Uz Eng Ru Ru
Biz bilan aloqa
 Adobe Flash Player

Vatan ravnaqiga shaylangan yoshlar

ZARAFSHON 9 IYUL 2013 YIL 82

     Samarqand pedagogika kolleji «Nihol» amfiteatrida Samarqand davlat chet tillar institutini bitirayotgan magistr-talabalarga diplom topshirildi. Shou-tadbir «Obod turmush yili» Davlat dasturidan kelib chiqqan holda, bitiruvchi talabalar va ish beruvchi korxonalar, ota-onalar hamda institut jamosi o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirishga qaratildi.

Tadbirda institut rektori, professor Sh.Sirojiddinov, «Nuroniy» jamg‘armasi viloyat bo‘limi raisi H.Normurodov va boshqalar so‘zga chiqib, bitiruvchilarga oq yo‘l tiladilar.

Ushbu o‘quv yilida institutni 70 nafar magistr va 475 nafar bakalavr talabalar bitirib chiqmoqda. Ularning barchasi bilan oliy ta’lim, o‘rta maxsus, umumta’lim maktablari, turizm va servis hamda qo‘shma korxona­lar va boshqa sohalarda bandligi bo‘yicha shartnomalar imzolangan. Bu - institutni bitirib chiqayotgan yoshlarning barchasi ishli bo‘ladi, degani. 

bitiruvchi-shou foto

Bugungi kunda institutda talabalar ingliz, fransuz, nemis, italyan  singari g‘arb tillari hamda arab, yapon, xitoy, koreys, turk, fors kabi sharq tillarida o‘qitilmoqda, - deydi ilmiy ishlar bo‘yicha prorektor G’anisher Rahimov. - Ularning tilni mukammal o‘rganishlari, xorijiy davlatlarning madaniyati, tarixi va falsafasi haqida keng va chuqur tasavvurga ega bo‘lishlari uchun 250 ga yaqin malakali professor-o‘qituvchilar bilim berishmoqda. Ularning ichida katta tajribaga ega bo‘lgan chet ellik mutaxassis-murabbiylarning borligi e’tiborga molik, albatta.

2012-2013 o‘quv yilida ikkinchi kurs magistranti Matluba Odilova Pre­zident stipendiyasi, to‘rtinchi kurs talabasi Ulug‘bek Shonazarov esa Navoiy stipendiyasi sohibi bo‘ldi.

-  Buxoroi sharifdan kelib ta’lim olayapman, - deydi U.Shonazarov. - Samarqandda ilm o‘rganib, Navoiy nomidagi stipendiyaga munosib ko‘rilganim men uchun nihoyatda katta sharaf. Kelajakda institutda magistraturada o‘kimoqchiman. Maqsadim, bilim va salohiyatim bilan yurt ravnaqiga foydasi tegadigan, jamiyat uchun kerakli farzand bo‘lish. Bunda ustozlarim, ota-onam va Vatanimning beminnat madadiga ishonaman.

Bitiruvchilarga tantanali ravishda diplom topshirilgach, talabalar tomonidan turli millatlar milliy qadriyatlarini aks ettiruvchi sahna ko‘rinishlari, kuy-qo‘shiq, she’r va raqslar ijro etildi.

Tadbirda iqtidorli talaba-yoshlarning ota-onalariga tashakkurnoma hamda faxriy yorliqlar topshirildi.

Isomiddin PO‘LATOV.

 A.ISROILOV  olgan surat.