Uz Eng Ru Ru
Biz bilan aloqa
 Adobe Flash Player

Amalga oshirayotgan islohotlarimizni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyati qurish – yorug‘ kelajagimizning asosiy omilidir

Prezident Islom Karimovning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 21-yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasi

Qadrli do‘stlar!

Avvalo, mana shu hashamatli va betakror binoda siz, azizlarim bilan ko‘rishganimdan xursand bo‘lganimni, o‘zimning chuqur hurmatim va mehrimni bildirish – men uchun katta baxt, desam, qalbimda, yuragimda bo‘lgan gapni aytgan bo‘laman.

Bugungi tantanali majlisimizning maqsad-muddaosi – hayotimiz qomusi bo‘lmish Konstitutsiyamizning 21-yilligini nishonlash, Asosiy qonunimiz belgilab bergan yuksak maqsadlarni amalga oshirishda, yurtimizda yangi jamiyat, yangi hayot qurishda erishgan yutuqlarimiz va oldimizda turgan vazifalarni aniqlab olishdan iboratdir.

Haqiqatan ham, 1992-yil 8-dekabrda qabul qilingan Konstitutsiyamiz O‘zbekiston tarixida, uzoq, davomli maqsad va vazifalarimizni aniq belgilab berishda o‘zining puxta o‘ylangan tamoyil va qoidalari bilan ishonchli va hal qiluvchi omil bo‘ldi, deb ta’kidlashga barcha-barcha asoslarimiz bor.

Konstitutsiyamiz negiziga qo‘yilgan talab va qoidalarga to‘liq mos keladigan, dunyo hamjamiyatida “o‘zbek modeli” deb nom qozongan, mamlakatimizni isloh etish va modernizatsiya qilish yo‘li naqadar to‘g‘ri ekanini bugun hayotning o‘zi tasdiqlab bermoqda.

Ushbu modelning mazmun-mohiyati mashhur besh tamoyilda mujassam topgani barchamizga yaxshi ma’lum. Bu tamoyillar iqtisodiyotni mafkuradan xoli qilish, qonun ustuvorligini ta’minlash, davlatning bosh islohotchi sifatidagi boshqaruvchilik rolini tan olish, mamlakatimizning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda, kuchli ijtimoiy siyosat yuritish, shuningdek, siyosiy va iqtisodiy islohotlarni bosqichma-bosqich amalga oshirishdan iborat ekani bilan alohida ajralib turadi.

Shular haqida gapirganda, muhim bir masalaga e’tiboringizni qaratishni istardim.

Demokratik jarayonlarni sun’iy ravishda tezlashtirish, shoshma-shosharlik, turli inqilobiy to‘ntarishlar yo‘li qanday ayanchli oqibatlarga olib kelishi mumkinligini hayotning o‘zi barcha misollarda tasdiqlab berayotgani bugun hammamizga ayon.

Faqatgina biz tanlagan bosqichma-bosqich, tadrijiy rivojlanish yo‘li xalqimiz ko‘zlagan ezgu niyatlarga erishishga, zamonaviy demokratik talablarga javob beradigan davlat, inson manfaatlari, huquq va erkinliklari eng oliy qadriyat bo‘lgan, qonun ustuvorligini ta’minlaydigan jamiyat barpo etishga olib kelishi muqarrar. Buni hayotimizning o‘zi bugun isbotlab bermoqda.

Siyosiy islohotlarimiz negizida turgan demokratik davlat qurishning eng asosiy talabi bo‘lmish hokimiyatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga bo‘linishi, ular o‘rtasidagi munosabatlarda o‘zaro tiyib turish va manfaatlar muvozanatini ta’minlaydigan tizim barpo etganimiz alohida e’tiborga sazovordir.

Iqtisodiyotimizda tub demokratik va bozor islohotlarining amalga oshirilayotgani, xususiy mulkka keng yo‘l ochib berish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, qishloq xo‘jaligi sohasida hal qiluvchi kuchga aylanib borayotgan fermerlikni rivojlantirish uchun qulay sharoitlar, imtiyoz va preferensiyalar yaratish, xususiy mulk va mulkdorlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha ko‘plab qonun hujjatlari qabul qilingani muhim prinsipial ahamiyatga ega bo‘ldi.

Shu borada jamiyatimizni erkinlashtirish, biznes yuritish uchun huquqiy va qonunchilik bazasi hamda zarur sharoitlarning muntazam ravishda takomillashtirib borilgani iqtisodiyotimizni izchil va barqaror rivojlantirishda, aholimizning hayot darajasi va sifatini yuksaltirishda katta o‘rin tutganini qayd etish lozim.

Biz mamlakatimizda kichik biznes va tadbirkorlikning taraqqiyoti, xususiy mulkning jadal rivoji uchun g‘oyat qulay va ustuvor sharoitlarni yaratib berar ekanmiz, avvalo, shularning hisobidan iqtisodiyotimizning o‘sish sur’atlarini tezlashtirish, aholimizning ish bilan band bo‘lishi va daromad topishi bilan bir qatorda, biz uchun yangi bo‘lgan, demokratik islohotlarning asosiy tayanchi va harakatlantiruvchi kuchi – o‘rta sinfni shakllantirishni ko‘zda tutamiz.

O‘z-o‘zidan ayonki, tobora chuqurlashib borayotgan islohotlar natijasida erishiladigan o‘ta muhim o‘zgarishlar hech qachon bir kunda, kimningdir buyrug‘i yoki xohishi hisobidan bo‘lmaydi. Buning uchun albatta vaqt kerak, eng asosiysi – bu islohotlarning mazmuni va maqsadlarini jamiyatimiz, xalqimiz chuqur anglab olishi va qo‘llab-quvvatlashi hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Takror aytishga to‘g‘ri keladi – faqatgina xalqimizning qo‘llab-quvvatlashi har qanday islohotlarga kuch beradi.

Jamiyatimizni isloh qilish borasidagi maqsad va vazifalarimizning ma’no-mohiyatini ana shunday tushunishdan kelib chiqib bayon etilgan “Islohot – islohot uchun emas, avvalo inson uchun”, “Yangi uy qurmay turib, eskisini buzmang” degan mashhur shiorlar el-yurtimiz o‘rtasida keng yoyilib, qo‘llab-quvvatlanayotgani bejiz emas, albatta.

Aziz yurtdoshlar!

Bugungi kunda Konstitutsiyamiz muhrlab qo‘ygan tamoyillarni amalga oshirish yo‘lidan dadil qadamlar qo‘yib borayotganimiz, davlat qurilishi, ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy va gumanitar sohalarda biz amalga oshirayotgan keng ko‘lamli islohotlar va demokratik yangilanishlar, aholi turmush darajasi va sifatining jadal o‘sib, yurtimiz qiyofasi, mamlakatimizning jahon hamjamiyatidagi o‘rni butunlay o‘zgarib borayotgani barchamizga katta g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi.

O‘tgan 22-yillik mustaqil taraqqiyotimiz davomida mamlakatimiz erishayotgan natija va marralar haqidagi ko‘rsatkichlar yurtimizda bo‘layotgan mislsiz o‘zgarishlar to‘g‘risida aniq tasavvur beradi.

Ana shu davrda O‘zbekiston iqtisodiyoti 4,1 barobar o‘sdi. Agarki mamlakatimiz aholisi ayni shu davrda qariyb 9,7 millionga ko‘payib, bugungi kunda 30 million 500 mingga yaqin kishini tashkil etayotganini hisobga oladigan bo‘lsak, aholi jon boshiga nisbatan o‘sish 3 barobardan ziyodni tashkil etishi bizning naqadar ulkan taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tganimizdan dalolat beradi.

