Uz Eng Ru Ru
Biz bilan aloqa
 Adobe Flash Player

"O'zbek xalqiga tinchlik va omonlik kerak" risolasi jahon jamoatchiligi e'tiborida

ZARAFSHON 2013 yil 3 avgust № 93

Bugungi kunda xalqaro vaziyatning shiddat bilan o‘zgarishi, davlatlararo ziddiyatlarning kuchayishi, keskinlikning yanada ortishi, yer yuzining turli nuqtalarida yangi nizo o‘choqlarining paydo bo‘lishi ayni mana shunday o‘tkir masalalar jahon jamoatchiligida katta tashvish va xavotir uyg‘otmoqda.

Bu fikrimizga qo‘shni Afg‘onistondagi o‘ttiz yildan ziyod davom etayotgan urush va qon to‘kishlar yaqqol misol bo‘la oladi. Bugun, oradan shuncha vaqt o‘tishiga qaramasdan, Afg‘onistondagi mavjud vaziyatni ko‘pchilik xalqaro siyosatchilar nochor, o‘ta og‘ir va qaltis, deb baholamoqda.

Ushbu mamlakatdagi vaziyat bizning HUDUDIMIZ, Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik va barkarorlikka eng katta xavf-xatar bo‘lib qolmoqda.

Bu mojaroning yechimini topish, jafokash afg‘on zaminida tinch va osuda hayotni qaror toptirish masalasi O‘zbekiston va qo‘shni mamlakatlar, qolaversa, dunyodagi ko‘pgina yirik davlatlarning e’tibor markazida bo‘lib kelayotgani, o‘ttiz yildan ortiq tarix davomida bu mintaqada qancha-qancha qon to’kilgani, millionlab odamlar boshqa o‘lkalarda qochoq bo‘lib kun kechirayotgani, minglab kishilar bedarak yo‘qolgani, qancha mablag‘ va sa’y-harakatlar sarflangani haqida ko‘p gapirish mumkin.

Afg‘oniston zaminidagi urush alangasi yon-atrofdagi mamlakatlar, el-yurtimiz uchun qanday katta xavf-xatar va notinchlik tug’dirgani hech kimga sir emas.

Shu bois, O‘zbekiston mustaqillikka erishgan birinchi kunlardanoq “Qo‘shning tinch - sen tinch”, degan azaliy xalq hikmatiga amal qilib, afg‘on mojarosini tinch yo‘l bilan hal etish harakatida bo‘lib kelayotgani, bu muammo doimo bizning e’tiborimiz mar­kazida turgani, davlatimiz rahbarining nufuzli xalqaro minbarlarda bu qarama-qarshilikni bartaraf etish maqsadida jon kuydirib, dunyo hamjamiyatiga takror va takror murojaat qilgani barchamizga yaxshi ma’lum.

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov bundan yigirma yil avval, ya’ni, 1993 yilda BMT Bosh Assambleyasining 48-sessiyasida Afg‘oniston mojarosini jahon hamjamiyati yordami bilan hal etishga chaqirdi;

1995 yilda BMT Bosh Assambleyasining 50-sessiyasida Afg‘onistonga qurol-yarog‘ kiritilishiga qarshi xalqaro embargo qo‘yish taklifi bilan chiqib, bu mamlakatning ichki ishlariga tashki kuchlarning aralashuviga chek qo‘yish zarurligini ta’kidladi, Afg‘onistonda koalitsion hukumat tuzish modelini taklif etdi;

1997 yili mamlakatimiz rahbari afg‘on muammosini hal qilish uchun “6+2” muloqot guruhini tashkil etish tashabbusi bilan chiqqani va 1999 yili mazkur guruhning Toshkent uchrashuvi bo‘lib utganidan barchamiz xabardormiz.

