Uz Eng Ru Ru
Biz bilan aloqa
 Adobe Flash Player

Ingliz amma

Yaqinda Qo`shrabotga – onamlarnikiga bordim. Onam “Ukangning bolalarini bog`chadan bugun sen olib kelaqol, Kelinning uy yumushlari bilan vaqti bo`lmaydi”, deb qoldi.

Tumanimiz markazida o`zim tarbiyalangan 1- maktabgacha ta`lim muassasasiga yo`l oldim, muassasada onam tayinlagandek, kichik guruhdan jiyanim Charosni so`radim. Aytgancha, mening jiyanlarim “ingliz amma”, deb chaqirishadi. Bu safar ham yugurib kelib, meni achomlab olgan to`rt yashar jiyancham doimgidek “Assalomu aleykum ingliz amma” emas, “Good afternoon! Ingliz amma” ya`ni “Hayrli kun!” deya salomlashdi. Uni ko`rmaganimga to`rt oycha bo`lgandi. Shundan beri u bog`chaga qatnayotganini eshitgandim. Qiziqib yana ingliz tilida oddiyroq savollar bera boshladim. U o`zini ingliz tillida tanishtirdi, oilasi haqida gapirib berdi. Sakkiz qator she`r ham o`qidi.

Jiyancham bilan suhbatlasha turib, maktabgacha tayyorlov kursiga yetib keldik. U yerdan Charosning akasi Jo`shqinni so`radim. Jo`shqin ham ingliz tilida salomlashdi. Ulardan “Sizlarga chet tilini kim o`rgatyapti?”, deb so`raganimda, Charos “Nasiba bog`cha opam”, Jo`shqin esa, “Nargiza bog`cha opam”, deb tarbiyachi opalarini bir-biriga navbat bermay maqtay ketishdi. Ular gapini tugatganda biz deyarli muassasa hovlisidan  chiqayotgandik. Shunda ularga ta`lim berayotgan opalariga bir og`iz rahmat aytib qo`yish uchun ortimga qaytdim.

Kichik guruh tarbiyachisi Nasiba Abdullayeva ham, maktabgacha tayyorlov guruhi Nargiza Ostonova ham anchagina yosh ekan. Ular ingliz tili mutaxassisi bo`lmasa-da, maktab va kollejda olgan bilimlarini bolajonlarga ko`ngildagidek o`rgatib kelayotgani shundoqqina ko`rinib turardi. Mutaxassis sifatida maslahatlarimni berdim. Ular ham xursand bo`lishdi.

Nasiba Siddiqova SamDCHTI katta o`qituvchisi 

"Zarafshon" gazetasi №50 24-aprel 2014-yil