Uz Eng Ru Ru
Biz bilan aloqa
 Adobe Flash Player

Institut haqida

Institut

Mustaqillik hosilasi bo‘lgan Samarqand davlat chet tillar instituti O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1994 yil 8 noyabrdagi Farmoni bilan tashkil etilgan. Hozirda institut oliy va o‘rta maxsus ta’lim va  xalq ta’limi sohalariga hamda turizm infratuzilmasiga yuqori malakali xorijiy filologiya mutaxassislari, shuningdek, gid-tarjimonlar tayyorlashning halqaro miqyosda e’tirof etilgan nufuzli yirik markazlaridan biriga aylandi.

Yurtimizda dunyoni yangicha idrok etadigan, millat g‘ururi va haq-huquqi uchun kurashadigan, o‘z taqdirini xalqi, Vatani taqdiri bilan bir deb bilib, faoliyat ko‘rsatayotgan yangi avlod shakllanmoqda. Ular ham ajdodlar ma’naviy merosini, ham umumbashariy qadriyatlarni barobar o‘zlashtirmoqdalar. Salohiyatli mutaxassis kadrlar - O‘zbekistonning ertangi kunini, millat kelajagini belgilaydi. SHu bois zamon talablariga javob beradigan yuksak madaniyatli, bilimdon yoshlarni tarbiyalash davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Buning natijasi o‘laroq, institutda hozirda 4 fakultet, 15 kafedra, 14 til va madaniyat markazlari, mintaqaviy til o‘rgatish markazi, Ta’lim sifati ta’minoti va innovatsiyalar markazi, eng zamonaviy o‘quv va multmedia uskunalari bilan jixozlangan Axborot – resurs markazi mavjud.

Institutda 11 ta  yo‘nalishda bakalavriatura, 5 mutaxassislik bo‘yicha magistratura, 4 ixtisoslik bo‘yicha doktorantura faoliyat ko‘rsatmoqda. 350 nafar talabaga mo‘ljallangan zamonaviy talabalar turar joyi, 250 o‘rinli oshxona mavjud. Bugungi kunda ingliz, nemis, fransuz, italyan, ispan, arab, yapon, koreys va xitoy tillari hamda tarjimonlik mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlar tayyorlanmoqda. O‘tgan davr mobaynida SamDCHTIda 4 nafar Prezident stipendiyasi, 10 dan ortiq A.Navoiy nomidagi stipendiya sohiblari hamda 100 dan ortiq turli dasturlar, olimpiadalar va xalqaro ko‘rgazmalar g‘oliblari yetishib chiqdi.

Joriy o‘quv yilida institutda bakalavriat bosqichida 1932 nafar, magistratura bosqichida 129 nafar talaba, 14 nafar doktorant tahsil olmoqda. Ularga kasb sirlarini o‘rgatish, ilmiy-pedagogik jarayonni faol olib borishlari uchun salohiyatli ilmiy muhit mavjud. Hozirda bu obro‘li ilm dargohida 225 nafar professor-o‘qituvchi, jumladan 15 nafar fan doktori, professorlar, 70 nafar fan nomzodi, dotsentlar, 124 nafar o‘qituvchi-pedagoglar mehnat qilmoqda. SHuningdek, institutda 20ga yaqin xorijlik mutaxassis faoliyat ko‘rsatmoqda.

