik bildiraman.

Hurmatli do‘stlar!

Biz oddiy bir haqiqatni doimo esda tutishimiz darkor. Ya’ni, sarmoyasiz taraqqiyot yo‘q, ishlab chiqarishni va umuman, mamlakatimizni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilashni investitsiyalarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi.

2013-yilda Investitsiya dasturini amalga oshirish doirasida mamlakatimizda 13 milliard dollar qiymatidagi kapital qo‘yilmalar o‘zlashtirildi, bu 2012-yilga nisbatan 11,3 foizga ko‘pdir. O‘zlashtirilgan kapital qo‘yilmalar umumiy hajmining deyarli yarmini, ya’ni 47 foizini xususiy investitsiyalar – korxonalar va aholining shaxsiy mablag‘lari tashkil etgani alohida e’tiborga loyiqdir.

Jalb etilayotgan investitsiyalarning asosiy qismi – 70 foizdan ortig‘i, birinchi navbatda, ishlab chiqarish ob’ektlarini qurishga yo‘naltirildi, eng yangi zamonaviy uskunalar xarid qilishga sarflangan investitsiyalar ulushi esa qariyb 40 foizni tashkil etdi.

Umuman olganda, mamlakatimiz iqtisodiyotiga investitsiya kiritish hajmi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 23 foizdan iborat bo‘ldi.

O‘zlashtirilgan umumiy kapital qo‘yilmalar hajmining 3 milliard dollardan ortig‘ini xorijiy investitsiyalar tashkil etdi. Shuning 72 foizdan ziyodi yoki 2 milliard 200 million dollari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalardir.

O‘ylaymanki, hammamiz yaxshi anglab olganmiz: agar o‘zimiz harakat qilmasak, chetdan sarmoya va investitsiyalarning mamlakatimizga, o‘lkamizga kirib kelishi uchun qulay sharoit va imtiyozlar tashkil etmasak, kerak bo‘lsa, ayni shu yo‘nalishda astoydil, butun vujudimiz bilan ishlamasak, bunday raqamlarni tushimizda ham ko‘rmasdik. Bu – aniq gap.

Mamlakatimizda Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining tashkil etilgani chet el investitsiyalarini jalb etishda ko‘p jihatdan muhim ahamiyat kasb etmoqda, desak, hech qanday mubolag‘a bo‘lmaydi. Jamg‘armaning asosiy vazifasi iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlari va yo‘l-kommunikatsiya sohasidagi strategik muhim investitsiya loyihalarini xorijiy sheriklar bilan hamkorlikda moliyalashda faol ishtirok etishdan iborat ekani, o‘ylaymanki, sizlarga yaxshi ma’lum.

Jamg‘arma faoliyat boshlaganidan buyon o‘tgan qisqa vaqt mobaynida 15 milliard dollardan ziyod miqdordagi aktivlarga ega bo‘lgan qudratli moliya institutiga aylandi.

Jamg‘arma o‘z mablag‘lari bilan umumiy qiymati 29 milliard dollardan ziyod 86 ta strategik ahamiyatga molik investitsiya loyihasini hamkorlikda moliyalashtirishda ishtirok etmoqda. Faqat 2013-yilning o‘zida Jamg‘arma mablag‘lari ishtirokida qiymati 780 million dollardan ortiq bo‘lgan 33 ta o‘ta muhim loyiha amalga oshirildi.

2013-yilda Investitsiya dasturi doirasida moliyalashning barcha manbalari hisobidan umumiy qiymati qariyb 2 milliard 700 million dollardan iborat bo‘lgan 150 ta ishlab chiqarish yo‘nalishidagi loyihani amalga oshirish ishlari nihoyasiga yetkazildi. Bular qatorida Toshkent issiqlik elektr markazida kogeneratsion gaz turbinali texnologiyani joriy etish; Janubiy O‘rtabuloq – Muborak gazni qayta ishlash zavodi gaz quvurini va kompressor stansiyasini barpo etish orqali Somontepa va Janubiy O‘rtabuloq konlarini to‘liq jihozlash; «Angren» konini modernizatsiya qilish orqali Yangi Angren issiqlik elektr stansiyasining 1-5-energiya bloklarini yil davomida ko‘mir bilan ishlashga o‘tkazish; «Angren» maxsus industrial zonasi hududida «Ohangaron» podstansiyasini rekonstruksiya qilish, «Bekobod sement» ochiq aksiyadorlik jamiyatida yangi liniya qurish hisobidan faoliyat ko‘rsatayotgan sement ishlab chiqarish jarayonini modernizatsiya qilish, “Quyuv-mexanika zavodi” sho‘ba korxonasida metall quyishni rekonstruksiya qilish va boshqa yirik loyihalar borligini alohida qayd etish lozim.

Shu bilan birga, Toshkent va Namangan viloyatlarida zamonaviy to‘qimachilik komplekslari, Jizzax va Xorazm viloyatlarida yigiruv va to‘quv, Samarqand viloyatida sport poyabzallari ishlab chiqarish korxonalari tashkil etildi. Oziq-ovqat sanoati bo‘yicha 21 ta korxonada ishlab chiqarish modernizatsiya qilindi va texnik qayta jihozlandi.

Ma’lumki, biz mamlakatimizdagi ishlab chiqarish korxonalarini modernizatsiya qilish va yangilash, zamonaviy innovatsiyalarga asoslangan va yuksak samarali texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha o‘z oldimizga katta maqsadlar qo‘yganmiz. Ularni amalga oshirishda kerakli imtiyozlarga ega bo‘lgan maxsus industrial zonalarni tashkil etish yo‘lida oxirgi yillarda biz ko‘pgina tajribalarga ega bo‘lmoqdamiz.

Buning amaliy tasdig‘ini «Navoiy» va «Angren» maxsus industrial zonalari faoliyati misolida ko‘rish mumkin.

«Navoiy» erkin industrial-iqtisodiy zonasi tashkil etilganidan buyon uning hududida umumiy qiymati 100 million dollardan ziyod bo‘lgan 19 ta investitsiya loyihasi bo‘yicha ishlab chiqarish korxonalari ishga tushirildi. Jumladan, yuksak texnologiyalar asosida modem va televizorlar uchun pristavkalar, elektr energiyani elektron hisoblagichlar, yuqori kuchlanishga chidamli kabellar, issiqlik va suv isitish qozonlari, mobil va statsionar telefon apparatlari, tayyor dori vositalari va boshqa turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.

