Uz Eng Ru Ru
Biz bilan aloqa
 Adobe Flash Player

Yangi avlod ingliz tili darsliklari - ular qaysi jihatlari bilan avvalgilaridan farqlanadi

MA'RIFAT  20.07.2013  № 55

     Ingliz tilini o‘rganayapman desangiz, bu tildan xabardor kishilar darhol qaysi kitobdan foydalanayapsiz, degan savolni berishadi. Kitob nomini eshitgach, o‘qituvchining dars o‘tish uslubi-yu qanday natijaga erishish mumkinligini ham oldindan taxmin qilishadi. Darvoqe, darslikning qimmati shunchalik yuqoriki, uni bejiz o‘qituvchiyu o‘quvchining eng muhim ish quro­li, shu bilan birga dars davomidagi ishonchli hamrohi deyishmaydi. Ayniqsa, xorijiy tilni o‘rganish zamon talabiga aylanib borayotgan bir paytda ushbu fanning o‘quv adabiyoti til ta’limini sifatli va samarali tashkil etishda muhim ahamiyat kasb etishi kerak.

 Prezidentimizning 2012 yil 10 dekabrdagi «Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ijrosi sifatida bundan bir necha oy oldin O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi qoshida tashkil etilgan ishchi guruh tomonidan tizimda chet tillarni o‘qitish bo‘yicha yangi ta’lim standartlari ishlab chiqilgandi. Ayni shu kunlarda esa ushbu ishchi guruhning ing­liz tili fani mutaxassislari xalqaro ekspertlar, tajribali o‘qituvchi, olim va ruhshunoslar hamkorligida akademik litsey hamda kasb-hunar kollejlarining birinchi bosqich o‘quvchilari uchun ingliz tili darsligining yangi avlodini yaratishdi.

Xo‘sh, yangi avlod darsligi qay jihati bilan e’tirofga loyiq? Oldingilaridan nimasi bilan farq qiladi? Darslikda qanday yangi mavzular aks ettirildi? Shu kabi savollar bi­lan ishchi guruh a’zosi O‘zDJTU qoshidagi 2-akade­mik litsey ingliz tili o‘qituvchisi Surayyo Tursunboevaga murojaat qildik.

- Darslik yaratishda asosan xalqaro tajribaga asoslandik, — deydi Surayyo Tursunboeva. — Shuningdek, xalqaro ekspert sifatida taklif etilgan Lesli Kirkem ishtirokida va uning tavsiyalari asosida ish olib borildi. Yangi nashr etilayotgan darslik avvalgilaridan butunlay farq qiladi. Oldingi darsliklarda faqat grammatik bilim va qoidalar, berilgan matnlarni ingliz tilidan o‘zbek yoki rus tiliga tarjima qilishga urg‘u berilgan bo‘lsa, yangi darslikda esa kommunikativ muloqotga kirishishga alohida e’tibor qaratildi. Bunda bir vaqtning o‘zida o‘quvchining to‘rt ko‘nikmasi — o‘qish, yozish, gapirish, eshitish qobiliyatlarini rivojlantirish mo’ljallangan. Eng avvalo, ingliz tili dars­ligi uch kitobdan iboratligi bilan ahamiyatli ekanini ta’kidlash o‘rinli. Masalan, birinchi kitob Students book deb atalib, o‘quvchi undan dars jarayonida foydalanadi. Unda yuqorida aytib o‘tilgan ko‘nikmalarni rivojlantirish maqsadida rangli rasmlar, mashhur shaxslarning fotosuratlari, qiziqarli va interfaol mashqlar bilan birga audio materiallar ham berildi. Ikkinchisi esa Work book kitobi hisoblanib, unda o‘quvchi o‘z ustida ishlashi hisobga olingan bo‘lib, uni uyga vazifa kitobi deb atasa ham bo‘ladi. O‘quvchining eshitish qobiliyatini yanada rivojlantirishni hisobga olgan holda, uning har bir mavzusi uchun ikkitadan alohida audio materiallar jam qilingan. O‘quvchi mazkur kitob orqali dars jarayonida o‘zlashtirgan bilimlarini uyda o‘zi mustaqil ravishda mustahkamlaydi.

