Uz Eng Ru Ru
Biz bilan aloqa
 Adobe Flash Player

BOLA HUQUQLARI KAFOLATLANGAN

BOLA HUQUQLARI KAFOLATLANGAN

Samarqandda “Sog‘lom bola yili” Davlat dasturi ijrosi yuzasidan “Bola huquqlari – davlat himoyasida” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Xotin-qizlar qo‘mitasi, viloyat hokimligi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirda tuman, shahar xotin-qizlar qo‘mitalari raislari, huquq-tartibot idoralari mas’ul xodimlari, “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati viloyat kengashi vakillari qatnashdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasi O‘.Xolov, Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi N.Rabbimova va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning ta’lim-tarbiya olishi, kasb-hunar egallashi uchun alohida e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatilayotganini ta’kidladi. Buning uchun mustahkam huquqiy asos yaratilib, islohotlar izchillik bilan amalga oshirilmoqda.

– 1991 yil noyabrda “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi, – deydi Samarqand viloyati adliya boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Husan Davronov. – Mamlakatimiz Bosh qomusida ham bolalarning huquqlarini himoya qilish, ularni ijtimoiy muhofazalash borasida muhim tamoyillar belgilab berilgan. O‘tgan yigirma uch yil mobaynida yoshlarning huquqlarini himoyalash va kafolatlash, ijtimoiy munosabatlarga oid yigirmadan ziyod qonunlar, Prezidentimizning o‘ttizdan ortiq farmon va qarorlari qabul qilindi. O‘zbekiston inson huquqlari bo‘yicha etmishdan ortiq xalqaro hujjatlarga qo‘shildi. Joriy yilda ham “Sog‘lom bola yili” Davlat dasturi asosida mazkur yo‘nalishda bir qator qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilib, huquqiy-me’yoriy hujjatlar qabul qilindi.

Seminarda O‘zbekiston Respublikasining “Bola huquqlari kafolatlari to‘g‘risida”gi qonuni mazmun-mohiyati, bola huquqlari va oila qonunchiligi, vasiylik va homiylik organlari tomonidan voyaga etmaganlarning qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlar haqida ma’ruzalar tinglandi. Yoshlar bilan ishlash, bolalarning ta’lim-tarbiya olishida oila, mahalla va ta’lim muassasalari hamkorligini kuchaytirish yuzasidan fikr-mulohaza almashildi.

Tadbirda 2013-2014 o‘quv yilida yuqori natijalarga erishgan bir guruh iqtidorli o‘quvchilar tashkilotchilar tomonidan rag‘batlantirildi.

 

Muallif: G‘.Hasanov