Uz Eng Ru Ru
Biz bilan aloqa
 Adobe Flash Player

Eng qadimiy va asl milliy bayram

Ona zamin uzra quyoshning zarrin nurlari o‘lkamizga va qalbimizga iliqlik baxsh etib, yurtimizga Navro‘z tashrif buyurmoqda. Bu bayram barchamiz uchun sharqona yangi yil debochasi, ma'naviyatimizning uzviy qismiga aylanib ketgan eng qadimiy, asl milliy bayram sifatida aziz va mo‘'tabardir.

Bir necha ming yillardan beri nishonlanib kelinayotgan ushbu bayramda mehr-muruvvat, vatanparvarlik, mehnatsevarlik kabi insoniy tuyg‘ular, inson va tabiat o‘rtasidagi uyg‘unlik, dehqonchilik mavsumining boshlanishi o‘z ifodasini topgan. Shuning uchun ham asrlar osha bu bayram boqiy qadriyat, milliy marosim sifatida yashab kelmoqda. Zero, Prezidentimizning «Yuksak ma'naviyat - yengilmas kuch» asarida qayd etilganidek, «Navro‘z bayrami biz uchun hayot abadiyligi, tabiatning ustuvor qudrati va cheksiz saxovatining, ko‘p ming yillik milliy qiyofamiz, olijanob urf-odatlarimizning betakror ifodasidir».

Xalqimizning sevimli bayramlaridan biri bo‘lgan Navro‘z nafaqat tabiat, balki inson qalbining ham uyg‘onish, yangilanish faslidir. Shu sababli «Obodlik ko‘ngildan boshlanadi», degan hikmatli ibora bugun xalqimiz hayotining, bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlarining muhim mezoniga aylandi. Navro‘z nafasi sezilishi bilan joylarda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, ekin-tikin ishlari avjiga chiqmoqda. Hovli, ko‘cha va xiyobonlarni saranjom-sarishta qilish, ko‘chat o‘tqazish kabi xayrli ishlar amalga oshirilmoqda. Sanoqli kunlardan keyin bobodehqonlarimiz yaxshi niyatlar bilan yerga urug‘ qadab, el rizqi mo‘l bo‘lishini tilab, duolar qilishadi. Bularning bari ming yillardan beri takrorlanib kelayotgan, xalqimizning ma'naviyatiga singib ketgan azaliy va abadiy udumlardir. Zero, bahor kirib, Navro‘zi olam tashrif buyurgach, tabiat gullashga oshiqqani kabi odamzot ham yashashga, yashnatishga intiladi.

YAqindagina xalqimizning eng ezgu ma'naviy merosi - Navro‘z bilan bog‘liq mehnat bayrami - umumxalq hashari o‘tkazildi. Fidoyi va mehnatkash xalqimizni yanada jipslashtirib, o‘zaro do‘stlik, birodarlik, millatlararo totuvlik tamoyillariga munosib ravishda mehr-oqibat timsoliga aylangan ushbu umumxalq hasharidan so‘ng nafaqat ko‘ngillar, balki har bir qarich yer obod bo‘ldi. Mahalla guzarlari, ko‘cha va bog‘-rog‘lar mehnat bayrami shavqidan yashnab ketdi. Navro‘z bayramining eng e'zozli udumlaridan biri bo‘lgan umumxalq xayriya hasharidan tushadigan mablag‘ esa butun mamlakatimizda, shu jumladan tumanimizda istiqomat qilayotgan kam ta'minlangan, ehtiyojmand, boquvchisini yo‘qotgan oilalar, nogironlar uchun moddiy farovonlik yaratish imkonini beradi. Bu - o‘zaro mehr-oqibatning, muruvvatning timsoli. Bu - xalqning eng ezgu orzu-umidlarini o‘zida mujassam etgan betakror mazmun, betakror mohiyat!

Hayotimizni bezab turgan Navro‘z bilan bog‘liq eng go‘zal mohiyat - yerga urug‘ qadash marosimi! Navro‘z kirishi bilan bundan necha ming yillar avval ham ota-bobolarimiz "Qo‘sh chiqarish”, "Qo‘sh haydash”, "Urug‘ sochish” kabi dehqonchilik ishi bilan bog‘liq marosimlarni o‘tkazganlar. Endilikda, zamonlar o‘tishi bilan bu  marosimlar chigit ekish, dehqonchilik fasli kabi mehnat bayramlariga aylandi. Bu marosimlarning barchasi Navro‘zi olamdan boshlanuvchi xalqimizni rizq-ro‘z, qut-baraka tomon eltuvchi yo‘llardir.

Bu galgi Navro‘zni "Sog‘lom bola yili”da qarshi olamiz. Bunda ham o‘zgacha ma'no mujassam. Negaki, Navro‘z "Yangi kun” degan ma'noni bildirsa, sog‘lom farzandlar ertangi kunimiz egalari, oilaning bebaho baxti va yurtimiz kelajagidir.

Aziz yurtdoshlar! Ulug‘ va bebaho ma'naviy qadriyatlarimiz gultoji - Navro‘zi olam barchangizga qutlug‘ bo‘lsin! Har biringizning xonadoningizga Navro‘zga monand go‘zalliklar, nafosat, baxtiyorlik va shodlik tashrif buyursin!

Navro‘zi olam muborak, azizlar!