Jahon miqyosida hali-beri davom etayotgan moliyaviy-iqtisodiy inqirozning jiddiy ta’siriga qaramasdan, mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotining yillik o‘sishi 2008-2013-yillarda 8 foizdan oshdi, 2014-yilda esa bu ko‘rsatkich 8,1 foizni tashkil etadi. Bunday o‘sish sur’atlarini kamdan-kam davlatlarda kuzatish mumkin.

O‘tgan davr mobaynida makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarning mutanosibligi, davlat byudjetimizning profitsit bilan, ya’ni oshirib bajarilishi ta’minlanmoqda.

Mustaqillik yillarida mamlakatimizda aholining real yalpi daromadlari jon boshiga 8,2 barobar oshganining o‘zi xalqimizning hayot darajasi tobora o‘sib borayotganidan dalolat beradi. O‘zbekistonning tashqi davlat qarzi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 16 foizdan oshmayapti, eksport va oltin-valyuta zaxiralarimiz hajmi ko‘payib bormoqda.

Istiqlol yillarida mamlakatimiz iqtisodiyotida dollar hisobida 162 milliarddan ortiq kapital mablag‘ o‘zlashtirilgan bo‘lib, buning 56 milliard dollardan ziyodi xorijiy investitsiyalardir.

Faqatgina 2013-yilning o‘zida kapital investitsiyalar hajmi dollar hisobida qariyb 14 milliardni yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 23 foizni tashkil etadi.

Bularning barchasi avvalo iqtisodiyotimizdagi ijobiy tarkibiy o‘zgarishlar natijasi, yangitdan ishga tushirilgan, jahon bozorida talab katta bo‘lgan raqobatdosh mahsulotlar ishlab chiqarayotgan yuzlab, minglab zamonaviy korxonalar demakdir.

Bu raqamlar avvalo yuzlab, minglab kilometr temir yo‘llar va avtomobil yo‘llari, yuz minglab uy-joylar qurilgani, infratuzilma ob’ektlari bunyod etilgani, shahar va qishloqlarimiz qiyofasining tubdan o‘zgarib, aholi farovonligi va hayot sifati oshib borayotganining dalilidir.

Bugun bir fikrni hech ikkilanmasdan, to‘la ishonch bilan aytishimiz mumkin: O‘zbekiston tarixan qisqa muddatda iqtisodiyoti biryoqlama rivojlangan, asosan paxta xomashyosi yetkazib berishga moslashgan, paxta yakkahokimligi halokatli tus olgan qoloq respublikadan tez sur’atlar bilan o‘sib borayotgan zamonaviy sanoat tarmog‘iga ega bo‘lgan, jadal taraqqiy etayotgan mamlakatga aylandi. Buning yaqqol tasdig‘i – mamlakatimizning yalpi ichki mahsuloti tarkibida sanoatning ulushi 1990-yildagi 14,2 foiz o‘rniga bugungi kunda 24,3 foizni tashkil etgani, ayni paytda qishloq xo‘jaligining ulushi esa 34 foizdan 17 foizga kamayganidir.

Biz uchun mutlaqo yangi bo‘lmish avtomobilsozlik, motorsozlik va ularga butlovchi qismlar tayyorlaydigan sohalarga, neft va gazni qayta ishlaydigan, farmatsevtika mahsulotlari, zamonaviy televizor va kompyuterlar ishlab chiqaradigan yangi-yangi sanoat tarmoqlariga asos solindi. Shuningdek, oziq-ovqat, yengil sanoat, kimyo, qurilish materiallari sanoati va boshqa tarmoqlar to‘liq modernizatsiya qilindi va dunyo bozorida raqobatdosh bo‘lgan tovarlar ishlab chiqarish boshlandi va davom etmoqda.

O‘zining ahamiyati va mohiyatiga ko‘ra hech narsa bilan qiyoslab bo‘lmaydigan hayotimizdagi o‘zgarishlar haqida gapirganda, avvalo odamlarimizning dunyoqarashi va kayfiyati, fikru zikri, ularning hayotga, o‘z mehnati natijasiga munosabati tubdan o‘zgarib, yuksalib borayotgani haqida to‘xtalmasdan o‘tolmaymiz.

Bugun insonning o‘zi o‘zgarmoqda, uning grajdanlik va siyosiy ongi, huquqiy madaniyati o‘smoqda. Biz kommunistik mafkura asoratlaridan, boqimandalik kayfiyatidan, turli soxta qoliplardan to‘la xalos bo‘lib bormoqdamiz. Mustaqil fikrlaydigan, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarga ega, hayotga yangicha qaraydigan, sobiq mustabid tuzumga xos tushunchalardan ozod bo‘lib voyaga yetayotgan, o‘z fikri va qarashlariga ega bo‘lgan navqiron yoshlarimiz hayotga ishonch bilan kirib kelmoqda, jamiyatimizda mustahkam o‘rin olmoqda va mamlakatimizning taraqqiyoti yo‘lida hal qiluvchi kuchga aylanmoqda.

Hayotimizda amalga oshirilayotgan bunday o‘zgarishlar avvalo nimani anglatadi?

Birinchidan. Bu amaliy ishlar avvalambor mamlakatimizda zamonaviy demokratik jamiyat qaror topayotgani va izchil rivojlanayotganidan, aholining hayot darajasi va sifatining yuksalib borishiga zamin bo‘layotgan iqtisodiyotimizning barqaror sur’atlar bilan o‘sayotganidan, O‘zbekistonimizning xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori tobora ortib borayotganidan darak beradi.

Eng muhimi, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning samaradorligi va ta’sirchanligi O‘zbekistonning dunyodagi rivojlangan demokratik davlatlar qatoriga kirishi uchun bugungi kunda barcha imkoniyatlar yaratildi, deb aytishga to‘la asos beradi.

Ikkinchidan. Biz qo‘lga kiritgan marralar mustaqil rivojlanishning o‘tgan davrida xalqimizning tarixiy va milliy xususiyatlarini inobatga olgan holda, mamlakatimiz Konstitutsiyasida belgilab qo‘yilgan strategik maqsad va vazifalar sari tadrijiy, bosqichma-bosqich va izchil ilgarilab borish naqadar to‘g‘ri bo‘lganini tasdiqlamoqda.

Uchinchidan. Ayni vaqtda biz bir haqiqatni yaxshi anglaymiz: albatta, zamonaviy Konstitutsiyaga, unda ko‘rsatib berilgan maqsad-muddaolarga erishish uchun ishlab chiqilgan ajoyib Strategiyaga ega bo‘lish mumkin. Ammo, mehnatkash va olijanob xalqimiz bu yo‘lda tog‘dek tayanch bo‘lib turmasa, o‘zingiz ayting, aziz do‘stlarim, qadrdonlarim, biz mana shunday yuksak marralarni qo‘lga kirita olarmidik?

Faqat xalqimizning mardligi va matonati, jonkuyarligi va qat’iyati, odamlarimizning beqiyos mehnati barchamizga haqli ravishda faxru iftixor bag‘ishlaydigan ulkan yutuq va natijalarga erishish imkonini berdi.

Bugun, mana shu yuksak minbardan turib, siz, azizlarning barchangizga, sizlarning timsolingizda azmu shijoatli, fidoyi xalqimizga yana bir bor o‘zimning chuqur minnatdorligimni bildirib, ta’zim qilishga ijozat bergaysiz.

Hurmatli do‘stlar!

O‘tgan davrda amalga oshirgan ishlarimizni sarhisob qilar ekanmiz, avvalo, erishilgan yutuqlarga mahliyo bo‘lib, xotirjamlik kayfiyatiga berilmasligimiz, real voqelikdan uzilib qolmasligimiz zarurligini, o‘ylaymanki, hammamiz yaxshi tushunamiz.

