Uz Eng Ru Ru
Biz bilan aloqa
 Adobe Flash Player

Musaffo muhit -yosh avlod barkamolligi asosi

Mamlakatimizda aholining sog’lom atrof-muhitda, aslidek asralgan tabiat bilan uyg’unlikda yashash huquqini kafolatlash maqsadida e’tiborli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish mexanizmlarini ishlab chiqish uchun Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti bilan faol hamkorlik yo’lga qo’yildi, bu yo’nalishda o’nlab muhim konvensiyalar ratifikasiya qilindi. Ekologik taraqqiyotning xalqaro, mintaqaviy muammolarini hal etish uchun barqaror rivojlanish Konsepsiyasi va Milliy Strategiyasi, atrof-muhitni, aholi salomatligini muhofaza qilish, biologik xilma-xillikni saqlash, cho’llanishga qarshi kurash, ozon qatlamini yemiruvchi moddalardan foydalanishni to’xtatish, parnik gazlari emissiyasini kamaytirish maqsadida qator qonunlar qabul qilindi.

Prezidentimiz yurtimizda ekologik muhitni yanada yaxshilash maqsadida "Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish Konsepsiyasi"da bir qator tashabbuslarni ilgari surdi. Xususan, tabiat musaffoligi, atrof-muhit muhofazasi borasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Ekoharakat deputatlar guruhi oldiga muayyan vazifalarni qo’ydi. Bu vazifalardan asosiysi – bugungi ekologik vaziyat barqarorligini to’la ta’minlash uchun qonun ijodkorligida ham uzoqni ko’zlagan, kelajak avlod manfaatlaridan kelib chiqib barqaror qonunlarni qabul qilishdir.

Ushbu talabdan kelib chiqib, Ekoharakat deputatlar guruhi 2011-2013 yillar davomida mamlakatimizning amaldagi ekologik qonunchiligini yanada takomillashtirish va rivojlantirish borasida harakat dasturlarini tuzib uni amalga oshirib kelmoqda. «Sog’lom muhit – inson salomatligi» shiori ostida qonun ijodkorligi borasida izlanishlar, yaratuvchanlik ishlarini olib borayotir. O’tgan yillar davomida O’zbekiston Respublikasining "O’simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to’g’risida"gi (yangi tahrirdagi), "Davlat sanitariya nazorati to’g’risida"gi, "¥ayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to’g’risida"gi, "Chiqindilar to’g’risida"gi, "Atmosfera havosini muhofaza qilish to’g’risida"gi qonunlariga va boshqa qator qonun hujjatlariga o’zgartish va qo’shimchalar kiritilganini bunga misol qilishimiz mumkin

Ekoharakat deputatlar guruhi tomonidan ishlab chiqilgan O’zbekiston Respublikasining "Ekologik nazorat to’g’risida"gi qonun loyihasi esa o’tgan yilning 12 dekabrida Oliy Majlis Senatida ma’qullandi va 27 dekabrda respublikamiz Prezidenti tomonidan imzolanib, amaliyotga joriy etildi. Shu bilan birga, o’tgan yili Ekoharakat deputatlari guruhi tomonidan 2 ta yangi qonun loyihasi va 7 ta qonun hujjatlariga o’zgartish va qo’shimchalar kiritish to’g’risidagi qonun loyihalari ustida ish olib borildi. Bu qonunlarning tag zaminida esa shubhasiz, atrof-muhit musaffoligini ta’minlash, kelajak avlodga sog’lom ekologiyani qoldirish qaratilgan.

Sog’lom ekologiyani jamiyatga, oilaga xizmat qildirish uchun avvalo, atrof-muhitni sog’lomlashtirish talab etiladi. Shunday ekan, ekologiyani muhofaza qilish masalalarini yanada chuqurroq o’rganish, ularning yechimini topish va ushbu natijalardan xulosa chiqargan holda qonunlar yaratishda oldimizga yanada mas’uliyatli vazifalar qo’yilgan. Biz qonunchilik yaratish ishiga buni chuqur his etgan holda yondashyapmiz. Zero, mamlakatimiz Prezidentining «Agar biz farzandlarimiz sog’lom bo’lishini istasak, bizga sog’lom ekologiya kerak», degan fikrlari nafaqat Ekoharakatdan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylangan deputatlar uchun, balki Ekoharakatning barcha faollari uchun ham dasturulamal bo’lib xizmat qilmoqda.

Shu o’rinda ta’kidlash lozimki, Yurtboshimiz tomonidan yosh avlod salomatligi, kelajagi va tarbiyasi borasida ishlarimizni izchil davom ettirish va yuksak bosqichga ko’tarish maqsadida 2014 yil "Sog’lom bola yili" deb e’lon qilindi. Bu so’zsiz mamlakatimizda onalik va bolalikni himoya qilish, oilalarda sog’lom muhitni kuchaytirish, ularning iqtisodiy va ma’naviy asoslarini mustahkamlash kabi masalalar hal etishga qaratilganligi bilan muhimdir. Biz fuqarolarimizning hozirgi va kelgusi avlodi qulay atrof tabiiy muhit sharoitida yashashi, aholi salomatligini yaxshilash, tabiiy resurslarning barcha majmuini muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish huquqlarini so’zsiz ta’minlashga qaratilgan huquqiy asoslarni yaratishda bor kuch va salohiyatimizni ishga solamiz. Qabul qilajak qonunlarda aholi o’rtasida tibbiy va ekologik madaniyatni oshirish, maktab va maktabgacha ta’lim muassasalarida inson tabiat bilan uyg’un yashashi lozimligini tushuntirish hamda bolalar sportini rivojlantirish bilan bog’liq huquqiy asoslarni yaratish belgilangan.

 

Xudoyberdi AZZAMOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Ekoharakat deputatlar guruhi a’zosi

"Zarafshon" gazetasi 2014-yil 30-yanvar №13