2001 yilda Prezidentimiz BMT Bosh kotibiga yullagan murojaatida Afg‘onistonni demilitarizatsiya qilish masalasini BMTning Xavfsizlik Kengashi kun tartibiga qo‘yish taklifini ilgari surdi;

2008 yilda NATOning Buxarest sammitida BMT shafeligi ostida “6+3” muloqot guruhini tashkil etish taklifi bilan chiqdi. Bu ruyxatni yana davom ettirish mumkin.

Ana shunday muhim hujjatlar qatorida davlatimiz rahbarining bevosita tashabbusi bilan ishlab chiqilgan O‘zbekiston Respublikasining Tashki siyosiy faoliyat konsepsiyasi va shu asosda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining Qonuni mintaqamizda tinchlik va barqarorlikni saqlash va mustahkamlash yulida g‘oyat muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidlash lozim.

Prezidentimiz 2013 yil 9 mayda Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan ommaviy axborot vositalariga bergan intervyusida o‘z e’tiborini yana bir bor Afg‘onistondagi mavjud voqelikka qaratib, ushbu muammoning naqadar jiddiyligi va uning yechimi bo‘yicha qanday amaliy harakat va chora-tadbirlar zarurligi xususida so‘z yuritdi.

Yurtboshimizning ana shu intervyusini o‘z ichiga olgan, o‘zbek va ingliz tillarida chop etilgan “O‘zbek xalqiga tinchlik va omonlik kerak” risolasi bugungi kunda nafaqat mamlakatimiz, balki jahon jamoatchiligida katta qiziqish uyg‘otmoqda, keng muhokama qilinmoqda.

Davlatimiz rahbari ta’kidlab o‘tganidek, Afg‘onistondagi mavjud o‘ta og‘ir va tahlikali bir vaziyatda AQSH va Evropa davlatlarining AYSEF, ya’ni tinchlik o‘rnatish kuchlari deb nom olgan harbiy qo‘shinlarining 2014 yilning oxirigacha ushbu mamlakat hududidan olib chiqib ketilishi bilan Afg‘onistonda o‘zaro qarama-qarshi kuchlar o‘rtasidagi kurashning avjiga chiqishi, terrorchilik, qurol-yarog‘ savdosi, narkotrafik, turli diniy, millatlararo nizolarning kuchayib, fuqarolar urushining yana qaytadan boshlanish xavfi ortadi.

Prezident Islom Kari­mov afg‘on mojarosini bartaraf etishning yagona yo‘li - siyosiy yo‘l bo‘lib, qanchalar qiyin bo‘lmasin, qarama-qarshi kuchlarni muzokaralar orqali o‘zaro kelishuvga olib kelish ekani tobora o‘z tasdig‘ini topayotganligini alohida ta’­kidladi. Ayni shu asnoda vaqtinchalik hukumat tuzish, saylovlar o‘tqazish, Afgoniston oldida turgan  muammolarni hal etishga o‘tish imkoni paydo bo‘lishini bu­gungi kunda ko‘pchilik e’tirof etmoqda.

Yuqorida zikr etilgan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasida mamlakatimiz “tinchliksevar siyosat yuritadi va harbiy-siyosiy bloklarda ishtirok etmaydi”, deb aniq-ravshan bayon qilingan. “O‘zbe­kiston qo‘shni davlatlardagi qurolli mojarolarga va keskinlik o‘choqlariga tortilishining oldini olish yuzasidan barcha zarur chora-tadbirlarni ko‘radi, shuningdek, o‘z hududida xorijiy davlatlarning harbiy bazalari va ob’ektlari joylashtirilishiga yo'l qo‘ymaydi”, deya ta’kidlanadi.

Shu borada mamlakati­miz rahbarining mazkur konsepsiyaga asoslangan holda bildirgan quyidagi fikrlarini keltirish o‘rinlidir: “O‘zbekiston Afg‘onistonning ichki ishlariga aralashmaslik, Afg'onistonga qarshi qaratilgan turli harbiy-siyosiy bloklarda qatnashmaslik, Afg‘oniston bilan aloqalarimiz va hamkorligimizni faqatgina ikki tomonlama asosda tashkil qilish, afg‘on xalqi tanlagan hukumatni qo'llab-quvvatlash siyosatini o‘ziga ma’qul topadi”.

