Uz Eng Ru Ru
Biz bilan aloqa
 Adobe Flash Player

Deputatlar 2014 yilda ish o’rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturini qabul qildilar

20 noyabr kuni O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo’lib o’tdi.

Qonunchilik palatasi Kengashi tomonidan taklif etilgan kun tartibi tasdiqlanganidan keyin deputatlar 2014 yilda ish o’rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturi loyihasini muhokama etdilar. Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri A.Haitov ushbu masala bo’yicha ma’ruza qildi.

2014 yilda ish o’rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturi O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan ishlab chiqilganligi hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi ko’rib chiqishi uchun kiritilganligi ta’kidlandi. Dasturdan ko’zlangan maqsad – demografik omillar va iqtisodiyotdagi tarkibiy islohotlarni hisobga olgan holda hududlar va iqtisodiyot tarmoqlarining salohiyatini ishga solish, mehnat resurslaridan oqilona foydalanish, bandlik va tadbirkorlikning samarali shakllarini rivojlantirishga har tomonlama ko’maklashish orqali aholi bandligini ta’minlash bo’yicha keng miqyosdagi va bir-biri bilan o’zaro bog’liq chora-tadbirlarni amalga oshirishdan iboratdir.

Keyingi yilda 983,6 mingta ish o’rni tashkil etish nazarda tutilmoqda. Asosiy e’tibor ta’lim muassasalarining bitiruvchilarini, ayollarni, nogironlarni hamda aholining ijtimoiy qo’llab-quvvatlashga muhtoj boshqa toifalarini ishga joylashtirishga qaratiladi.

Dastur ishlab chiqarishni modernizasiya qilish, texnik va texnologik jihatdan yangilash, aholining ehtiyojmand qatlamlarini, birinchi navbatda, ko’p bolali ayollar, nogironlar, oliy va o’rta maxsus ta’lim muassasalarining bitiruvchilarini ishga joylashtirish, kasbga qayta tayyorlash hamda ijtimoiy himoya qilish borasida faol va aniq maqsadga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishga doir tarmoq dasturlarini hisobga olgan holda viloyatlar, tumanlar va shaharlar bo’yicha alohida-alohida ishlab chiqildi. Boz ustiga, ish o’rinlarini tashkil etish parametrlari investisiya dasturi, hududlar va tarmoqlarni rivojlantirish, korxonalarni modernizasiya qilish va texnologik jihatdan yangilash, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, qishloq xo’jaligi mahsulotlarini puxta qayta ishlash, transport va kommunikasiya qurilishi, ijtimoiy hamda bozor infratuzilmasi dasturlari bilan o’zaro bog’liq.

Deputatlar ish o’rinlarini tashkil etish hamda aholi bandligini ta’minlash O’zbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng muhim ustuvorliklaridan biri, xalqning turmush darajasi va sifatini oshirishning zarur sharti ekanligini ta’kidladilar. Dastur yangi obyektlarni ishga tushirish, ishlab turgan ishlab chiqarish quvvatlarini modernizasiya qilish, qayta jihozlash hamda ulardan to’laroq foydalanish, sanoatda, qurilishda, xizmatlar ko’rsatish va servis sohasida kichik biznesni jadal rivojlantirish, infratuzilma, kommunikasiya va uy-joy qurilishi ko’lamlarini kengaytirish, mehnatning kasanachilik shakllari imkoniyatlarini kengaytirish, bekor turgan korxonalarni tiklash hisobiga maqbul miqdorda ish o’rinlarini tashkil etishga hamda aholi bandligini ta’minlashga qaratilgandir.

Dastur loyihasini har tomonlama muhokama etish doirasida barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari va O’zbekiston Ekologik harakatidan saylangan deputatlar guruhining vakillari so’zga chiqdilar.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan saylangan deputatlar partiyaning Saylovoldi dasturida, birinchi navbatda, ayniqsa qishloq yoshlarini va ayollarni tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilish orqali bandlik masalalarini hal qilishga ko’maklashish muhim ekanligi ko’rsatib o’tilganligini qayd etdilar. Fraksiyaning fikricha, mazkur yondashuv tadbirkorlik sohasida yangi ish o’rinlarining tashkil etilishi imkon qadar qulay ishchanlik muhitining shakllanishi bilan bevosita bog’liqligiga asoslanadi. Ushbu holatni inobatga olgan holda, shuningdek, o’z elektoratining manfaatlaridan kelib chiqqan holda, fraksiya Dasturni ko’rib chiqishda aynan shu yo’nalishga alohida e’tibor qaratdi.

