Uz Eng Ru Ru
Biz bilan aloqa
 Adobe Flash Player

Ilg’or ta’lim texnologiyalari

Ilg’or ta’lim texnologiyalari yosh avlodning xorijiy tillarni o’zlashtirishlarida mustahkam poydevor bo’lib xizmat qilmoqda

Farzandimizning kelajakda qaysi kasbni egallashi, qanday fe’l-atvor egasi bo’lishi uning murg’akligidagi tarbiyasiga, kamol topayotgan muhitiga bog’liq. Shunday ekan, mamlakatimizda o’g’il-qizlarga yuksak g’amxo’rlik ko’rsatilmoqdaki, buning zamirida ularning yorug’ istiqbolini ko’rishdek ezgu g’oya mujassam.
Ana shunday ulug’vor maqsadda mustaqillik yillarida ijtimoiy-siyosiy hayotimizning barcha jabhasida izchillik bilan hayotga tatbiq etilayotgan  islohotlar, yaratuvchilik va obodonchilik ishlari har birimizni quvontirmoqda. Birgina ta’lim sohasini oladigan bo’lsak, “Ta’lim to’g’risida”gi Qonun, Kadrlar tayyorlash milliy dasturi hamda Maktab ta’limini rivojlantirish davlat umummilliy dasturi jahon andozalari darajasidagi ta’lim dargohlarini barpo etish, mavjudlarini qayta ta’mirlash, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, zamonaviy o’quv-laboratoriya uskunalari bilan jihozlash imkonini berdi. Bu yangilanishlar, o’z navbatida, o’qitish sifatini mutlaqo o’zgartirib, yuksak samaradorlikka erishishda mustahkam poydevor vazifasini o’tamoqda.
Prezidentimizning 2012 yil 10 dekabrda qabul qilingan “Chet tillarni o’rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi qarori ham farzandlarimizning kelgusi taqdirida g’oyat muhim ahamiyatga ega. Qarorga binoan, 2013/2014 o’quv yilidan boshlab chet tillarni o’qitishga, ilgarigidek, beshinchi sinfdan emas, balki birinchi sinfdanoq kirishildi. Bu esa ota-onalar, keng jamoatchilik tomonidan mamnuniyat bilan kutib olindi. Yashirib nima qildik, avvallari  bilimi sayoz muallimlar ham birinchi sinfda dars beraverardi. Vaholonki, bolaning dunyoqarashi, didi, salohiyati shakllanadigan boshlang’ich sinflarga eng yetuk, eng tajribali murabbiylar birkitilishini oddiy mantiqning o’zi talab etadi. Demak, ushbu qaror farzandlarimizning yorug’ istiqboliga xizmat qilishi muqarrar. Zero, kichik yoshdagi bolalar xorijiy tillarni osonroq o’zlashtirishi hyech kimga sir emas.
—    Davlatimiz rahbarining “Chet tillarni o’rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi qarorida o’quvchi-yoshlar uchun foydali bo’lgan chet tillardagi elektron darsliklar, qiziqarli o’yinlar va boshqotirmali resurslar yaratish, o’quv va badiiy adabiyotlar, turli lug’atlar nashr etish, ko’rgazmali qurollar ishlab chiqish, bu yo’nalishda tegishli tashkilotlar bilan hamkorlik qilish vazifalari belgilangan, — deydi Respublika ta’lim markazi direktori Islom Zokirov. — Shu maqsadda O’zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti hamda o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi bilan hamkorlikda aniq chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Unda chet tili, asosan, ingliz tiliga ixtisoslashtirilgan mutaxassislarni tayyorlash, o’qituvchilarning malakasini oshirish kabi bir qator vazifalar nazarda tutilgan bo’lib, ayni paytda bu boradagi ishlar izchillik bilan olib borilmoqda.
Darhaqiqat, qarorda qayd etilgan vazifalarni bajarish maqsadida Xalq ta’limi vazirligi hamda Britaniya Kengashining mamlakatimizdagi vakolatxonasi hamkorligida “Ingliz tilini o’rganishda zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalaridan foydalanish” loyihasi tayyorlandi. Unda ingliz tili fani o’qituvchilarining kompyuterda ishlash malakasini oshirish, internet hamda “ZiyoNET” jamoat ta’lim axborot tarmog’i resurslaridan samarali foydalanishlarini yo’lga qo’yish ko’zda tutilgan. Shu kungacha loyiha doirasida Britaniya Kengashi, Xalq ta’limi vazirligi, Respublika ta’lim markazi va ingliz tili bo’yicha jalb etilgan ekspertlardan iborat ishchi guruhi tomonidan bir qator seminarlar tashkil etildi. Ularda davlatimiz rahbarining chet tillarni o’rganishga oid qarori farzandlarimizning har tomonlama bilimli bo’lib kamol topishlarida muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