2013-yilda maxsus zonadagi korxonalar tomonidan qiymati 100 milliard so‘mdan ziyod mahsulot ishlab chiqarildi va bu boradagi o‘sish sur’ati 2012-yilga nisbatan 25,8 foizni tashkil etdi.

«Angren» maxsus industrial zonasi hududida qisqa muddatda umumiy qiymati qariyb 44 million dollar bo‘lgan 5 ta loyiha asosida energiyani tejaydigan diodli yorug‘lik lampalar, turli kattalikdagi mis quvurlar, ko‘mir briketlari kabi yuksak texnologiyalar asosidagi mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, shakar ishlab chiqarish bo‘yicha yangi zavod va boshqa korxonalar tashkil etildi.

Ayni shu yo‘nalishda to‘plangan tajribani hisobga olib, o‘tgan yilning mart oyida Jizzax viloyatida «Jizzax» maxsus industrial zonasi tashkil etilgani sizlarga yaxshi ma’lum. Sirdaryo viloyatida bu zonaning filiali faoliyat ko‘rsatishi ko‘zda tutilgan.

Bugungi kunda «Jizzax» maxsus industrial zonasi hududida transport, ishlab chiqarish va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini jadal rivojlantirish bo‘yicha faol ishlar olib borilmoqda.

O‘tgan yilning o‘zida mazkur zona hududida Xitoy kompaniyalari ishtirokida 100 ming dona mobil telefon ishlab chiqarish, shuningdek, chorva mahsulotlarini qayta ishlash va ozuqa tayyorlash bo‘yicha umumiy qiymati qariyb 6 million dollar bo‘lgan dastlabki 3 ta loyiha amalga oshirildi.

2013-yilda yo‘l-transport va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmalarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari yuqori sur’atlar bilan olib borildi.

O‘zbekiston milliy avtomagistrali tarkibiga kiradigan avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari izchil davom ettirildi. Masalan, umumiy foydalanishdagi 530 kilometrlik avtomobil yo‘li qurilib, rekonstruksiya qilindi. To‘rt qatorli G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beynov avtomobil yo‘lining 141 kilometrlik tarmog‘ini sement-beton bilan qoplash, to‘rt qatorli Toshkent-O‘sh avtomobil yo‘lining Qamchiq dovoni orqali o‘tadigan 18 kilometrlik qismida asfalt-beton yotqizish ishlari amalga oshirildi, ana shu yo‘lning Qo‘qon shahrini aylanib o‘tadigan 15 kilometrlik tarmog‘i, shuningdek, Toshkent aylanma yo‘lining yangi yo‘nalishi barpo etildi hamda Buxoro shahridagi halqa yo‘lda yo‘l o‘tkazgich qurilishi yakuniga yetkazildi.

Mazkur loyihalarni amalga oshirish uchun o‘tgan yili Respublika yo‘l jamg‘armasi va xalqaro moliya institutlarining 565 million dollar qiymatidagi mablag‘lari jalb etildi.

2013-yilda temir yo‘l transport kommunikatsiyalarini yanada rivojlantirish bo‘yicha ishlar jadal olib borildi. Yil davomida ushbu maqsadlar uchun 477 million dollar qiymatidagi kapital qo‘yilmalar yo‘naltirildi. Bu, o‘z navbatida, 240 kilometrlik temir yo‘l tarmoqlarini modernizatsiya qilish, o‘z kuchimiz bilan 550 ta yuk va 30 ta yo‘lovchi tashiydigan vagon ishlab chiqarish imkonini berdi.

O‘tgan yili mamlakatimiz janubiy viloyatlarining iqtisodiy salohiyatini yanada oshirishda katta ahamiyat kasb etadigan Maroqand-Qarshi va Qarshi-Termiz temir yo‘l uchastkalarini elektrlashtirish ishlari faol olib borildi.

2013-yilda xitoylik sheriklarimiz bilan hamkorlikda transport kommunikatsiyasi sohasida mamlakatimiz uchun ulkan strategik ahamiyatga ega bo‘ladigan yana bir yirik loyihani amalga oshirishni boshladik. Bu o‘rinda so‘z Angren-Pop yo‘nalishida elektrlashtirilgan yangi temir yo‘lni va 19 kilometrlik temir yo‘l tonnelini qurishni ko‘zda tutadigan loyiha haqida bormoqda.

Bu tonnel O‘zbekistonning markaziy qismini Farg‘ona vodiysi viloyatlari bilan ishonchli bog‘lash, mamlakatimiz hududida yagona temir yo‘l transport tizimini shakllantirish bo‘yicha ishlarni yakuniga yetkazishda muhim ahamiyatga ega. Shu bilan birga, u Yevropa qit’asini Osiyo bilan bog‘laydigan transmilliy transport yo‘lagining muhim bo‘g‘ini bo‘lib xizmat qiladi.

O‘tgan yili iqtisodiyotning barcha tarmoqlariga va kundalik hayotimizga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish masalasiga o‘ta muhim e’tibor qaratildi. Xususan, «Shaharlararo kommutatsiya markazlarini yangi avlod tarmoq texnologiyalari asosida modernizatsiya qilish va kengaytirish» (NGN), «FTTx texnologiyasi bo‘yicha keng qamrovli formatda foydalanish imkonini beradigan optik tarmoqlarni rivojlantirish», «O‘zbekiston Respublikasi mintaqalarida EVDO texnologiyalarini joriy etish orqali CDMA-450 mobil tarmog‘ini rivojlantirish» kabi va boshqa yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish e’tiborimiz markazida bo‘ldi.

Ushbu loyihalarning samarali nihoyasiga yetkazilishi dunyoning zamonaviy aloqa va axborot vositalari yuqori darajada rivojlangan mamlakatlari qatoriga qo‘shilish, ishbilarmonlik sohasidagi aloqalarni kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.

Mamlakatimiz aholisining 45 foizdan ziyodini raqamli televideniye bilan qamrab olishni ko‘zda tutadigan 5 ta raqamli televizion uzatgichni Jizzax, Toshkent, Farg‘ona va Xorazm viloyatlarida o‘rnatish ishlari amalga oshirilmoqda.

Ma’lumot uzatish, statistika, moliya va soliq hisobotlarining elektron shakli va tarmoqlari hayotimizga izchil va tizimli asosda joriy etilmoqda. Bugungi kunda tadbirkorlik sub’ektlarining 89 foizdan ortig‘i soliq hisobotlarini, qariyb 86 foizi statistik hisobotlarni elektron shaklda topshirmoqda.