Biz bugungi dunyoda egallab turgan o‘rnimizni xolisona va tanqidiy baholashimiz, tobora o‘sib borayotgan hayot talablari bilan hamohang tarzda borishimiz, o‘z istiqbolimizga ochiq ko‘z bilan qaragan holda qadam qo‘yishimiz nihoyatda muhimdir.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan 2010-yilning noyabr oyida Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasining qabul qilinishi yurtimizda amalga oshirilayotgan demokratik yangilanish va modernizatsiya jarayonlarining qonuniy va mantiqiy davomi bo‘ldi.

Mazkur Konsepsiya, mohiyat e’tiboriga ko‘ra, uzoq muddatga mo‘ljallangan Dastur bo‘lib, u bugungi globallashuv zamonida, dunyo shiddat bilan o‘zgarib borayotgan bir sharoitda o‘zaro uzviy bog‘liq bo‘lgan siyosiy va iqtisodiy islohotlar, davlat hokimiyati va boshqaruvi tizimini demokratlashtirish va erkinlashtirish, sud hokimiyatining mustaqilligini, so‘z va axborot erkinligini, saylov erkinligini ta’minlash, saylov tizimini takomillashtirish, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalarni belgilab berdi.

O‘tgan davr mobaynida bu yo‘nalishlarning har biri bo‘yicha ancha ishlar bajarildi va bajarilmoqda. Bunday o‘zgarishlarni barchamiz matbuotimizda va televideniye orqali muhokama qilinayotgan loyihalar va parlamentimiz – Oliy Majlisimiz qabul qilayotgan ko‘pgina qonunlar misolida ko‘rishimiz, kuzatishimiz qiyin emas, albatta.

Shu borada o‘tgan davr mobaynida parlamentimiz faoliyatini yanada takomillashtirishga oid qator tuzatishlar qabul qilganimiz e’tiborga sazovor, deb o‘ylayman. Qonunlar va me’yoriy hujjatlarni ko‘rib chiqish va qabul qilishning barcha bosqichlarida deputatlar va siyosiy fraksiyalarning roli kuchaytirilgani va bugungi kunda fraksiyalar (deputatlik guruhlari)ning fikr va takliflarini hisobga olmasdan turib bironta hujjat qabul qilinmasligi bu yo‘lda katta qadam bo‘ldi, desam, hech qanday xato bo‘lmaydi.

Bugun oldimizda turgan demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish vazifasi haqida gapirar ekanmiz, eng avvalo davlat hokimiyati faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratining yaxlit tizimini tashkil qilish, buning uchun huquqiy normalarni mustahkamlash, kerak bo‘lganda, maxsus qonunlarni qabul qilish lozim.

Shu nuqtai nazardan qaraganda, “Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasida jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi qonun loyihalarini chuqur muhokama qilish va ularni qabul qilishni tezlashtirish eng muhim vazifalarimizdan biridir. Shular qatorida “Ommaviy axborot vositalari faoliyatining iqtisodiy asoslari to‘g‘risida”, “Ommaviy axborot vositalarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash kafolatlari to‘g‘risida”gi ommaviy axborot vositalarining mustaqilligi, axborot va so‘z erkinligini ta’minlaydigan, erkin axborot maydonini tashkil qiladigan boshqa qonunlarning muhokamasini tezlashtirish va qabul qilish darkor.

Konsepsiyaga muvofiq, sud-huquq tizimini yanada isloh etish, jamiyatni rivojlantirish va demokratlashtirishning muhim tarkibiy qismi sifatida sudlarning mustaqilligi va erkinligini mustahkamlash, qonun ustuvorligini, inson huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini ta’minlash bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirildi.

Avvalo, prokuratura organlarining sud hokimiyati ustidan nazorat funksiyalari to‘liq bekor qilindi, prokuratura vakolatlaridan sud qarorlari ijrosini to‘xtatib turish huquqi chiqarildi. Jinoyat ishini yuritishda sud nazoratini mustahkamlash, himoya va ayblov tortishuvini ta’minlash tizimi va mexanizmlarini takomillashtirishda “Xabeas korpus” instituti qo‘llanishini kengaytirish bo‘yicha qonun hujjatlari amalga oshirilmoqda.

Jinoyat-protsessual qonunchilikdan sudning jinoyat ishini qo‘zg‘atish, jinoyat ishi bo‘yicha ayblov xulosalarini e’lon qilish vakolatlari soqit qilindi, sudgacha ish yuritish bosqichida tergov ustidan sud nazorati kuchaytirildi. Shaxsni lavozimidan chetlashtirish va tibbiyot muassasasiga joylashtirish kabi protsessual majburlov choralarini qo‘llash vakolatlari sudlarga berildi.

Qabul qilingan qonunchilik hujjatlariga ko‘ra, tezkor-qidiruv ishlarini olib borishning aniq asoslari belgilandi, bu jarayonda qonunchilikka rioya qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash, ma’muriy o‘zboshimchalikka yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha real huquqiy kafolatlar yaratildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sud tizimi xodimlarining ijtimoiy himoyasini tubdan yaxshilash, shuningdek, tuman va shahar umumiy yurisdiksiya sudlarining faoliyatini takomillashtirish va samaradorligini oshirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risidagi farmonlarining qabul qilinishi sud hokimiyatining nufuzini mustahkamlash, zamonaviy demokratik talablarga javob beradigan sud kadrlarini tanlash va tayinlashning samarali tizimini yaratish borasida muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yilning iyun oyida qabul qilingan “Yuridik kadrlarni tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Toshkent davlat yuridik instituti Toshkent davlat yuridik universitetiga aylantirildi, yuridik ta’lim tizimining fundamental asoslarini tubdan isloh qilish va yaxshilashning poydevori yaratildi.

Bugungi kunda nodavlat notijorat tashkilotlari demokratik qadriyatlar, odamlarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning ijtimoiy, sotsial-iqtisodiy faolligi va huquqiy madaniyatini oshirishning muhim omiliga aylanmoqda.

Hozirgi paytda mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan nodavlat notijorat tashkilotlarining soni 6 mingdan ortdi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan grantlar bo‘yicha berilayotgan mablag‘lar miqdori so‘nggi uch yilda 2 barobar ko‘paydi.

Nodavlat notijorat tashkilotlari sog‘liqni saqlash, atrof-muhitni muhofaza qilish, bandlikni ta’minlash va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash sohalaridagi dolzarb muammolarni hal qilish bo‘yicha dasturlarni amalga oshirishga, shuningdek, huquqiy me’yorlarni ishlab chiqish jarayoniga keng jalb qilinmoqda. Konsepsiya doirasida tayyorlanayotgan qonun loyihalari, ayni paytda katta ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan boshqa qonun hujjatlari bo‘yicha jamoatchilik o‘rtasida muhokamalar o‘tkazilmoqda.

Buning yaqqol tasdig‘ini fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalarining “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasini sinovdan o‘tkazish bo‘yicha Buxoro va Samarqand viloyatlarida qariyb bir yildan buyon o‘tkazilayotgan huquqiy tajribada keng ishtirok etayotganida ko‘rish mumkin.

Shular haqida va amalga oshirayotgan ishlarimizning davomi haqida gapirar ekanmiz, yana bir muhim masalaga e’tibor qaratishimiz lozim.

Rivojlangan demokratiyaga ega bo‘lgan davlatlarning tajribasi, shu bilan birga, O‘zbekistonning siyosiy va konstitutsion rivojlanishining mantiqiy yo‘li xalqimiz, jamoatchiligimizning namoyandalari bo‘lmish vakillik, deputatlik organlarining jamiyatimiz hayotidagi roli va ahamiyatini yanada oshirishni, sodda qilib aytganda, bu yo‘lda boshlagan ishlarimizni izchil davom ettirishni talab etmoqda.

