Uz Eng Ru Ru
Biz bilan aloqa
 Adobe Flash Player

Prezident Islom Karimovning Navro‘z bayramiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi tabrik so‘zi


Aziz yurtdoshlarim, qadrdonlarim! 

Muhtaram mehmonlar!

Biz Vatanimiz va el-yurtimizning tarixiy sana va ayyomlariga bag‘ishlangan bayramlarni katta tayyorgarlik va xursandchilik bilan o‘tkazamiz.

Lekin, hech ikkilanmasdan aytish mumkin: ayni shu kunlarda qutlug‘ qadamlari bilan diyorimizga kirib kelayotgan, bahor, yasharish va yangilanish ramzi, sharqona yangi yil debochasi bo‘lmish Navro‘zi olamni kutib olish va o‘tkazish marosimlari va xursandchiligini hech qaysi bayram bilan solishtirib, qiyoslab bo‘lmaydi, albatta.

Bugun, shu fursatdan foydalanib, mana shu go‘zal maydonda bayramona kayfiyat bilan jamuljam bo‘lib o‘tirgan siz, azizlarga, sizlarning timsolingizda butun xalqimizga o‘zimning chuqur hurmat-ehtiromimni, mehr-muhabbatimni bildirib, Navro‘z ayyomi bilan tabriklash – men uchun katta baxt.

Aziz do‘stlarim!

Navro‘z ayyomini xalqimiz naqadar orziqib va intizor bo‘lib kutib olayotgani, bu bayramni eng qadimiy va asl milliy bayram sifatida ana shunday ardoqlab o‘tkazishimiz, hech shubhasiz, bejiz emas vabunda chuqur ma’no-mazmun bor.

Buning sababini avvalo Navro‘z g‘oyalarida ming yillar davomida, “Avesto” zamonlaridan buyon xalqimizning bezavol saqlanib kelayotgan qadimiy urf-odat va udumlari mujassam topganida, hamohang bo‘lganida ko‘rishimiz darkor.

Bunday munosabat – avvalo ko‘hna va buyuk tariximizga, ulug‘ ajdodlarimiz qoldirgan merosga, boy madaniyatimizga hurmat-ehtirom bilan qarash deganidir. Shu bilan birga, bunday munosabat – uzoq va yaqin o‘tmishimiz davomida, o‘ta murakkab damlarda qanday qiyin bo‘lmasin, qanday og‘ir sinovlardan o‘tishga to‘g‘ri kelmasin, muqaddas qadriyatlarimizga xiyonat qilmasdan, ularga doimo sadoqatli bo‘lib yashayotganimiz, ularni e’zozlab, avaylab, yangi avlodga yetkazib kelayotganimizning yorqin ifodasi va tasdig‘idir, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Navro‘zi olam o‘lkamizga qadam qo‘yishi bilan har birimiz yon-atrofimizdagi mavjudotning uyg‘onishi, kurtaklar va gul-chechaklar ochilishi, yeru ko‘k bag‘rida yuz berayotgan o‘zgarishlardan, bahor nafasidan bahramand bo‘lamiz, ona tabiatimizning uzviy va ajralmas bir qismi ekanimizni beixtiyor chuqur his qilamiz. 

Ayni shu pallada xuddiki tabiat olami bilan uyg‘un va mushtarak bo‘lib, bu osuda hayotni har bir kunining qadriga yetib, shukronalik hissiyoti bilan yashash kerakligini yana va yana bir bor anglaymiz.

Bunday ajoyib lahzalarda millati, tili, dinidan qat’i nazar, yurtimizda yashayotgan har qaysi inson, har qaysi oila shodu xurramlik bilan bahor sog‘inchi va orzu-niyatlarini, yorug‘ chehrasini namoyon etishga intiladi. 

Shu fayzli, shodiyona kunlarda har qanday gina va arazlar, nizo va adovatlar unutiladi, yurtdoshlarimiz sumalak, halim, ko‘ksomsa kabi tansiq taomlar tortilgan dasturxonlar atrofida to‘planib, qalbini dunyoga keng ochib, Navro‘z ne’matlarini, bayram quvonchini yaqinlari, yoru birodarlari bilan baham ko‘rishni istaydi. 

Barcha-barchaga sog‘liq-omonlik, baxt-saodat tilaydi, tabarruk keksalarni ziyorat qilishga, ularning duosini olishga hozir bo‘ladi.