Bunday qat'iy, shu bilan birga, uzoqni ko‘zlagan, chuqur o‘ylangan siyosatni oldinga surish uchun Afg‘onistonning yaqin qo‘shnisi bo‘lmish O'zbekistonda barcha asoslar bor. Avvalambor, bu Afg‘oniston bilan uzoq tarixiy o‘tmishga borib taqaladigan yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro hurmatga asoslangan aloqa­larimiz, mamlakatimizning Markaziy Osiyoda tutgan alohida o‘rni va mintaqamizda tinchlik va barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan va jahon hamjamiyati tomonidan keng e’tirof etilgan mustahkam va sobitqadam tashqi siyosatidir.

Aynan mana shu omillar sabab, “O‘zbek xalqiga tin­chlik va omonlik kerak” risolasida mintaqamiz va uning atrofida ro'y berayotgan keskin o‘zgarishlar tahlili, Afg‘onistondagi vaziyat va afg‘on muammosini hal etish borasida bildirilgan amaliy xulosa va takliflar bugun nafaqat mamlakatimizda, balki xalqaro maydonda ham keng aks-sado bermoqda. Chet davlatlarning siyosiy-ijtimoiy, ekspert va ilmiy- akademik doiralari, ommaviy axborot vositalari va xalqaro tashkilotlar tomonidan keng qo'llab-quvvatlanmoqda va bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda.

Eng avvalo, davlatimiz rahbarining fikrlariga bevosita Afg‘onistonning o‘zida katta qiziqish kuzatilmoqda. Prezidentimizning intervyusi ushbu davlatning yetakchi ommaviy ax­borot vositalarida ing­liz, dari va uzbek tillarida nashr etildi. Jumladan, Afg'onistonning yetakchi "Daily Outlook Afghanistan” gazetasi, “Sahro” ijtimoiy-siyosiy jurnali intervyuning to‘la matnini “O‘zbek xalqiga tinchlik va omonlik kerak” sarlavhasi ostida chop etdi.

Islom Karimov intervyusi Afg‘oniston bilan qo‘shni bo‘lgan Pokistonning “Balochistan today” va “Ittihad” gazetalarida, Eronning “Iran News” gazetasida va Xitoyning “Lookwe” jurnalida, AYSEF ishtirokchilari bo‘lmish AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Italiya, Belgiya, Latviya, Turkiya hamda musulmon dunyosida o'z mavqeiga ega bo'lgan Saudiya Arabistoni, Quvayt, Malay­ziya va boshqa davlatlarning bosma va elektron nashrlarida keng yoritildi.

Ta’kidlash joizki, xorijiy ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan maqolalarda O"zbekistonning Afg‘onistonda tinch­lik va barqarorlikning ishonchli tarafdori ekani va ushbu maqsadlar uchun faol siyosiy-diplomatik sa’y-harakat ko‘rsatayotganligi alohida urg‘ulanmoqda. Eng muhimi, barcha nashrlar O‘zbekistonning prinsipial pozitsiyasi - Afg‘onistondagi nizoni bartaraf etishning yagona yo'li - siyosiy yo'l ekanligini to‘laligicha qo‘llab-quvvatlagan holda, mazkur muammoning yechimiga o‘zaro kurashayotgan qarama-qarshi tomonlarni muzokaralar stoli atrofiga to‘plash va ularni murosaga olib kelish orqali erishish mumkinligini e’tirof etishmoqda.

Intervyuda Prezident Islom Karimov tomonidan Afg‘oniston borasida bildirilgan fikr va taklif­lar jahonning yetakchi siyosatchilari, ekspert va olimlari tomonidan ham qizg‘in muhokama etilib, yuqori baholanmoqda.

