Uz Eng Ru Ru
Biz bilan aloqa
 Adobe Flash Player

Hayot haqida

Hayot haqida har kimning o’z o’lchovi, o’z me’yorlari bor. Ammo fikrimcha, yosh avlodning butun diqqat e’tibori o’qish va o’rganishga qaratilishi lozim. Biroq buning uchun unga zarur sharoit, uni to’g’ri yo’naltiradigan muhit ham bo’lishi kerak nazarimda...

Abduqahhor O’roqov, SamDChTI talabasi.

 

Keksa qo’shnimiz xoji bobo bilan suhbatlashganimda esa yoshlardan ancha ranjiganligini yashirib o’tirmadi:

-       Qani endi kenja o’g’lim o’qishga qiziqsa-yu oliy o’quv yurtiga kirsa. Harchand urinmay, bunga hyecham ishtiyoq uyg’otolmadim. Tengdoshlariga qo’shilib hali u yoqqa o’tadi, hali bu yoqqa. Bizning yoshlik davrlarimiz urushdan keyingi yillarga to’g’ri keldi. Ilm olishga havasmand bo’lsak-da mutamlakachilikning qattiq nonini yeb zo’rg’a kun ko’rardik. Bugungi yoshlar-chi shuncha sharoit bo’la turib, o’qishni o’ylamaydi.

Qo’ni-qo’shnilar bilan bo’lgan suhbat davomida 15 yoshlardagi Shavkat qiziq voqyeani so’zlab berdi.

-       Bir kuni - anavi Egamboy (o’qituvchisi) “maktabda, ayniqsa dars paytida telefondan foydalanish mumkin emas”, deb telefonimni olib qo’ysa bo’ladimi, deydi u. – O’zi akam bilan bir sinfda o’qigan. O’quvchilik davrida bo’sh-bo’yov bola edi, o’qishni tugatib kelib o’zicha “aqlli” bo’lib qolibdi. “Telefonni sen olib berganmisan, qaytarib ber”, deya shart qo’lidan yulib olib orqamga qaramay qochdim. To’g’risiyamda, qayerda, qachon telefon ishlatishim bilan bilan uning nima ishi bor. Voqyeani akamga aytib berdim. Yo’q, keyin indamay qo’ydi.

Boshqalarni bilmadimu, bu gapni eshitib, o’z taqdiri uchun “zo’r” ish qilganday maqtanishidan hayratlandim. Qishlog’imizdagi bir bolaning maslahat so’rab qilgan dard-holi buning aksi edi.

-       Matematikaga qiziqishimni bilasiz, deydi u. – Institutga o’qishga kirmoqchiman, tayyorlanishim uchun vaqt kerak desam dadam sira ko’nmaydi. Topgan gapi shu: “O’qib olim bo’larmiding. Qolaversa, institutga kirishning o’zi bo’ladimi? Xo’p, bir amallab kirding ham deylik. Bu yoqda kontraktiyam bir dunyo pul bo’lsa kerak?”.

Nima deyishimni bilmadim. Vaholanki katta orzusini bozordagi do’konida “sotib” yuborishni istamayotgan bu bolaning otasi yaqinda katta o’g’lini uylantirdi. Boshqasini qo’ying, to’yga kelgan san’atkorlar 30 ming “ko’ki”ni sanab olganmish. To’yning o’zida sochilgan pullar ham undan kam emasdi.

O’qimishli bola qanday shakllanadi, uni kim tarbiyalaydi? Shuncha gap-so’zlardan keyin bu savolga javob topa olmadim. Balki, buni siz bilarsiz?

“Zarafshon” gazetasi. 2015 yil 17 yanvar, 7-8-son