2011-yilda birjada savdo ishtirokchilarining yuqori darajadagi raqobatini va teng ishtirokini ta’minlaydigan, elektron savdo shaklida amalga oshiriladigan zamonaviy davlat xaridlari tizimi joriy etilgani har tomonlama e’tiborga va qo‘llab-quvvatlashga loyiqdir.

2013-yilda elektron savdolardagi davlat xaridlari hajmi 417 milliard so‘mni tashkil etdi va savdo yakunlari bo‘yicha 83 milliard so‘mlik byudjet mablag‘lari tejab qolindi. Bunda davlat xaridlari doirasida sotuvga qo‘yilgan tovar va xizmatlarning 83 foizdan ziyodi kichik biznes sub’ektlari tomonidan amalga oshirilganini alohida qayd etish kerak.

Bundan tashqari, tovar va xizmatlar uchun to‘lovlarni, bankdagi hisobraqamlari va plastik kartochkalardan foydalangan holda, Internet tarmog‘i va mobil telefon orqali, aholidan qo‘shimcha vositachilik haqini olmasdan amalga oshirish tizimi joriy etildi.

Ayni vaqtda bularning barchasi zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini tatbiq etish bo‘yicha kelgusi yillarda amalga oshirishimiz zarur bo‘lgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar tizimidagi dastlabki qadamlar bo‘lib, bu ishlarni izchil davom ettirishimiz lozim.

Hurmatli majlis ishtirokchilari!

O‘tgan yili aholining ijtimoiy farovonligini ta’minlash va sotsial sohani rivojlantirish masalalari faoliyatimizda hal qiluvchi o‘rin egalladi.

Yangi ish o‘rinlari tashkil etish, bandlikni ta’minlash va aholi daromadlarini oshirish masalalari doimo e’tiborimiz markazida bo‘lib qolmoqda.

Ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha mintaqaviy dasturlarning amalga oshirilishi natijasida 2013-yilda qariyb 970 ming kishi ish bilan ta’minlandi. Bu ish o‘rinlarining 60,3 foizdan ortig‘i qishloq joylarda yaratildi. Bu borada kichik korxonalar, mikrofirmalar va yakka tartibdagi tadbirkorlikni rivojlantirish evaziga 480 mingdan ortiq, kasanachilikni kengaytirish hisobidan esa 210 mingdan ziyod ish o‘rni tashkil etildi.

O‘tgan yili biz uchun eng ustuvor vazifa bo‘lmish kasb-hunar kollejlarining 500 ming nafardan ortiq bitiruvchisi ish bilan ta’minlandi va aytish joizki, buning ahamiyatini baholashning o‘zi qiyin. O‘z xususiy ishini ochib, biznes bilan shug‘ullanishga qaror qilgan kollej bitiruvchilariga 140 milliard so‘mdan ziyod imtiyozli mikrokreditlar ajratildi.

Mamlakatimizda ijtimoiy sohani isloh etish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar tizimida qishloq aholi punktlarining qiyofasini tubdan o‘zgartirish, namunaviy loyihalar asosida yangi uy-joylar qurish, qishloqda mohiyat e’tibori bilan yangi infratuzilmani shakllantirish hisobidan qishloq ahlining hayotini yanada yaxshilashga alohida e’tibor qaratmoqdamiz.

2009-yildan boshlab mamlakatimizning 159 ta qishloq tumanida namunaviy loyihalar asosida 900 dan ortiq yangi uy-joy massivlari barpo etildi, umumiy maydoni 4 million 500 ming kvadrat metr bo‘lgan 33 ming 500 dan ziyod yakka tartibdagi uy-joy foydalanishga topshirildi. 732 kilometr asfalt qilingan avtomobil yo‘llari, mingdan ortiq ijtimoiy va bozor infratuzilmasi ob’ektlari barpo etildi.

2013-yilda qishloq joylardagi 353 ta massivda umumiy maydoni 1 million 500 ming kvadrat metr bo‘lgan 10 mingta shinam uy-joylar barpo etildi, bu ko‘rsatkich 2012-yilga nisbatan 17 foizga ko‘pdir. Ushbu maqsadlar uchun qariyb 650 million dollar qiymatidagi mablag‘ yo‘naltirildi. Buning 106 million dollari Osiyo taraqqiyot bankining kredit mablag‘laridir.
Qishloqlarimizni obod qilish, qishloq aholisining turar-joy sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha bizning bunday tajribamiz xalqaro hamjamiyatda katta qiziqish uyg‘otmoqda.

O‘tgan yil aprel oyida Toshkent shahrida zamonaviy uy-joy qurilishi mavzusida o‘tkazilgan xalqaro konferensiyada Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki, Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari uyushmasi (ASEAN), YuNESKO va boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlari va vakillari, dunyoning 60 dan ziyod mamlakatidan 300 dan ortiq olim, mutaxassis va ekspertlar ishtirok etgani buning yorqin isbotidir.

Qadrli do‘stlar!

2013-yilda ta’lim-tarbiya sohasida islohotlarni yanada chuqurlashtirish, ta’lim standartlari va dasturlarini takomillashtirish, maktablar, litsey va kollejlar, oliy o‘quv yurtlarining moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash masalalariga katta e’tibor berildi.

O‘tgan yili 28 ta yangi kasb-hunar kolleji qurildi, 381 ta umumta’lim maktabi, oliy o‘quv yurtlari tizimidagi 45 ta ob’ekt, 131 ta kasb-hunar kolleji va litseylar rekonstruksiya qilindi va kapital ta’mirlandi. Shuningdek, 55 ta bolalar musiqa va san’at maktabi, 112 ta bolalar sporti ob’ekti va 4 ta suzish havzasi foydalanishga topshirilib, ularning barchasi zarur uskuna va inventarlar bilan jihozlandi.

2013-yilda ta’lim-tarbiya tizimini isloh etish borasida amalga oshirilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar haqida so‘z borar ekan, o‘sib kelayotgan yosh avlodning xorijiy tillarni o‘zlashtirish darajasini oshirishga qaratilgan ishlarni alohida qayd etmoqchiman. Jahonda integratsiya jarayonlari kuchayib, kundalik hayotga kompyuter texnologiyalari va Internet keng joriy etilayotgan bugungi sharoitda chet tillarni puxta bilmasdan va egallamasdan turib kelajakni qurib bo‘lmasligini barchamiz yaxshi anglab olmoqdamiz.

Shularni inobatga olib, biz o‘tgan o‘quv yilidan boshlab umumta’lim maktablarining birinchi sinfidan chet tillarni o‘rgatishning uzluksiz tizimini joriy etdik.

