Uz Eng Ru Ru
Biz bilan aloqa
 Adobe Flash Player

"Sharq taronalari - 2013" festival taraddudi qizg'in

http://zarnews.uz     

     Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan tashkil etilib, 1997 yildan buyon har ikki yilda muntazam o‘tkazib kelinayotgan mazkur tadbir dunyo xalqlarining milliy musiqa san’ati va qo‘shiqchiligi an’analarini asrab-avaylash va rivojlantirish, tili, madaniyati, urf-odatlari turlicha millat va elatlarni san’at vositasida birlashtirish, ularni go‘zallik, nafosat va ezgulikka da’vat etishga xizmat qilmoqda.

sharq taronalari

     Shu bois ham festivalga qiziqish yil sayin ortib, ishtirokchilar safi kengayib bormoqda. 1997 yilgi ilk «Sharq taronalari» festivalida 31 mamlakat vakillari muazzam Registon maydonidagi sahnada o‘z milliy san’atini namoyish etgan bo‘lsa, 2011 yilgi sakkizinchi anjumanda Yer yuzining deyarli barcha qit’asidagi 56 davlatdan musiqa va san’at namoyandalari qatnashdi. E’tiborlisi, har gal qatnashchilar orasida ilk bor festivalda ishtirok etayotgan davlatlar soni ko‘paymoqda. Jumladan, sakkizinchi festivalda Janubiy Amerika va Afrika qit’alaridan bir qator davlatlar vakillari birinchi bor ishtirok etdi. 

     – Dunyoda san’at sohasida ko‘plab tanlovlar, festivallar o‘tkazilsa-da, «Sharq taronalari» xalqaro festivali jahon xalqlari milliy musiqasi va qo‘shiqchilik an’analarini asrab-avaylash va keng tarqib etish, bugungi avlod tomonidan davom ettirilishini ta’minlashga qaratilgani bilan ajralib turadi, – deydi viloyat madaniyat va sport ishlari boshqarmasi boshliqining o‘rinbosari Bahodir Jo‘raev. – Tadbirning Yer yuzining sayqali, Sharq gavhari bo‘lmish Samarqand shahrida o‘tkazilishi, qatnashchilarning Registon maydonidagi ulkan sahnada o‘z san’atini namoyish etishi festival mazmunini yanada boyitadi. Ishtirokchilar safining tobora kengayib, festival doirasida o‘tkaziladigan tadbirlarning ko‘payib borayotgani esa unga har tomonlama puxta hozirlik ko‘rishni taqozo etadi. Shundan kelib chiqib, to'qqizinchi festivalga ham yuqori saviyada tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazish yuzasidan respublika tashkiliy qo‘mitasi hamda viloyat ishchi guruhi tomonidan zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Hozir Registon maydonida festivalning asosiy sahnasi va amfiteatr o‘rnatilib, uni bu yilgi festival mazmun-mohiyati, Obod turmush yiliga monand bezatish ishlari olib borilmoqda. Tadbirning tantanali ochilish marosimida ommaviy sahna ko‘rinishlarida ishtirok etadigan qatnashchilar, folklor jamoalar saralanib, muntazam repetitsiya o‘tkazilmoqda.
Shahardagi muzeylar, hunarmandlar markazlarida esa xalqimiz musiqa madaniyati va tarixiga oid yangi ekspozitsiyalar yaratish, milliy cholg'u asboblari va tarixiy liboslar ko‘rgazmalari o‘tkazish yuzasidan ish olib borilmoqda. Shuningdek, Registon ansamblidagi Mirzo Ulug'bek, Tillakori va Sherdor madrasalarida festival kunlari san’atshunos olimlar va yosh ijodkorlar, tadqiqotchilar ishtirokida Sharq xalqlari musiqa merosiga oid ilmiy anjuman va mahorat mashg'ulotlari tashkil etishga ham hozirlik ko‘rilayotir.

Xalqaro festival qatnashchilari va yurtimiz san’at ustalari, badiiy jamoalar ishtirokida Samarqand shahridagi «Mo‘jiza» amfiteatri, «Yoshlik», «So‘g‘diyona» istirohat bog'lari, Samarqand pedagogika kolleji yozgi amfiteatri hamda bir qator tumanlarda konsert dasturlari namoyish etilishi hamda ijodiy uchrashuvlar o‘tkazilishi e’tiborga olinib, bu maskanlarda ham tayyorgarlik ishlari qizqin davom ettirilmoqda.          

– Xonadoniga soz ko‘tarib kelgan kishiga xalqimiz alohida hurmat-ehtirom ko‘rsatadi, – deydi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Erkin Qaytarov. – «Sharq taronalari» xalqaro musiqa festivaliga Yer yuzining turli mamlakatlaridan kelayotgan san’atkorlar ham bunga guvoh bo'lmoqdalar. Ular tanlovda ishtirok etish bilan birga, aziz mehmonimiz bo‘lib, milliy musiqa madaniyatimiz, sohir san’atimiz yutuqlari bilan tanishmoqda. Birgalikda qo‘shiqlar kuylayapmiz, ijodiy hamkorlik rishtalarini bog'lamoqdamiz. O"tgan festivalda Madagaskardan vakillar qatnashdi. Ochiq tan olib aytish kerak, dunyoda shunday yurt borligini bilardik, lekin ularning san’atidan bexabar edik. «Sharq taronalari» esa bizga bu davlat bilan yaqindan tanishish imkoniyatini berdi. Bu yilgi festivalda ham yangi nomlar kashf etilishiga, yangi do‘stlar orttirishimizga ishonamiz.

G‘.HASANOV