Shuningdek, mazkur ikki kitobda 12 ta bo‘lim (unit) mavjud. Har bir bo‘lim to’rt qismdan iborat bo‘lib, 8 akademik soat(4 juftlik)ga mo‘ljallandi. Mazkur to‘rt qismning so‘nggisi esa Review, ya’ni uchta juftlikda berilgan materiallarni o‘quvchi qay darajada o‘zlashtirganligini tekshirish uchun turli qiziqarli va mantiqiy nazorat savollari berildi. Bundan tashqari, semestr yakuniy tekshiruvi uchun Progress test be rilgan bo‘lib, ushbu testlar bugungi kunda foydalanilayotgan turlaridan butun­lay farq qilib, o‘quvchilarni ingliz tilida fikrlash ko‘nikmasini rivojlanti rishga qaratilgan.

Yangi yaratilayotgan darsliklarning yana bir muhim jihati shundaki, o‘quvchi uyga vazifa kitobida port­folio— o‘quvchini o‘z ustida mustaqil ishlashga o‘rgatadigan topshiriqlar jamlanmasi va kichik guruhlarda bir necha turdagi taqdimotlar yaratish vazifalari berilgan. Uning yordamida o‘quvchiga mustaqil ishlashi uchun qo‘shimcha topshiriqlar beriladi. O‘rganuvchi portfolioni bajarish davomida qilgan ishlarini faylga jamlab boradi. Semestr oxirida esa o‘sha faylni o‘qituvchiga taqdim qiladi. Bu bir tomondan o‘qituvchining baholashga ketadigan vaqtini tejaydi, shu bilan birga, o‘quvchini mustaqil, ijodiy va mantiqiy fikrlashga o‘rgatadi. Chunki topshiriqlar ko‘proq ijodiy ishlashga mo‘ljallangan. Natijada ingliz tili fani bo‘yicha yangi davlat ta’lim standartida belgilanganidek, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi bitiruvchisi ikkinchi bosqichda kurs ishini va o‘qishni tamomlayotganda diplom ishi himoyasini ham ingliz tilida qila olish darajasiga erishishi mumkin.

Shuningdek, o‘qituvchilar uchun metodik tavsiya sifa­tida Teacher’s book kitobi yozildi. Buning ahamiyati shundaki, bir darsning maqsadidan boshlab uyga va­zifa berishgacha, ya’ni o‘quvchini o‘qish materialiga tayyorlash, matn bilan ishlash, o‘qiganlarini mustahkamlash kabi pre-, while, post teaching tarzida bosqichma-bosqich yozildi. Buni tayyor dars ishlanmasi ham deyish mumkin. Ushbu kitoblar xalqaro tajribalar asosida yozilgani uchun ko‘pchilik o‘qituvchilarimizga bu yangilik bo‘lib tuyulishi mumkin. Shularni hisobga olgan holda, ishchi guruhimiz vakillari tomonidan uch-to‘rt darsni namunaviy tarzda olib borib, ularni videodars sifati­da DVD-diskda hamkasblarimizga kitob bilan birgalikda taqdim qilish niyatidamiz.

Shu o‘rinda darslik borasida bir mulohaza. Bundan 10 yillar oldin til o‘rgatuvchilar orasida ancha urf bo‘lib, darslik sifatida keng qo‘llanilgan «Uchebnik angliyskogo yazыka» («Moskva» yoki «Bishkek» nashriyoti, N.A.Bonk va boshq.) kitobi bugun amaliyotda deyarli uchramaydi. Uni eslaganimning sababi shuki, o‘sha kitobdan ikki  yil litsey-internatda, so‘ng uch yil universitetda foydalanganmiz. Biroq uning samarasi juda kam bo‘ldi. Chunki hijjalab yodlagan so‘z va iboralarni hech qaerda ishlata olmadik. Asosiy e’tibor grammatikaga qaratilgani, undagi topshiriqlarning bir xilligi, undan tashqari, matnlarning ham g‘oyaviy, ham ma’naviy jihatdan eskirgani o‘rgatuvchini ham, o‘rganuvchini ham zeriktirardi. Yangi o‘quv yilidan boshlab akademik litsey hamda kasb- hunar kolleji o‘quvchilari foydalanadigan bugungi avlod darsligida esa matnlar, mavzular, hatto suratlar ham jonli bo‘lib, milliylik va hozirgi kun nafasi ufurib turadi. Ayniqsa, matnlarga ishlangan rangli fotosurat va lavhalar til o‘rganuvchini o‘ziga jalb qiladi, mavzu va matnni o‘zlashtirishiga ko‘maklashadi.

