Uz Eng Ru Ru
Biz bilan aloqa
 Adobe Flash Player

Yilning eng faol ma’naviyat targ’ibotchilari

 

  O’zbek Milliy akademik drama teatrida Respublika Ma’naviyat targ’ibot markazi tomonidan qator tashkilotlar bilan hamkorlikda “Yilning eng faol ma’naviyat targ’ibotchisi” respublika ko’rik-tanlovi g’oliblarini taqdirlashga bag’ishlangan tadbir o’tkazildi.

Shu munosabat bilan mazkur san’at maskaniga O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, tegishli vazirlik va idoralar, ijodiy va jamoat tashkilotlari vakillari, ma’naviyat targ’ibotchilari, o’qituvchilar, mahalla, xotin-qizlar qo’mitalari faollari, yoshlar taklif etildi.

Respublika Ma’naviyat targ’ibot markazi rahbari Q.Quronboyev va boshqalar Prezdentimiz Islom Karimov rahnamoligida yoshlarni zamonaviy bilim va tafakkurga ega, yuksak ijodiy-intellektual salohiyat sohibi etib voyaga yetkazish borasida amalga oshirilayotgan keng ko’lamli ishlar ma’naviy-ma’rifiy sohalardagi yangilanish jarayonlarida muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.

Mamlakatimizda jahon talablariga to’liq javob beradigan ta’lim-tarbiya, ilm-ma’rifat, madaniyat va san’at maskanlarini barpo etish, ularning moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash, ma’naviy-ma’rifiy yo’nalishlarda faoliyat ko’rsatayotgan hamyurtlarimiz mehnatini rag’batlantirishga oid tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ta’lim tizimida “Milliy istiqlol g’oyasi va ma’naviyat asoslari” o’quv fani, “Ma’naviyat soatlari” joriy etilgani yoshlarning jamiyat hayotining barcha sohalaridagi yuksak o’zgarishlardan xabardorligini oshirish, ularni sog’lom va mustaqil fikrli shaxslar etib voyaga yetkazishda alohida ahamiyat kasb etmoqda.

Prezidentimizning 2006 yil 25 avgustda qabul qilingan “Milliy g’oya targ’iboti va ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish to’g’risida”gi qarori mustaqilligimizning ma’naviy asoslarini mustahkamlash, milliy qadriyatlarimiz, an’ana va urf-odatlarimizni asrab-avaylash, yosh avlod qalbi va ongiga ona yurtga muhabbat tuyg’ularini chuqur singdirishda muhim dasturilamal bo’lmoqda.

O’zbekiston Madaniyat va sport ishlari, Xalq ta’limi, Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirliklari, Milliy g’oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi, O’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi, Respublika Baynalmilal madaniyat markazi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, Xotin-qizlar qo’mitasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi, “O’zbekteatr” ijodiy ishlab chiqarish birlashmasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Yilning eng faol ma’naviyat targ’ibotchisi” respublika ko’rik-tanlovidan ko’zlangan asosiy maqsad ham ma’naviy-ma’rifiy targ’ibot sohasi mutaxassislari faoliyatini atroflicha o’rganish, tahlil etish, bu boradagi ilg’or ish tajribasini ommalashtirishdan iboratdir.

Tanlov jarayonida targ’ibotchilarning zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalarini ish jarayoniga unumli tatbiq eta olishi, ko’pchilik, ayniqsa, yoshlar auditoriyasi bilan ishlash mahorati, ularga ijobiy ta’sir o’tkaza olish qobiliyati, “ommaviy madaniyat”ning zararli ta’siridan himoyalay olishga doir ish uslubiga asosiy e’tibor qaratildi.

– Inson qalbi va ongini zabt etishga intilish tobora kuchayib borayotgan bugungi murakkab globallashuv davrida yoshlarning tarbiyasi, ma’naviyati, ongu shuuri, dunyoqarashi uchun barchamiz mas’ulmiz, – deydi tanlov g’olibi, Navoiy viloyati Xatirchi tumanidagi tibbiyot kolleji direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo’yicha o’rinbosari Sayyora Egamberdiyeva. – Bu esa biz – ma’naviyat targ’ibotchilaridan doimo sezgirlik, hushyorlik va ogohlikni qo’ldan boy bermay, faol ish olib borishga undaydi.

Tadbirda “Yilning eng faol ma’naviyat targ’ibotchisi” respublika ko’rik-tanlovining turli yo’nalishlar bo’yicha g’oliblariga sovrinlar topshirildi.

O'zbekiston Ovozi 2013-yil, 26-noyabr. 142-son.