Uz Eng Ru Ru
Biz bilan aloqa
 Adobe Flash Player

Farzandlari sog’lom yurt – qudratli bo’lur

Mamlakatimizda Prezidentimiz rahnamoligida istiqlolning dastlabki yillaridan boshlab aholi salomatligini mustahkamlash, barkamol avlodni tarbiyalash masalasi davlat siyosati darajasiga ko’tarib kelinmoqda. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan e’lon qilingan "Oila yili", "Ayollar yili", "Sog’lom avlod yili", "Ona va bola yili", "Sihat-salomatlik yili", "Yoshlar yili", "Barkamol avlod yili", "Mustahkam oila yili" munosabati bilan qabul qilingan davlat Dasturlari o’zaro uzviylik kasb etdi.

Bu olijanob maqsad yo’lida qilingan ulkan ishlar bolalarimizning sog’lom tug’ilishi va ulg’ayishi, onalik va bolalikni muhofaza qilish, ijtimoiy himoyani kuchaytirish, ta’lim tizimini takomillashtirish, qolaversa, bolalar sportini rivojlantirishga qaratilgan keng ko’lamli islohotlardir. Yangi 2014 yilning "Sog’lom bola yili" deb atalishi esa sog’lom ona – sog’lom bola umummilliy dasturlarimiz doirasida amalga oshirilishi lozim bo’ladigan yana bir qadam deyish mumkin.

Prezident Islom Karimov O’zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi qabul qilinganining 21 yilligiga bag’ishlangan tantanali marosimida so’zlagan ma’ruzasida bu haqda to’xtalar ekan, jumladan shunday dedi:

– Azal-azaldan har qaysi ota-ona o’z bolasining sog’lom va barkamol, aql-zakovatli, baxtli bo’lishini istaydi. Shunday farzandni voyaga yetkazish, uning hayotda munosib o’rin egallashiga erishish – ota-onaning eng ulug’, eng muqaddas orzusi, desak, ayni haqiqatni aytgan bo’lamiz. Biz sog’lom avlod deganda, nafaqat jismoniy, balki ma’naviy jihatdan ham sog’lom bolani o’zimizga tasavvur etamiz.

Darhaqiqat, o’zbek xalqi bolajon xalq. Barcha orzu-havaslarimiz, hayotimizning mazmuni – farzandlarimiz bilan bog’liq. Bolalarimizning baxtu saodatini, kamolini ko’rish, har bir ota-onaning oliy maqsadidir.

Sog’lom bola esa ma’ruzada ta’kidlanganidek, sog’lom va ahil oilada kamol topadi. Oilalarni mustahkamlash, sog’lom avlodni voyaga yetkazish uchun esa mamlakatimizda salmoqli ishlar amalga oshirilayotganini hyech kim inkor etolmaydi. Birinchi galda onalarning sog’lig’ini muhofaza qilishga, xususan, ayollarimizni qadrlashga keng e’tibor berilmoqda, cheksiz g’amxo’rliklar ko’rsatilmoqda. Ayollarimizni turli kasalliklardan himoya qilish, og’ir ishlardan xalos etish nafaqat jamiyatning, balki er kishining ham burchi ekanligi qat’iy qilib qo’yilgani dunyoning birorta mamlakatida uchramasa kerak.

Sog’lom bolani voyaga yetkazishda onalar va bolalar salomatligini asrashga xizmat qiladigan tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Bo’lg’usi kelin-kuyovlarning nikohdan oldin tibbiy ko’rikdan o’tkazish tartibi joriy qilingan. Bundan ko’zlangan maqsad sog’lom oila qurish, sog’lom bolani dunyoga keltirish bilan bog’liqdir. Bu borada ijobiy natijalarga erishilayotgan bo’lsa-da insonning hayoti, tug’ilajak farzandining taqdiriga ba’zan mas’uliyatsizlik bilan qarash holatlari uchrab turibdi. Bu masalada endi bolalarning sog’lom, benuqson bo’lib tug’ilishi uchun tibbiyot xodimlarining mas’uliyatini, kerak bo’lsa, javobgarligini oshirish vaqti keldi.

