Uz Eng Ru Ru
Biz bilan aloqa
 Adobe Flash Player

Matbuot anjumani

Viloyat Matbuot uyida Prezidentimizning 2014 yil 6 fevraldagi “O’zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatiniamalga oshirishga qaratilgan qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi Qarori ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar tahliliga bag’ishlangan matbuot anjumani o’tkazildi. 

Tadbirda viloyat hokimining o’rinbosari Sh.Qulmatov davlatimiz rahbari qarori bilan tasdiqlangan dasturda ko’zda tutilgan vazifalarning viloyatdagi ijrosi haqida ma’lumot berdi.

Ta’kidlandiki, respublika dasturi asosida 7 bo’lim, 74 banddan iborat viloyat dasturi tasdiqlanib, unda belgilangan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, O’zbekiston Respublikasining “O’zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari to’g’risida”gi Qonuni loyihasini tayyorlash bo’yicha takliflar ishlab chiqildi. Yoshlarni davlat hokimiyati organlari tizimi va faoliyati bilan yaqindan tanishtirish maqsadida viloyat, shahar va tumanlar hokimliklari, boshqarma va idoralarda yoshlar bilan uchrashuvlar o’tkazildi.

Dasturga ko’ra, ayni paytda Pastdarg’om, Jomboy va Ishtixon tumanlarida yoshlar uchun “Kamolot” uylari qurilmoqda. Yoshlar o’rtasida “Huquq bilimdonlari”, “Siz qonunni bilasizmi?”, “Tafakkur sinovlari” kabi tanlovlar, “Shunqorlar”, “Yosh chegarachi” harbiy-sport musobaqalari o’tkazildi. Viloyatning barcha hududlarida fan, ta’lim, madaniyat, san’at, sport va boshqa sohalarning taniqli vakillarini keng jalb qilgan holda yoshlarning bo’sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ularni Vatanimizning sodiq farzandlari etib tarbiyalash maqsadida “Biz buyuk yurt farzandlarimiz!”, “Yagonasan, muqaddas Vatanim, sevgi va sadoqatim senga baxshida, go’zal O’zbekistonim!”, “Birlashib – katta kuchmiz!” shiorlari ostida yoshlar festivallari bo’lib o’tdi.

Yosh avlod bilimlarini yanada mustahkamlash, ularni jamoat ishlariga ko’proq jalb etish, tarixiy-ma’naviy merosimizga hurmat ruhida tarbiyalash, bo’sh vaqtlarini foydali va mazmunli tashkil etish maqsadida viloyatdagi oliy o’quv yurtlari talabalari o’rtasida “Quvnoq va zukko talabalar” ko’rik-tanlovi o’tkazilmoqda.

Anjuman davomida jurnalistlar o’zlarini qiziqtirgan ko’plab savollariga javoblar oldilar.

http://samarkand.uz/news/matbuot-anjumani-2014