Barcha umumta’lim muassasalarida chet tillarni o‘rgatish bo‘yicha 17 mingdan ortiq o‘quv xonalari tashkil etildi. 1-sinf o‘quvchilari uchun chet tillar bo‘yicha multimedia varianti ilova qilingan, 538 mingdan ziyod rangli darslik chop etildi. 2 ming nafarga yaqin chet tili o‘qituvchisi tayyorlandi va ularning umumiy soni 26 ming kishiga yetdi.

Mamlakatimizning barcha mintaqalarida chet tillarni bir xil sharoitda o‘qitish, qishloq joylarga yuqori malakali ingliz tili o‘qituvchilarini jalb etish maqsadida, tarif stavkalariga 30 foiz qo‘shimcha haq belgilangan holda, ularni moddiy rag‘batlantirish tizimi joriy etildi. Televideniyeda chet tillarni o‘rgatish bo‘yicha qiziqarli o‘yinlar dasturiga ega bo‘lgan maxsus bolalar ma’rifiy kanallari tashkil qilindi.

2013-yilda tibbiyot-sanitariya sohasida birinchi yordam ko‘rsatish oilaviy tibbiyot prinsipi asosida ishlash shakliga o‘tkazildi. Bu esa yurtimizda sog‘liqni saqlash sohasini isloh etishni yanada chuqurlashtirishbo‘yicha joriy etilayotgan chora-tadbirlar tizimida muhim qadam bo‘ldi. Bunday o‘zgarish qishloq joylarda, ayniqsa, chekka tumanlarda yashayotgan 14 million 600 ming nafar aholiga malakali tibbiy yordamdan foydalanish imkonini berdi.

Tug‘ish yoshidagi ayollar, shuningdek, bolalar va o‘smirlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish to‘liq ta’minlandi. 2011-2013-yillarda 535 ming nafar homilador ayol irsiy va tug‘ma kasalliklar bo‘yicha tekshiruvdan o‘tkazildi.

Bu 2013-yilda qariyb 2,7 ming bolaning tug‘ma xastaliklar va rivojlanishdagi nuqsonlar bilan tug‘ilishining oldini olish imkonini berdi. Muxtasar aytganda, «Ona va bola skriningi» dasturining hayotga tatbiq etilishi natijasida rivojlanishda nuqsoni bor bolalarning tug‘ilishi 2000-yilga nisbatan 1,8-marta kamaydi.

Aholining ovqatlanishini yaxshilash, un va tuzni zarur mikroelementlar bilan to‘yintirish, onalar va bolalarni vitaminga boy dori-darmonlar bilan ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar tufayli bugungi kunda bolalarimizning 92 foizi rivojlanish ko‘rsatkichlari bo‘yicha Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti standartlariga mos keladi va hech shubhasiz, bu biz erishgan katta yutuqlardan biridir.

Faqatgina 2013-yilning o‘zida sog‘liqni saqlash sohasiga yo‘naltirilgan investitsiyalar hajmi 2010-yilga nisbatan 3,8 barobar oshdi. Buning natijasida 295 ta tibbiyot ob’ekti rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirildi. Respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarini jihozlash darajasi 1,8 barobar ortdi va 91,7 foizga yetdi, jumladan, yuqori texnologiyalarga asoslangan uskunalar bilan jihozlash darajasi 82,6 foizni tashkil etmoqda.

Shu bilan birga, hozirgi vaqtda qishloq vrachlik punktlarining faoliyati, ayniqsa, kasalliklarni erta aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha zamonaviy talablarga to‘la javob bermasligini qayd etish darkor. Qishloq vrachlik punktlarini yalpi tekshirish natijalari buni yana bir bor ko‘rsatdi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Moliya vazirligi bilan hamkorlikda qisqa muddatda qishloq vrachlik punktlari faoliyatida zarur tartib o‘rnatish, tajriba tariqasida bir qator tumanlarda patronaj hamshiralarining faoliyat samaradorligini kuchaytirish bo‘yicha tegishli rag‘batlantirish chora-tadbirlarini amalga oshirishi zarur.

O‘tgan davr mobaynida mamlakatimizda amalga oshirayotgan ijtimoiy siyosatimizning aholimizning hayot darajasi va sifatini yuksaltirishdagi ta’siri va natijalari haqida alohida to‘xtalib o‘tishni zarur deb bilaman.

2013-yilda xalqimizning real daromadlari 16 foizga oshdi, o‘rtacha oylik ish haqi, pensiya, ijtimoiy nafaqa va stipendiyalar 20,8 foizga ko‘paydi.

Hozirgi vaqtda O‘zbekistonda pensiyalarning o‘rtacha miqdori o‘rtacha ish haqiga nisbatan 37,5 foizni tashkil etmoqda. Bu ko‘rsatkich Rossiyada 25,7 foizdan, Markaziy Osiyo mamlakatlarida esa 23-28 foizdan iboratdir. Joriy 2014-yilda mamlakatimizda bu ko‘rsatkichni 41 foizga yetkazish ko‘zda tutilmoqda.

Oilalar daromadlari tarkibi o‘zgarmoqda – tadbirkorlikdan olinayotgan daromadlar aholi yalpi daromadlarining yarmidan ziyodini tashkil etmoqda. Holbuki, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlarida bu ko‘rsatkich o‘rtacha 20-25 foizdan oshmaydi.

Eng muhim jihati shundaki, O‘zbekistonda eng past va eng yuqori daromad oladigan aholi guruhlari o‘rtasidagi tafovut darajasi so‘nggi yillarda 8 barobarga to‘g‘ri kelmoqda. Ko‘pgina, shu jumladan, qo‘shni davlatlarda bu raqam mamlakatimizdagi ko‘rsatkichdan bir necha barobar yuqori ekani, ya’ni o‘ta kambag‘al va nochor aholi guruhlari va o‘ta boylar guruhi orasidagi tafovut oshib borayotganini ta’kidlash lozim.

2013-yilda 2000-yilga nisbatan aholimizning iste’mol xarajatlari 9,5 barobar oshganining o‘zi ko‘p narsadan dalolat beradi.