Ma’ruzada sog’lom bolani voyaga yetkazishda ta’lim-tarbiya va sportning o’rni hamda ta’sirini yanada kuchaytirish lozimligiga alohida urg’u berilgan. Bu bejiz emas. Bola jismoniy va ruhiy rivojlanishdagi eng asosiy davr – bu boshlang’ich sinf davridir. Kechagidek esimda. Boshlang’ich ta’lim olgan vaqtim o’tgan asrning 50-60 yillariga to’g’ri kelgandi. Maktabimiz kichikroq, sinfxonalar tor va zax edi. Jihozlar ham shunga yarasha bo’lib, o’qitish ishlari asosan ma’lumotga ega bo’lmagan "muallim"larga topshirib qo’yilardi. Jismoniy tarbiya darslari esa ochiq havoda, o’t-o’lanlar o’sib yotgan maydonlarda o’tilar, mashg’ulotlar nomigagina olib borilardi.

Mamlakatimiz mustaqillikka erishgach, maktabgacha ta’lim muassasalari tizimini kengaytirish, ularni zamonaviy jihozlash, yuqori malakali pedagog va murabbiylar bilan ta’minlash, boshlang’ich ta’limning yosh avlod hayotidagi roli va ahamiyatini hisobga olgan holda bunday nomaqbul holatlarga barham berildi va bu vazifani bugungi kunda oliy ma’lumotli, yuksak professional mahoratga ega pedagog kadrlar bajaradigan bo’ldi.

Boshqacha aytganda, maktablardagi ta’lim-tarbiya jarayonlari yuqori bosqichga ko’tarildi, maktablarimizdagi o’qish-o’qitish ishlari zamonaviylik kasb etmoqda.

Bugungi kunda farzandlarimizning nufuzli fan olimpiadalari va sport sohasida jahon arenalarida erishayotgan muvaffaqiyatlari bu g’amxo’rlik va e’tiborning namunasidir.

Xalqimizda "Bolaga yetti mahalla ham ota, ham ona" degan maqol bor. Bu bejizga aytilmagan. Sog’lom bola tarbiyasida mahallalarning katta o’rni va ta’sirini e’tirof etmoq joiz. Bola mahallada kattalarga hurmatni, kichiklarga izzatni o’rganadi. Milliy qadriyatlarimiz va urf-odatlarimizni ular mahalladoshlardan qalblariga jo etishadi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, ma’ruzada ta’kidlanganidek, mahalla oqsoqollari, diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo’yicha maslahatchilar, mahalla posbonlarining jamiyatimiz hayotida tinchlik va osoyishtalik, hushyorlik va ogohlik muhitini mustahkamlashdagi mas’uliyatlarini yanada oshirishlari talab etiladi.

Axir, o’g’il-qizlarimizning yurish-turishi, odobi, xulqini baholashda ko’p jihatdan mahalladoshlardan o’tadigani yo’q.

– Sog’lom bola yilining asosiy maqsad va vazifalari haqida gapirar ekanmiz, – deydi o’z ma’ruzasida Prezidentimiz, – xalqimiz o’rtasida keng tarqalgan "Farzandlari sog’lom yurt qudratli bo’lur, qudratli elning farzandlari sog’lom bo’lur", degan hikmatli iborani yana bir bor esga olishimiz o’rinli bo’ladi. Bu yo’ldagi eng muhim omil – ham jismoniy, ham ma’naviy jihatdan sog’lom, hyech kimdan kam bo’lmasdan, boshini baland ko’tarib yashaydigan, Vatanimizning taqdiri va kelajagi uchun mas’uliyatni o’z zimmasiga olishga, xalqimiz intilayotgan kelajagi buyuk davlatni barpo etishga qodir bo’lgan barkamol avlodimiz, desam, ayni haqiqatni aytgan bo’laman.

Darhaqiqat, biz tayanchimiz va suyanchimiz, g’ururimiz va iftixorimiz bo’lgan bolalarimizga, farzandlarimizga ishonch bilan qarashimiz, ularning komil inson bo’lib tarbiyalanishiga jiddiy e’tibor berishimiz lozim. Bu millatimizga, xalqimizga bo’lgan hurmat-ehtirom ifodasidir. Zero, Prezidentimiz rahnamoligida Sog’lom bola yilida mamlakatimizda qilinishi lozim bo’lgan ishlar ezgu maqsadlarga xizmat qilishi, shubhasizdir.

"Zarafshon" gazetasi 2013-yil 12-dekabr №149