Jumladan, AQShning Jon Xopkins universiteti qoshidagi Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti rahbari Frederik Starrning ta’kidlashicha, Prezident Islom Karimov Afg‘onistondagi vaziyatni “o'ta og‘ir va nozik” deya, aniq va ravshan tahlil etdi. Bugungi kunda afg‘on muammosini harbiy yo'l bi­lan hal etib bo'lmasligini real fikrlay oladigan har bir inson tushunib yetmasligi mumkin emas.

Nyu-York davlat universiteti professori P.Morvij Afg‘onistondan chet el harbiy kuchlarining olib chiqib ketilishi bu mamlakatdagi vaziyatni tanglikka olib kelishi mumkinligini qayd etgan holda, Prezident Islom Karimovning bu boradagi so‘zlarini o‘z xalqining tinchligi va osoyishtaligini ta’minlash haqida qayg‘uradigan chinakam davlat rahbarining harakatidir, deb izohlaydi. Mana shu sabab, Is­lom Karimov Afg‘onistondagi asosiy kuchlarni o‘zaro qarama-qarshiliklarni muzokaralar stoli atrofida yechishga, harbiy to‘qnashuvlarning yangitdan avj olib ketmasligiga va ushbu davlatdagi beqarorlikning qo‘shni davlatlarga tarqalishining oldini olishga chaqirmoqda, deydi P.Morvij.

AQShning Karnegi fondi eksperti M.Olkott O‘zbekiston afg‘on muammosi atrofidagi o‘zgalarning o'yinlariga qo‘shilmasligini va janubdagi qo‘shnisi bilan munosabatlarini faqatgina ikki to­monlama asosda, ichki ishlarga aralashmaslik, tinchliksevarlik va yaxshi qo‘shnichilik prinsiplari asosida qurishini ijobiy baholaydi.

Amerikalik mutaxassis O'zbekistonda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining Afg'onistonga yetkazib berilishi ushbu davlatning iqtisodiy va ijtimoiy tiklanishiga ulkan hissa qo'shayotganini ta’kidlaydi. Ikki davlatni bog'lab turuvchi temir yo'l hamda tezyurar avtomobil yo'llarining barpo etilishi Afgoniston iqtisodiyotini tiklashda muhim ahamiyat kasb etayotganiga e’tiborini qaratadi.

M.Olkott, “O'zbekiston, shubhasiz, bundan keyin ham o'zining ikki tomonlama munosabatlari doirasida Afg'onistonni iqtisodiy va ijtimoiy tiklash jarayonida muhim rol o'ynaydi”, deya ishonch bildiradi.

Britaniya - O'zbekiston jamiyati raisi lord F.Ponsonbi O'zbe­kiston rahbariyati Afg'onistondagi hozirgi vaziyatni chuqur anglashi va uni kelajakdagi rivoji borasida qayg'urayotganini ta’kidlagan holda, Islom Karimov tomonidan ilgari surilgan BMT shafeligi ostida “6+3” muloqot guruhining tashkil etilishi afgon muammosini tinch yo'l bilan hal qilinishida muhim rol o'ynagan bo'lur edi, deb hisoblaydi. Britaniyalik siyosatchining fikricha, Afg‘onistondagi o‘tish jarayonida va bu mamlakatda tinchlik va barqarorlikni ta’minlashda barcha qo‘shni davlatlarning ishtiroki katta ahamiyat kasb etadi.

Buyuk Britaniyaning Kembrij universiteti professori S.Saksenaning qayd etishicha, Prezident Islom Karimov o'ta chigal va murakkab hisoblanmish afg'on muammosi­ni tinch yo'l bilan hal etish uchun batamom yangicha konseptual yondashuvni taklif etib, uni sodda, lo‘nda va kuchli mantiqqa tayangan holda bayon etdi. Xususan, O'zbekiston rahbari asosiy e’tiborni afg'on xalqi va jamiyatini jipslashtirishga qaratish, har qanday sharoitda ham, avvalambor, afg'on xalqining irodasiga tayanish lozimligini ta’kidladi. Aynan mana shunday ijobiy yondashuvgina Afg'onistonda necha o‘n yillardan buyon davom etayotgan zo'ravonlik va qon to'kilishini to'xtatishi mumkin, deb hisoblaydi olim.

