Uz Eng Ru Ru
Biz bilan aloqa
 Adobe Flash Player

Navoiyning do'stlari

www.uzbekistonovozi.uz    20.04.2013 yil

 NAVOIYNING DO‘STLARI

navo

 Alisher Navoiy do‘stlikni nihoyatda qadrlagan. Do‘st, uning nazdida, birinchi navbatda suyanchiq, mehribon ustoz, samimiy maslahatchi va jonkuyar hamdarddir.

Navoiy asarlarida sodiq  do‘stlar haqidagi naql va rivoyatlar, do‘stlikni ulug‘lovchi o‘rinlar ko‘plab uchraydi. Ularda inson insonni yaxshi ko‘rishi, uni ardoqlashi zarur degan g‘oya ilgari suriladi. «Kimki insondur aning mahbu­bi ham inson kerak» deydi Navoiy bir o‘rinda.

Navoiy do‘stlik kabi bebaho ne’matni asrab-avaylashga chaqiradi. Uning Abdurahmon Jomiy, Sayyid Hasan Ardasher va Pahlavon Muhammadga bag‘ishlab yozgan asarlari shunchaki xotiralar majmui emas, balki ularda do‘stlik atalmish oliy qadriyatning mazmun-mohiyatini ochib berish, insonlarni uni qadrlashga da’vat qilish maqsadi yotadi.

Navoiy o‘z do‘stlari haqida yozganda ularni yuksak ehtirom bilan vasf etadi. Abdurahmon Jomiy Navoiyga ustoz maqomida bo‘lgan do‘st edi. Uning dahosi qarshisida Navoiy tiz cho‘kadi. Uni tariqat elining imomi, mujtahid olim, shayx ul-islom deya ulug‘laydi. Ularning do‘stligi shu qadar buyuk, musaffo, samimiy ediki, uni ta’riflashga so‘z ojizdir. Ularning yaqinligi shu darajada ediki, dunyoqarashlari, fikr-mulohazalari, intilish va o‘y-xayollari bir xil bo‘lib ketgandi.

Navoiy do‘stlaridan ko‘pdan ko‘p ezgu fazilatlarni o‘zlashtirdi, o‘z hayotida ulardan ­ibrat oldi. Navoiyga ustoz maqomidagi zotlardan yana biri Sayyid Hasan Ardasherdir. ­Navoiy o‘zining «Holoti Say­yid Hasan Ardasher» asarida bu insonning ibratli fazilatlariga qayta-qayta to‘xtaladi.

Ma’lumki, Sayyid Hasan Navoiydan yosh jihatidan ancha ulug‘ bo‘lgan. U Boysung‘ur Mirzoning o‘g‘illari Alouddavla, Sulton Muhammad, Abulqosim Boburlar birin-ketin taxtga o‘tirgan yillar hamisha ularning hamsuhbati bo‘lgan ulug‘ alloma edi.

U o‘zining oddiyligi, kamsuqumligi va xushmuomalaligi bilan katta-yu kichikning mehrini qozongandi. Juda ko‘p yoshlar suhbat qurish uchun uning uyiga borishga ishtiyoqmand bo‘lganlar. Navoiyning yozishicha, har kim uning uyiga kelar bo‘lsa, «bizga lutf qilib kulbamizga qadam ranjida qilsangiz, biz sizning xizmatingizda bo‘lurmiz» deb kattalarga qanday hurmat ko‘rsatsa, yoshlarga ham shunday muro­jaat qilar ekan.

Sayyid Hasan shunday inson ediki, deydi Navoiy, ipak bilan namat o‘rtasida tafovut ko‘rmaydigan darajada nafsini mahkam jilovlagan edi. Har qancha iztirob yuzlanmasin, sabr bilan yengardi, dey­di. Sayyid Hasan Ardasher ­Navoiyni farzandim deb alqashini shoir faxr bilan ta’kidlaydi.

Sayyid Hasan Ardasher mansabparastlikni nihoyatda qoralagan. U aytadi: «Mansabparastlik mastlik kabidir. Ammo u chog‘ir mastligidan farq qiladi.Chog‘ir ichib mast bo‘lgan kishi qilgan ishi va so‘zini nazorat qila olmaydi. Oqibatda odamlarga ozor berishi, noto‘g‘ri xatti-harakatlar qilib qo‘yishi mumkin. Sarxush bo‘lgandan keyin o‘z ishidan pushaymon qiladi. Ammo bunday sarxushlik bir kun davom etadi. Mansab ­mastligi esa toki inson mansabdor ekan davom etadi. Inson mansabda bo‘lgach, o‘zini idora qilsa yaxshi, ammo oyog‘i yerdan uzilib, nafsga berilsa, ko‘p xatoliklar qiladi».

