Uz Eng Ru Ru
Biz bilan aloqa
 Adobe Flash Player

Navro’zi olam xorijiy mamlakatlar vakillari nigohida

Alisher Navoiy nomidagi O’zbekiston Milliy bog’ida Navro’z bayrami munosabati bilan bo’lib o’tgan tantanali tadbirda Toshkentda akkreditasiyadan o’tgan xalqaro tashkilotlar hamda diplomatiya missiyalarining rahbarlari va vakillari ham ishtirok etdi.

Ular bayram shodiyonasidan orttirgan taassurotlarini hamda ushbu bahor ayyomi haqidagi o’z fikr-mulohazalarini “Jahon” axborot agentligi muxbirlari bilan o’rtoqlashdi.

Mariann Pshezdzeski, 
Polshaning O’zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi:
— Navro’z quvonchbaxsh bayramdir. U orziqib kutilgan quyosh taftining, yangicha g’ayrat-shijoat va ko’klam ibtidosining ramzi sanaladi. Mazkur ayyom inson qalbini yangidan-yangi niyatlarga va bunyodkorlik zavq-shavqiga to’ldiradi. Bahor kirib kelishini kutib olishning betakror tantanasi bo’lmish Navro’z bir-birimizga ezgu niyatlar bildirishimiz uchun ham ajoyib imkoniyat hisoblanadi. 
Men Navro’zni to’rtinchi marotaba Toshkentda nishonlamoqdaman. Afsuski, joriy yil so’nggida mening O’zbekistondagi missiyam nihoyasiga yetadi. Biroq umrimning oxirigacha O’zbekistonda o’tkazgan ajoyib damlarimni yodimda saqlab qolaman.
O’zbekiston xalqiga o’zimning ezgu tilaklarimni izhor etaman. Barcha orzu-istaklaringiz amalga oshsin, hayotingiz bundan-da yorug’ va saodatli bo’lsin! Uylaringizda har doim shodu xurramlik, tinchlik va osoyishtalik hukm sursin. Navro’z bayramingiz muborak!

Riaz Hussain Buxari, 
Pokistonning O’zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi: 
— Fursatdan foydalanib, butun O’zbekiston ahlini bahor ayyomi — Navro’z bilan tabriklayman.
Ushbu yorqin bayram Pokistonda ham keng nishonlanadi, u “Jashne Bahar” deb ataladi. Bu mamlakatlarimiz xalqlarining an’analari, tarixi va madaniyati mushtarak ekanligidan dalolat beradi. 
Butun O’zbekiston bo’ylab kezayotgan Navro’z shukuhi millat birdamligining, ushbu zaminda istiqomat qilayotgan turli millat va elatlar vakillari o’rtasidagi mustahkam do’stlikning tantanasi hamdir. 
Barcha pokistonliklar nomidan do’st O’zbekiston xalqini kirib kelgan ko’klam bayrami — Navro’z bilan yana bir bor tabriklayman. Sizlarga farovonlik, tinchlik-osoyishtalik va hamjihatlik, taraqqiyot hamda ravnaq tilayman. 
Do’stona munosabatlarimiz kelgusida yanada rivoj topib, mustahkamlanishiga ishonchim komil.

Balqar Muhammad Nur Yusef,
Iordaniya Hoshimiylar Qirolligining O’zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi:
— Navro’zga bag’ishlangan tantanalarni kuzatar ekanman, tadbirning rang-barangligi va ko’lami, o’zbek milliy liboslarining chiroyi, ishtirokchilar chehrasidagi samimiyat hamda quvonch meni hayratlantirdi. 
Prezident Islom Karimovning juda mazmundor bayram tabrigini katta mamnuniyat bilan tingladim. Davlatingiz rahbarining tashabbuslari har doim va hamma joyda, xususan, O’zbekistondan tashqarida ham to’la tushuniladi va qo’llab-quvvatlanadi. 
Ushbu ming yillik quvonchli bayramni sizlar bilan birga nishonlaganimdan baxtiyorman. O’zbek xalqini Navro’z bilan tabriklayman, mamlakatingizga katta muvaffaqiyatlar hamda farovonlik tilayman. 

Ondrey Shimek,
Yevropa Ittifoqining O’zbekiston Respublikasidagi delegasiyasi Siyosat, matbuot va axborot masalalari bo’yicha bo’limi rahbari:
— Ushbu chinakam go’zal va muhim bayramda ishtirok etganimdan mamnunman. Fursatdan foydalanib, barcha o’zbekistonliklarni, mamlakat mehmonlarini hamda diplomatiya korpusidagi hamkasblarimni bayram bilan qutlayman, ularga muvaffaqiyatlar, sog’lik-salomatlik va albatta, ezgu tilaklarni izhor etaman. 
Biz tinchlik, ezgulik va hamjihatlik g’oyalarini o’zida mujassamlashtirgan ajoyib tantananing guvohi bo’ldik. Tadbirda so’zga chiqqan O’zbekiston Respublikasi Prezidenti yoshlarning barkamol bo’lib tarbiyalanishi va ularning yutuqlari hamda yosh avlod vakillarining mamlakat kelajagida tutadigan muhim ahamiyati xususida alohida to’xtaldi. Yevropa Ittifoqi ta’lim, madaniy taraqqiyot, mamlakatlar va xalqlar, shu jumladan, yoshlar o’rtasidagi aloqalarni rivojlantirish kabi sohalardagi tashabbuslarni doimo qo’llab-quvvatlab kelgan. 
Biz “Erazmus” va “Tempus” ta’lim dasturlari doirasida O’zbekiston bilan hamkorlik qilmoqdamiz. Xususan, har yili O’zbekistonda Yevropa ta’limi kunlarini nishonlaymiz. Joriy yilda loyihalar mustahkamlandi, ularni moliyalashtirish hajmi oshdi. Bu esa, shubhasiz, ko’plab oliy o’quv yurtlarining mazkur loyihalarda ishtirok etish imkoniyatini kengaytirdi.

«Jahon» AA

"Xalq so'zi" gazetasi 2014 yil 27 mart №59