Uz Eng Ru Ru
Biz bilan aloqa
 Adobe Flash Player

Kasbiy malaka, puxta bilim

bitiruvchi qizlarning ish bilan ta’minlanishida muhim omil bo‘lmoqda

Mamlakatimizda voyaga yetayotgan yosh avlodni yuksak salohiyatli, sog‘lom fikr va zamonaviy dunyoqarash egalari qilib tarbiyalash, ularning huquq va manfaatlarini himoyalash hamda har taraflama qo‘llab-quvvatlash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Xususan, 12 yillik majburiy ta’lim joriy qilinib, mazkur jarayonda yoshlar nainki zamon talablari asosida puxta bilim olmoqda, balki o‘z qiziqish va layoqatiga ko‘ra kasb-hunar egallab, mustaqil hayotga dadil qadam qo‘ymoqda.

Ta’kidlash lozimki, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarini bitirgan yigit-qizlarni tegishli mutaxassislik bo‘yicha ish bilan ta’minlash, ularning jamiyat hayotidagi ishtirokini faollashtirishga alohida e’tibor qaratilayotir. Prezidentimizning joriy yil 6-fevralda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori doirasida mazkur sa’y-harakatlar yanada jadal sur’at va keng qamrov kasb etmoqda. 

2013/2014 o‘quv yilida respublikamizdagi 1 ming 34 kasb-hunar kollejini 495 ming 229 nafar o‘quvchi bitirdi. Ularning 243 ming 520 nafarini qizlar tashkil etadi. Aynan bitiruvchi qizlarning tahsildan so‘ng aniq ish joyi va muqim daromad manbaiga ega bo‘lishida joylardagi xotin-qizlar qo‘mitalari ham yaqindan ko‘maklashayapti. Poytaxtimizda O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan keng jamoatchilik ishtirokida o‘tkazilgan tadbir ayni shu masalaga bag‘ishlandi.

Unda qayd etilganidek, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tashabbusi bilan joriy yilda kollejlarni bitirgan qizlarni ish bilan ta’minlash bo‘yicha joylarda 1 ming 700 ga yaqin shtablar tashkil etildi. Hozirgi kunda kollejni bitirgan qizlarning 139 ming 488 nafari korxona va tashkilotlarda ishga joylashib, mehnat faoliyatini boshlaganlar. Bitiruvchi qizlarning bir qismi o‘qishni davom ettirish istagida yurtimizdagi oliy o‘quv yurtlariga hujjat topshirgan bo‘lsa, yana bir qismini ishga joylashtirish yuzasidan jamoatchilik shtablarining ishchi guruh a’zolari muayyan choralar ko‘rayotir.

O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarini bitirgan qizlar kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka jalb qilinayotgani ham ular o‘rtasida bandlik darajasini oshirishda salmoqli o‘rin tutmoqda.
— Qo‘mitamizning quyi tizimlari olib borgan o‘rganishlar bu yilgi kollej bitiruvchilari orasida 7 ming nafardan ziyod qizlar o‘z biznesini yo‘lga qo‘yib, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagida ekanini ko‘rsatmoqda, — deydi O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi rais o‘rinbosari Gulnora Marufova. — Bu qizlarga ko‘maklashish maqsadida respublikamizdagi tijorat banklari tomonidan 45 milliard so‘m miqdorida kredit berilishi tashkillashtirildi va mazkur jarayon davom etayapti. Bundan tashqari, “Tadbirkor ayol” uyushmasi bilan hamkorlikda viloyatlar bo‘yicha 500 nafar bitiruvchi qizlar ishbilarmonlik ko‘nikmalarini oshirishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda. Kollejdagi tahsildan so‘ng qizlarni o‘quv markazlariga yo‘naltirish, ushbu markazlarda imtiyozli tarzda hunar o‘rganishi yoki chet tillarini puxta o‘zlashtirishini rag‘batlantirish ham doimiy nazoratimizda turibdi.
— Kollejda o‘qib yurgan chog‘imda o‘zimning tikuv sexim bo‘lishini niyat qilardim, — deydi Yangiyo‘l tumanidagi xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kollejini bitirgan Shohida Farxudinova. — Biznes loyihamni amalga oshirishimda bank ajratgan 5 million so‘m miqdoridagi imtiyozli kredit katta madad bo‘ldi. Uchta zamonaviy tikuv mashinasini sotib olib, buyurtma asosida tikuvchilik mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etdim. O‘zimga tengdosh ikki chevar qiz bilan mehnat shartnomasi tuzdim.

Muxtasar aytganda, kasb-hunar kollejlarini bitirgan qizlarning bandlik darajasini oshirishda e’tirofga loyiq natijalar qo‘lga kiritilmoqda. Shu bilan birga, kollej bitiruvchisi, ta’lim muassasasi va ish beruvchi o‘rtasida tuziladigan uch tomonlama shartnomalarning ijrosini to‘liq ta’minlash, yakka tartibdagi tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan bitiruvchi qizlarni yanada qo‘llab-quvvatlash dolzarb ahamiyat kasb etayotir. 

Tadbirda shular xususida atroflicha so‘z yuritildi va uning doirasida Toshkent shahrida yashovchi 400 nafarga yaqin bitiruvchi qizlarga poytaxt o‘quv markazlarida imtiyozli saboq olish imkonini beruvchi sertifikatlar topshirildi.

F. MAHKAMOVA.

 

 Xalq so`zi       2014-yil 4-sentabr,         №171(6101)       www.xs.uz