Uz Eng Ru Ru
Biz bilan aloqa
 Adobe Flash Player

Hamjihatlik, bunyodkorlik va taraqqiyot

16 noyabr — Xalqaro bafrikenglik kuni

“O’zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo’lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqyeidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar”.

(O’zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 18-moddasidan).

Mustaqillik yillarida mamlakatimizda millatlararo va konfessiyalararo totuvlikni ta’minlash uchun barcha huquqiy asoslar hamda zarur shart-sharoitlar yaratib berildi. Bag’rikenglik madaniyatini shakllantirish va yanada mustahkamlash davlatimiz siyosatining ustuvor yo’nalishlaridan biriga aylandi.
Bugungi kunda yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari bir oila farzandlaridek, ahil-inoq yashab, Vatanimiz mustaqilligini mustahkamlashga o’zlarining munosib hissalarini qo’shib kelishmoqda. Ularning huquq va erkinliklarini ta’minlash, ta’lim olishlari, o’z qiziqish hamda layoqatlari bo’yicha kasb-hunar egallashlari, madaniyatlari, urf-odatlari, an’ana va qadriyatlarini saqlash, rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar mavjud. Bunday yuksak darajadagi e’tibor natijasida ko’p millatli xalqimizning boy tarixiy-madaniy merosi qayta tiklandi, qadr topdi. Barcha millat vakillarining davlat boshqaruvi, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy jarayonlarda erkin ishtirok etishi kafolatlandi. Bundan tashqari, umumta’lim maktablarimizda ta’limni yetti tilda olib borish yo’lga qo’yilgani, ko’p sonli millatlar tilida gazeta va jurnallar chop etilayotgani, radio hamda teledasturlar efirga uzatilayotgani alohida e’tiborga loyiq. Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, “Insonlar orasidagi ana shu o’zaro hurmat muhiti, ular qaysi tilda so’zlashishidan qat’i nazar, O’zbekiston deb atalgan umumiy uyimizda hukm surayotgan tinchlik, barqarorlik va osoyishtalikning eng muhim asosi va garovi bo’lib xizmat qilmoqda”.
Ma’lumki, 1995 yil 16 noyabrda YuNESKO Bosh konferensiyasining 28-sessiyasi bo’lib o’tgan edi. Ana shu nufuzli anjumanda “Bag’rikenglik tamoyillari to’g’risida”gi Deklarasiya qabul qilingan. Shundan buyon mazkur sana Xalqaro bag’rikenglik kuni sifatida butun dunyoda, shu jumladan, mamlakatimizda ham keng nishonlab kelinadi. Bundan ko’zlangan asosiy maqsad insoniyatni bag’rikenglikka, tinchlik va osoyishtalikni saqlashga undashdir.
Ta’kidlash joiz, bayramlar, nufuzli tadbirlar va mana shunday muhim sanalar arafasida mamlakatimizda istiqomat qilayotgan turli millat vakillaridan tahririyatimizga dil so’zlari bitilgan maktublar kelishi an’anaga aylanib qolgan. Ularda bugungi osuda va farovon hayotimizga shukronalik hissi ufurib turadi. Quyida ana shunday nomalardan ayrimlarini e’tiboringizga havola etayapmiz.

Aleksandr KIM,
Navoiy viloyati koreys milliy madaniy markazi raisi, “Do’stlik” ordeni sohibi:
— Prezidentimiz ajoyib bir ta’rifni keltirganlar: “O’zbekistonning boyliklari ko’p, lekin bizning eng katta boyligimiz, eng yuksak qadriyatimiz, bu — jamiyatimizda hukm surayotgan tinchlik, millatlararo do’stlik va hamjihatlikdir”. Ushbu fikrning o’ziyoq yurtimizda, ona-Vatanimizda bag’rikenglik tamoyillariga qanchalar katta ahamiyat qaratilishini yaqqol ifodalab beradi. Biz ana shunday bebaho muhitda, har bir millat vakillari uchun teng huquqli sharoit yaratilgan, o’zaro hurmat hamda mehr-oqibat tushunchalari ulug’lanadigan go’zal zaminda yashayotganimizdan cheksiz faxrlanamiz.
Ayni paytda Navoiy viloyatida bir ming uch yuz nafardan ortiq koreys millatiga mansub fuqarolar istiqomat qiladi. Ular bilan suhbatlashganda shunga amin bo’lamizki, har biri bugungi kunidan minnatdor, ertangi kuniga ishonchi mustahkam. Shu bois O’zbekistonimizning gullab-yashnashi, yanada taraqqiy etishi yo’lida boshqalar qatori koreyslar ham o’zlarining munosib hissalarini qo’shishga intilishmoqda.
Milliy madaniy markazimiz a’zolari an’anaviy tarzda o’tkazib kelinadigan “O’zbekiston — umumiy uyimiz” do’stlik va madaniyat festivalida hamisha faol ishtirok etishadi. Bu tadbir bizga judayam yoqadi. Chunki unda an’analar, qadriyatlar keng namoyish qilinadi, go’zal va betakror Vatanimizni ulug’lovchi kuy-qo’shiqlar ijro etiladi. Shuningdek, bir qator jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda tashkil qilinayotgan “O’zbekiston — ko’p millatli ahil oila”, “Millatlararo totuvlik va diniy bag’rikenglik — taraqqiyot omili” kabi mavzulardagi ilmiy-amaliy anjumanlar, seminar hamda ko’rgazmalar ham o’zaro hamjihatlikni mustahkamlash, madaniyat va an’analarni yanada rivojlantirish, yoshlar ongida ularga nisbatan hurmat hissini shakllantirishga xizmat qilayapti.
Muqaddas zaminimizda turli millat va elat vakillariga milliy bayramlarini emin-erkin nishonlash uchun ham keng yo’l ochib berilgan. Masalan, biz, koreys xalqining “sollar”, “tano”, “chusok”, “xansik” deb nomlanuvchi marosimlarini muntazam o’tkazayotganimiz fikrimiz tasdig’idir.
Umuman, mavjud imkoniyatlar, yaratilayotgan sharoitlar haqida uzoq gapirish mumkin. Fursatdan foydalanib, mana shunday yuksak e’tibor va g’amxo’rlik uchun Prezidentimiz Islom Karimovga cheksiz minnatdorlik bildiramiz.