 Samarqand davlat chet tillar instituti  Samarqand viloyatida ta’limga oid hukumat qaror va farmonlari ijrosini amalga oshirishda yetakchi ilmiy maskanlardan hisoblanadi. Jumladan, O‘zR  Prezidentining 2012 yil 10 dekabragi “CHet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi  PQ-1875 sonli qarori ijrosini ta’minlash borasida institut pedagogik jamoasining ishlari e’tiborga molikdir. Hozirda Samarqand viloyatida xalq ta’limi tizimidagi 49 ta tayanch va 9 ta tajriba-sinov maktablarida tabiiy fanlarni chet tilida o‘qitish, uzluksiz ta’lim tizimining keyingi uzviy bosqichi bo‘lgan kasb-xunar kollejlarida chet tili ta’limini yangi sifat bosqichiga ko‘tarish borasida Samarqand davlat chet tillar instituti jamoasi tomonidan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan,  Oqdaryo Pedagogika kollejida va Narpay tumanidagi 32-o‘rta maktabda hamda qator boshqa ta’lim markazlarida SamDCHTI tashabbusi bilan tashkil etilgan seminar va konferensiyalarda o‘rta maktab va kasb-hunar kollejlari o‘qituvchilariga chet tillarini o‘qitishda amaliy-uslubiy ko‘mak berish, o‘qitish uslublari va mazmuniga zamonaviy pedagogik texnologiyalarni jadal va samarali tatbiq etish, yangi, xalqaro standartlarga mos o‘quv adabiyotlarini yaratish va amaliyotda qo‘llash, o‘rta maxsus ta’lim tizimi subektlari uchun nofilologik fanlarni chet tillarda olib boradigan etuk mutaxassislarni tayyorlash kabi dolzarb masalalar muhokama etilib tavsiyalar ishlab chiqildi. Bu borada institutda tashkil etilgan Til o‘rgatish markazi, yosh mutaxassislarga metodik yordam ko‘rsatuvchi Kasbiy mahorat maktabi, Kompetensiya maktabi, Ota-onalar uchun chet tili kurslari kabi ilmiy-o‘quv markazlarning tajribasi, ayniqsa, kollej va o‘rta maktab o‘qituvchilari uchun tom ma’noda tajriba maktabi bo‘lib xizmat qiladi.

SamDCHTI xorijiy oliy ta’lim muassasalari va ilmiy markazlari bilan ilmiy, amaliy-pedagogik va texnikaviy sohalarda jami 45 dan ortiq davlatlar bilan hamkorlik shartnomalarini imzolagan. Har ikkala tomonlar o‘rtasidagi shartnomalar asosida aniq yo‘nalishlar bo‘yicha ishchi dasturlar asosida ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda. Rossiya, Olmoniya, Italiya, Xitoy, Malayziya, Koreya, Yaponiya va boshqa ko‘plab davlatlar universitetlari bilan hamkorlik faol rivojlanmoqda.

Institut asosiy e’tiborni xorijiy universitetlar bilan professor – o‘qituvchi va talabalar almashinuvini rivojlantirishga qaratmoqda. Har yili institutimizning 20 dan ortiq professor-o‘qituvchilari, ilmiy tadqiqotchilari hamda talabalari Evropa, Amerika va Osiyo davlatlarida taxsil olishmoqdalar, yozgi ta’til davomida ishlab chiqarish jarayoni bilan va yangi texnologiyalar bilan tanishmoqdalar, xorijiy universitetlarda malakalarini oshirib qaytishmoqdalar.

Institut ilmiy xodimlari va talabalari xalqaro konferensiyalarda ishtirok etishlariga, ilmiy salohiyat va moddiy bazani rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Institutda sohaviy nashrlar orasida eng nufuzlilaridan xisoblangan «Xorijiy filologiya: til, adabiyot, ta’lim» ilmiy-nazariy jurnal chop etilmoqda. Institut respublikamizning barcha oliy oʻquv yurtlari bilan bir qatorda xorijiy davlatlardan Gyote Instituti, Gumboldt Universiteti (Germaniya), London Metropoliten Universiteti (Angliya), Xoseo, Xondong, CHonnam (Koreya Respublikasi), Siena (Italiya), Al-Mansura (Misr), Dalarna (SHvetsiya), Oulu (Finlyandiya) kabi shaxarlardagi qator etakchi oliy o‘quv yurtlari bilan samarali xamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. O‘tgan qisqa tarixiy vaqt ichida Samarqand davlat chet tillar institutida o‘ziga xos tilshunoslik maktablariga asos solindi: german tillari va sotsiolingvistika (professorlar A.M.Bushuy, T.A.Bushuy), umumiy tilshunoslik va matn lingvistikasi (professor N.Q.Turniyazov): tarjima nazariyasi va amaliyoti, adabiyotshunoslik, tarix va madaniyatshunoslik, xorijiy pedagogika tarixi ilmiy yo‘nalishlari jadal rivojlanmoqda.

Samarqand davlat chet tillar instituti mustaqillik yillarida nafaqat viloyat, balki mintaqa uchun ilmiy-ijtimoiy o‘ta muhim va e’tiborga molik oliy ta’lim maskaniga aylandi. 

Rektor  I.M. Tuxtasionov