Ayni shu borada O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining yuqori palatasi – Senat hamda quyi – Qonunchilik palatasining rolini yanada kengaytirish, faqatgina qabul qilingan qonunlarning ijrosini tekshirish bilan chegaralanmasdan, Vazirlar Mahkamasi hamda ijro organlari faoliyati ustidan nazoratini kuchaytirish, ichki va tashqi siyosatni amalga oshirishda, eng muhim strategik masalalar bo‘yicha qarorlar qabul qilishda huquq va vakolatlarini oshirish uchun Konstitutsiyamizga tegishli qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Shular qatorida Vazirlar Mahkamasi va joylardagi ijro hokimiyatlarining mas’uliyatini oshirish, Oliy Majlis va mahalliy kengashlarda ularning hisobotini muntazam ravishda eshitish va tegishli xulosalar chiqarishni hayotning o‘zi taqozo etmoqda.

Hech shubhasiz, puxta o‘ylangan bunday islohotlarni davom ettirish biz ko‘zlagan, ya’ni “Kuchli davlatdan kuchli fuqarolik jamiyatiga o‘tish” tamoyili – prinsipini amalga oshirishda yangi qadam bo‘ladi.

Muhtaram vatandoshlar!

Ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy taraqqiyotning aniq ustuvor yo‘nalishlarini belgilab olishda siyosiy partiyalarning rolini keskin kuchaytirish, mamlakatimizni isloh etish va modernizatsiya qilish bo‘yicha strategik vazifalarni hal etishda ularning ishtirokini kengaytirish demokratik islohotlarni izchil amalga oshirishning eng muhim omiliga aylanmog‘i zarur.

Boshqacha qilib aytganda, ko‘ppartiyali tizimni mustahkamlash va partiyalararo raqobatni kuchaytirish – biz ko‘zlagan demokratik davlat barpo etishning eng muhim shartlaridan biriga aylanishi darkor.

Biz bu o‘rinda o‘z nizomiga va jamiyat oldida turgan muammolarni hal qilish borasida o‘z nuqtai nazari aniq ifoda etilgan harakat dasturiga ega bo‘lgan siyosiy partiyalarni ko‘zda tutamiz. So‘z, avvalo, o‘z elektoratiga ega bo‘lgan, davlat va jamiyat qurilishining asosiy masalalari, mamlakatda yuritilayotgan ichki va tashqi siyosat bo‘yicha aniq-ravshan pozitsiyasi bilan, saylovda mazkur partiya uchun ovoz beradigan odamlar manfaatlarini qat’iy himoya qilishga qodirligi bilan saylovchilar o‘rtasida obro‘ qozongan partiya haqida bormoqda.

Ushbu masalalarning barchasi 2014-yilning dekabr oyida Oliy Majlis va mahalliy hokimiyat vakillik organlariga o‘tkaziladigan umumxalq saylovlari nuqtai nazaridan alohida dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Yuqorida aytilgan fikr-mulohazalarni yakunlab, xulosa qilar ekanmiz, Konstitutsiyamiz muqaddimasiga bugun yana bir bor murojaat qilish o‘rinli bo‘ladi, deb o‘ylayman.

Ushbu muqaddimada, jumladan, quyidagi qoida bayon qilingan: “O‘zbekiston xalqi: inson huquqlariga va davlat suvereniteti g‘oyalariga sodiqligini tantanali ravishda e’lon qilib, hozirgi va kelajak avlodlar oldidagi yuksak mas’uliyatini anglagan holda, demokratiya va ijtimoiy adolatga sadoqatini namoyon qilib, respublika fuqarolarining munosib hayot kechirishlarini ta’minlashga intilib, insonparvar demokratik huquqiy davlat barpo etishni ko‘zlab, o‘zining muxtor vakillari siymosida O‘zbekiston Respublikasining mazkur Konstitutsiyasini qabul qiladi”.

Men bugun ushbu muhtasham zalda to‘plangan siz, azizlarga, sizlarning timsolingizda butun xalqimizga murojaat qilib aytmoqchiman. Biz o‘tgan yillar davomida amalga oshirgan barcha ezgu ishlarimizni davom ettirib, kelgusida ham o‘z tanlagan yo‘limizdan hech qachon ortga qaytmaymiz va Konstitutsiyamizda belgilab berilgan barcha olijanob maqsad-muddaolarimizni so‘zsiz amalga oshiramiz.

Aziz yurtdoshlar!

Vatanimizni har tomonlama taraqqiy ettirish va obod qilish borasidagi ishlarimizni yangi, yuksak bosqichga ko‘tarish maqsadida 2013-yilga mamlakatimizda “Obod turmush yili” deb nom berganimiz el-yurtimiz tomonidan katta mamnuniyat bilan qabul qilindi.

Yil davomida davlatimiz va jamiyatimizning barcha kuch va imkoniyatlarini safarbar etib, mamlakatimizda ulkan ishlar amalga oshirildi va aytish mumkinki, bu ko‘pgina masala va muammolarni yechishga katta hissa qo‘shdi.

Joriy yilda obod hayotning asosiy sharti bo‘lgan aholining real daromadlarini oshirish, kichik biznes, xususiy tadbirkorlik va fermerlik harakatini yanada rivojlantirish, yangi-yangi ish o‘rinlari yaratish, sotsial masalalarni yechish borasidagi ishlarimizni izchil davom ettirdik.

O‘ylaymanki, sizlar yaxshi xabardorsiz, mamlakatimizda har yili davlat byudjetini qabul qilishda ayni ijtimoiy sohani rivojlantirishga alohida ahamiyat beriladi. 2013-yilda bu sohaga ajratilgan mablag‘lar byudjetimiz umumiy xarajatlarining 60 foizini tashkil etdi. Bu esa 2012-yilga nisbatan 1 trillion so‘mga ko‘proqdir.

Bugungi kunda odamlarimizning hayot darajasi qanday o‘sib borayotgani haqida gapirganda, yaqqol ko‘zga tashlanadigan ba’zi bir ko‘rsatkichlarga e’tiboringizni qaratmoqchiman.

Hozirgi vaqtda mamlakatimizda yashayotgan har uchta oilaning bittasi shaxsiy yengil avtomobilga ega. Yurtimizdagi har 100 ta oilaga o‘rtacha 80 ta xolodilnik, 146 ta televizor to‘g‘ri kelmoqda. Bu esa ba’zi oilalarda ikki-uchtadan televizor borligini ko‘rsatadi. Shuningdek, aholining kir yuvish mashinasi, pilesos, mikroto‘lqinli pechlar, shaxsiy kompyuter va boshqa zarur vositalar bilan ta’minlanish darajasi ortib bormoqda.

Respublikamizda mobil aloqa xizmatidan foydalanuvchilar soni 19 million nafarni tashkil etib, har bir oilaga o‘rtacha 3 ta uyali telefon to‘g‘ri kelmoqda. Shuningdek, mamlakatimizda internet abonentlari soni o‘tgan yilga nisbatan 18,3 foizga o‘sib, hozirgi paytda 7 million 100 ming nafarni tashkil etmoqda.

Albatta, bu raqamlar oxirgi yillarda aholimizning nafaqat turmush darajasi oshib, avvalo, hayotimiz sifati tobora yuksalib borayotganidan dalolatdir.

2013-yilning o‘zida qishloq ahliga uy-ro‘zg‘or buyumlari sotib olish uchun qariyb 68 milliard so‘mlik iste’mol kreditlari, yosh oilalarga uy-joy qurish va ularning shu boradagi intilishlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida 346 milliard so‘mdan ortiq, ya’ni o‘tgan yilga nisbatan 10 foiz ko‘p ipoteka kreditlari ajratilganini ta’kidlash zarur.