Shu mo‘tabar ayyomda bemorlar, yetim-esirlarning, muhtoj insonlarning ko‘nglini, ruhini ko‘tarish, barcha savob ishlarni amalga oshirish – bularning hammasi xalqimizning qon-qoni, ong-ongiga singib ketganidan, yaxshilik va ezgulikni doimo yuragida saqlab kelayotganidan darak beradi. 

Ayni shunday paytlarda o‘zimga o‘zim bir savol beraman. Dunyoda bizning mehribon, mehmondo‘st xalqimizga o‘xshagan xalqni topish mumkinmi o‘zi? Aminman – hech qachon!

Aziz do‘stlarim, birodarlarim, bizning xalqimiz nimani istaydi? Avvalo, o‘z yurtida va qo‘shni mintaqalarda, butun olamda tinchlik-osoyishtalik hukm surishini, turli-turli hududlarda davom etayotgan mojaro va qarama-qarshiliklar kuch ishlatmasdan, faqatgina tinchlik yo‘li bilan, siyosiy muzokaralar yo‘li bilan hal qilinishini xohlaydi.

O‘z osmonining musaffo bo‘lishini, tinchlik barqaror bo‘lgan hayotni istaydigan xalqimiz o‘zgalarga ham ayni shunday tilaklarni ravo ko‘radi.

Fursatdan foydalanib, bizga hurmat va ehtirom ko‘rsatib, bugun mana shu davrada o‘tirgan chet davlatlarning muhtaram elchilarini, xalqaro tashkilotlar vakillarini, butun diplomatik korpusni, olis va yaqindagi mamlakatlarning xalqlarini Navro‘z bayrami bilan tabriklab, ularga ravnaq va farovonlik tilashga ijozat bergaysiz.

Muhtaram do‘stlarim!

Mening istagim – mana shu shukuhli, tarovat sochilib turgan damlarda shu muazzam bog‘da bizga mehr bilan boqib turgan buyuk Alisher Navoiy bobomizning “Har kunimiz Navro‘z bo‘lsin!” – degan tilaklari xuddi yangitdan qulog‘imizga chalingandek tuyulsin, shunday xush kayfiyat siz, azizlarimga, butun el-yurtimizga doimo yor bo‘lsin.

Bugun hayotga kirib kelayotgan, bilagi kuch-quvvatga to‘lib borayotgan yigit-qizlarimizning ochiq chehrasiga boqib, aytmoqchiman – barchamiz bir narsani esimizdan chiqarmasligimiz zarur: Vatanimizning taraqqiyoti haqida, dunyoning rivojlangan demokratik davlatlari qatoriga ko‘tarilishimizni avvalo siz, unib-o‘sib kelayotgan yoshlarimizning salohiyati, bilimga chanqoqligi va ilmu fan cho‘qqilarini o‘zlashtirishingizga, yetuk va barkamol avlod bo‘lib voyaga yetishingizga qarab xalqaro jamoatchilik bizning nimalarga qodir ekanimizga baho beradi.

Shuning uchun ham biz o‘zligini, o‘z qadr-qimmatini, Vatani oldidagi o‘z burchini chuqur anglagan, o‘z oldiga baland marralar qo‘yib, dunyodagi barcha tengdoshlari bilan bellashuvga tayyor farzandlarimni bizning ishonchimiz va tayanchimiz, hal qiluvchi kuchimiz, deb yuksak qadrlaymiz va siz yoshlarimizni e’zozlab kamol toptirishda o‘zimizni hech qachon ayamaymiz.

Aziz va navqiron, ko‘zni quvontiradigan bolalarim – Navro‘zi olam barchangizga bahordek ochilish, baxt va omad, sevgi-muhabbat olib kelsin, eng ezgu orzularingizni ro‘yobga chiqarish sizga nasib etsin.

Aziz qadrdonlarim! 

Osmonimiz musaffo, yurtimiz tinch, xalqimiz omon bo‘lsin!

Xonadonlarimizdan mehr-oqibat, fayzu baraka arimasin!

Tabarruk otalarimiz, munis onalarimizning umrlari uzoq bo‘lsin, aka-ukalarimiz, opa-singillarimizning ko‘nglidagi pok niyatlari ijobat bo‘lsin! 

Navro‘zi olam barchamizga muborak bo‘lsin!