Uz Eng Ru Ru
Biz bilan aloqa
 Adobe Flash Player

Oilada ma’naviy tarbiya allomalarimiz ijodida

Oila muhitining barkamol avlod va komil insonni tarbiyalashdagi roli klassik va hozirgi zamon falsafiy tafakkur taraqqiyotida muhim o’rinni egallab turibdi. Mazkur masala bo’yicha jahon falsafasida g’oyat muhim va ibratli fikrlar mavjud bo’lgan. Turkiy xalqlarning mushtarak yodgorligi «Avesto», «Orxun Enasoy-bitiklari»da, shuningdek, Aflotun, Arastu, Konfusiy, Forobiy, Ibn Sino, Beruniy, Yusuf Xos Xojib asarlarida o’ziga xos fikr-mulohazalar bildirgani diqqatga sazovordir. 

«Avesto»da zardushtiylikning oltin qoidalaridan biri - oila muqaddas sanalgani bois, boshqa ayrim sabablarga ko’ra, masalan, ig’vo, tuhmat, er-xotinning o’zaro kelishmovchiligi, ota-ona bilan murosa-madora qila olmaslik kabi bahonalar bilan nikohning bekor qilinishiga yo’l qo’yilmagan.

Ajdodlarimiz tomonidan yozib qoldirilgan «Irq bitigi»da «Ayol kishi kosa-piyolalarini tashlab kayerga boraman, der, yana qaytib keldi, kosa-piyolalarini sog’salomat topdi, u sevinib, xursand bo’lar, der, shunday bilinglar: yaxshidir bu», deb yozilishida ramziy ma’no mavjud bo’lib, keltirilgan lavhalarda oila xayotining turli manzaralari, baxt va baxtsizlik tushunchalari tahlil etiladi. Garchi ba’zi manzaralar oddiy, sodda tuyulsada ularda qadimgi davr odamlarining oila muhitidagi ma’naviy axloqiy tamoyillari aks etadi. Kosa-piyolalar ayol kishining taqdiri, ro’zg’ori, oilasi ramzi, binobarin ushbu parchada odamlar, xususan, ayollarni sabr-toqatli bo’lishiga da’vat qilinmoqda.

Forobiyning falsafasiga ko’ra, inson jamoalari va jamiyat kishilarning yashashi va kamolotga erishishi uchun zarur bo’lgan moddiy, ma’naviy ehtiyojlarini qondirish uchun intilishlari natijasida kelib chiqqan. Bino­barin, inson yakka xolda xech qachon tom ma’noda baxtli bo’lolmaydi: «Har bir inson o’z tabiati bilan shunday tuzilganki, u yashash va oliy darajadagi yetuklikka erishmoq uchun ko’p narsalarga muhtoj bo’ladi, u bir o’zi bunday narsalarni qo’lga kirita olmaydi, ularga ega bo’lish uchun insonlar jamoasiga ehtiyoj tug’iladi»,

Komil insonni shakllantirishda ta’lim  va tarbiyaning roli, oilada axloqiy madaniyatni takomillashtirish masalalari ilmiy-nazariy ta’limotlardagina emas, balki falsafiy di­daktik va badiiy asarlarda ham keng talqin qilindi. Jumladan, Yusuf  Xos Xojibning «Qutadg’u-bilig» asarida Oyto’ldi o’gli O’gdulmishga bir kator nasixatlar beradi.

- Mening yagona tashvishim, - deydi u, - sening keyingi xayotingdir. Otaning ish-amali o’gliga singsa, uning xulqida jilvalanadi. Bolani tergab-nazorat qilish ota-ona yuzining yorug’ligini ta’minlaydi. Nazoratdan tashqaridagi bola bebosh va yaramaslik sari og’adi. Erka bo’lib o’sgan o’gil-qizlar hatti-xarakati ota-onaga mung va alam keltiradi. Bundan xulosa qilib shuni aytish mumkinki, ota-onaning burchi avvalo farzandga ta’lim-tarbiya berish va barkamol bo’lib usishi uchun sharoit va imkoniyat yaratib berishdir.

Sog’lom avlod mamlakat kelajagini ta’minlovchi asosiy omil ekanini yaxshi anglagan Amir Temur raiyatining tinch-osuda xayot kechirishini, xonadonlarning daxlsizligini, yangi barpo bo’layotgan oilaning har jixatdan benuqson va poklik asosiga qurilishini davlat ahamiyatiga molik masala deb qaragan.

Navoiy farzandning ota-ona oldidagi burchini «majburiyat» deb atash muhimroq deb hisoblagan. Uning fikricha, farzand ota-ona hurmatini joyiga qo’yishi, ular xizmatini qilishni farzandlik vazifasi deb bilishi, agar ota-onadan xato o’tsa, hatto uni fazilat o’rnida qabul qilishi lozim.

Jamiyatning ma’naviy qiyofasi oilalarning qandayligiga bog’likligi jadidchilik namoyandalari Maxmudxo’ja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Abdurauf Fitrat, Abdulla Qodiriylarning fikricha, agar oilada sog’lom turmush tarzi ustivor bo’lib, farzand har ji­xatdan to’g’ri tarbiya topgan bo’lsa, u shubhasiz o’zidagi ijobiy fazilatlarni xizmat jarayoniga kuchiradi, ijtimoiy mehnat faoliyatida qo’llaydi, natijada jamiyatdagi barcha munosabatlarga ta’sir o’tkazadi. Maxmudxo’ja Behbudiyning «Oyina» jurnalida chop etilgan «Sag’irlar haqinda», «Xifzi sixati oila» («Oila sogligining ximoyasi»), Abdusalom Azimiyning «Ta’lim va tarbiya», Ibratning «Millatni kim isloh etar?», Fitratning «Buxoro xukumatining islohkorona qadamlari», Mirmuhsinning «Ahvoli zorimiz» kabi maqolalari oila tarbiyasiga oid muhim muammolarni ko’tarib chiqqanini ta’kidlash zarur.

Fitratning 1916 yilda e’lon qilgan «Oila» asarida ushbu g’oya o’z ifodasini topdi. Fitrat nuqtai nazariga ko’ra, farzandning har jihatdan to’laqonli inson bo’lib shakllanishi uchun unga jismoniy, aqliy va ma’naviy yo’nalishlarda ko’p tarkibli tarbiya berish lozim bo’ladi. Fitrat bu o’rinda yuqoridagilar bilan kifoyalanmay, bola ruhi ham tarbiyalanishga muxtoj ekanligini uqtiradi: «Odamning fe’l va xarakatini bir yaxshi shakl va mazmunga keltirish uchun ruhini tarbiyalash lozim. Bolalarni o’ziga ishongan, kuchli, topqir, chaqqon va aqlli qilib tar­biyalash uchun o’z qadr-qimmati, shaxsini hurmat qilish ruhini tarbiya qilmoklikni, shu bilan birga, yon atrofdagi odamlar bilan hisoblashishni o’rgatmoq kerak. Bolalarni shunday tarbiya etmok lozimki, baxtga bo’lgan intilishlari hech qachon xazon b o’lmasin, sinma sin, balki k o’karsin».

Xusniddin NORKULOV, pedagogika fanlari nomzodi.

"Zarafshon" gazetasi 2014-yil 19-iyun №74