Fraksiya a’zolari mehnat bozoridagi vaziyatni yaxshilashning samarali vositasi sifatida bandlikning samarali shakllarini, ayniqsa, kichik biznes, kasanachilik va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish Dasturning asosiy vazifalaridan biri ekanligini ta’kidladilar. Ish o’rinlarini tashkil etishda kichik biznes rolini yanada oshirish, imkon qadar qulay ish muhitini yaratish, kichik biznesning kredit va moddiy-xomashyo resurslaridan foydalanishini kengaytirish bo’yicha qabul qilingan qonun hujjatlariga, bozorda talabga ega iste’mol mahsulotlarini ishlab chiqarishni rag’batlantirish dasturlariga muvofiq yoshlarni tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilish orqali qo’yilgan vazifani hal etish ko’zda tutilmoqda.

Tayyor qishloq xo’jaligi mahsulotlarini qayta ishlash hamda ishlab chiqarishga ixtisoslashgan qishloqdagi tadbirkorlik subyektlarining rivojlantirilishi va kengaytirilishi 138 mingdan ziyod kishini ish bilan ta’minlash imkonini berishi ta’kidlandi.

O’zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a’zolari ko’rib chiqilgan masalani muhokama etishda alohida faollik ko’rsatdilar, chunki bu yo’nalish partiyaning Saylovoldi dasturidagi asosiy ustuvorliklardan biri hisoblanadi. O’zXDP fraksiya a’zolarining ishonchi komilki, 2014 yilda ish o’rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturining ishlab chiqilishi va ijro etilishi aholi turmush darajasini oshirishning asosiy omillaridan biri hisoblanadi. Shu bois majlisda ko’rib chiqilgan hujjatning ijtimoiy ahamiyatga molik ekanligiga alohida urg’u berildi.

Partiyadan saylangan deputatlar tomonidan Dastur loyihasida kasb-hunar kollejlarining bitiruvchilarini ishga joylashtirishga, ularni egallagan ixtisosligi bo’yicha ish o’rinlari bilan ta’minlashga urg’u berildi. Shu munosabat bilan bo’sh turgan va zaxira ish o’rinlari hisobiga kasb-hunar kollejlarining 500 mingdan ziyod bitiruvchisini ishga joylashtirish Dasturning muhim yo’nalishi ekanligi qayd etildi.

Majlis chog’ida bandlik va xalq farovonligini yuksaltirish masalalarini hal qilishda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining javobgarligini oshirish zarurligi haqida so’z bordi. O’zXDP fraksiyasining taklifiga ko’ra, mahaliy hokimiyat va boshqaruv organlari, ularning ishchi komissiyalari tomonidan tasdiqlangan manzilli ro’yxatlar va tarmoq jadvallari asosida har oyda muntazam ravishda tegishli chora-tadbirlar ko’rilgan holda bandlik hududiy dasturlari bajarilishining borishi ko’rib chiqiladi.

Fraksiya a’zolarining fikricha, bu Dasturning bajarilishini real vaqt rejimida monitoring qilish samaradorligini oshirish hamda tasdiqlangan parametrlardan ortda qolayotgan korxonalar, tarmoqlar va hududlarni aniqlash, Dasturning so’zsiz bajarilishiga qaratilgan qo’shimcha chora-tadbirlarni ko’rish imkonini beradi.
O’zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi vakillari o’zlarining amaliy faoliyatida ular huquqiy va iqtisodiy vositalarni yanada takomillashtirish, shuningdek, tadbirkorlikning an’anaviy madaniyatini qayta tiklash orqali milliy biznesga ko’maklashishga, ichki iste’mol va eksport o’sishini ta’minlashga, xalq hunarmandchiligining barcha turlari, xizmatlar ko’rsatish va turizm sohasini rivojlantirishga, mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilarini har tomonlama qo’llab-quvvatlash maqsadini ko’zlaganliklariga e’tibor qaratdilar.

