Uz Eng Ru Ru
Biz bilan aloqa
 Adobe Flash Player

Ijtimoiy fanlarni chet tilda o‘qitish

masalalari muhokama etiladi

zarnews.uz   ZARAFSHON 18-05-2013 yil № 60

Har bir jamiyatning kelajagi uning ajralmas qismi va hayotiy zarurati ta’lim tizimining qay darajada rivojlanganligiga bog‘liqdir. Bugungi kunda mamlakatimizda uzluksiz ta’lim tizimini shakllantirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. “Ta’­lim to‘g‘risida”gi qonun, “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi” mamlakatda yangi jamiyat qurishning bosqichma-bosqich va tadrijiy rivojlanish prinsipiga asoslangan iqtisodiy va siyosiy islohotlarning O‘zbekiston tanlagan o‘zbek modelining ajralmas tarkibiy qismi bo‘lib, barkamol avlodni voyaga etkazish, etuk mutaxassislar tayyorlash, yoshlarning puxta bilim olishi, iqtidorini to‘la namoyon etishi, qobiliyatlarini yuzaga chiqarishga qaratilgan.

"Kadrlar tayyorlash milliy dasturi”ning asosini uzluksiz ta’lim tizimining tuzilmasi va mazmunini zamonaviy fan yutuqlari va ijtimoiy tajribaga tayangan tub islohotlar qamrab olar ekan, buning uchun avvalo, ta’lim jarayonini ilg‘or, yangi va za­monaviy uslublar bilan boyitish lozim. Ta’limning bugungi vazifasi talabalarni kun sayin oshib borayotgan axborot muhiti sharoitida mustaqil ravishda faoliyat ko‘rsata olishga o‘rgatishdan, axborot oqimidan to‘la foydalanish uchun chet tilini mu- kammal o‘zlashtirishdan iborat. Buning uchun ularga uzluksiz ravishda mustaqil ishlash imkoniyati va sharoitini yaratish asosiy masalalardandir. “Chet tillarini o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tad- birlari to‘g‘risida”gi qaror shular jumlasidan bo‘lib, bugungi kunda bu borada qator ishlar amalga oshirilmokda.

“Chet tillarini o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorda qo‘yilgan dolzarb masalalardan yana biri ta’lim standartlari, o‘quv dasturlari va darsliklar zamon talablariga, xususan, ilg‘or axborot va media texnologiyalar talabiga to‘liq javob bermayotganidir.  Endilikda zamonaviy pedagogik va axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda o‘qitishning ilg‘or usullarini joriy etish yo‘li bilan o‘sib kelayotgan yosh avlodni chet tillarga o‘qitish, shu tillarda erkin so‘zlasha oladigan mutaxassislarni tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish hamda uning negizida ularning jahon sivilizatsiyasi yutuqlari hamda dunyo axborot resurslaridan keng foydala- nishlari zarur.

Shunday ekan, bu qaror oliy ta’lim muassasalari xodimlari oldiga bir qator vazifalarni qo‘yadi. Ulardan biri ijtimoiy fanlarni chet tilida o‘qitish masalasi hisoblanadi. Samarqand davlat chet tillar institutida o‘tkazilayotgan “Ijtimoiy va mutaxassislik fanlarini chet tilda o‘qitish: xorij tajribasi va milliy tamoyillar” mavzuidagi respublika ilmiy-uslubiy anjumani bu borada qo‘yilayotgan ilk qadamlardandir. Anjuman o‘zaro fikr almashish, etuk mutaxassis kadrlar bilan tajriba almashishni maqsad qilgan. Prezidentimiz “Ta’lim-tarbiya ong mahsuli, lekin ayni vaqtda ong darajasi va uning rivojini ham belgilaydigan omildir. Binobarin, ta’lim-tarbiya tizimini o‘zgartirmasdan turib ongni o‘zgartirib bo‘lmaydi. Ongni, tafakkurni o‘zgartirmasdan turib esa biz kuzlagan oliy maqsad - ozod va obod jamiyatni yaratib bo‘lmaydi”, deb ta’kidlaydi “Barkamol avlod orzusi” kitobida. Tafakkurni o‘zgartirish uchun esa biz barcha omillardan to‘la foydalanishimiz juda ham muhim. Anjuman milliy ta’lim tizimiga chet tilida ta’lim berish mexanizmining asoslarini yaratishni rejalashtirgan. Shu sababli anjumanda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi xodimlari, respublikamizdagi etakchi olim va mutaxassislari qatnashishi ko‘zda tutilgan.

Hozirgi paytda institutda sotsiologiya, iqtisod nazariyasi, dinshunoslik kabi fan­larni ingliz tilida o‘qitishga o‘tish rejalashtirilgan.

Anjumanda nafaqat ijtimoiy fanlarni chet tilda o‘qitishga, balki bunda ilg‘or pe­dagogik texnologiyalardan keng foydalanishga ham e’tibor qaratiladi. Chunki bugungi ta’lim tizimi an’anaviy ta’lim tizimidan farq qiladi. Unda talaba passiv ishtirokchi emas, balki aktiv kreativ yondashuvchi hisoblanadi. Bunda pedagogik texnologiyalarni mahorat bilan qo‘llagan o‘qituvchi mavzuni oson va tushunarli etkazadi, talabada ham tanqidiy yondashuv shakllanadi.

R.SHODIEV, SamDChTI falsafa kafedrasi mudiri, professor.

         M.BOZOROV, falsafa fanlari nomzodi