S.Saksenaning so'zlariga ko'ra, “Afg'oniston, o'z nazorati va gegemoniyasini o'tkazishga harakat qilayotgan boshqa davlatlardan farqli o‘laroq, O‘zbekistondek tinchlik va hamkorlikka chorlayotgan ishonchli qo‘shnisi borligidan faxrlansa arziydi”.

“Menga Islom Karimovning Xotira va qadrlash kunida bildirgan fikrlari, ayniqqsa, urush insoniyat uchun naqadar dahshatli qirg‘in ekani, bu ofatning oldini olish va tinchlik- osoyishtalikni asrash dunyodagi har bir insonning burchi ekanini kuyunib aytgan so'zlari nihoyatda qattiq ta’sir qildi, - deydi germaniyalik ekspert F.Lemke. - O'zbekistonning tinchliksevar tashqi siyosat yuritishi, dunyoni qaytadan bo'lib olishga intilayotgan davlatlarning turli xil geosiyosiy o'yinlarida ishtirok etmasligi ham menda katta taassurot qo'ldirdi”.

F.Lemkening fikricha, O'zbekis­ton Prezidentining “tinchliksiz rivojlanish bo'lmaydi, rivojlanishsiz esa kelajak ham bo'lmay­di” degan so'zlarini hech kim inkor eta olmaydi. Shunday ekan, Is­lom Karimovning o'z xalqiga, qo‘shni xalqlar va jahondagi barcha davlatlarga Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish haqidagi chaqirig‘i ezgulik va rivojlanishga qaratilgan takliflarni qo‘llab-quvvatlash naqadar muhim ekanligini, harbiy yo‘l bilan hech qanday muammoni yechib bo'lmasligini anglatadi.

“Prezident Islom Karimov O‘zbe­kiston tashqi siyosatining asosiy prinsiplarini mamlakat mustaqilligining 22 yillik bayramini nishonlash arafasida yana bir bor ochiq va ravshan bayon etdi”, - deydi Fransiyada joylashgan Yevropa kelajagi va xavfsizligini tatbiq qilish instituti rahbari E.Dyupyui. Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonning har qanday harbiy- siyosiy bloklarda va harbiy intervensiyalarda ishtirok etmaslik prinsipi qonuniy asosga ega.

Toshkentning bunday strategiyasi Afg‘oniston bilan ikki tomonlama hamkorligini yanada rivojlantirishga yordam beradi, deya ishonch bildira­di E.Dyupyui.

Fransiyada chiqadigan “Les milieux des empires” tahliliy jurnalining bosh muharriri S.d’Izarnning ta’kidlashicha, Islom Karimov intervyusi O‘zbekiston rahbariyatining Afg‘onistondagi vaziyat borasi­da bildirayotgan asosli tashvishlari bilan birga, har qanday sharoitda ham O‘zbekistonning ushbu davlat bilan yaxshi qo‘shnichilik aloqalariga tayanadigan qat’iyatli pozitsiyasini ko'rsatadi.

2014 yil oxirida AYSEF qo‘shinlarining Afg‘onistondan olib chiqilishi vaziyatni yanada keskinlashtirib yuborishi mumkinligini inobatga olgan holda, S.d’Izarn ushbu muddatga qadar Prezident Islom Karimov­ning umumafg‘on siyosiy muzokaralarini boshlash va zaruriy kelishuvlarga erishish kerakligi haqidagi fikr va takliflari jahon hamjamiyati tomonidan so‘zsiz qo‘llab-quvvatlanishi lozim, deb hisoblaydi.