Fraksiya a’zolari ta’kidladilarki, kasanachilik ish o’rinlarining katta qismini milliy hunarmandchilikning an’anaviy markazlari bo’lmish mintaqalarda – Namangan (28,5 ming), Farg’ona (27,3 ming), Andijon (21,6 ming), Samarqand (17,6 ming), Buxoro (18,5 ming) viloyatlarida tashkil etish nazarda tutilmoqda. Shu bilan birga, oilaviy tadbirkorlik subyektlari uchun qonun hujjatlarida nazarda tutilgan imtiyozlar, preferensiyalar hamda kafolatlardan foydalanish samaradorligini oshirish bo’yicha ishni davom ettirish zarur bo’ladi, bu esa 2014 yilda ish o’rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturi ijrosining natijadorligiga ijobiy ta’sir ko’rsatadi.

Fraksiyaning ishonchi komilki, ko’plab foydalanilmagan imkoniyatlarga ega turizmni yanada rivojlantirish ham ana shunday diqqat-e’tiborni talab qiladi. Jumladan, bu mamlakatimizda yangi ish o’rinlarini tashkil etishga, shu jumladan, yoshlarni ish bilan ta’minlashga ko’maklashuvchi xizmatlar ko’rsatish va turizm sohasini, bir qator istiqbolli mintaqalarning infratuzilmasini muntazam rivojlantirib borishga taalluqlidir. Fraksiyaning fikricha, bu mazkur sohalarni rivojlantirish hisobiga turizm va transport infratuzilmasini yanada takomillashtirish ko’lamini kengaytirish, shuningdek, mazkur tarmoqlarda ish bilan ta’minlanganlar sonini ko’paytirish, aholi daromadlarini oshirish imkonini beradi.

O’zbekiston «Adolat» sosial-demokratik partiyasi fraksiyasi a’zolari aksariyat mamlakatlarda ishsizlik bilan bog’liq jiddiy muammolar kuzatilayotgan bir sharoitda O’zbekistonda har yili ish o’rinlarini tashkil etish bo’yicha maxsus dastur qabul qilinayotganligini ta’kidladilar. Bu demografik omillar va iqtisodiyotdagi tarkibiy islohotlarni hisobga olgan holda mehnat resurslaridan oqilona foydalanish, bandlik va tadbirkorlikning samarali shakllarini rivojlantirishga har tomonlama ko’maklashish masalalariga e’tibor qaratilayotganligining yaqqol misolidir.

Fraksiya vakillari ish o’rinlariga yuksak darajada ehtiyoj sezilayotgan mintaqalarda ish o’rinlarini ko’paytirishga, shuningdek, tashkil etilayotgan ish o’rinlariga, avvalo, qishloq joylardagi ayollarni, shuningdek, oliy o’quv yurtlari hamda kasb-hunar kollejlarining bitiruvchilarini ishga joylashtirish muhimligiga alohida e’tibor qaratdilar. Fraksiyaning ishonchi komilki, innovasiya texnologiyalari sohasini rivojlantirish, yoshlarni kasbga qayta yo’naltirish hisobiga ishga jalb etish muhim yo’nalishlardan biri bo’lib qolishi lozim.

O’zbekiston Ekologik harakatidan saylangan deputatlar tashkil etilayotgan ish o’rinlarining barqarorligini saqlash, aholi punktlarini obodonlashtirish ishlarini kengaytirish yuzasidan amalga oshirilayotgan tadbirlarni yanada kuchaytirish muhimligini ta’kidladilar. Ekoharakat deputatlarining fikricha, aholini ekologik toza oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash bo’yicha xizmatlar ko’rsatish sohasidan kengroq foydalanish hamda uni yanada rivojlantirish, tabiatni ifloslantirmaydigan texnologiyalarni tatbiq etish iqtisodiy jihatdan faol aholi bandligini oshirishning yo’nalishlaridan biri hisoblanadi. Ularning fikricha, ushbu nuqtai nazardan mamlakatimizda mavjud tabiiy salohiyatni inobatga olgan holda ekoturizmni yanada rivojlantirish hamda ushbu sohada yangi ish o’rinlarini tashkil etish imkoniyatlarini ko’rib chiqish zarur bo’ladi.

Muhokama chog’ida bildirilgan fikr-mulohazalarni hisobga olgan holda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi 2014 yilda ish o’rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturini tasdiqladi hamda tegishli qaror qabul qildi.

O’zbekistonRespublikasiOliyMajlisi
Qonunchilikpalatasining
Axborotxizmati

Qishloq hayoti gazetasi 2013-yil 22-noyabr, 141-son