Elza GERDT,
Buxoro viloyati nemis milliy madaniy markazi raisi:
— O’zbekistonda barcha millat vakillariga teng huquqli munosabat tegishli hujjatlar bilan kafolatlab qo’yilgan. Jumladan, Konstitusiyamizning 4-moddasida “O’zbekiston Respublikasi o’z hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an’analari hurmat qilinishini ta’minlaydi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratadi”, deya qayd etilgan bo’lib, ushbu tamoyil amalda o’z ifodasini topmoqda.
Turli millat va elatga mansub fuqarolar qatori biz, nemis millati vakillari ham O’zbekistonda tinch va ahil yashab kelayapmiz. Farovon turmush kechirishimiz, mehnat qilishimiz, milliy urf-odatlarimiz, an’analarimizni asrab-avaylashimiz uchun barcha shart-sharoit yaratib berilgan.
Muassasamiz Buxoro shahrining qoq markazida joylashgan. Bu yerda nemis va o’zbek tillarini o’rgatish to’garaklari,  kompyuter klubi, “Quelle” (“Buloq”) teatr studiyasi faoliyat ko’rsatayapti. “Fantaziya” bolalar ijodiy to’garagi, o’zbek, nemis va jahon xalqlari raqslarini o’rgatuvchi klub mashg’ulotlari uning ishtirokchilarida katta qiziqish uyg’otayotir. Mustaqillik, Navro’z bayramlarida, shuningdek, poytaxtimizda o’tkazib kelinayotgan nemis tilida so’zlashuvchi yoshlar festivalida vakillarimiz faol qatnashishmoqda. Yoshlar klubi a’zolari tomonidan sahnalashtirilgan spektakllarda oila poydevorini mustahkamlash, do’stlik, bag’rikenglik mavzulariga alohida ahamiyat qaratilayapti. Bundan tashqari, “Uch avlod uchrashuvi”, “Yuzma-yuz muloqot” deb nomlangan tadbirlar uyushtirayapmiz, keksalar uchun xayriya aksiyalari tashkil etayapmiz.
Biz inson qadri hamisha ulug’lanadigan mana shunday muqaddas zamin farzandi ekanimizdan haqli ravishda faxrlanamiz va uning ravnaqiga munosib hissa qo’shishni o’zimizning farzandlik burchimiz, deb bilamiz.

Ali Nasirli GEYDAR o’g’li,
Sirdaryo viloyati ozarbayjon milliy madaniy markazi faoli, “Do’stlik” ordeni sohibi:
— O’zim huquqshunos bo’lsam-da, Sirdaryoda ko’pchilik meni ijodkor sifatida taniydi. Boisi, O’zbekiston, mustaqillik, obodlik, farovonlik va tinchlik-totuvlik mavzuidagi she’rlarim bilan tez-tez matbuotda, turli davralarda, tadbirlarda qatnashib turaman. Bu ijod namunalarim mening jonajon O’zbekistonimga cheksiz mehru muhabbatim izhori, osoyishtalik, turli millatlar va elatlarning hamjihatligi hamda totuvligiga, turmushimizning farovonligiga shukronam ifodasidir.
Sirdaryoda ham ko’pgina millat va elat vakillari istiqomat qiladi. Buni hozir viloyatimizda 5 ta milliy madaniy markaz samarali faoliyat yuritayotganligidan ham bilish mumkin. Eng muhimi, barcha millat vakillari yagona maqsad — O’zbekiston ravnaqi, uning farovon kelajagi yo’lida bir tanu bir jon bo’lib, faol mehnat qilishmoqda. Xalqimizning birdamligi, amalga oshirilayotgan samarali islohotlar tufayli yurtimizga fayzu baraka yog’ilmoqda, tinchligimiz poydevori mustahkam bo’lmoqda. Zero, hamjihatlik barqaror yurtdan farovonlik arimaydi.

Xalq so'zi gazetasi №225 soni 2013-yil 16-noyabr