Uz Eng Ru Ru
Biz bilan aloqa
 Adobe Flash Player

Islom ma’naviyati

zarnews.uz   ZARAFSHON 11-06-2013 yil № 70                   

 Bugun yoshlar tarbiyasida uning o‘rni bilinayaptimi?

     Islom poklik, to‘g‘rilikka qurilgan din. O‘n besh asrdirki u insoniyatni ilm olib, mehnat qilishga, ilmni to‘g‘ri yo‘lga sarflashga, kishilarni imon-e’tiqodli bo‘lishga va hidoyatga boshlab keladi. Shu yo‘sinda, islom ta’limotini to‘g‘ri o‘rgangan kishini hech kim egri yo‘lga boshlayolmaydi. 
      Islom madaniyati odamlarni axloqiy poklikka, ma’naviy barkamollikka undab kelayotgani ham muqaddas kitoblarimizda ta’kidlangan. Sharq falsafasining muhim bir qismi bo‘lgan islom madaniyatining bizning xalqimiz ma’naviyatida tutgan muhim o‘rni shundaki, umuminsoniy va ma’naviy-axloqiy mezonlarga tayangan holda kishilarni hamjihatlikka, totuvlikka, adolatga, mehr-muruvvatga, saxovatga va sabr-bardoshlikka chaqirgan. 
Bugun dunyo hamjamiyatini tashvishga solayotgan terrorizm, diniy ekstremizm, aqidaparastlik va fundamentalizm singari mafkuraviy xurujlarning ob’ektiv va sub’ektiv ildizlari qaerda? Ularning mohiyati va namoyon bo‘lishi xususiyatlarini tahlil qilib, tinch-osoyishta hayotimiz, olib borayotgan ma’naviy-ma’rifiy ishlarimizda kayfiyatimizga nechog‘li salbiy ta’sir ko‘rsatishi haqida mulohaza yuritaylik.

     Ta’kidlaganimizdek, turli mafkuraviy xurujlar, xususan, terrorchilik harakatlari bilan insoniyat katta qismining ma’naviy qadriyatlari hisoblanmish islom dini o‘rtasida hech qanday umumiylik yo‘q. Terrorning dini, millati, Vatani bo‘lmasligini hech birimiz unutmasligimiz kerak. hozirgi davrda ekstremizmga qarshi ma’naviy, mafkuraviy va g‘oyaviy kurash olib borilmoqda. g‘oyaviy kurash mohiyatini chuqurroq anglamoq uchun islom falsafasi va huquqshunosligi, islom madaniyati va axloqi bilan bog‘liq masalalarni tadqiq etish sotsiologlar, siyosiy sharhlovchilar oldida turgan muhim vazifadir.

      Ushbu fikrlar negizida yoshlarni milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalashdek vazifa mujassamki avvalo ularga yurtimizdan etishib chiqqan allomalar hayoti va faoliyati, kitoblari xususida tushuncha bermoq lozim. Din ulamolari, mutasavvuf olimlarning islom madaniyati rivojiga qo‘shgan hissalari yoshlar ongiga singdirilsa din mohiyatini chuqur anglab etadilar.
     Musulmon xalqlari ijtimoiy, huquqiy, ma’naviy-axloqiy, ma’rifiy hayot tarzining asosiy qo‘llanmasi hisoblangan Qur’oni karimda insonlarning bir-biridan turli millat va dinlarga mansubligi jihatidan farq qilishi tabiiy ekanligi, lekin bu narsa ular o‘rtasidagi adovat, nizo va urushlar uchun sabab bo‘la olmasligi, millatlar va dinlararo tafovut ularning hamkorlik va hamjihatlikda yashashlariga xalaqit bermasligi haqida ko‘pgina oyatlar mavjud. Shuningdek, Qur’onda islomga majburlab kiritish joiz emasligi, dinga da’vat qilish urush, jismoniy jazolash bilan emas, balki chiroyli pand-nasihatlar orqali amalga oshirilishi, musulmonlarning bir-birlari bilan faqat ezgulik yo‘lida hamkorlik va birodarlik qilishi kerakligi ta’kidlanadi: “Axir siz odamlarni mo‘min bo‘lishga majbur qilurmisiz?”, “Ey Muhammad, Parvardigoringizning yo‘li-diniga donolik, hikmat va chiroyli pand-nasihat bilan da’vat qiling”, “Yaxshilik va taqvo yo‘lida hamkorlik qilingiz, gunoh va haddan oshish yo‘lida hamkorlik qilmangiz”. Qur’onda bir begunoh odamni qatl qilish butun jamiyatga, insoniyatga nisbatan qilingan dahshatli bir yovuzlik sifatida qoralanadi.

     Hadislarda keltirilishicha, nohaq odam o‘ldirish, u qaysi dinga mansub bo‘lishidan qat’i nazar, oxiratda Alloh tomonidan kechirib bo‘lmaydigan gunoh hisoblanishi bilan birga, yorug‘ dunyoda odamlar tomonidan ham kechirib bo‘lmaydigan jinoyatdir.
Tasavvuf ta’limotidagi axloqiy qadriyatlar, falsafiy tamoyillar, inson va uning kamoloti haqidagi qarashlar poklik, bag‘rikenglik, vatanparvarlik, bunyodkorlik kabi g‘oyalar bugungi kunda yoshlarimizning dunyoqarashi shakllanishi, axloqiy kamolotida ma’naviy-tarbiyaviy ahamiyatga ega. Milliy qadriyatlarni o‘rganish ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish barobarida mafkuraviy immunitetini mustahkamlaydi.

R.SHODIEV, SamDChTI professori.

M.MELIKOVA, o’qituvchi