—    Endilikda akademik litsey hamda kasb-hunar kollejlarida ingliz tili fani tegishli mutaxassislikka yo‘naltirilgan holda o‘qitiladi, — deya fikrini davom ettiradi Surayyo Tursunboeva. — Biroq  respublikamiz kasb-hunar kol­lejlarida 250ga yaqin mutaxassisliklar mavjud bo‘lib, ularning har biri o‘ziga xos. Darslik yaratishda ham bu jihat alohida e’tiborga olinib, mavzular har bir yo‘nalish uchun asos sifatida umumiy qilib berildi. Masalan, What’s your speciality? (Tanlagan kasbingiz nima?), Time management (Vaqtdan unumli foydalanish), Filling in forms (Ish hujjatlarni to‘ldirish), Skills for success (Muvaffaqiyatga eltuvchi mahorat sirlari), Prepa­ration for final exam (Yakuniy imtihonga tayyorgarlik) kabi mavzular shular jumlasidandir. Bunda pedagoglar kasb-hunar kolleji yoki akademik litsey yo‘nalishidan kelib chiqib, darsni tashkil etadi va sohaga doir atamalardan keng foydalanishi mumkin.

Mutaxassisilikka yo‘naltirilgan ingliz tilida o‘quvchilarni yuz foiz qamrab olish kerak. Bu erda asosan o‘rganuvchilarning o‘zlari faol bo‘lishadi. O‘qituvchi esa shunchaki yo‘nalish berib, darsni boshqarib tu­radi, xolos. Ya’ni, bunda topshiriqlarni o‘rgatuvchi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aytmay, bi­rinchi o‘rganuvchining o‘zidan so‘raydi. Javoblarni esa o‘qituvchi to‘ldirib bo­radi. Bu xalqaro tajribada noan’anaviy dars o‘tish usuli deb nomlanib, bunda an’anaviy darsdan farqli o‘laroq o‘qituvchi emas, bal­ki o‘quvchi darsning diqqat markazida bo‘ladi. Mazkur darslikda ham ushbu talablar to‘la o‘z aksini topdi deyish mumkin. Uni tayyorlash jarayonida O‘zDJTU qoshidagi 2-akade­mik litsey o‘quvchilari bi­lan birgalikda kichik tajriba-sinov tadbirlari olib borildi. Natija ku tilganidek bo‘lib, dars davomida o‘qituvchi barcha o‘quvchi bilan bemalol shug‘ullana oldi. Shunday bo‘lsa-da, bu ishlarimiz yakunigay etdi, degani emas. Yangi o‘quv yilidan boshlab o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimidagi hamkasblarimizushbu darslikdan foydalanib ko‘rishgach, o‘z taklif va mulohazalari bilan o‘rtoqlashishsa kelgusida qayta ishlab yanada takomillashtiramiz.

Kitob yozishga jalb etilgan ishchi guruh vakillari uchun Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va Bri­taniya Kengashi hamkorligida xalqaro eskpertlar hamda O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining malakali mutaxassislari tomonidan o‘quv standartlari, o‘quv dasturlari va o‘quv adabiyotlari yozish bo‘yicha alohida tre- ninglar o‘tkazildi. Bundan tashqari, haftaning har seshanba va payshanba kunlari O‘zDJTUga borib o‘zimiz qilgan ishni o‘sha trening o‘tkazib bergan o‘qituvchilarga ko‘rsatardik. Ular xato va kamchiliklarimizni aytib o‘tishardi, keyingi safargacha ularni bartaraf qilib borishga harakat qilardik.

O‘ylaymanki, mehnatimiz zoe ketmaydi. Ushbu yaratilayotgan yangi darsliklar akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilarining kelajakda ish hujjatlarini bemalol ingliz tilida to‘ldira oladigan, nafaqat darsda, bal­ki darsdan tashqarida ham erkin muloqotga kirisha oladigan etuk malakali kadrlar bo‘lib etishishiga hissa qo‘shadi.

 Abror UMARQULOV, «Ma’rifat» muxbiri