Uz Eng Ru Ru
Biz bilan aloqa
 Adobe Flash Player

Zamonaviy turizm xizmati

Barcha rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlarda malakali kadrlarga talab yuqori. Xususan, respublikamizda ham bu borada talay ishlar bajarilyapti. Bugunga kelib barcha ta’lim mussasalarida zamonaviy, malakali kadrlar tayyorlanmoqda.

Sartepa Turizm va maishiy xizmat kasb-hunar kolleji nafaqat viloyatimizda, balki respublikamizda turizm va turizm infratuzilmasi uchun malakali kadrlar tayyorlovchi o‘quv maskani hisoblanadi. Kollejda sayyohlik xizmatlar tashkilotchisi, sartaroshlik va dekorativ kosmetika ustasi, fotografiya ishi bo‘yicha mutaxassis, turizm, mehmonxona va restoran biznesi tashkilotchisi, milliy va xorijiy taomlar oshpazi yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi. O‘quvchilarga ingliz, yapon va fransuz tillari chuqur o‘rgatiladi. O‘quv muassasasidagi yo‘nalishlar asosan turizm sohasi bilan bog‘liq bo‘lganligi bois pedagog kadrlar Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Toshkent shahridagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti hamda Samarqand iqtisodiyot va servis institutlarida turizm yo‘nalishi bo‘yicha o‘z malakasini oshiradi. 

Kollej qoshida tashkil etilgan «STK» turistik firmasi bosmaxona va konditer sexi orqali Samarqand shahri aholisi, turli tashkilot va korxonalarga ham sifatli xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Joriy yil esa milliy va xorijiy taomlar oshpazi yo‘nalishi uchun zamonaviy oshxona jihozlari keltirildi.

– Joriy o‘quv yilining boshlanishi haqiqatda biz uchun quvonarli bo‘ldi, – deydi kollej direktori Aziz To‘xtamishev. – Sababi 2014-2015 o‘quv yilidan boshlab Britaniya Kengashining «Turizmda kasbiy ko‘nikmalar», «Turizm sohasida ingliz tili» loyihalarini amalga oshirishda kollejimiz tajriba sinovi maydonchasi etib belgilandi. Shundan kelib chiqib, «Turistik xizmatlar tashkilotchisi» yo‘nalishi bo‘yicha o‘zbek guruhi tanlab olindi va o‘sha loyihalar asosida dars jarayonlari olib borilmoqda. Tajriba-sinov guruhiga dars beradigan o‘qituvchilarimiz va o‘quvchilarimiz uchun barcha zarur uslubiy qo‘llanmalar hamda o‘quv qurollari Britaniya Kengashi loyihasi doirasida ajratilishi ko‘zda tutilgan. Loyihaga muvofiq maxsus fanlar chuqurlashtirilgan o‘quv dasturlari asosida o‘qitiladi. O‘quvchilarning kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirishda xorijiy tajriba o‘rgatiladi. Yangi loyiha bo‘yicha ta’lim berayotgan pedagog kadrlar Toshkent shahridagi Britaniya Kengashining «Turizm sohasida ingliz tili» loyihasi doirasida malaka oshirib kelishadi. 

Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, mazkur loyihani amalga oshirish uchun Toshkent, Samarqand, Buxoro va Urganch shaharlaridagi turizm sohasiga yo‘naltirilgan kasb-hunar kollejlari qamrab olingan. O‘quv amaliyotlari asosan kollejda, ishlab chiqarish va diplomoldi amaliyotlari esa Samarqand shahridagi korxona va tashkilotlarda o‘tkaziladi. Kollejda o‘qish va o‘qitish bilan bog‘liq yangi pedtexnologiyalarni joriy etish hamda qo‘llashda Germaniya texnik markazining «O‘zbekistonda boshlang‘ich kasbiy ta’limni qo‘llab-quvvatlash» loyihasi, Osiyo taraqqiyot bankining ta’limni rivojlantirish fondi, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan. Undan tashqari, Fransiyaning «Saint-Quentin-en-Yvelines» turizm va mehmonxona xo‘jaligi litseyi hamda Evropa Ittifoqining ta’lim fondi bilan hamkorlik qilish bo‘yicha izchil ishlar olib borilyapti.
O‘tgan o‘quv yilida o‘qishni tamomlagan bitiruvchilar hozirda o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ish bilan band. Jumladan, ular «Aziya Samarqand», «Orient Star», «Registon plaza» mehmonxonalarida, reklama agentliklari hamda fotosalonlarda, go‘zallik salonlarida ishlab kelmoqdalar. Bundan tashqari yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tib, faoliyat boshlagan o‘quvchilar ham talaygina.

Husan ELTOEV.

http://zarnews.uz