Uz Eng Ru Ru
Biz bilan aloqa
 Adobe Flash Player

Samarqand – yuksak turizm salohiyatiga ega shahar

Samarqand shahrida 2-3 oktyabr kunlari BMT Jahon sayyohlik tashkiloti Ijroiya kengashining 99- sessiyasi bo’lib o’tadi.

Kecha mazkur xalqaro forumda ishtirok etish uchun BMT Jahon sayyohlik tashkilotiga a’zo davlatlar vakillari, AQSh, Buyuk Britaniya, Ispaniya, Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya, Hindiston, Gresiya, Misr, Turkiya, Isroil, Indoneziya, Singapur, Tailand kabi o’nlab mamlakatlardan mutaxassislar, xalqaro turizm tashkilotlari rahbarlari, ekspertlar Samarqand shahriga tashrif buyurdilar.

Toshkentdan «Afrosiyob» tezyurar poyezdida kelgan forum qatnashchilari temir yo’l vokzalida tantanali ravishda kutib olindi.

Mehmonlar qadimiy va navqiron shaharning diqqatga sazovor joylari va tarixiy obidalarini tomosha qildilar. Bu yerda amalga oshirilgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, turizm infratuzilmasi va imkoniyatlari bilan tanishdilar.

Muxbirlarimiz forum qatnashchilarining ayrimlari bilan suhbatlashdi.

Zoltan ShOMOGI, BMT Jaxrn sayyoxlik tashkiloti ijrochi direktori:

- BMT Jahon sayyohlik tashkilotining bu galgi sessiyasi Samarqandda o’tkazilishi bejiz emas. Chunki bu shahar Buyuk ipak yo’lining markazida joylashgani, azaldan ilm-fan, madaniyat rivojiga beqiyos hissa qo’shgani bilan ma’lum va mashhur. Nafaqat O’zbekistonda, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasida turizmning rivojlanishida Samarqandning o’rni va nufuzi oshib bormoqda.

Tashkilotimizga a’zo mamlakatlar vakillarining bu yerda bo’lib, uning turistik salohiyati bilan tanishishi, tajriba almashishi soha rivojiga xizmat qiladi. Men to’rt yil oldin Samarqandda bo’lganman. Bugun kelib, shaharda yanada katta o’zgarishlar amalga oshirilganiga guvoh bo’ldim. Ayniqsa, «Afrosiyob» tezyurar poyezdi qatnovining yo’lga qo’yilishi yurtingizda turizmni rivojlantirishda yangi qadam bo’lganligi, shubhasiz.

Vidiya Sagar AXLUVALIYA, Tinch okeani mintaqasi yozuvchilari sayohati uyushmasi bosh kotibi (Xindiston):

- Men O’zbekiston haqida juda ko’p manbalar o’qiganman. Vataningiz, xususan, Samarqandning tarixiy yodgorliklari haqida televideniye, internet orqali ham ma’lumotlarga ega bo’lganman. Menda ushbu muqaddas zaminni ziyorat qilish istagi bo’lgan. Mana, bugun ana shu orzuim amalga oshib, men Sharq marvaridi nomi bilan mashhur Samarqand zaminidaman. Dastlabki tasavvurlarimdayoq shahringiz menga juda manzur bo’ldi. Ayniqsa, Registon, Bibixonim, Amir Temur maqbarasi kabi tarixiy obidalar mening hayratimni yanada oshirdi.

Hyelen MARANO, AQSh turizm bo’yicha kengash maslahatchisi:

- Yurtingizning boy tarixi, madaniyati haqida ko’p eshitganman. Bugun "Afrosiyob" muzeyida bo’lib, bunga yana bir bor guvoh bo’ldim. Ayniqsa, qadimiy devoriy suratlar menda katta taassurot qoldirdi. Bu suratlarda hukmdor saroyidagi qabul marosimida dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan vakillar ishtirok etayotgani tasvirlangan. Bundan shunday xulosaga kelish mumkinki, ushbu zamin qadimdan jahon ahlini o’ziga chorlab kelgan.

Anvar MUSTAFOQULOV,

Baxtiyor MUSTANOV,

Zarafshon 2014-yil 2-oktyabr, payshanba 118(22.434)  www.zarnews.uz