Uz Eng Ru Ru
Biz bilan aloqa
 Adobe Flash Player

Matonatda tengsiz, ko’ngli oq insonlar

Prezidentimiz shu yilning sentyabr oyida Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida fermerlar bilan bo’lgan uchrashuvda ko’p tarmoqli fermer xo’jaliklari safini kengaytirishning ahamiyati haqida atroflicha to’xtaldilar.

Zero, faqat paxta va g’alla yetishtirish bilangina cheklanib qolmay, qo’shimcha daromad olish yo’llarini izlashga intilayotgan fermer xo’jaliklari iqtisodiy jihatdan tez oyoqqa turib borayotgani masalaning naqadar dolzarb va hayotbaxsh ekanligidan dalolat bermoqda.
Shu bois davlatimiz rahbari ushbu masalaga e’tibor qaratar ekan, hozirgi davr fermerlari nafaqat dehqonchilik sirlarini puxta bilishi, ayni paytda u iqtisodchi, hisobchi, seleksioner, biznesmen ham bo’lishi darkorligini uqtiradilar. Ya’ni bugungi hayot oldimizga qo’yayotgan yangi vazifalarni yaxshi bilishi, odamlarning, ayniqsa, qishloq ahlining turmush darajasini yanada yaxshilash, ma’naviyatini yuksaltirish, xususan, yoshlarimizga har tomonlama g’amxo’rlik va e’tibor ko’rsatishda faol bo’lishi zarur. Buning uchun yetishtirilgan mahsulotni qayta ishlashni ham yo’lga qo’yish, joylarda kichik korxonalar tashkil etish kerak.
...Samarali tashabbus, yaxshi ibrat uchqur qushga aylanadi. Yozuvchilar uyushmasi a’zolaridan bir guruhi safida ijodiy uchrashuvlar bahonasida turli viloyatlarda bo’lganimizda, fermerlik harakatida tatbiq qilinayotgan ezgu tashabbuslar shiddatli qanot qoqib, kutilgan samaralar berayotganining guvohi bo’ldik. Jumladan, Farg’ona viloyati ham bundan istisno emas.
Farg’onaliklar o’z tirishqoqliklari va intiluvchanliklari bois oddiy tuproqdan aqlbovar qilmas mo’jizalar yarata olishi bilan azaldan dong taratgan. O’zbeklar bundaylarni soddagina ta’riflab, “Ishning ko’zini biladi”, deb qo’yishadi. Hamma gap — ulardagi ana shu qobiliyatning yanada to’liqroq namoyon bo’lishiga keng yo’l ochib, munosib shart-sharoit yaratib berishda.
Mamlakatimizda qishloq xo’jaligini isloh qilish yo’lida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlardan ana shunday ezgu maqsadlar ko’zlangan. Natija esa chakki bo’lmayotganini joriy yilda paxtachilik, g’allachilik, pillachilik kabi yetakchi tarmoqlarda quvonchli zafarlarga erishilgani yaqqol tasdiqlab turibdi. Jumladan, Farg’onada ham qishloq xo’jaligining hamma tarmoqlarini serdaromad sohaga aylantirish yuzasidan belgilangan barcha rejalarning to’liq bajarilishiga erishilmoqda.
Hozirgi paytda viloyatda faoliyat ko’rsatayotgan fermer xo’jaliklarining 226 tasi sabzavotchilik, 149 tasi qoramolchilik, 47 tasi parrandachilik, 54 tasi baliqchilik, 46 tasi asalarichilik, 55 tasi intensiv va 69 tasi an’anaviy bog’dorchilik, 44 tasi uzumchilik, 12 tasi go’shtni qayta ishlash, 20 tasi sutni qayta ishlash, 13 tasi meva-sabzavotni qayta ishlashga ixtisoslashtirilib, belgilangan marralarga to’la-to’kis erishildi. Servis xizmati ko’rsatuvchi fermerlar soni 157 taga, qo’shimcha ishlab chiqarish va xizmatlar tashkil etuvchi fermerlar qariyb 900 taga yetdi.
Bunday o’zgarishlar bois 9 mingdan ziyod ish o’rinlari yaratildi. Aslida, eng muhimi mana shu. Muqim ish joyiga ega bo’lish farovon turmush kechirishning bosh o’zanidir.