Biz uchun dolzarb ahamiyatga ega bo‘lgan aholi bandligini ta’minlash uchun joriy yilda 970 mingdan ortiq ish o‘rni yaratilib, ularning 60 foizi qishloq hududlarida tashkil etilgani, eng muhimi, kasb-hunar kollejlarini bitirgan 500 mingdan ziyod yigit-qizlarimizni ishga joylashtirganimizning o‘zi eng katta yutuqlarimiz qatoriga kiradi.

Yana bir ustuvor vazifamiz – xalqimiz salomatligini muhofaza qilish, sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish va samarasini oshirish, profilaktika ishlarini kuchaytirish bo‘yicha bajargan ishlarimiz haqida alohida to‘xtalib o‘tmoqchiman.

Tug‘ruq yoshidagi 7 million ayol hamda 7 million 300 ming nafar bola tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi, 195 ming nafar yolg‘iz qariyalar, nogiron va pensionerlarga malakali tibbiy yordam ko‘rsatildi.

Yil mobaynida mamlakatimiz bo‘yicha 311 milliard so‘mlik byudjet mablag‘i hisobidan 146 ta zamonaviy tibbiyot muassasasi foydalanishga topshirildi. Jumladan, Andijon viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida yangi davolash korpusi va diagnostika bo‘limi, bolalar kasalliklari sanatoriysi barpo etildi. Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida tibbiyot birlashmasi, Surxondaryo viloyatida ko‘p tarmoqli bolalar va kattalar tibbiyot markazlari, Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston va Qo‘shtepa tumanlari tibbiyot birlashmalari va boshqa o‘nlab kasalxonalar tubdan rekonstruksiya qilindi.

Shu bilan birga, Toshkent shahridagi Pediatriya tibbiyot instituti klinikasida hamda Respublika pediatriya ixtisoslashgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazida yangi jarrohlik korpuslari ishga tushirildi.

Birgina 2013-yilning o‘zida Respublika ixtisoslashgan xirurgiya markazining kardioxirurgiya majmuasi va boshqa shunday shifoxonalarda yurak-qon tomir kasalliklariga chalingan 4 mingdan ziyod bemor dardiga davo topdi.

Namangan va Urganch shaharlarida esa yurak klapanlarini almashtirish, tug‘ma va orttirilgan yurak kasalliklarini operatsiya qilish, elektr kardiostimulyator implantatsiyasi, exokardiografiya kabi davolashning yangi usullari yo‘lga qo‘yildi. Nukus, Qarshi, Farg‘ona, Samarqand, Buxoro, Jizzax shaharlarida esa yurak holatini uzluksiz monitor qilib borish amaliyoti keng o‘tkazilmoqda.

Shuningdek, Urganch, Nukus, Andijon, Samarqand shaharlarida lazer nuri va ultratovush yordamida turli ko‘z kasalliklarini kompyuter texnologiyalari asosida diagnostika qilish va davolash ishlari amalga oshirilmoqda.

Shu fursatdan foydalanib, amalda tatbiq etilayotgan diagnostika va davolashning mutlaqo yangi usul va uslublarini, eng zamonaviy texnologiya va texnikani hayotimizga joriy etayotgan, bemorlarimizni davolashda yuksak mahorat va jonbozlik namoyish etayotgan shifokorlarimizga barcha-barchamizning nomimizdan minnatdorlik bildirishni ham qarz, ham farz, deb bilaman.

Ta’lim-tarbiya tizimini yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida ancha tadbirlar amalga oshirildi.

2013-yilda mamlakatimizda 756 ta ta’lim maskani, musiqa va san’at maktablari, bolalar sporti ob’ektlari yangitdan qurildi, rekonstruksiya qilindi va kapital ta’mirlandi. Zamonaviy kompyuter sinflari, o‘quv laboratoriyalari, ustaxonalar tashkil etilib, zarur asbob-uskunalar bilan jihozlandi.

Ma’lumki, shu yildan e’tiboran mamlakatimizda xorijiy tillarni o‘qitish tizimini yanada takomillashtirish dasturi doirasida umumta’lim maktablarining 1-sinfidan boshlab xorijiy tillarni chuqur o‘rganish yo‘lga qo‘yildi. Bu esa, albatta farzandlarimizning jahon ilm-fani va madaniyati yutuqlarini egallashi, yetuk va malakali kadrlar bo‘lib yetishishi uchun yangi imkoniyatlar ochib berishi bilan ayniqsa muhimdir.

Joriy yilda 300 mingga yaqin bola, jumladan, Orolbo‘yi hududidan 4 ming 500 nafar o‘quvchi hamda kam ta’minlangan oilalarga mansub 75 ming nafar bolaning yozgi oromgohlarda imtiyozli dam olishi tashkil etilib, ularning salomatligi mustahkamlandi.

Yildan-yilga kuchayib borayotgan bunday amaliy ishlarimizning tabiiy mahsuli va natijasini yurtdoshlarimiz, avvalambor, jondan aziz farzandlarimizning turli sohalarda qo‘lga kiritayotgan yutuqlarida ko‘rishimiz mumkin.

Bu borada ba’zi bir misollarga to‘xtaladigan bo‘lsak, Toshkent shahrida o‘tkazilgan 47-xalqaro Mendeleyev olimpiadasida yurtimiz o‘quvchilari birinchi o‘rinni egallagani hammamizga mamnuniyat yetkazadi.

Aql-zakovat musobaqasi bo‘lmish shaxmat bo‘yicha jahon chempioni unvoniga erishgan 8 yashar Nodirbek Abdusattorovni olasizmi yoki 5 yashar – e’tibor bering, 5 yashar – jajji o‘g‘lonimiz Islombek Sindorovning Osiyo chempioni degan sharafli nomga sazovor bo‘lganini olasizmi, qani ayting, aziz do‘stlar, bunday yutuqlar bilan faxrlanmasdan, g‘ururlanmasdan bo‘ladimi?

Mana, yaqinda Polshada o‘tkazilgan jahon chempionatida yana bir mohir sportchimiz – Ruslan Nurudinov sportning eng murakkab turi bo‘lgan og‘ir atletika bo‘yicha keskin bellashuvlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Xabaringiz bor, bu pahlavon yigit “O‘zbekiston iftixori” degan yuksak unvon bilan taqdirlandi.

Vatanimizning shonu shuhratini butun dunyoga tarannum etayotgan, saflari tobora kengayib borayotgan bunday farzandlarimizni har qancha qo‘llab-quvvatlasak, har qancha e’zozlasak, arziydi, albatta. “Obod turmush yili” deb nom olgan yilda qilgan katta ishlarimiz qatorida yangi uy-joylar barpo etish alohida o‘rin tutadi.

Bu haqda gapirganda, 147 ta tumanda 10 mingta namunaviy uy-joy barpo etilgani va buning uchun aholiga 1 trillion 400 milliard so‘mlik uzoq muddatli va imtiyozli kreditlar ajratilganini ta’kidlash kerak.

Bizning bu ishlarimiz nafaqat yon-atrofimizda, balki jahon hamjamiyatida ham katta qiziqish uyg‘otmoqda. Joriy yilning aprel oyida ayni shu masala bo‘yicha, shuningdek, noyabr oyida quyosh energiyasidan foydalanishga bag‘ishlab Toshkent shahrida o‘tkazilgan xalqaro anjumanlarda ishtirok etgan dunyodagi yetakchi mamlakatlar va nufuzli xalqaro tashkilotlarning vakillari ana shunday uy-joylar, infratuzilma ob’ektlari bilan tanishib, bu ishlarga yuqori baho berganidan xabaringiz bor, albatta.

