Uz Eng Ru Ru
Biz bilan aloqa
 Adobe Flash Player

O’zbekiston — yangi Osiyo chorrahasi

Buyuk Britaniyada nashr etiladigan “Diplomat” jurnalining noyabr oyidagi sonida e’lon qilingan maqolalar turkumi ana shunday nomlanadi.

Nashr muharriri V. Van Kuffelerning qayd etishicha, O’zbekiston Markaziy Osiyo geosiyosatida juda katta o’rin egallashi bilan birga, mintaqaviy barqarorlik hamda xavfsizlikni qo’llab-quvvatlashda muhim o’rin tutadi.
“Ijobiy ruh” sarlavhali maqolada “Buyuk Britaniya — O’zbekiston” Umumpartiyaviy parlament guruhi raisi J. Veyverli O’zbekiston — Buyuk Britaniya munosabatlari sifat jihatidan yangi darajaga ko’tarilganini alohida ta’kidlagan. U ikki mamlakat parlamentlari o’rtasidagi sheriklikning asosiy jihatlariga, jumladan, o’zi rahbarlik qilayotgan guruh va O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining maxsus guruhi o’rtasidagi O’zaro anglashuv Memorandumi doirasidagi hamkorlikning tafsilotlariga atroflicha to’xtalgan.
“O’zbekistonda biznes va sarmoyaviy imkoniyatlar” sarlavhali maqolada Savdo va sanoat bo’yicha O’zbekiston — Buyuk Britaniya kengashi hamraisi P. Lilli jurnalxonlarni jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi sharoitida mamlakatimiz iqtisodiyotidagi taraqqiyotning o’suvchanlik sur’atlari bilan tanishtiradi.
U Savdo va sanoat bo’yicha O’zbekiston — Buyuk Britaniya kengashining Londonda bo’lib o’tajak yig’ilishi O’zbekistonga sarmoya kiritish yuzasidan xalqaro biznes vakillaridagi qiziqishni faollashtirishiga ishonch bildirgani barobarida, Buyuk Britaniya kompaniyalarining yirik qo’shma infratuzilmaviy loyihalardagi ishtiroki hamda o’zaro savdo-sotiq hajmining o’sishi istiqbollarini yuqori baholagan.
“Diqqat markazida — iqtisodiyot” sarlavhali salmoqli maqola ham “Diplomat” jurnalidagi mazkur turkumdan joy olgan bo’lib, unda O’zbekiston jahonning eng tez rivojlanayotgan 26 mamlakati ro’yxatida 11-o’rinni egallab turgani ko’p sonli o’quvchilar e’tiboriga havola qilingan. Nashrda xorijiy sarmoyalarni yurtimiz iqtisodiyotiga samarali jalb etish yuzasidan O’zbekiston rahbariyati yuritayotgan siyosat tahlil qilinar ekan, “Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonasi, “Jizzax” va “Angren” maxsus industrial zonalarida yaratilgan qulay shart-sharoitlar bayon etiladi. Unda O’zbekiston sanoatining ustuvor tarmoqlari va 2009 — 2014 yillarda 300 dan ortiq samoyaviy loyihalarni hayotga tatbiq qilish bo’yicha yurtimiz hukumatining dasturiga oid ma’lumotlarga alohida urg’u berilgan.
“Diplomat” jurnali o’z o’quvchilarini Rio Tinto, British-American Tobacco va Tethys Petroleum singari kompaniyalar tomonidan mamlakatimiz hududida biznes yuritish afzalliklari yuzasidan bildirilgan ma’lumotlar bilan ham tanishtirgan.
Jahon banki, Xalqaro valyuta jamg’armasi va Buyuk Britaniyadagi HSBC banki ekspertlari bergan baholar xususida to’xtalinar ekan, nashrda “o’zbek modeli” asosiga qurilgan iqtisodiyot mamlakatning ishonchli sarmoyaviy hamkor sifatidagi obro’-e’tiborini mustahkamlab borishi asnosida bundan keyin ham barqaror rivojlanib borajagi ta’kidlanadi.
London universitetining katta ma’ruzachisi, doktor Sh. Akiner esa o’z maqolasida O’zbekiston transport dasturlarining o’tmishi, hozirgi kuni va kelajagini tadqiq etgan. U mamlakatimizning avtomobil, temir yo’llari, shuningdek, havo qatnovlari bo’yicha allaqachon ko’p qirrali ichki infratuzilmaga ega bo’lgani xususida to’xtaladi. Sh. Akiner ta’kidlaganidek, O’zbekiston transport strategiyasidan ko’zlangan asosiy maqsad uning samaradorligini kuchaytirish va xalqaro tranzit yo’llari tarmog’i bilan aloqadorligini yaxshilashdir. Maqolada Navoiy shahri aeroporti bazasida barpo etilgan transport xabining ahamiyati tobora oshib borayotgani alohida qayd etilgan.
Shu bilan birga, Sh. Akiner Yevropa Ittifoqining “Yevropa — Kavkaz — Osiyo transport yo’lagi”, “Yevropaga neft-gaz transport yo’lagi”, Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorligi dasturlari doirasida, shuningdek, “Markaziy Osiyo — Fors ko’rfazi” transloyihasini amalga oshirish bo’yicha O’zbekiston sa’y-harakatlarini ham qalamga olgan.
Yuqoridagilardan tashqari, gumanitar aloqalar mavzusi ham “Diplomat” jurnalining mamlakatimizga bag’ishlangan maqolalar turkumidan chetda qolmagan. Mazkur rukn ostida Buyuk Britaniya Kengashining O’zbekistondagi idorasi, Markaziy Osiyo bo’yicha Kembrij forumi, Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti, Buyuk Britaniya — O’zbekiston jamiyati, shuningdek, Buyuk Britaniyaning Haven Wolverhampton nohukumat tashkiloti rahbarlari tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalar jurnalxonlar e’tiboriga havola qilingan. Ular Buyuk britaniyalik o’quvchilarni ikki mamlakatning ta’lim, madaniyat sohasidagi hamda fuqarolik jamiyati institutlari o’rtasidagi hamkorligi rivojining dadil odimlari bilan yaqindan tanishtirgan.

«Jahon» AA.
London

Xalq so'zi №224 2013-yil 15-noyabr