Uz Eng Ru Ru
Biz bilan aloqa
 Adobe Flash Player

Til o‘rganish va muloqot ko‘nikmalari

Mamlakatimizda yoshlarga ta’lim-tarbiya berish, har tomonlama barkamol avlodni voyaga etkazish, shu bilan birga, ularga xorijiy tillarni puxta o‘rgatish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan sanaladi.

Bu borada, ayniqsa, Prezidentimizning 2012 yil 10 dekabrda qabul qilingan “CHet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori muhim omil bo‘lmoqda.

Poytaxtimizda boshlangan o‘quv-seminarda ham o‘quvchilarning xorijiy tillarni har tomonlama puxta o‘rganishlari muhim ekanligi haqida so‘z bordi. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi hamda Fransiyaning mamlakatimizdagi elchixonasi hamkorligida o‘tkazilayotgan mazkur tadbirda respublikamizning turli hududlaridan 50 nafardan ziyod o‘qituvchi ishtirok etayapti.

Ushbu anjumanda mutaxassislar fransuz tilini o‘rgatishda muloqot ko‘nikmalarini shakllantirish borasida amal qilinishi lozim bo‘lgan jihatlarga alohida e’tibor qaratmoqda. Xususan, o‘quv darsliklari mualliflari muallimlar bilan qator treninglar olib borishayapti. Ularda o‘quvchilarga fransuz tilini o‘rgatishda kommunikativ metodlardan, xususan, multimedia disklaridan unumli foydalanish maqsadga muvofiqligi tushuntirilmoqda.

—    Yoshlarimizning xorijiy tillarni o‘rganishga qiziqishi yuqori, — deydi poytaxtimizning CHilonzor tumanidagi 162-umumta’lim maktabi fransuz tili fani o‘qituvchisi Shirin Niyozmetova. — Masalan, hozir o‘quvchilar bir nechta tilni o‘zlashtirishga harakat qilayapti. Aytish mumkinki, bu yurtimiz ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan keng qamrovli sa’y-harakatlar o‘z samarasini berayotganidan dalolatdir.

Ta’kidlash joizki, hozirgi kunda mamlakatimizning 1220 dan ziyod maktablarida fransuz tili o‘qitiladi. Mavjud fransuz tili xonalari boshqa fan kabinetlari qatori zarur o‘quv jihozlari, ko‘rgazmali qurollar, zamonaviy kompyuterlar bilan to‘liq ta’minlangan. Bu esa o‘quvchilarning xorijiy tilni tez va oson o‘zlashtirishlariga zamin yaratmoqda. Ayniqsa, chet tili fani o‘qituvchilarining “ZiyoNet” tizimidan keng foydalanayotgani dars jarayoniga ilg‘or pedagogik texnologiyalarni joriy etish imkoniyatini berayapti. Seminarda mutaxassislar tomonidan tayyorlangan darslik majmualari, ish daftarlari hamda multimedia disklari o‘qituvchilarga tarqatildi.


Dilmurod SODIQOV.

http://xs.uz/