Uz Eng Ru Ru
Biz bilan aloqa
 Adobe Flash Player

Iste’dodli, zakovatli va faol

yosh mutaxassislar Vatanimiz ravnaqining tayanchi va suyanchidir

Mustaqillik yillarida Prezidentimiz rahnamoligida boshqa sohalar qatori ta’lim tizimida ham olamshumul yangilanishlar amalga oshirildi. Bu, hyech shubhasiz, istiqlol yillarida hayotga tatbiq etilgan “Ta’lim to’g’risida”gi Qonun hamda Kadrlar tayyorlash milliy dasturida ko’zda tutilgan vazifalarning izchil ijrosi samarasi, desak, yanglishmaymiz.
E’tiborli jihati, ana shu chora-tadbirlar natijasida yurtimizda farzandlarimizga jahon talablari darajasida ta’lim-tarbiya berish, zamonaviy o’qitish uslublarini joriy etish, yangi o’quv muassasalari faoliyatini yo’lga qo’yish, hyech kimdan kam bo’lmaydigan darajada kasb-hunar o’rgatishga erishilmoqda.
Darhaqiqat, bugungi yoshlarning yetuk bilim sohibi, mustaqil fikrli shaxs bo’lib kamol topayotgani mamlakatimizning barqaror taraqqiyotidan dalolat beradi. Zero, shu yilning may oyida Samarqand shahrida o’tkazilgan “O’rta asrlar Sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy merosi, uning zamonaviy sivilizasiya rivojidagi roli va ahamiyati” mavzuidagi xalqaro konferensiyaning ochilish marosimida so’zlagan nutqida Prezidentimiz shunday degan edilar: “Men yoshlarimizga murojaat qilar ekanman, ularga doimo: “Biz buyuk ajdodlarimiz bilan faxrlanishimiz, g’ururlanishimiz kerak”, deb aytaman. Ayni vaqtda “Faqat g’ururlanishning o’zi yetarli emas, kelinglar, o’zimiz ham, xuddi ular kabi, mana shu bebaho merosga o’z hissamizni qo’shaylik!” deb takrorlayman”. Jahon standartlariga mos sharoitlarda ta’lim olib, yetuk mutaxassis bo’lib yetishayotgan iqtidorli yigit-qizlarimizning intilishiyu harakatini, o’z navbatida, mazkur xalqaro konferensiyada qatnashgan mutaxassislar, xorijlik ekspertlar ham alohida e’tirof etishdi.
Ana shunday yuqori salohiyat va bilimga ega yoshlar oliy ta’lim muassasasini tamomlab, katta hayotga uchirma qilinayotganida, ularning Vatan va millat oldidagi yuksak burchni naqadar teran anglashlarini yuz-ko’zlaridan sezish qiyin emas. Suratdagi bu baxtiyor yoshlar joriy yil Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetini magistratura yo’nalishi bo’yicha tamomlab, magistrlik ilmiy darajasiga erishdilar. Shu munosabat bilan bu yerda bitiruvchilarga tantanali diplom topshirish marosimi bo’lib o’tdi.
Tadbirda so’zga chiqqanlar ta’kidlaganidek, bugungi kunda mazkur ta’lim maskanida o’quv, o’quv-uslubiy, ilmiy va ma’naviy-ma’rifiy yo’nalishlarda serqirra faoliyat olib borilmoqda. Buni joriy o’quv yilini tamomlayotgan 194 nafar magistr tomonidan ilmiy risolalar, monografiya va ko’plab ilmiy maqolalar nashr etilgani misolida ham ko’rsa bo’ladi. 
— Shu yurtning farzandi ekanligimdan g’ururlanaman, — deydi mazkur universitet magistratura yo’nalishi bitiruvchisi Eldorjon Shermatov. — Universitetda  ta’lim olib, bilimimni boyitishga,  ilg’or pedagogik uslublarni ta’lim tizimiga tatbiq etishga muvaffaq bo’ldim. 
Mana shunday bilimli va zakovatli yoshlarimiz mamlakatimiz taraqqiyoti yo’lida astoydil xizmat qilib, nurli manzillar sari dadil qadam tashlashda davom etaverishlari, shubhasiz. Zero, ular intellektual salohiyat, ijtimoiy ong, huquqiy tafakkur hamda ma’naviy dunyoqarash bobida hyech kimdan kam bo’lmagan va kam bo’lmaydigan yoshlardir!


Omonulla FAYZIYeV,
«Xalq so’zi» muxbiri