Ko’p tarmoqli xo’jaliklar parvozi
Xo’jaligida qo’shimcha tarmoqlarni yo’lga qo’yish evaziga millionlab so’m daromad olishga muvaffaq bo’layotgan fermerlar haqida gap ochilsa, farg’onaliklar Quva tumanidagi Isaqjon Nasriddinov boshliq jamoani birinchilar qatorida tilga olishadi.
Chindan ham, 112 gektar yerga egalik qilayotgan, 32 nafar ishchisining rizqiga rizq qo’shib kelayotgan Isaqjon birin-ketin qo’shimcha tarmoqlarni tashkil etib, quvonchli yutuqlarni qo’lga kiritdi, xo’jaligi tobora baquvvat bo’lib boraverdi. Endi uning qaramog’ida 170 bosh qoramol, 55 bosh ot, ko’plab qo’y-echkilar mavjud. Shu orada quyonchilikka ishtiyoqi oshib, Germaniyadan “Rezn”, Belgiyadan “Flandr” zotli quyonlarni olib keldi. Natija kutilganidan-da yuqoriroq bo’ldi. Bu jonivorlar yiliga o’n martagacha bolalab, yaxshi parvarishlansa, o’rtacha 15 kilogramm atrofida vazn yig’ar ekan. Mana, mo’may daromad manbai!
Olingan foydaning bir qismi 300 bosh quyon, 170 bosh buzoq boqishga mo’ljallangan imoratlar qurilishiga sarflanayotir. Bundan tashqari, 12 ming dona parranda parvarishlanadigan tovuqxona qurildi, u to’liq ishga tushsa, kuniga hozirgi 5 ming o’rniga 50 ming dona tuxum sotish imkoniyati yuzaga keladi. Bunga tutash joyda qurilayotgan yana bir tovuqxonada esa go’sht yo’nalishida 24 mingdan ziyod tovuq boqiladi. Natijada aholiga parhyez go’sht yetkazib berish hajmi bundan-da ko’payadi.
Shu bilan birga, fermada gulchilik yo’lga qo’yildi, yarim gektar yerda archazor barpo etildi, o’n sotixli issiqxona sitrus mevalar yetishtirishga ixtisoslashtirildi. Barcha turdagi zarur texnika vositalarining borligi ishning barorini ta’minlayapti.
Bunday uddaburon fermerlarning safi keng. Demak, nasibasi shu jabhaga bog’liq mehnatkashlarimizning moddiy manfaatdorligi ham tobora yuksalmoqda.
Isaqjon Nasriddinov kabi fermerlar erishayotgan muvaffaqiyatlar bilan tanishar ekanmiz, Prezidentimizning 2013 yil 19 iyun kuni Jizzax va Sirdaryo viloyatlariga tashrifi chog’ida aytgan so’zlari ro’yobiga guvoh bo’ldik.  
“Hammamizga ma’lumki, sovet tuzumi davrida xususiy mulk bo’lmagan. Biz sobiq sovet tuzumining asoratlaridan fermerlarga yer ajratib, ularda mulkdorlik hissini shakllantirish orqali xalos bo’la boshladik. Bugun  fermerlar — mamlakatimizning ustuniga aylandi. Ustun esa tayanch demakdir, — degan edi davlatimiz rahbari fermerlar bilan uchrashuvda. — Lekin faqat dehqonchilik va chorvachilik bilan farovonlikka erishib bo’lmaydi. Fermerlarning huquq va vakolatlarini kengaytirish, ko’p tarmoqli fermer xo’jaliklarini rivojlantirish lozim. Chunki fermerlik harakati iqtisodiyotimizni rivojlantirishga, aholining turmush darajasi va sifatini oshirishga xizmat qiladigan qudratli kuchdir”.
 
