Uz Eng Ru Ru
Biz bilan aloqa
 Adobe Flash Player

Nuroniylar e’zozlanyapti

Osuda hayot, jo‘shqin mehnat, to‘kin-sochinlik, bag‘ri butunlik – insoniyatning azaliy orzusi. Bu orzu goh ushalib, goh qora to‘zon ortida qoladi. Dunyo yaralgandan buyon odamzod necha bor urush dahshatlarini ko‘rdi. SHuning uchun ham tinchlikning, do‘stlikning qadri hamisha ulug‘ bo‘lib kelgan.

Ikinchi jahon urushi yillari jangohlarda 15 mingga yaqin kattaqo‘rg‘onlik ishtirok etdi. Ularning qariyb 6,5 ming nafari fashist bosqinchilariga qarshi kurashda halok bo‘ldi, ayrimlari esa bedarak yo‘qoldi. Omon qaytganlarning 11 nafarigina bugun hayot gashtini surayapti, xolos.

Prezidentimizning shu yil 6 martdagi «1941-1945 yillardagi urush qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida»gi farmoni «Nuroniy» jamg‘armasi Kattaqo‘rg‘on shahar bo‘linmasini xayrli ishlarga ruhlantirdi.

Bo‘linma tashabbusi bilan 11 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga shahar tibbiyot birlashmasi tomonidan bepul dori-darmon tarqatildi. Kinoteatrlarda urush va mehnat faxriylari uchun bepul kino va hujjatli filmlar namoyish etilmoqda.

– Mahallalar, ta’lim muassasalari, harbiy qismlarda urush qatnashchilari, front ortida fidoyilik ko‘rsatgan faxriylar ishtirokida uchrashuvlar, davra suhbatlari uyushtirayapmiz, – deydi bo‘linma kengashi raisi Shavkat Turdiev. – Bunday tadbirlarda ularning mardligi, jasurligi hamda yurtga sodiqligi yoshlar uchun namuna sifatida e’tirof etilyapti.

Abduaziz HOSHIMOV.

21.04.2015  http://zarnews.uz/