So‘nggi yillarda jon boshiga to‘g‘ri keladigan eng muhim oziq-ovqat tovarlari bo‘yicha iste’mol hajmi muttasil o‘sib bormoqda, ayni vaqtda nooziq-ovqat mahsulotlarni xarid qilish va xizmatlar uchun to‘lanadigan sarf-xarajatlar miqdori ham sezilarli ravishda ko‘paymoqda. Misol uchun, mustaqillik yillarida go‘sht iste’moli – 1,4-marta, sut – 1,3 barobar, sabzavot va poliz mahsulotlari – 2,6-marta, kartoshka – 2 barobar, mevalar iste’moli – 6,4 karra oshdi.
Yurtimizdagi oilalarni uzoq muddat foydalanishga mo‘ljallangan tovarlar bilan ta’minlash borasidagi ahvol ham tubdan o‘zgardi. Xonadonlarni xolodilnik, konditsioner, shaxsiy kompyuter, televizor, mobil telefon va boshqa zamonaviy maishiy texnika vositalari bilan ta’minlash darajasi oshmoqda.

Ayniqsa, so‘nggi yillarda aholining o‘zimizda ishlab chiqarilgan yengil avtomobillar bilan ta’minlanish darajasi o‘sgani e’tiborlidir. Agar 2000-yilda har 100 ta oilaga o‘rtacha 20 ta yengil avtomobil to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, bugungi kunda bu raqam 41,4 taga yetdi.

Tadqiqotlar natijasi shuni ko‘rsatmoqdaki, mamlakatimizdagi oilalarning 11 foizdan ortig‘i ikkitadan yengil avtomobilga ega. Bu ko‘rsatkichlarning barchasi avvalo nimadan dalolat beradi?

Bu ko‘rsatkichlar eng avvalo bizning o‘z oldimizga qo‘ygan yuksak maqsad – dunyodagi rivojlangan demokratik davlatlar qatoriga kirish yo‘lidan izchil va bosqichma-bosqich ilgarilab borayotganimizning isboti bo‘lib, ana shu mamlakatlar erishgan marralarga biz ham albatta yetamiz, degan ishonchni tug‘diradi.

Hurmatli yurtdoshlar!

Iqtisodiyotimizning 2014-yilga mo‘ljallangan asosiy vazifa va ustuvor yo‘nalishlari avvalo bu sohaningyuqori sur’atlar bilan o‘sib borishini ta’minlash, buning uchun mavjud barcha rezerv va imkoniyatlarni safarbar etish borasida qabul qilingan strategiyani davom ettirishga qaratilgan.

Yalpi ichki mahsulot hajmini 8,1 foizga, sanoatni 8,3 foizga, qishloq xo‘jaligini 6 foizga, chakana savdo aylanmasini 13,9 foizga ko‘paytirish, bozor xizmatlarini 16,2 foizga oshirgan holda, uning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 55 foizga yetkazish ko‘zda tutilmoqda.

Soliq yukini yanada kamaytirish, jumladan, yuridik shaxslar uchun foyda solig‘i stavkasini 9 foizdan 8 foizga, jismoniy shaxslar uchun eng kam soliq hajmini 8 foizdan 7,5 foizga tushirish iqtisodiyotimiz rivojida albatta muhim ahamiyat kasb etadi.

Bunday soliq yengilliklari 130 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ni tejash va uni korxonalar ixtiyorida qoldirib, ularning o‘z aylanma mablag‘larini ko‘paytirish, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va texnologik yangilash, shuningdek, aholi daromadlarini 90 milliard so‘mdan ko‘proq oshirish imkonini beradi.

2014-yilning 1-yanvaridan boshlab Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasi 12 foizdan 10 foizga tushirildi.

Hech mubolag‘asiz aytish mumkinki, 2014-yil sanoat sohasida yuksak texnologiyalarga asoslangan va zamonaviy muhim ob’ektlar va quvvatlarni ishga tushirish, investitsiyalarni oshirish va takomillashtirish yili bo‘ladi.

Moliyalashning barcha manbalari bo‘yicha kapital qo‘yilmalarning umumiy hajmi 14 milliard 300 million dollarni tashkil etadi va bu ko‘rsatkichning o‘tgan yilga nisbatan 10,1 foizga o‘sishi ta’minlanadi, asosiy kapitalga kiritiladigan investitsiyalar hajmi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 2013-yilgi 23 foiz darajasida saqlab qolinadi.

Barcha investitsiyalarning 73 foizdan ortig‘i ishlab chiqarish ob’ektlarini barpo etishga, kapital qo‘yilmalarning qariyb 40 foizi mashina va uskunalar sotib olishga yo‘naltiriladi.

Joriy yilda 3 milliard 900 million dollardan ziyod xorijiy investitsiya va kreditlarni o‘zlashtirish, ularning hajmi o‘tgan yilga nisbatan 29 foizga o‘sishini ta’minlash mo‘ljallanmoqda.

Xorijiy investitsiyalarning umumiy hajmida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar qariyb 69 foizni tashkil etishi va ularning hajmi 2014-yilda 22,4 foizga ortishi alohida e’tiborga loyiq.

Bu yil umumiy qiymati 4 milliard 400 million dollar bo‘lgan 150 dan ortiq yirik ishlab chiqarish ob’ektlarini ishga tushirish ko‘zda tutilgan.

Shular qatorida «Dehqonobod kaliyli o‘g‘itlar zavodining ishlab chiqarish quvvatini 200 ming tonnadan 600 ming tonnaga oshirish», «Xorazm viloyatida «Damas» rusumidagi yengil avtomobillar ishlab chiqarishni tashkil etish», «Jizzax viloyatida 760 ming tonna portlandsement yoki 350 ming tonna oq sement ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish», «O‘zbekiston-Xitoy gaz quvurining uchinchi tarmog‘ini qurishni nihoyasiga yetkazish», «Sho‘rtan va Alan konlarini obodonlashtirish va kompressor stansiyasini barpo etish» bo‘yicha va boshqa muhim loyihalarni nihoyasiga yetkazish mo‘ljallanmoqda.

Surg‘il koni bazasida Ustyurt gaz-kimyo kompleksini qurish, Sho‘rtan gaz-kimyo kompleksida ishlab chiqarilayotgan tozalangan metan negizida sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qurilish ishlari davom ettiriladi.

Elektr energetikasi sohasida Tollimarjon issiqlik elektr stansiyasida quvvati 450 megavatt bo‘lgan 2 ta bug‘-gaz qurilmasini barpo etish yo‘li bilan kengaytirish ishlari olib boriladi. Toshkent issiqlik elektr stansiyasida quvvati 370 megavatt bo‘lgan bug‘-gaz qurilmasi ishga tushiriladi. Navoiy issiqlik elektr stansiyasida quvvati 450 megavatt bo‘lgan ikkinchi bug‘-gaz qurilmasini barpo etish orqali kengaytirish ishlari bajariladi.