Fursatdan foydalanib, bunday go‘zal va shinam uy-joylarni bunyod etayotgan quruvchilarimizga, bizni bu masalada qo‘llab-quvvatlab kelayotgan Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki kabi xalqaro moliya institutlariga xalqimiz nomidan har qancha minnatdorlik bildirsak ayni muddao bo‘lur edi.

Qadrli do‘stlar!

Hozirgi vaqtda butun O‘zbekistonimiz, ta’bir joiz bo‘lsa, ulkan qurilish maydoniga aylangan. Xususan, viloyatlar markazlarini bosh reja asosida rivojlantirish maqsadida yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.

Misol tariqasida 2013-yilning o‘zida birgina Urganch shahrida 344 milliard so‘mlik qurilish va obodonlashtirish ishlari bajarilganini aytish o‘rinlidir. Ana shunday katta hajmdagi ishlar Qarshi, Farg‘ona, Namangan, Nukus, Jizzax, Shahrisabz, Guliston va boshqa shaharlarda, yurtimizning barcha viloyat va tumanlarida ham davom ettirilmoqda.

Yana bir muhim vazifamiz – aholini markazlashgan tarmoqlar orqali toza ichimlik suvi bilan ta’minlash masalasini oladigan bo‘lsak, joriy yilda 213 milliard so‘m mablag‘ hisobidan 1 ming 850 kilometrga yaqin suv tarmog‘i tortilib, 1 million 370 ming nafar aholining suv ta’minoti yaxshilandi.

Shu bilan birga, Andijon, Buxoro, Navoiy, Surxondaryo, Farg‘ona viloyatlarida, Samarqand, Buxoro, Termiz, Qo‘qon shaharlarida ayni shu maqsadda 96 million dollar qiymatidagi 8 ta yirik investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda. Bu esa 365 ming aholi uchun ichimlik suvi ta’minotini, shuningdek, oqova suv tarmoqlarini yaxshilash imkonini beradi.

Yil davomida avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish, transport infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha ulkan ishlar bajarildi.

O‘zbek milliy avtomagistralining 530 kilometrlik qismida qurilish va rekonstruksiya ishlari olib borildi. Bundan tashqari, qishloq aholi punktlarini bog‘laydigan 890 kilometrdan ziyod ichki yo‘llar va 200 kilometrdan ortiq shahar va posyolka ko‘chalari ta’mirlandi.

Keyingi vaqtda mamlakatimizda keng va ravon yo‘llar qurish bilan bir qatorda yo‘lovchilarga transport xizmati ko‘rsatishni yaxshilash maqsadida ham ko‘p ishlar qilinmoqda.

Azim poytaxtimiz Toshkentda va boshqa shaharlarimizda o‘zimizda ishlab chiqarilgan, ko‘zni quvontiradigan avtobuslar va yengil mashinalar bilan birga, eng zamonaviy “Mersedes” avtobuslari qatnayotganini, ko‘cha va maydonlarimiz qiyofasini butunlay o‘zgartirayotgan bunday manzarani ko‘rib, har qanday odam ta’sirlanmasdan qolmaydi, desam, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Shu o‘rinda bir raqamga alohida e’tiboringizni qaratmoqchiman. Ayni zikr etilgan tadbirlarning barchasini amalga oshirish uchun ichki investitsiyalar bilan birga Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki va Islom taraqqiyot bankining 3 milliard dollardan ortiq mablag‘ini yo‘naltirganimizning o‘zi, o‘ylaymanki, ko‘p narsadan dalolat beradi.

Dastur doirasida jamiyatimizning asosiy bo‘g‘ini bo‘lgan mahallani obod qilish vazifasidan kelib chiqqan holda, o‘zini o‘zi boshqarish tizimi yanada takomillashtirildi, mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy hayotimizdagi o‘rni va ta’sirini kuchaytirishga katta ahamiyat berildi.

Avvalo, ana shu maqsadda ikkita muhim qonun qabul qilindi. Jumladan, “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahririda ushbu tuzilma faoliyatining tashkiliy asoslarini takomillashtirish, aholini ijtimoiy muhofaza qilish bo‘yicha uning vakolat va vazifalari yanada kengaytirildi.

Xabaringiz bor, shu kunlarda mamlakatimizning barcha hududlarida fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi davom etmoqda. Bu saylovning ayni shu borada yangi tahrirda qabul qilingan qonun asosida o‘tkazilayotgani ayniqsa e’tiborlidir.

Joriy yilda mahallalar hududida yangi guzarlar, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, bolalar va sport maydonchalari barpo etish, ichki yo‘llar va yo‘laklarni ta’mirlash, ko‘p qavatli uylarning atrofini obodonlashtirish bo‘yicha katta hajmdagi ishlar amalga oshirildi.

Aziz yurtdoshlar!

Hammamizga ayonki, obod turmushni hayotimizning fayzu farishtasi bo‘lmish muhtarama ayollarimizning oila va jamiyatdagi faol ishtirokisiz tasavvur etib bo‘lmaydi.

Biz odatda opa-singillarimizning turli sohalar rivojiga qo‘shayotgan katta hissasini tan olish, ularning hayotimizdagi o‘rni va rolini oshirish, ham siyosiy, ham ijtimoiy nufuzini ko‘tarish, og‘irini yengil qilish haqida ko‘p gapiramiz. Lekin men bu masalaning boshqa tomoniga e’tibor berishni istardim.

Qachon oila baxtli bo‘ladi? Qachonki, ayol baxtli bo‘lsa.

Qachon ayol baxtli bo‘ladi? Avvalambor, uning bolalari, oila a’zolari, turmush o‘rtog‘i sog‘-omon bo‘lsa.

Qachon ayol hayotdan rozi bo‘ladi? Qachonki, oilasi tinch, ro‘zg‘ori farovon bo‘lsa, ertangi kundan ko‘ngli to‘q bo‘lsa.

Oilaviy turmushda, bir qaraganda, ko‘zga tashlanmaydigan, lekin shunday muhim yumushlar borki – bu kir yuvish yoki ovqat pishirish bo‘ladimi, bola tarbiyasi bo‘ladimi, umuman, uyni saranjom-sarishta tutish bo‘ladimi – bunday ro‘zg‘or tashvishlarini faqat ayol zoti bajara oladi.

Hammamiz yaxshi bilamiz, hayot tashvishsiz bo‘lmaydi, lekin shu tashvishlar kamroq bo‘lsa, yengilroq bo‘lsa, ana shunda ayol hayotdan rozi bo‘ladi.

Biz iqtisodiyotimiz baquvvat bo‘lib, imkoniyatlarimiz kengayib borishi bilan, ayollarimizning og‘irini yengil qilish masalasiga tobora katta e’tibor bermoqdamiz. Jumladan, joriy yilda ham bu yo‘lda ko‘pgina ishlarni amalga oshirdik.

Mamlakatimiz korxonalari tomonidan 310 mingga yaqin oshxona va uy-ro‘zg‘or ashyolari ishlab chiqarilib, 130 million so‘mlik ana shunday buyumlar ehtiyojmand oilalarga bepul tarqatilgani bunga misol bo‘la oladi.

Ayni vaqtda mahallalar, turar-joy mavzelarida yangi-yangi xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, non yopadigan, konditer mahsulotlari tayyorlaydigan sexlar, bozorchalar va savdo do‘konlari, bolalar maydonchalari, oilaviy dam olish maskanlari, go‘zallik salonlari barpo etildi.

Opa-singillarimizga qulay sharoit yaratishga qaratilgan bunday ishlarimizni kelgusida albatta davom ettiramiz va buning uchun mablag‘ ham, imkoniyat ham topamiz.

