Uz Eng Ru Ru
Biz bilan aloqa
 Adobe Flash Player

2014-yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori

Xalqimiz uchun sharqona yangi yilning boshlanishi, eng qadimiy, asl milliy, eng ardoqli bayram bo‘lmish Navro‘z ayyomini markazda va joylarda har tomonlama puxta tayyorgarlik bilan kutib olish va nishonlash mamlakatimizda ezgu an’anaga aylanib qoldi.

Bugungi kunda ushbu umummilliy bayramning ma’naviy hayotimizdagi o‘rni va ta’siri, insonning tabiat bilan uyg‘un bo‘lib yashashi, uning qalbida ezgulik, mehr-oqibat, bag‘rikenglik kabi olijanob tuyg‘ularni uyg‘otish, jamiyatimizda o‘zaro hurmat va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlash, yosh avlodimizni milliy qadriyat va an’analarimiz ruhida kamol toptirish borasidagi ahamiyati tobora ortib bormoqda.

Ana shularning barchasini inobatga olib hamda Navro‘z bayramini yuksak saviyada, munosib tarzda nishonlash maqsadida:

1. Bayramga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita tarkibi 1-ilovaga, ijodiy guruh tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Tashkiliy qo‘mita va uning hududiy bo‘limlari Navro‘z bayramini poytaxtimiz Toshkent shahrida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar markazlarida, barcha shahar, tuman va qishloqlarda umumxalq sayillari shaklida ko‘tarinki ruhda o‘tkazishga qaratilgan, “Har kunimiz Navro‘z bo‘lsin!” degan shiorni asosiy g‘oya sifatida o‘zida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, madaniy-ma’naviy tadbirlar rejasini ishlab chiqsin va amalga oshirsin.

2. Tadbirlar rejasini tayyorlashda quyidagi masalalarga alohida e’tibor qaratilsin:

Navro‘z faslida insonning tabiat bilan hamohang bo‘lib, o‘zini tabiatning ajralmas bir qismi deb his etishini ifoda qiladigan, atrof-muhitni, ona zaminni e’zozlab, uning ne’matlarini, bugungi tinch hayotni qadrlab, shukronalik tuyg‘usi bilan yashashga da’vat etadigan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni uyushtirish;

joylarda bo‘lib o‘tadigan uchrashuv va suhbatlarda, ommaviy axborot vositalarida Navro‘z bayramining tarixi, uni nishonlash bilan bog‘liq urf-odat, an’ana va qadriyatlarimizning mohiyati va ahamiyatini keng yoritish;

mamlakatimizda yashayotgan, millati, tili va dinidan qat’i nazar, barcha yurtdoshlarimiz uchun sevimli bayramga aylangan Navro‘zning ruhi va falsafasida mujassam bo‘lgan ahillik va hamjihatlik, mehru saxovat, keksalarga hurmat-ehtirom ko‘rsatish, ko‘makka muhtoj insonlarga beg‘araz yordam berish bilan bog‘liq tadbirlarni amalga oshirish;

yangi dehqonchilik mavsumining boshlanishi, yasharish va yangilanish, qut-baraka, obodlik va farovonlik ramzi bo‘lmish Navro‘z faslida mahallalarda, shahar va qishloqlarimizda hasharlar, keng ko‘lamdagi obodonchilik va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini tashkil etish;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan bayram dasturlariga folklor guruhlari, badiiy havaskorlik jamoalari, oilaviy ansambllar, baxshi-shoirlar, shuningdek, professional ijrochilar va iste’dodli estrada artistlarini tanlov asosida jalb etish;

bayram dasturlarini tayyorlashda xalq o‘yinlari, folklor san’ati namunalariga, el-yurtimizning dilidan chuqur joy olgan, go‘zal insoniy tuyg‘ularni yuksak pardalarda tarannum etadigan kuy va qo‘shiqlar, o‘lan va laparlarga keng o‘rin berish.

3. Belgilab qo‘yilsinki, o‘tkaziladigan bayram tadbirlari:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjeti va mahalliy byudjetlar hamda joylardagi ishlab chiqarish korxonalari, xo‘jaliklar, jamg‘armalar hisobidan;

Toshkent shahrida respublika byudjeti va Toshkent shahar mahalliy byudjeti mablag‘lari hisobidan teng ulushlarda qoplanadi.

4. O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, “Jahon” axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni atroflicha yoritib borish tavsiya etilsin.

5. Mazkur qarorning ijrosini ta’minlash O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Islom Karimov

Toshkent shahri,
2014-yil 24-fevral

"Zarafshon" gazetasi 2014-yil 27-fevral