Uz Eng Ru Ru
Biz bilan aloqa
 Adobe Flash Player

Yilning eng yaxshi kitobi

kitoblar

Kitobni qadrlaydigan, uni sevib mutolaa qiladiganlar oramizda juda ko’p. Bugungi globallashuv zamonida ham kitob o’z qadr va qimmatini yo’qotmagan.

Hozir chop etilayotgan yangi avlod kitoblari ham ko’rinishi, ham dizayni, qog’oz va muqovalarining sifati, chop etish texnikalarining mukammalligi bilan o’tmishdoshlaridan mutlaqo farq qiladi. Bu sa’y-harakatlarda, tabiiyki, mamlakatimizdagi mavjud nashriyot uylari, noshirlar, muharrirlardan tortib, texnik xodimlargacha bo’lgan jamoaning fidokorona mehnati mujassam.

Shu bois ham O’zbekiston Matbuot va axborot agentligi tomonidan  bir necha yildan buyon “Yilning eng yaxshi kitobi” Respublika tanlovi o’tkazib kelinmoqda. Yurtimizda oltinchi bor tashkil etilayotgan ushbu tanlov respublika nashriyotlarining ijodiy salohiyatini yuksaltirish, ularning o’zaro hamkorligini kengaytirish, sohada erishilgan yutuqlarni ommalashtirish, noshirlar, muharrirlar va texnik muharrirlar, musahhih, rassom-dizaynerlar, matbaachilarni rag’batlantirish, aholining barcha qatlami, xususan, yoshlar o’rtasida kitobxonlik madaniyatini keng targ’ib qilishi bilan yanada ahamiyatlidir.

Mamlakatimiz mustaqilligining 23 yilligiga bag’ishlab o’tkazilayotgan bu galgi tanlovda ishtirok etish istagida bo’lgan nashriyotlar avgust — oktyabr oylari davomida ijtimoiy-siyosiy adabiyot, Vatan tarixi, o’zbek va jahon mumtoz adabiyoti, bolalar va o’smirlar adabiyoti singari yo’nalishlarda o’z mahsulotlarini namoyish etadilar.  “Yilning eng yaxshi kitobi”ni saralashda asarning mazmun-mohiyati, tahririy noshirlik darajasi, dizaynining original yechimi, matbaa ijrosining sifati, nashrning ommabopligi va ijtimoiy ahamiyatliligi inobatga olinadi. 
Tanlovda nashrlar barcha nominasiyalar bo’yicha bir necha nomdagi kitob mahsulotlari bilan ishtirok etishlari mumkin. “Yilning eng yaxshi kitobi” VI Respublika ko’rik-tanlovi g’oliblari joriy yilning noyabr oyida bo’lib o’tadigan “O’zbekiston matbuoti”

IV Milliy ko’rgazmasi tadbirlari doirasida e’lon qilinadi.

Mavjuda XOLMATOVA.

XALQ SO’ZI     2014 yil 15 avgust, № 157(6087)   
www.xs.uz