Buning yaqqol tasdig‘i sifatida ayollarni tadbirkorlikka keng jalb qilish va ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2013-yilda tijorat banklari tomonidan 117 milliard so‘mdan ziyod kredit mablag‘i ajratilganini aytish zarur. Bu esa o‘z navbatida qancha-qancha xotin-qizlarga o‘z ishini ochib, oilasi, el-yurtimiz uchun foyda keltirish, hayotdan o‘z o‘rnini topish imkonini berayotganini alohida ta’kidlash darkor.

Muhtaram do‘stlar!

“Obod turmush yili”da bajargan ishlarimiz haqida albatta uzoq gapirish mumkin. Men bu o‘rinda diqqat-e’tiboringizni faqatgina bitta ko‘rsatkichga qaratishni lozim, deb hisoblayman.

Dastur doirasida barcha manbalar hisobidan 6 trillion 930 milliard so‘m hamda 471 million dollardan ortiq mablag‘ sarflanganining o‘zi amalga oshirgan ishlarimizning hajmi va ko‘lami qanchalar keng va ulkan ekanidan yaqqol dalolat beradi.

Fursatdan foydalanib, mana shunday olijanob va savobli ishga o‘z hissasini qo‘shgan yurtimizdagi davlat va nodavlat tashkilotlariga, fermerlik va tadbirkorlik sub’ektlariga, bizga ko‘mak bergan xorijiy va xalqaro tuzilmalarga, mana shu zalda o‘tirgan chet mamlakatlarning elchilari va diplomatik vakolatxonalar vakillariga, shu ezgu yo‘lda sidqidildan xizmat qilgan barcha insonlarga o‘z nomimdan, xalqimiz nomidan samimiy minnatdorlik bildiraman.

Hurmatli anjuman ishtirokchilari!

Endi sizlar bilan kirib kelayotgan yangi – 2014-yilga qanday nom berish haqida maslahatlashib, fikrlashib olishimiz kerak.

Azal-azaldan har qaysi ota-ona o‘z bolasining sog‘lom va barkamol, aql-zakovatli, baxtli bo‘lishini istaydi. Shunday farzandni voyaga yetkazish, uning hayotda munosib o‘rin egallashiga erishish – ota-onaning eng ulug‘, eng muqaddas orzusi, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Biz sog‘lom deganda, nafaqat jismoniy, balki ma’naviy jihatdan ham sog‘lom bolani o‘zimizga tasavvur etamiz.

Mustaqillikning birinchi yillaridan boshlab yurtimizda sog‘lom ona – sog‘lom bola masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylangani, keng ko‘lamli umummilliy dasturlarimiz doirasida amalga oshirayotgan ulkan ishlarimiz jahon miqyosida ham tan olingani sizlarga yaxshi ma’lum.

Ayni vaqtda bugungi shiddatli zamon, hayotning o‘zi yosh avlod tarbiyasi borasida oldimizga yangi-yangi, o‘ta muhim va dolzarb vazifalarni qo‘ymoqda.

Ana shularning barchasini hisobga olgan holda, har tomonlama sog‘lom avlodni voyaga yetkazish borasidagi ishlarimizni izchil davom ettirish va yuksak bosqichga ko‘tarish maqsadida men kirib kelayotgan yangi – 2014-yilni mamlakatimizda “Sog‘lom bola yili” deb e’lon qilishni taklif etaman.

Qadrli yurtdoshlar!

Sog‘lom bolaning dunyoga kelishi, baquvvat bo‘lib o‘sib-ulg‘ayishi ko‘pgina talab va omillarga bog‘liq ekanini hammamiz yaxshi tushunamiz. Lekin ular orasida shunday o‘ta muhim, hal qiluvchi mezonlar borki, bu haqda alohida to‘xtalishni o‘rinli, deb bilaman.

Birinchidan, sog‘lom bola – avvalo sog‘lom va ahil oilaning mevasidir.

Biz oilani hayot davomiyligini ta’minlaydigan, kelajak nasllar taqdiriga kuchli ta’sir ko‘rsatadigan tarbiya maskani sifatida qabul qilamiz. Kattalarga hurmat, kichiklarga izzat, odamiylik, mehr-oqibat, o‘z Vataniga, xalqiga sadoqatli bo‘lish kabi olijanob fazilatlar aynan oila muhitida shakllanadi.

Tabiiyki, sog‘lom bolaning tug‘ilishi birinchi navbatda onaning sog‘lig‘iga bog‘liq. Bo‘lg‘usi ona ilohiy ne’mat bo‘lmish dilbandini to‘qqiz oy mobaynida o‘z bag‘rida asrab-avaylab, yorug‘ dunyoga keltiradi. Ana shu jarayonda ayol qanday kunlarni, qanday ruhiy holatni boshidan kechirsa, bu albatta ona vujudi orqali homilaga ta’sir o‘tkazadi.

Ayolni qadrlash, og‘ir ishlardan xalos etish, turli kasalliklardan himoya qilish – er kishining, butun jamiyatimizning burchidir. Bu haqiqat quruq gapga aylanib qolmasligi uchun barchamiz javobgarlikni sezishimiz, uni amaliy ishlarimizda namoyon qilishimiz darkor.

Bundan xulosa shuki, “Sog‘lom bola yili” davlat dasturini ishlab chiqishda birinchi navbatda onalik va bolalikni himoya qilish, oilalarda sog‘lom muhitni kuchaytirish, ularning iqtisodiy va ma’naviy asoslarini mustahkamlash kabi masalalar e’tiborimiz markaziga qo‘yilishi zarur.

Ikkinchidan, sog‘lom bolani voyaga yetkazishda sog‘liqni saqlash tizimining o‘rni va ta’siri, shu bilan birga, mas’uliyati katta ekani hammamizga yaxshi ayon.

Dasturda onalar va bolalar salomatligini asrashga xizmat qiladigan tibbiyot muassasalari – bu skrining va perinatal markazlari bo‘ladimi, ayollar tibbiy konsultatsiyalari, tug‘ruqxona komplekslari bo‘ladimi, ginekologiya va patronaj xizmatlari, qishloq vrachlik punktlari bo‘ladimi – ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, zamonaviy asbob-uskunalar, malakali kadrlar bilan ta’minlash borasidagi ishlarimizni kuchaytirish o‘z ifodasini topishi kerak.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining tavsiyalarini inobatga olgan holda, homilador ayollar va go‘daklarning o‘z vaqtida va sifatli ovqatlanishi, ular uchun maxsus polivitaminlar, zarur mikroelementlar bilan boyitilgan mahsulotlar ishlab chiqarish, bolalarni doimiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, turli kasalliklardan asrab-avaylash kabi tadbirlarning samarasini yanada oshirish lozim.

Barchamiz yaxshi tushunamizki, sog‘lom farzandni tarbiyalashda aholi, ayniqsa, ota-onalarning tibbiy madaniyati muhim ahamiyat kasb etadi. Shu sababli dasturni shakllantirishda tibbiy madaniyatni oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli tushuntirish ishlariga alohida o‘rin berish ayni muddao bo‘ladi.

Ma’lumki, mamlakatimizda bo‘lg‘usi kelin-kuyovlarni nikohdan oldin tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tartibi joriy etilgan bo‘lib, bundan ko‘zlangan asosiy maqsad sog‘lom oila qurish, sog‘lom bolani dunyoga keltirish bilan bog‘liq. Lekin, afsuski, insonning hayoti, tug‘ilajak farzandning taqdiriga bevosita daxldor bu masalaga ba’zan mas’uliyatsizlik bilan qarash, soxta va yuzaki xulosalar chiqarish, tibbiy ma’lumotnomalarni sotib olish kabi holatlar uchrab turishi barchamizni tashvishga solishi zarur. Ayni shu masalalar uchun, umuman, bolalarning sog‘lom, benuqson bo‘lib tug‘ilishi uchun tibbiyot xodimlarining mas’uliyatini, kerak bo‘lsa, javobgarligini oshirish vaqti keldi, deb o‘ylayman.