Mehnatni qadrlash yo’lidan
Fermerlarimizning peshona teri bilan topgan daromadi behad totli, ammo o’ta mashaqqatli. Shu bois ular faoliyati doimiy g’amxo’rlikka muhtoj. Davlatimiz rahbari Qashqadaryoda bo’lgan anjumanda mana shu masalaga alohida urg’u berib, ta’bir joiz bo’lsa, fermerning dardini davlatning dardi sifatida ko’rishimiz kerak, degan o’ta odilona so’zni aytdi. Buning uchun fermerlar yetishtirayotgan mahsulotlar bozorini tashkil etib berish, qanday masalalar muhokama qilinmasin, mehnatkashlar manfaatini birinchi o’ringa qo’yib ish ko’rish, ularga muntazam ko’maklashish davlat va mahalliy hokimliklarning diqqat-e’tiborida turishi lozimligini alohida ta’kidladilar.
Farg’onada masalaning bu jihati ham doimiy diqqat-e’tibor markazida. Qishloq xo’jaligini tobora keng tarmoqli sohaga aylantirish ishlariga kirishish, avvalo, yetarlicha mablag’ga ega bo’lishni talab qiladi. Shuni nazarda tutib, yangi tashkil etilayotgan tarmoqlarni moddiy jihatdan qo’llab-quvvatlash maqsadida banklar tomonidan qoramolchilikka 16 milliard 254 million, parrandachilikka 1 milliard 482 million, intensiv bog’ yaratishga 1 milliard 12 million, an’anaviy usulda bog’ tashkil etishga 255 million, tokzorlar barpo qilishga 162 million, baliqchilikka 649 million, asalarichilikka 451 million, go’shtni qayta ishlashga 565 million, sutni qayta ishlashga 1 milliard 670 million, meva-sabzavotni qayta ishlashga 635 million so’mlik kredit ajratilishi belgilangan. Ularning ijrosi esa nazorat qilib kelinmoqda.
Ta’kidlash kerakki, bu tarmoqlarni texnika kuchi, yonilg’i, mineral o’g’it singari zaruriy vositalar bilan uzluksiz ta’minlash yuzasidan ham zarur chora-tadbirlar ko’rilayapti. Viloyat fermerlar kengashi esa qishloq mulkdorlarining talab-istagini o’rganish, ishning olg’a siljishiga to’siq bo’layotgan omillarni aniqlab, ularni zudlik bilan hal qilish payidan bo’lmoqda.
Bunday xayrli sa’y-harakatlar tezda o’zining ijobiy natijalarini bera boshlashiga farg’onaliklarning ishonchi komil.

Ikki saodat shukronasi
Niyatlar qanchalik ezgu, maqsadlar nechog’liq ulug’vor bo’lmasin, ularning yuzaga chiqishida inson omili baribir birinchi o’rinda turadi. Xo’sh, fermerlarimizning bugungi kayfiyati qalay?
Ulardan biri Prezidentimiz O’zbekiston paxtakorlari va barcha mehnatkashlariga yo’llagan tabrigida fermerlarni matonatda tengsiz, paxtasidek ko’ngli oq kishilar deb baholaganidan juda to’lqinlanib ketgani, yana birovi shovvoz og’ir atletikachimiz Ruslan Nurudinov o’z murabbiyi Bahromjonning “Ko’tar!” degan hayqirig’i ostida o’zgalarga bo’ysunmagan og’irdan-og’ir “g’altaktosh”ni havoga dast ko’targani-yu,  boshqasi esa farzandi universitetga kirib olganini yoyilib bayonlashga tushgani kabi holatlardan kelib chiqilsa, bu azamatlar dala zahmatlarini uncha pisand qilmayotgandek tuyuladi. Nimasini aytasiz, bag’ri butun-da, zuvalasi pishiq-da!
Darhaqiqat, dalachilarimizning haqiqatan ham irodasi metin, sabri daryo, xoh tabiat injiqliklari, xoh turmush tashvishlari ularni qanday sinovlardan o’tkazmasin, zorlanib gapirishni yoqtirishmaydi, mung’ayishdan andisha qilishadi. Mahallamizning maslahatgo’y va halol kishilaridan bo’lgan rahmatli Sotvoldi tog’a dehqonning ichini og’ritganning, haqiga xiyonat qilganning uyida halovat bo’lmaydi, deb qo’yguchi edi, bu bejiz emas, yuzidan royish yog’ilib turuvchi dehqonlar farishtalarning yerdagi soyasiga o’xshab ko’rinadi. Ular tez-tez takrorlab yuradigan kalom ham fe’llariga yarashiqli:
— Eng keraklisi — yurt tinch tursin, salomatlik bo’lsin, u-bu kamchiliklar bitta-bitta bitaveradi...
Rizq yaratishdan charchamaydigan, berganini minnat qilmaydigan, o’ta olihimmat, o’ta shukrli insonlar orasida kun kechirishning o’zi bir saodat, loaqal ko’ngillarini so’z bilan ko’tarib, ularga, ozmi-ko’pmi, tirgak bo’la olish esa ikki saodatdir.

Anvar OBIDJON,
O’zbekiston xalq shoiri.

"Xalq so'zi" gazetasi 2013-yil 4-dekabr  №237