Belgiya Senati a’zosi Domi­nik Tilmans “Jahon” axborot agentligi muxbiriga bergan intervyusida shunday dedi: “Men O‘zbeki­ston Prezidentining Markaziy Osiyoda tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlashga qaratilgan intilishlari bilan mutlaq hamfikrman. Albatta, mintaqadagi vaziyat oddiy emas. Bu borada O‘zbekistoning turli harbiy bloklarga kirmaslik va ularda qatnashmaslik pozitsiyasi mutlaqo to‘g‘ri va dolzarbdir”.

“Biz Islom Karimovning Xotira va qadrlash kunida O‘zbekiston Afg‘o­nistonga nisbatan ikki xalqning tub manfaatlaridan kelib chiqqan holda siyosat olib boradi, degan so'zlari­ni to'liq qo'llab-quvvatlaymiz”, deya ta’kidlaydi Xitoyning Ijtimoiy fanlar akademiyasi huzuridagi Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyoni tadqiq etish instituti xodimi Su Chan.

Mutaxassisning fikriga ko‘ra, Xitoy va O‘zbekiston Afg‘onistonning qo‘shnilari sifatida ushbu mamlakatdan koalitsion kuchlarning chiqib ketishidan so‘ng yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy vaziyat borasida jiddiy tashvishlanmoqda. “Biz Afg‘oniston muammosi faqat afg‘on xalqi tomonidan hal etilishi, har qanday tashqi kuchlarning aralashuvi esa bu mamlakatdagi ahvolni yanada og‘irlashtirishi va mintaqaviy xavfsizlikka salbiy ta’sir ko‘rsatishi mum­kin, deb hisoblaymiz. Shu bilan birga, Afg‘onistonga ko‘rsatilayotgan iqtisodiy va gumanitar yordamni yana­da kuchaytirish zarur”, - deydi Su Chan.

Yaponiyaning Sharqiy Osiyo tadqiqotlari instituti direktori U.Magosakining fikricha, O‘zbekistonning mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash, xalqaro terrorizm, ekst­remizm va giyohvand moddalarning noqonuniy aylanuviga qarshi kurash siyosati Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanishi uchun eng muhim omil bo'lib xizmat qilmoqda.

“Haqiqatan ham, Afg'onistondan xalqaro kuchlarning olib chiqib ketilishi millatlararo mojarolarning kuchayishiga va chuqurlashishiga olib ke­lishi mumkin. Shu sababdan, Afg‘oni­stondagi mavjud muammolarni muvaqqat hukumat tuzish va saylovlar o‘tkazish yo'li bilan hal etish kechiktirib bo'lmaydigan vazifa hisoblanadi. Bu murakkab jarayonda eng muhim omil - yangi siyosiy organ tuzish yo'lida Afg‘onistonning turli siyosiy guruhlari orasida umumiy kelishuvga erishishdir. Ushbu jarayonda hal etuvchi bo'g'in sifatida BMT va NATO kabi xalqaro tashkilotlar, shuningdek, qo‘shni mamlakatlar ishtirok etishi lozim. Muvaqqat hukumatning tuzilishi Afg'onistonda barqaror davlatchilikni shakllantirish va ko‘pmillatli afg‘on xalqining tinch-totuv yashashi uchun qulay sharoitlar yaratishga imkoniyat tug‘diradi", deb hisoblaydi U.Magosaki.

Yaponiyaning Niagata universiteti professori Shigeki Xakamadaning ta’kidlashicha, Afg‘oniston hududi tashqi kuchlarning “katta geosiyosiy o'yini” maydoni bo‘lib qolmoqda - ular Afg'onistondagi vaziyatdan foydalanib o‘z ta’sir doiralarini kengaytirish va mavqelarini kuchaytirishga harakat qilishmoqda. E’tiborlisi shundaki, Afg‘onistondagi vaziyatning o‘ta nozikligi va uning oldindan aytib bo'lmaydigan oqibatlarga olib kelishiga qaramasdan, hanuzgacha jahon hamjamiyati va rasmiy Qobul afg‘on muammosini hal etish bo'yicha yagona bir fikrga kelmadi, deya fikr bildiradi yaponiyalik mutaxassis.