Uchinchidan, sog‘lom bolani voyaga yetkazishda ta’lim-tarbiya va sportning o‘rni va ta’sirini yanada kuchaytirish lozim.

Dasturda maktabgacha ta’lim muassasalari tizimini kengaytirish, ularni zamonaviy jihozlash, yuqori malakali pedagog va murabbiylar bilan ta’minlash, bolalarni maktabga tayyorlashning sifatini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratish darkor.

Bolaning jismoniy va psixologik rivojlanishidagi eng asosiy davr – bu boshlang‘ich sinf davridir. Hammamiz bilamizki, sobiq tuzum sharoitida bu masalaga, afsuski, yetarlicha ahamiyat berilmas edi. Quyi sinflarda dars berish asosan o‘rta maxsus ma’lumotga ega bo‘lgan muallimlarga topshirib qo‘yilgan edi.

Boshlang‘ich ta’limning yosh avlod hayotidagi roli va ahamiyatini hisobga olgan holda, bunday nomaqbul holatga butunlay barham berildi va bu vazifani bugungi kunda oliy ma’lumotli, yuksak professional mahoratga ega bo‘lgan pedagog kadrlar bajarmoqda.

Qabul qilinadigan dasturda boshlang‘ich ta’limning sifatini oshirish, ta’lim standartlari, o‘quv dasturlari, darslik va qo‘llanmalarni takomillashtirish, ilg‘or pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish masalalari o‘z ifodasini topishi kerak.

Ayni paytda, “Sog‘lom bola yili”ning maqsad va vazifalaridan kelib chiqqan holda, farzandlarimizda, ayniqsa, qiz bolalar o‘rtasida jismoniy tarbiya va sportga mehr uyg‘otish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish bo‘yicha aniq tadbirlarni belgilab, amalga oshirishimiz lozim.

To‘rtinchidan, hammamizga ayonki, farzandlarimizni, yangi avlodni sog‘lom va barkamol qilib voyaga yetkazish, bu maqsadga erishish, hech shubhasiz, davlatimiz, jamiyatimizning e’tibor markazida turishi, olib borayotgan siyosatimizning ustuvor yo‘nalishi bo‘lib qolishi shart.

Shu maqsadda bu masalaga daxldor va mutasaddi bo‘lgan qaysi soha, qaysi jarayonni olmaylik, ularning barchasini rivojlantirish, yangi, zamonaviy bosqichga ko‘tarishda davlatning roli katta ekani hech kimga sir emas.

Shuni hisobga olgan holda, “Sog‘lom bola yili” dasturi tarkibida avvalo yillik rejalarni belgilab olib, turli soha va tarmoqlar, ayniqsa, ijtimoiy sohalarga taalluqli masalalarni yechish uchun ajratiladigan mablag‘ bo‘ladimi, bugungi kunda zamonning o‘zi talab qilayotgan sharoitlarni tug‘dirib berish bo‘ladimi – bularning barchasiga e’tiborni yanada kuchaytirishimiz zarurligi o‘z-o‘zidan ravshan, albatta.

Shu bilan birga, bu masala bo‘yicha jahon miqyosidagi ilg‘or, taraqqiy topgan davlatlarning tajribasini o‘rganish va yurtimizda joriy etish alohida ahamiyat kasb etadi.

Beshinchidan, sog‘lom bola tarbiyasida mahalla va ijtimoiy tuzilmalarning katta o‘rni va ta’siri borligi haqida, o‘ylaymanki, ortiqcha gapirishning hojati yo‘q. Xalqimizning “Bir bolaga yetti mahalla ham ota, ham ona” degan maqolida albatta chuqur ma’no mujassam.

Shu nuqtai nazardan qaraganda, mahalla oqsoqollari, diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchilar, mahalla posbonlarining jamiyatimiz hayotida tinchlik va osoyishtalik, o‘zaro hurmat va hamjihatlik, hushyorlik va ogohlik muhitini mustahkamlashdagi mas’uliyati yanada ortadi.

Ayniqsa, qiz bolalarni tarbiyalash, ularning zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallashiga yordam berish, erta nikohlarning, oilaviy nizolarning oldini olish, urf-odat va marosimlarni ixcham va tartibli o‘tkazish kabi vazifalarni hal qilishda biz ko‘pni ko‘rgan, tajribali mahalla faollariga tayanamiz.

O‘g‘il-qizlarimizni turli to‘garaklarga jalb etish, kam ta’minlangan oilalarga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatish, o‘z hududida tadbirkorlikni rivojlantirish va yana boshqa masalalar bo‘yicha mahalla faoliyatini kuchaytirish, ularga yangi vakolat va imkoniyatlar berish lozim.

O‘z-o‘zidan ravshanki, yuqorida bayon etilgan barcha ustuvor vazifalarni amalga oshirish uchun mavjud normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish talab etiladi.

Qadrli va muhtaram vatandoshlar!

“Sog‘lom bola yili”ning asosiy maqsad va vazifalari haqida gapirar ekanmiz, xalqimiz o‘rtasida keng tarqalgan “Farzandlari sog‘lom yurt qudratli bo‘lur, qudratli elning farzandlari sog‘lom bo‘lur” degan hikmatli iborani yana bir bor esga olishimiz o‘rinli bo‘ladi, deb o‘ylayman.

Bizning mana shu qisqa – yigirma ikki yillik yangi tariximizda mustaqillikka erishish, milliy davlatchiligimiz, ertangi kunimizni qurishda, yurtimizni turli balo-qazolardan asrashda, O‘zbekistonimizning rivojlangan demokratik davlatlar qatoriga kirishi, jahon maydonida munosib obro‘ topishida eng asosiy omillar nima deb so‘rasa, men, boshqa mezonlarni inkor etmagan holda, bir fikrni alohida ta’kidlab aytgan bo‘lardim: bu yo‘ldagi eng muhim omil – bu ham jismoniy, ham ma’naviy jihatdan sog‘lom, hech kimdan kam bo‘lmasdan, boshini baland ko‘tarib yashaydigan, Vatanimizning taqdiri va kelajagi uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga, xalqimiz intilayotgan kelajagi buyuk davlatni barpo etishga qodir bo‘lgan barkamol avlodimiz, desam, ayni haqiqatni aytgan bo‘laman.

Ana shu haqiqatni el-yurtimiz chuqur anglab, yuragidan, qalbidan o‘tkazib, keng qo‘llab-quvvatlayotgani bugungi kunda o‘z hosili va natijasini berayotgani va buni butun dunyo tan olayotgani, bizga havas bilan qarayotgani hech kimga sir emas.

Biz tayanchimiz va suyanchimiz, g‘ururimiz va iftixorimiz bo‘lmish bolalarimizga, farzandlarimizga ishonch bilan, hurmat-e’tibor bilan qarashni kelajagimizga bo‘lgan ishonch, millatimizga, xalqimizga bo‘lgan hurmat-ehtirom ifodasi deb bilamiz.

Men ishonaman – bugun sizlar bilan birga belgilab olgan, “Sog‘lom bola yili” dasturi degan nom bilan amalga oshiradigan barcha reja va vazifalarimiz ham ana shu ezgu maqsadga xizmat qiladi.

Siz, azizlarimni Konstitutsiya bayrami bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, kuch-g‘ayrat, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.