Ma’lumki, Navoiy ulug‘ mansablarni egallaganda ham hamisha davlat va xalq manfaatini birinchi o‘ringa qo‘ygan. O‘z vazifasini halol bajargan. Sayyid Hasan Ardasher aytar ekan: «toshqozon va la’l tosh har ikkalasi toshdir. Toshqozonda lazzatli taomlar pishiriladi va undan odamlarga naf bordir. La’l esa qimmatbaho bo‘lgani bilan undan odamlarga faqat zarar yetadi. Agar xalq­qa manfaati bo‘lmasa, unday qimmatbaho toshdan ne naf».

Sayyid Hasanning o‘gitlari Navoiy uchun hayotiy saboq bo‘lganiga shubha yo‘q. Pahlavon Muhammad Navoiyning yoshligidan birga o‘sib ulg‘aygan do‘stlaridan biridir. Navoiy uni qirq yillik qadrdonim, «mahrami sirri nihoniy» deydi.

Bundan chiqadiki, ularning o‘rtasida yashirin sir bo‘lmagan. Pahlavon Muhammad o‘zi kurashlarda kuragi yerga tegmagan mashhur pahlavon bo‘lish bilan birga, musiqa ilmida zamonasining mashhurlaridan, tibbiyot, she’riyat, falsafani chuqur tushungan. Xotirasi juda o‘tkir, yaxshigina ­Qur’on hofizi bo‘lgan.

Pahlavon Muhammad ­Navoiyni juda e’zozlagan. Hamisha hamdard bo‘lish, yaxshi-yomon kunlarida yonida bo‘lishga harakat qilgan. ­Navoiy qayd etishicha, ­yigitlik ayyomida davr va zamon balolari boshiga yog‘ilib, Mashhadga borganda og‘ir xastalikka chalinadi. Tabib uni muolajaga buyuradi. Bu ishni pahlavon o‘z zimmasiga oladi.

Shunday muolaja paytida Pahlavon Navoiyning cho‘ntagida qog‘oz borligini ko‘rib qoladi. Asta olib qarasa, yangi yozilgan yetti baytli g‘azal ekan. Yoniga qo‘yib darhol yodlab oladi. So‘ng bilintirmay shoirning cho‘ntagiga qaytadan solib qo‘yadi.

Muolajadan so‘ng o‘rtada suhbat boshlanadi. Pahlavon deydi: Sen o‘z she’rlaring bilan ancha mash­hur bo‘lib qolding, she’r farq­lashga tajribang yetadi, ayt­chi, turkigo‘y shoirlarning qaysi birini afzal bilasan, desa Navoiy Lutfiyni ko‘rsatadi. Pahlavon e’tiroz bildirib, nega Sayid ­Nasimiy turganda Lutfiyni ma’qul ko‘rasan, deydi. ­Navoiy Nasimiy botiniy ma’nodagi she’r­lar yozadi, sening so‘rashingdan maqsad zohiriy ma’nodagi yozuvchi shoir emasmidi, deydi.

Pahlavon Nasimiyning she’r­lari botiniy bo‘lsa ham, zohiriy talqin qilish mumkin deya, mana bu she’rini eshit deydi va Navoiyning yangi yozilgan she’rini o‘qib beradi. Navoiy hayron bo‘ladi va cho‘ntagiga qo‘lini solib ko‘rsa, qog‘oz turibdi. Bu she’rni qachondan beri bilasan, desa Pahlavon 12 yil oldin Abul­qosim Boburning bir o‘tirishida shu she’r o‘qilgandi, menga yoqib qolib yodlab olgandim, deydi. Navoiy battar taajjublandi.

Pahlavon ertalab kelganda, Navoiy yana o‘sha she’r haqida so‘z ochib, haqiqatan ham o‘sha paytda shu she’rni eshitganmi-yo‘qmi, bilishga qiziqaveribdi. Shunda Pahlavon o‘sha paytlarda men bilan birga bo‘lgan boshqa polvonlar ham o‘sha she’rni yodlab olgandilar, deb o‘zi bilan olib kelgan 3-4 kurashchidan ham o‘sha she’rni o‘qib berishlarini so‘rabdi. Ular ham uning fikrini ma’qullab, g‘azalni birin-ketin o‘qib berishibdi. Navoiy g‘oyatda ajablanibdi. Xullas, ma’lum bo‘lishicha, Pahlavon o‘sha she’r­­ni boshqa kurashchilarga ham yod oldirib kelgan ekan.

Pahlavon Muhammad do‘stining ruhan ezilayotganini ko‘rib, uning biroz chalg‘ishi, dardini unutishi uchun shu usulni o‘ylab topganligini Navoiy o‘ziga xos minnatdorlik va zavq bilan eslaydi.

Do‘st sadoqati, vafosi, mushfiqu hamdamligi insonga og‘ir qiyinchiliklarni mardonavor yengib o‘tishda yordam beruvchi ulkan quvvat. Navoiy ana shunday manbani do‘sti Pahlavon Muhammadda ko‘radi.

Shuhrat SIROJIDDINOV,

filologiya fanlari doktori, professor.