Malayziyaning sobiq Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari, “Gerakan” partiyasi raisining o‘rinbo­sari, senator Koxilay Pilay O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda mintaqaviy xavfsizlikni ta’min­lash borasidagi olib borayotgan siyosati va afgon muammosini hal etishdagi tashabbus va sa’y-harakatlarini yuqori baholaydi. Uning fik­richa, Afg'onistonning qo‘shnisi sifa­tida O'zbekiston boshqa davlatlarga nisbatan ushbu mamlakatda ro‘y berayotgan murakkab siyosiy jarayonlarni aniq va chuqur his eta oladi. Shuning uchun ham, Prezi­dent Islom Karimov jahon hamjamiyati e’tiborini Afgonistonda o'zaro kurashayotgan tomonlar o'rtasida ke­lishuvga erishish zarurligini va uning asnosida barcha etnik va diniy guruhlar manfaatini ifoda etuvchi koalitsion hukumat tuzishga jalb etmoqda. Faqat shu yo'l bilangina bu mamlakatda tinchlik o‘rnatish mumkin, deya ta’kidlaydi K.Pilay.

Malayziyalik yana bir ekspert, “Binary” universiteti professo­ri Zulfiqli Hoji Senteri: “Af­g‘onistonda tinchlik va barqarorlik o‘rnatilishi O‘zbekiston va Marka­ziy Osiyo mamlakatlari uchun ulkan bozorga ega bo'lgan Osiyo va Tinch okeani davlatlariga eng yaqin masofa bilan chiqish imkoniyatini yaratadi. Bu esa ushbu mintaqalarda joylashgan mamlakatlar o‘rtasida savdo-iqtisodiy va investitsion aloqalarni yanada rivojlantirishga katta turtki beradi. Shularni inobatga olgan holda, ASEAN tashkilotiga kiruvchi davlatlar ham Af­g'onistonda tinchlik va osoyishtalik o'rnatilishidan g‘oyat manfaatdor”, deya ta’kidlaydi.

Latviyada joylashgan Boltiq xa­lqaro akademiyasi professori I.Stetsenkoning so'zlariga ko'ra, Is­lom Karimovning yaxshi qo'shnichilik, o'zbek xalqining osoyishtaligi va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan oqilona siyosati nafaqat Mar­kaziy Osiyo, balki Yevropa davlatlarining ham tinchlik va xavfsizligini ta’minlashga katta hissa qo'shadi. “Ishonchim komilki, Ibn Sino, Ulug'­bek, Beruniy va Navoiy kabi buyuk allomalarning falsafasi va dunyoqarashlarini o'zida mujassam etgan o'zbek xalqi o'z ajdodlarining merosini davom ettirgan holda, xalqlar va davlatlar o'rta­sida tinchlikni saqlash, madaniy va ma’rifiy hamkorlikni kuchay­tirish, donishmandlik, odamiylik va bag'rikenglikni targ'ib etadi ”, - deydi I.Stetsenko.

Muxtasar qilib aytganda, Prezi­dent Islom Karimovning joriy yilning 9 may kuni Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan bergan intervyusiga xorijiy mamlakatlarning ommaviy axborot vositalari, siyosiy, akademik, ekspert va tahliliy doira vakillari tomonidan bildirilayotgan fikr-mulohazalar O'zbekistonning Afg'onistonda tinchlik o'rnatish, Mar­kaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash bo'yicha chuqur o'ylangan pozitsiyasi jahon hamjamiyati tomonidan keng qo'llab-quvvatlanayotganining yaqqol dalilidir.

“Jahon” axborot agentligi