— Xorijiy tillarni o’zlashtirishga bo’lgan ishtiyoq bolani izlanishga, o’z ustida tinimsiz ishlashga undaydi, — deydi Zangiota tumanidagi 44-maktabning ingliz tili fani o’qituvchisi Farhod Fayzullayev. — O’quvchini to’g’ri talaffuz qilishga majburlash yoki grammatik xatosini to’g’rilash bilan til o’rgatib bo’lmaydi. Shundan kelib chiqib, darslarni muloqot tarzida, ko’proq mashq, o’yin uslubida olib borayapmiz. Dars jarayonida xorijiy tillarda namoyish etiladigan teleko’rsatuvlardan foydalanish ham yaxshi samara beradi. Umuman, ushbu qaror biz, nafaqat o’z vazifamizga mas’uliyat bilan qarashga, shuningdek, zavq-shavq bilan ishlashga undaydi.
Til bilgan — el biladi, deydi xalqimiz. Ayniqsa, hozirgi kunga kelib jahon tillaridan biri bo’lgan ingliz tili dunyoning barcha qit’alarida o’rganilmoqda. Qolaversa, ingliz tilida  chop etilayotgan fan-texnikaga oid  ilmiy-ommabop, badiiy adabiyotlar  va axborotlar son jihatidan jahonda birinchi o’rinda turadi. Bugun dunyoning aksariyat mamlakatlarida ilm-fan bilan shug’ullanuvchilarning ko’pchiligi ingliz tilida muloqot qila oladilar.
Mamlakatimizda ham Prezidentimizning qarori tufayli umumta’lim maktablari, kasb-hunar kollejlari, akademik lisey hamda oliy o’quv yurtlarida chet tillarni o’qitish tizimi tobora takomillashib bormoqda. Masalan, Qarshi shahridagi 43-umumta’lim maktabida ingliz tilini o’qitish bo’yicha ibratli tajriba to’plangan. Ming nafardan ziyod o’quvchi tahsil olayotgan maktab zamonaviy shart-sharoitga ega. Chorshanba kuni maktabda “Ingliz tili kuni” deb e’lon qilingan. Shu kuni maktab o’quvchilari ingliz tilida muloqot qilib, erkin so’zlashish ko’nikmasini oshirishadi.
Uchtepa tumanida joylashgan Xalq ta’limi vazirligi tasarrufidagi ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabida ham xorijiy tillar chuqurlashtirilib o’tiladi.
— Chet tillarni o’rganishga bo’lgan ishtiyoq o’quvchining zehnini charxlaydi, o’z ustida ishlashga o’rgatadi, — deydi maktab direktori Barno Rahimova. — Axir kim ham farzandining teran bilimli bo’lishini, chet tillarni mukammal o’zlashtirishini xohlamaydi. Bugun yaratib berilayotgan shart-sharoit, imkoniyat esa yoshlarimizning hyech kimdan kam bo’lmay kamol topishida muhim ahamiyatga egadir.
Bundan tashqari, mazkur maktabda o’g’il-qizlar intellektual o’yinlar, fan yo’nalishlari bo’yicha to’garaklar va sport seksiyalariga qatnashib, o’z bilim hamda mahoratini oshirmoqda. Shahar, viloyat va respublika miqyosida o’tkazilayotgan turli fan olimpiadalari, tanlov hamda sport musobaqalarida faol ishtirok etmoqda.
Ayonki, Prezidentimizning “Chet tillarni o’rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi qarori zamirida navqiron avlodning kelajakda zamonaviy fan-texnika yutuqlarini mukammal o’zlashtirib, yetuk kadrlar bo’lib yetishishlari, yurtimizning tobora rivojlanib borayotganligini amalda isbotlash maqsadi mujassam. Binobarin, 2015/2016 o’quv yillaridan boshlab, barcha oliy ta’lim muassasalariga kirish testlari blokiga xorijiy tillarning tatbiq etilishi ham har bir kasb egasini til o’rganishga undaydi. Bu esa kelgusida yoshlarimiz orasidan xalqaro darajadagi huquqshunoslar, muhandislar, iqtisodchilar, shifokorlar va boshqa soha vakillari yetishib chiqishida mustahkam poydevor bo’lib xizmat qiladi.

Maqsud JONIXONOV,
«Xalq so’zi» muxbiri.

"Xalq so'zi" gazetasi 2013-yil 3-dekabr №236