Uz Eng Ru Ru
Biz bilan aloqa
 Adobe Flash Player

«Infrastructure Journal» xalqaro nashrining e’tirofi

«Infrastructure Journal» xalqaro nashri 2014-yil 13-martda Ustyurt gaz-kimyo majmuasi qurilishi loyihasini «Neft-gaz sohasidagi 2014-yilning global bitimi» nufuzli mukofoti bilan taqdirladi.

Ustyurt gaz-kimyo majmuasi qurilishi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan tasdiqlangan mamlakatimiz sanoatini keng ko‘lamli modernizatsiya qilish dasturi doirasida amalga oshirilmoqda. Bu neft-kimyo sohasida nafaqat O‘zbekiston, balki MDH hududida uzoq muddatli loyihaviy moliyalashtirish asosida hayotga tatbiq etilayotgan dastlabki keng ko‘lamli loyihadir. Uning ro‘yobga chiqarilishi 2016-yildan yiliga 4,5 milliard kub metr tabiiy gaz, yuqori zichlikdagi 400 ming tonna polietilen, 100 ming tonna polipropilen, 110 ming tonna piroliz benzin ishlab chiqarish va bevosita majmuaning o‘zida mingdan ziyod yangi ish o‘rni tashkil etish imkonini beradi.

Loyihaning umumiy qiymati 3,9 milliard AQSh dollarini tashkil qiladi. Mazkur loyiha qo‘shma korxona muassislari bo‘lgan Janubiy Koreyaning «Kogaz», «Lotte», «STX Energy» kompaniyalari va «O‘zbekneftgaz» milliy xolding kompaniyasining 1,4 milliard dollar hajmidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyasi, shuningdek, regress huquqi cheklangan va kreditlarni qaytarish muddati 16-yil etib belgilangan loyihaviy moliyalashtirish prinsiplari asosida jalb etilgan 2,5 milliard dollardan ziyod kredit resurslari hisobidan moliyalashtiriladi.

Loyihani moliyalashtirishda Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa va Osiyoning Korea Development Bank, Korea Finance Corporation (Koreya Respublikasi), China Development Bank (XXR), ING (Niderlandiya), KfW, Bayern LB, Siemens Bank (Germaniya), Credit Suisse (Shveytsariya), Nordea, SEC (Shvetsiya) kabi rivojlanish banklari hamda yetakchi tijorat banklari, shuningdek, Janubiy Koreya, Germaniya va Shvetsiyaning loyihani amalga oshirishda qatnashayotgan banklarga sug‘urta to‘lovlarini taqdim etgan eksport-import agentliklari ishtirok etmoqda.

«Infrastructure Journal» nashrining ushbu mukofoti nufuzi jihatidan «PFI Thomson Reuters» va «PFM Euromoney» axborot-tahlil agentliklari mukofoti qatorida turadi. Ustyurt gaz-kimyo majmuasi qurilishi loyihasi 2013-yilda ham ushbu agentliklar mukofotiga sazovor bo‘lgan edi.

Moliyalashtirishga oid bitim tuzish natijalari bo‘yicha o‘z mukofotlarini taqdim etadigan ushbu agentliklardan farqli ravishda, «Infrastructure Journal» g‘oliblarni tanlashda muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgan loyihalarnigina ko‘rib chiqadi. «Infrastructure Journal» nashrining yetakchi investitsiya banklari, yuridik kompaniyalar va loyihaviy moliyalashtirish sohasidagi ekspertlardan iborat tanlov komissiyasi g‘oliblarni tanlashda loyiha asosini tashkil qiladigan texnologiyalarning noyobligi, innovatsionligi va yangiligiga e’tibor qaratadi.

Saudiya Arabistonida umumiy qiymati 20 milliard dollarga teng, jumladan, 12,5 milliard dollar miqdorida kredit mablag‘i ajratilgan «Sadara» neft-kimyo kompleksi, AQShda moliyalashtirish hajmi 5,9 milliard dollarlik dastlabki «Sabana Pass» suyultirilgan tabiiy gaz terminali, suyultirilgan gazni tashish uchun «Bonni Gaz Transport» tankerlarini qurish, shuningdek, Texas shtatidan (AQSh) Meksika chegarasigacha quvur o‘tkazish kabi loyihalar Ustyurt gaz-kimyo majmuasi qurilishi loyihasi bilan bir qatorda «Infrastructure Journal» mukofotiga da’vogarlik qildi.

«Infrastructure Journal» nashri, ayniqsa, dunyo ishbilarmonlari orasida katta obro‘ga ega ekani uning naqadar nufuzli mukofot ekanidan dalolat beradi. Ushbu nashr dunyodagi yirik moliya institutlarining 80 foizi, yetakchi yuridik firmalarning 90, shuningdek, loyihaviy moliyalashtirish bozorida yetakchilik qilayotgan investitsiya banklari – moliyaviy maslahatchilarning 85 foizi uchun ishonchli tahliliy axborot manbaidir.

Ustyurt gaz-kimyo majmuasi qurilishi loyihasiga «Infrastructure Journal» xalqaro nashri tomonidan «Neft-gaz sohasidagi 2014-yilning global bitimi» mukofotining berilgani O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan mazkur ulkan loyihaning xalqaro miqyosdagi yana bir e’tirofidir. Ushbu loyiha «PFI Thomson Reuters» kompaniyasining «Neft-gaz sohasidagi 2012-yilning eng yaxshi bitimi», «Project Finance Magazine/Euromoney» jurnallarining «Neft-gaz sohasidagi 2012-yilning eng yaxshi bitimi», «Trade Finance Magazine» nashrining «2012-yilning eng yaxshi bitimi» va «Global Trade Review» nashrining «2012-yilning eng yaxshi bitimi» kabi xalqaro mukofotlarga ham sazovor bo‘lgan.

"Xalq so'zi" gazetasi 2014 yil 21 mart №56