Kimyo sanoatida Qo‘ng‘irot soda zavodining ikkinchi navbati quriladi va shuningdek, “Navoiyazot” ochiq aksiyadorlik jamiyatida metanol, ammiak va karbamid ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va boshqa loyihalar amalga oshiriladi.

Hurmatli majlis ishtirokchilari!

2014-yilga mo‘ljallangan keng ko‘lamli dasturiy maqsad va vazifalar islohotlarimizni yanada chuqurlashtirish, mamlakatimizning iqtisodiy rivojlanishi yo‘lida g‘ov bo‘lib turgan muammolarni yechish uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etishni talab qilishi haqida bugun gapirib o‘tirishning zarurati yo‘q, deb o‘ylayman.

Bu o‘rinda so‘z, birinchi navbatda, mamlakatimizda tom ma’nodagi raqobat muhitini shakllantirish haqida bormoqda. Ma’lumki, bunday muhit ishlab chiqarishni texnik va texnologik yangilash va modernizatsiya qilish, jahon bozorlariga chiqish yo‘lida hal qiluvchi omil bo‘lib xizmat qiladi.

Bugun shuni tan olishimiz kerakki, bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan dasturiy chora-tadbirlar zamonaviy talablarga hali-beri to‘liq javob bermaydi.

Biz hanuzgacha eskicha fikrlash qolipidan chiqa olmayapmiz, o‘z umrini o‘tab bo‘lgan, eski va yaroqsiz planli-taqsimot tizimi qoldiqlari, afsuski, butunlay barham topgani yo‘q. Keskin raqobat sharoitida soliq imtiyozlari va proteksionistik choralar hisobidan yashash mumkin, degan noto‘g‘ri qarash miyamizga chuqur o‘rnashib qolgan.

Bunday choralar, avvalo, korxonalar manfaatiga zarar yetkazib, ularning daromadini kamaytirish bilan birga, davlat byudjetiga sezilarli ravishda ziyon yetkazishi haqida o‘ylab ham ko‘rmaymiz. Eng muhimi, har qanday imtiyoz va preferensiyaning umri uzoq emasligini esimizdan chiqarmasligimiz zarur.

Faqat shunday imtiyoz va preferensiyalarga tayanib qolgan korxonalar ochiq iqtisodiyot sharoitida xorijiy kompaniyalar bilan nafaqat tashqi, balki ichki bozorda ham raqobatlasha olmaydi.

O‘ylaymanki, bu masala bo‘yicha tushuntirish va izoh berib o‘tirishning davri o‘tdi, eskicha boshqarish qoliplari va usullaridan qutula olmayotgan rahbarlardan qat’iy voz kechadigan vaqt keldi. Bugun hayotning o‘zi korxona va birlashmalarni boshqarishda zamonaviy fikrlaydigan, puxta tayyorgarlikka ega bo‘lgan menejerlarga tayanishni talab etmoqda.

Hech kimga sir emaski, ishlab chiqarish xarajatlarining yuqori ekani, tayyorlanayotgan mahsulotlarning material va energiyani ko‘p talab qilishi va avvalo iqtisodiyot real sektori tarmoqlarining texnologik jihatdan qoloqligi bugungi kunda raqobatdoshlikni oshirishda jiddiy to‘siq bo‘lmoqda.

Yurtimizdagi 500 dan ortiq real sektor korxonasida ishlatilayotgan 160 mingdan ziyod uskuna bo‘yicha o‘tkazilgan texnik audit natijalari shuni ko‘rsatmoqdaki, ana shu uskunalarning 30 foizdan ortig‘i eskirib ketgan. Jumladan, elektr texnika sanoatida uskunalarning 44 foizi, mashinasozlik tarmog‘ida 37 foizi, kimyo sanoatida 21 foizi, qurilish materiallari ishlab chiqarishda 20 foizi, oziq-ovqat sanoatida 19 foizi, yengil sanoatda 8 foizi eskirgan.

2009-2013-yillarda samarasiz ishlayotgan 172 ta korxona tijorat banklari balansiga o‘tkazildi. Ularning 112 tasida ishlab chiqarish faoliyati tiklandi va yangi mulkdorlarga sotildi. Banklar balansida qolgan korxonalarning 43 tasida esa ishlab chiqarish faoliyati tiklandi, yana 17 ta korxonada bu borada ish olib borilmoqda.

Ana shu korxonalarda modernizatsiya va ishlab chiqarish faoliyatini tiklash jarayonlarini amalga oshirish uchun 316 milliard so‘m hajmidagi investitsiya kiritildi va buning natijasida 9 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratildi.

Shu bilan birga, bugungi kunda 140 dan ortiq korxona zarar ko‘rib ishlamoqda. Ularning 67 tasi yirik korxonalar bo‘lib, 10 tasi sanoat sohasiga, jumladan, qishloq xo‘jaligi mashinasozligi, kimyo, elektr texnika va farmatsevtika sanoati tarmoqlariga tegishlidir. Masalan, Toshkent traktor zavodi, “Agregat zavodi”, “Chirchiqqishloqmash”, “O‘zpaxtamash” ochiq aksiyadorlik jamiyatlari og‘ir moliyaviy ahvolga tushib qolgan.

“Samarqand kimyo zavodi”, “Jizzax plastmassa” ochiq aksiyadorlik jamiyatlari kabi yirik kimyo sanoati korxonalari, shuningdek, mamlakatimizda turli yoritish vositalariga ehtiyoj katta ekaniga qaramasdan, Toshkent shahridagi “Oniks” ochiq aksiyadorlik jamiyatida ham ahvol qoniqarli emas.

Kommunal sohada 26 ta zarar ko‘rib ishlayotgan korxona, shu bilan birga, yo‘l qurilishi sohasida 13 ta iqtisodiy nochor korxona mavjud ekani ham tashvish uyg‘otadi.

Vazirlar Mahkamasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, manfaatdor tuzilmalarni jalb etgan holda 3 oylik muddatda yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan korxonalar bo‘yicha ularni moliyaviy inqirozdan va bankrotlikdan chiqarish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” deb ataladigan dasturlarni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

Bunday chora-tadbirlarni qo‘llash foydasiz bo‘lgan korxonalarni esa nol qiymati bo‘yicha xususiy jismoniy shaxslarga sotish masalasi ko‘rib chiqilsin.

Bugungi kunda xususiy mulk shaklidagi korxona davlat mulki bo‘lgan korxonadan ko‘ra ancha samarali ishlashini isbotlab o‘tirishning zarurati bo‘lmasa kerak.

Tan olish kerakki, bu haqda gapirganda, ba’zan xususiy mulk tushunchasini nodavlat mulkka asoslangan korxonalar tushunchasi bilan chalkashtiramiz. Mazkur ta’riflarga qat’iy aniqlik kiritish va eng muhimi, qonunlarimizga muvofiq ravishda iqtisodiyotda xususiy mulkning ustuvorligini amalda ta’minlash, uni qo‘llab-quvvatlash va daxlsizligini kafolatlash darkor.

Ishbilarmonlik – biznes yuritish uchun amaliy qulay sharoit tug‘dirib berish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish real iqtisodiyotni isloh etishning navbatdagi eng muhim yo‘nalishiga aylanmog‘i zarur.

So‘nggi yillarda xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, biznes yuritish, iqtisodiyotimizga mahalliy va xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish uchun zarur sharoit va qulay muhit yaratish borasida biz ulkan ishlarni amalga oshirdik.

Tadbirkorlik sub’ektlari huquqlarining ustuvorligi haqidagi prinsip joriy etildi. Faqat o‘tgan yilning o‘zida ruxsat berishga oid 80 dan ortiq tartib-taomil, litsenziyalanadigan faoliyat turlarining 15 tasi, 65 turdagi statistik hisobotlar, 23 turdagi hisobotni taqdim etish muddatlari qisqartirildi, 22 turdagi interfaol soliq xizmati joriy etilib, zarur ruxsatnomalar berish muddati 2-marta va mazkur jarayonlar uchun xarajatlar qiymati 5-marta qisqartirildi.

Shuni qayd etish joizki, tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan ruxsatnoma olish jarayonida to‘lanadigan xarajatlar 8 barobar kamaytirildi, banklarda hisobraqami ochish uchun to‘lovlar bekor qilindi va shu borada boshqa zarur tadbirlar amalga oshirildi.

O‘zbekiston biznesni ro‘yxatga olish shartlari bo‘yicha jahon miqyosida 66 pozitsiya yuqoriga ko‘tarilib, reyting o‘tkazilgan 189 mamlakat orasida 21-o‘rinni egalladi, kredit ajratish bo‘yicha reytingda esa 24 pozitsiya yuqoriga ko‘tarildi.

Ayni paytda shuni e’tirof etish kerakki, mamlakatimizdagi ishbilarmonlik muhiti va biznes yuritish sharoitining bugungi holati erkin bozor iqtisodiyotining talab va prinsiplari, umumiy xalqaro normalarga to‘liq javob beradi, deb ayta olmaymiz.

Tadbirkorlarimiz qishloq joylarda energiya ta’minotining beqarorligiga, ishlab chiqarish va yo‘l infratuzilmasining kerakli darajada rivojlanmaganiga, tekshiruvlarning ko‘pligiga, shuningdek, joylarda ijro intizomining nisbatan pastligiga haligacha duch kelmoqda.

Bu o‘ta muhim masalaga yana va yana bir bor e’tibor qaratib, alohida ta’kidlashni zarur deb bilaman: tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish va amalga oshirish uchun turli ruxsatnomalar berish muddatlarini yanada qisqartirish, ularning tartib-taomillarini soddalashtirish va arzonlashtirish, tadbirkorlik yo‘lidagi ortiqcha byurokratik g‘ovlarni bartaraf etish va bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslikni jiddiy nazoratga olishimiz shart.

Litsenziya va ruxsat berish tartib-taomillarini elektron shaklda taqdim etish, kommunal xizmatlar, shuningdek, soliq solish va bojxona rasmiylashtiruvi bo‘yicha xizmatlarni interfaol shaklda ko‘rsatishga o‘tishni tezroq amalga oshirish zarur.

Elektron tijoratni rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlarni joriy etish muhim ahamiyatga ega. Hozirgi paytda mamlakatimizda 10 milliondan ziyod plastik kartochka muomalaga chiqarilgan bo‘lib, ularning qariyb 2 million 500 mingtasi onlayn kartochkalardir. Bugungi kunda telekommunikatsiya va kommunal xizmatlar uchun to‘lovlarni Internet orqali to‘lash mumkin. Eng qisqa muddatlarda bu boradagi g‘ov va to‘siqlarni bartaraf etish, ushbu sohani yanada rivojlantirish kerak.

Markaziy bank, Moliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi boshqa manfaatdor tuzilmalar bilan birgalikda ikki oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga elektron tijoratni kengaytirishga doir takliflarni kiritsin va 2004-yilda qabul qilingan va bugungi kun talablariga javob bermay qolgan «Elektron tijorat to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahrirdagi loyihasini tayyorlasin.
Ijtimoiy sohani rivojlantirish, ish joylarini shakllantirish va aholi bandligi, uy-joylar qurish va aholi punktlarini obodonlashtirish, ta’lim-tarbiya jarayonlari va sog‘liqni saqlash tizimini yanada isloh etish va takomillashtirish doimo e’tiborimiz markazida bo‘lib kelgan va bundan keyin ham shunday bo‘lib qoladi.

Joriy yilda davlat byudjeti xarajatlarining qariyb 60 foizi ijtimoiy sohani rivojlantirishga yo‘naltiriladi.

Mamlakatimiz parlamenti tomonidan tasdiqlangan dasturga muvofiq 2014-yilda salkam 1 million ish o‘rni tashkil etish ko‘zda tutilmoqda.

Joriy yilda mehnat sohasiga qariyb 500 ming nafar yosh yigit-qizlar – 2-3 tadan mutaxassislikni va ish ko‘nikmalarini egallagan, olgan bilimlarini iqtisodiyotimizning turli sohalarida, xizmatlar va boshqaruv jabhasida qo‘llashga tayyor bo‘lgan kasb-hunar kollejlarining bitiruvchilari kirib keladi.

Bu o‘rinda navqiron avlodimizni faol mehnat faoliyatiga to‘laqonli jalb etish bo‘yicha viloyat, shahar, tuman hokimlari, korxona va kollejlar rahbarlarining o‘z zimmasiga yuklangan vazifalarni bajarish bo‘yicha mas’uliyati haqida gapirishning hojati bo‘lmasa kerak.

Vazirlar Mahkamasi bu boradagi ishlarni zarur darajada muvofiqlashtirishni ta’minlasin.

Bugungi kunda aholini har tomonlama shinam va qulay uy-joylar bilan ta’minlash, uy-joy massivlari atrofidagi infratuzilmalarni obod qilish yuzasidan olib borilayotgan ulkan ishlar odamlarning kayfiyati va dunyoqarashiga, ularning hayot sifatiga qanday kuchli ta’sir ko‘rsatayotgani haqida ortiqcha so‘z yuritishning zarurati yo‘q, deb o‘ylayman.

Bu o‘rinda gap birinchi navbatda qishloqlarimiz aholisi haqida bormoqda. 2014-yilda 388 ta massivda umumiy maydoni 1 million 500 ming kvadrat metr bo‘lgan 11 mingta namunaviy uy-joy barpo etish ko‘zda tutilmoqda.

Shu munosabat bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari, Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi, Moliya vazirligi, “Qishloq qurilish bank” va “Qishloq qurilish invest” kompaniyasi shu yilning fevral oyidan kechiktirmasdan joriy yil dasturi bo‘yicha moliyalashtirishni boshlashi, mart oyida esa uy-joylarni qurish ishlarini boshlashni ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlarni ko‘rishlari darkor.

Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimlari e’tiborini bir masalaga alohida qaratib aytmoqchiman: qishloqlarimiz aholisi nafaqat qulay uy-joylarda, ayni vaqtda barcha zarur muhandislik va transport kommunikatsiyalariga, ijtimoiy va bozor infratuzilmasi ob’ektlariga – tibbiyot, sport, bank, maishiy xizmat ko‘rsatish, savdo va madaniyat muassasalariga ega bo‘lgan obod posyolkalarda yashashi lozim.

Lo‘nda qilib aytganda, yangitdan barpo etilgan bunday posyolkalardagi uy-joylarning sifat darajasi va yaratilgan maishiy qulayliklar shahardagi sharoitlardan aslo kam bo‘lmasligi kerak.

2014-yilda ta’lim-tarbiya sohasida 380 ta umumta’lim maktabi hamda 161 ta kasb-hunar kolleji va akademik litseyni rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash uchun 410 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltirish mo‘ljallanmoqda.

Kasb-hunar kollejlarining o‘quv-ishlab chiqarish ustaxonalarini yuksak texnologiyalar asosida ishlab chiqarilgan zamonaviy uskunalar va o‘quv texnikasi bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratish zarur.
O‘tgan 2-yil davomida oliy o‘quv muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha ko‘p ishlar amalga oshirildi. Xususan, Qarshi, Termiz, Urganch va Buxoro universitetlari, Toshkent davlat texnika universiteti, Navoiy davlat konchilik instituti va boshqa oliy o‘quv yurtlarining yangi o‘quv binolarini qurish va mavjud korpuslarini rekonstruksiya qilish, ularni zamonaviy o‘quv-laboratoriya asbob-uskunalari bilan jihozlash ishlari amalga oshirildi.

2014-yilda 34 ta oliy o‘quv muassasasida qurilish, rekonstruksiya va jihozlash ishlarini amalga oshirish uchun 173 milliard so‘m mablag‘ ajratish ko‘zda tutilgan. Jumladan, Andijon, Qarshi davlat universitetlarida, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti va boshqa oliy o‘quv yurtlarida yangi o‘quv binolari va axborot-resurs markazlari qurish mo‘ljallanmoqda. Shuningdek, 51 milliard so‘m mablag‘ hisobidan mamlakatimizdagi 17 ta oliy o‘quv yurtida kapital ta’mirlash ishlarini amalga oshirish belgilangan.

Sog‘liqni saqlash tizimini yanada isloh etish va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash masalalari 2014-yilda ham doimiy e’tiborimiz markazida bo‘lib qoladi.

Joriy yilda sog‘liqni saqlash muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun ajratiladigan mablag‘lar 407 milliard so‘mdan ziyodni tashkil etadi yoki ularning hajmi qariyb 30 foizga ortadi.

Bundan tashqari, tibbiyot muassasalarini jihozlash uchun xalqaro moliya institutlarining 28 million dollardan ortiq imtiyozli kreditlarini jalb etish ko‘zda tutilmoqda.

Shuni alohida qayd etish kerakki, biz 2014-yilda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlarida o‘xshashi bo‘lmagan, xalqaro standartlar bo‘yicha eng yuqori, ya’ni to‘rtinchi darajali hisoblanadigan ko‘p tarmoqli maxsus bolalar shifoxonasini Koreya Respublikasi hukumatining 103 million dollar miqdoridagi mablag‘i hisobidan barpo etishni boshlaymiz. Aytish kerakki, ushbu shifoxona 250 ta davolash o‘rniga va bir kecha-kunduzda 200 nafar bolani qabul qila oladigan poliklinikaga ega bo‘ladi.

Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 2014-yilda 115 ta bolalar sporti ob’ektini qurish va rekonstruksiya qilish, ularni asosan mamlakatimiz korxonalarida ishlab chiqarilayotgan zamonaviy sport anjomlari bilan ta’minlash uchun 107 milliard so‘m mablag‘ ajratish rejalashtirilmoqda.

Qadrli vatandoshlar!

Bizning o‘z oldimizga qo‘ygan asosiy maqsadimiz – boshlagan islohotlarimiz, iqtisodiyotimizni yangilash va modernizatsiya qilish jarayonlarini davom ettirish va chuqurlashtirish, hayotimiz darajasi va sifatini izchil oshirib borishni ta’minlash, tenglar ichida teng bo‘lib, jahon hamjamiyatida munosib o‘rin egallashdan iboratdir.

Yangi – 2014-yilning yurtimizda “Sog‘lom bola yili” deb e’lon qilingani jamoatchiligimiz, xalqimiz tomonidan qanday ko‘tarinki kayfiyat va mamnuniyat bilan kutib olinganiga, keng qo‘llab-quvvatlanayotganiga barchamiz guvohmiz.

Joriy yilga bunday nom berganimiz, avvalambor, bolalarimizning sog‘lig‘i haqida, ularning kelajagi haqida ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikning yana bir amaliy ifodasidir.

Bizning vazifamiz, kerak bo‘lsa, oliy burchimiz – farzandlarimizning ham jismoniy, ham ma’naviy jihatdan uyg‘un rivojlangan, zamonaviy bilim va tajribalarni puxta egallagan, Vatanimiz va xalqimiz kelajagi uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir bo‘lgan barkamol insonlar bo‘lib voyaga yetishi uchun qo‘limizdan kelgan barcha-barcha ishlarni amalga oshirishdan iboratdir.

Biz yaqin kunlarda “Sog‘lom bola yili” bo‘yicha keng ko‘lamli davlat dasturini qabul qil